LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-dekabrdagi 970-sonli “O‘zbekiston Respublikasi biometrik pasport tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
16 yoshga to‘lmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga vaqtincha chiqishlari tartibini soddalashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
O‘zbekiston Respublikasining 16 yoshga to‘lmagan fuqarosi guvohnomasini rasmiylashtirish va berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasining 16 yoshga to‘lmagan fuqarosi guvohnomasi namunasi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining buyurtmanomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining 16 yoshga to‘lmagan fuqarolari guvohnomalari tayyorlab berilishini ta’minlasin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasining 16 yoshga to‘lmagan fuqarolari guvohnomalarini tayyorlash uchun zarur pul mablag‘lari ajratsin.
4. O‘zbekiston Respublikasining 16 yoshga to‘lmagan fuqarosi guvohnomasini berganlik uchun eng kam oylik ish haqining 30 foizi miqdorida davlat boji undiriladi.
5. O‘zbekiston Respublikasining 16 yoshga to‘lmagan fuqarolarining chet elga chiqishlari masalalarini ko‘rib chiqish va hal etish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 26-fevraldagi PF-2240-son* Farmoni bilan tashkil etilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari huzuridagi maxsus komissiyalarga yuklansin.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 20-apreldagi 116-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 17-son, 191-modda)
6. Manfaatdor vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir oy muddatda o‘z me’yoriy hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Ichki ishlar vaziri Z. Almatov, Tashqi ishlar vaziri A. Komilov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari zimmasiga yuklansin.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 20-apreldagi 116-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 17-son, 191-modda)
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 26-fevraldagi PF-2240-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimi to‘g‘risidagi Nizomga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga borishlari tartibini va O‘zbekiston Respublikasining diplomatik pasporti to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 1995-yil 6-yanvardagi 8-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan. Nizom O‘zbekiston Respublikasining 16 yoshga to‘lmagan fuqarosi chet elga vaqtincha chiqishida guvohnomani rasmiylashtirish va berish tartibini nazarda tutadi.
2. 16 yoshga to‘lmagan fuqarolar o‘qish, davolanish, yoshlarning xalqaro festivallarida va sport musobaqalarida qatnashish uchun chet elga chiqishlarida ularning ota-onalari, vasiylari (homiylari), tashkilotlar va muassasalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari huzuridagi maxsus komissiyalarga chet elga borayotgan fuqaro va uning ota-onalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan ariza beradilar.
Komissiya 7 kun muddatda taqdim etilgan hujjatlarni o‘rganib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi. Maxsus komissiyaning qarori va 16 yoshga to‘lmagan O‘zbekiston Respublikasining chet elga chiqayotgan fuqarolari ro‘yxati chiqish hujjatlarini rasmiylashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalariga jo‘natiladi.
(2-bandning birinchi va ikkinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 20-apreldagi 116-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 17-son, 191-modda)
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Xorijga chiqish, kirish va fuqarolik xizmati bo‘linmalari taqdim etilgan anketa-ariza, buyurtmanoma, Tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma asosida voyaga yetmagan shaxsni vaqtincha chet elga chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasining 16 yoshga to‘lmagan fuqarosi guvohnomasi bilan 7 kun muddatda ta’minlaydi.
3. Guvohnoma ota-onalarga, vasiylarga (homiylarga), tashkilotlar, muassasalar vakillariga beriladi, ulardan voyaga yetmagan shaxs chet eldan qaytgandan so‘ng guvohnoma ichki ishlar organlariga topshirilishi to‘g‘risida tilxat olinadi. Voyaga yetmagan shaxsning Tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnomasi O‘zbekiston Respublikasining 16 yoshga to‘lmagan fuqarosi guvohnomasi ichki ishlar organlariga topshirilgunga qadar Xorijga chiqish, kirish va fuqarolik xizmati bo‘linmasida saqlanadi.
4. O‘zbekiston Respublikasining 16 yoshga to‘lmagan fuqarosi guvohnomasi chet elda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi shaxsini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi va dunyoning barcha mamlakatlariga chiqish uchun haqiqiydir.
5. Guvohnoma O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining buyurtmanomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasida qalbakilashtirishdan himoya qilish elementlari bo‘lgan maxsus qog‘ozda 86 mm. x 125 mm. kattalikda 16 betdan iborat qilib tayyorlanadi.
6. Guvohnoma qat’iy hisobda turadigan blank hisoblanadi va seriyalari va tartib raqamlariga ko‘ra viloyatlar bo‘yicha tayyorlanadi.
7. Guvohnomaning muqovasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan va “O‘zbekiston Respublikasining 16 yoshga to‘lmagan fuqarosi guvohnomasi” so‘zlari o‘zbek va ingliz tillarida oltin harflar bilan botirib yozilgan yashil rangda bo‘ladi. Muqova maxsus kimyoviy mato bilan himoyalanadi.
8. Guvohnoma O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tomonidan o‘zbek, rus va ingliz (Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham qoraqalpoq tilida) tillarida to‘ldiriladi. Guvohnomaga quyidagi ma’lumotlar kiritiladi:
“a”—“z” kichik bandlarida sanab o‘tilgan ma’lumotlar hamda fuqaroning 35 x 45 mm kattalikdagi fotosurati guvohnomaning uchinchi betiga yoziladi va yopishtiriladi hamda maxsus plyonka bilan himoyalanadi, fotosuratning chetlari botirib mahkamlanadi.
9. Vaqtincha chet elga chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasining 16 yoshga to‘lmagan fuqarosi guvohnomasini olish uchun ota-onalar, vasiylar (homiylar), tashkilot va muassasalarning vakillari O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarining xorijga chiqish, kirish va fuqarolik xizmati bo‘linmalariga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
voyaga yetmagan shaxsning chet elga chiqishi uchun ota-onalar, vasiylar (homiylar)ning notarial tasdiqlangan roziligi;
Guvohnomani rasmiylashtirish jarayonida bolaning millati ota-onalarning millatiga ko‘ra belgilanadi. Agar ota-onalar turli millatga mansub bo‘lsalar, unda guvohnoma berishda voyaga yetmagan shaxsning millati guvohnoma oluvchining xohishiga qarab ota yoki onaning millati yoziladi.
10. Guvohnoma O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Xorijga chiqish, kirish va fuqarolik xizmati bo‘linmalari tomonidan beriladi.
11. Guvohnoma O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Xorijga chiqish, kirish va fuqarolik xizmati bo‘linmasi boshlig‘i yoki uning o‘rinbosari tomonidan imzolanadi va viza muhri bilan tasdiqlanadi.
12. Guvohnoma uch oy muddatga, chet elga o‘qish yoki davolanish uchun chiqishda esa o‘qish yoki davolanish muddatiga beriladi. Zarur bo‘lgan hollarda (davolanish muddati uzaytirilganda, yaqin qarindoshlar vafoti va boshqalar) mazkur guvohnomaning amal qilishi O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonasida yoki konsullik muassasasida muayyan muddatga uzaytirilishi mumkin. Bunday hollarda O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasining mas’ul xodimi guvohnomaning oltinchi betidagi “ma’lumotlar” jadvaliga o‘zbek va ingliz tillarida tegishli yozuvni kiritib qo‘yadi. Yozuv elchi yoki konsul tomonidan imzolanadi va muhr bilan tasdiqlanadi.
Chet elda bo‘lgan vaqtda guvohnoma egasi o‘n olti yoshga to‘lishi bilan mazkur shaxs O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi vakolatxonasiga yoki konsullik muassasasiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasportini berish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qiladi. Mazkur ariza belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali Ichki ishlar vazirligiga yuboriladi. Rasmiylashtirilgan pasport Tashqi ishlar vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasiga yoki konsullik muassasasiga uning egasiga topshirish uchun jo‘natiladi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasporti topshirilgandan so‘ng guvohnoma belgilangan tartibda yo‘q qilinishi uchun Ichki ishlar vazirligiga yuboriladi.
13. Guvohnoma egasi uni ehtiyotlik bilan saqlashi kerak. Guvohnoma o‘g‘irlatib yoki yo‘qotib qo‘yilgan hollarda uning egasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Xorijga chiqish, kirish va fuqarolik xizmati bo‘linmalariga yoxud O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonasiga yoki konsullik muassasasiga zudlik bilan xabar berishi kerak.
Fuqaroning yozma holdagi arizasiga ko‘ra belgilangan tartibda unga yangi guvohnoma yoki O‘zbekiston Respublikasiga qaytib kelish uchun sertifikat beriladi.
14. Guvohnoma yo‘qotib qo‘yilganligi to‘g‘risidagi xabar O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatiga yuboriladi.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-maydagi 396-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/396/1287-son)
15. Vafot etgan voyaga yetmagan shaxslarning guvohnomalari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Xorijga chiqish, kirish va fuqarolik xizmati bo‘linmalariga yoxud O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonasiga yoki konsullik muassasasiga topshiriladi.
16. Topilgan guvohnomalar ichki ishlar organlariga yoxud O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalariga yoki konsullik muassasalariga topshirilishi kerak.
17. Guvohnomalarni olib qo‘yish (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno), shuningdek garovga qo‘yish va boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.