Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 1-fevraldagi PF-5647-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish markazi faoliyatini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 1-fevraldagi PF-5647-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
transport va logistika tizimi muammolarini oʻrganish, ularni bartaraf etish hamda ilgʻor xorijiy tajriba asosida sohani rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
xalqaro transport yoʻlaklarida yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash va yechimlari boʻyicha takliflar tayyorlash, istiqbolli transport yoʻlaklarini shakllantirish;
logistika tizimini takomillashtirish, tadbirkorlik subyektlarining transport-logistika xizmatlaridan foydalanishdagi sarf-xarajatlarini kamaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
transport-logistika va transport-ekspeditorlik xizmatlari bozorini rivojlantirish, transport-logistika markazlari keng tarmoqlarini tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
logistika samaradorligi indeksida respublikaning oʻrnini yaxshilashga toʻsqinlik qilayotgan mavjud muammolarning tizimli tahlilini olib borish, ularni hal etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
transport sohasini innovatsion rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, ilmiy-tadqiqot grant loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish;
atrof muhitga zararli taʼsirni kamaytirish, resurslarni tejash va transportda ekologiyani yaxshilash boʻyicha muammolarni oʻrganish va takliflar tayyorlash;
tizimli ravishda ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek, transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish boʻyicha boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilish.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-avgustdagi 502-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2025-y., 09/25/502/0716-son)
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish markazining boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 15 nafardan iborat boʻlgan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish markazining Ustavi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
Markaz davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalariga, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga egadir;
Markaz direktori Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi;
Markazni 2019-yilda va keyingi yillarda saqlash uchun budjet mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi bilan kelishgan holda Markaz tomonidan taqdim qilinadigan asoslangan hisob-kitoblarga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ajratiladi.
5. Markaz direktoriga quyidagi huquqlar berilsin:
zarurat boʻlganda Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi bilan kelishgan holda boshqaruv xodimlarining belgilangan cheklangan umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida Markaz tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga davlat organlari va boshqa tashkilotlar, yetakchi loyiha institutlari, ilmiy va taʼlim muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislarini va ekspertlarni maslahatchilar sifatida shartnoma asosida jalb qilish;
ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim tashkilotlari, shu jumladan, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish boʻyicha shartnomalar tuzish;
6. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya ehsonlari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi:
Markaz faoliyatini samarali tashkil etish choralarini koʻrsin;
bir oy muddatda Markazni yuqori malakali mutaxassislar bilan toʻldirsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida Markazni saqlash uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin;
Markazning asoslangan hisob-kitoblariga binoan Markazni zarur mebellar, inventar, kompyuter va boshqa tashkiliy texnika bilan jihozlash boʻyicha xarajatlar uchun budjet mablagʻlari ajratilishini taʼminlasin;
Markazga xizmat koʻrsatish uchun bitta biriktirilgan va bitta navbatchi avtotransport vositasini saqlash uchun zarur limitlar ajratsin.
9. Markaz:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining statistik axboroti;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjet-soliq tadqiqotlari instituti va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutining tahliliy materiallari majburiy joʻnatiladigan reyestrga kiritilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Markaz Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Amir Temur 1-tor koʻchasi, 6-uy manzilidagi binoga bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-avgustdagi 502-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2025-y., 09/25/502/0716-son)
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — transport vaziri A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 12-aprel,
305-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-apreldagi 305-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish markazining
TUZILMASI
Boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni — 15 nafar.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-apreldagi 305-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish markazining
USTAVI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Ustav Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish markazining (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligi, faoliyatini tashkil etish va hisobot berish tartibini belgilaydi.
2. Markaz davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga egadir.
3. Markaz oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligining qarorlari va buyruqlariga, ushbu Ustavga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
4. Markaz oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligiga hisobot beradi.
5. Markazning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish markazi;
qisqartirilgan nomi — Transport muammolarini oʻrganish markazi;
b) rus tilida:
toʻliq nomi — Sentr izucheniya problem razvitiya transporta i logistiki pri Ministerstve transporta Respubliki Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Sentr izucheniya problem transporta;
v) ingliz tilida:
toʻliq nomi — Center for research of issues in development of transport and logistics under the Ministry of transport of the Republic of Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Center for research transport issues.
6. Markaz budjet tashkiloti hisoblanadi va uni saqlash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
7. Markaz joylashgan joy (pochta manzili): 100128, Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Zulfiyaxonim koʻchasi, 3-uy.
2-bob. Markazning maqsadlari, asosiy vazifalari va funksiyalari
8. Transport va logistikani rivojlantirish sohasida muammolarni tizimli asosda oʻrganishni taʼminlash va takliflarni ishlab chiqish Markaz faoliyatining maqsadlari hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:
transport va logistika tizimi muammolarini oʻrganish, ularni bartaraf etish hamda ilgʻor xorijiy tajriba asosida sohani rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
xalqaro transport yoʻlaklarida yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash va yechimlari boʻyicha takliflar tayyorlash, istiqbolli transport yoʻlaklarini shakllantirish;
logistika tizimini takomillashtirish, tadbirkorlik subyektlarining transport-logistika xizmatlaridan foydalanishdagi sarf-xarajatlarini kamaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
transport-logistika va transport-ekspeditorlik xizmatlari bozorini rivojlantirish, transport-logistika markazlari keng tarmoqlarini tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
logistika samaradorligi indeksida respublikaning oʻrnini yaxshilashga toʻsqinlik qilayotgan mavjud muammolarning tizimli tahlilini olib borish, ularni hal etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
transport sohasini innovatsion rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, ilmiy-tadqiqot grant loyihalarini shakllantirish va amalga oshirish;
atrof-muhitga zararli taʼsirni kamaytirish, resurslarni tejash va transportda ekologiyani yaxshilash boʻyicha muammolarni oʻrganish va takliflar tayyorlash;
tizimli ravishda ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek, transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish boʻyicha boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilish.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-avgustdagi 502-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2025-y., 09/25/502/0716-son)
Oldingi tahrirga qarang.
10. Markaz oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) transport va logistika tizimi muammolarini oʻrganish, ularni bartaraf etish hamda ilgʻor xorijiy tajriba asosida sohani rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish sohasida:
transport va logistika tizimini takomillashtirish muammolarini oʻrganadi va ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
respublikaning transport salohiyatidan samarali foydalanish imkoniyatlarini tadqiq etadi;
milliy transport tizimining jahon transport tizimiga integratsiyasini chuqurlashtirish va logistika tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
transport va logistika tizimini rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan omillarni aniqlaydi, tashish jarayonlarini maqbullashtirishni taʼminlaydigan logistika markazlari tashkil etish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
transport-logistika sohasidagi ilgʻor xorijiy tajribalarni doimiy monitoring qiladi va ular asosida sohani rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
b) xalqaro transport yoʻlaklarida yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash va yechimlari boʻyicha takliflar tayyorlash, istiqbolli transport yoʻlaklarini shakllantirish sohasida:
turli transport turlaridan foydalangan holda xalqaro transport yoʻlaklarini rivojlantirish imkoniyatlarini oʻrganadi va ularni maqbullashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi;
Markaziy Osiyoda qoʻshimcha yuk oqimlarini jalb qilishni taʼminlaydigan yangi transport yoʻlaklarini shakllantirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Yevropa, Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlari bilan yuk va yoʻlovchi tashish transporti oqimlarini maqbullashtirish boʻyicha izlanishlar olib boradi;
milliy transport kommunikatsiyalari orqali xalqaro va mintaqaviy tranzitni rivojlantirish muammolarini tadqiq etadi;
transport va logistikani rivojlantirish sohasida hamkorlikdagi xalqaro loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkil qilishda, xalqaro aloqalarni oʻrnatishda qatnashadi;
v) logistika tizimini takomillashtirish, tadbirkorlik subyektlarining transport-logistika xizmatlaridan foydalanishdagi sarf-xarajatlarini kamaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish sohasida:
logistik xizmatlar bozorini tahlil qilib boradi va logistika tizimini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
tadbirkorlik subyektlarining transport va logistika xizmatlari uchun xarajatlarini minimallashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
sohadagi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
g) atrof-muhitga zararli taʼsirni kamaytirish, resurslarni tejash va transportda ekologiyani yaxshilash boʻyicha muammolarni oʻrganish va takliflar tayyorlash sohasida:
atrof-muhitga va inson salomatligiga transportning zararli taʼsirini kamaytirish imkoniyatlarini tadqiq qiladi hamda ularni joriy etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi;
transportda resurslarni tejash va ekologiya muammolarini oʻrganadi, transport resurslaridan samarali foydalanish, atrof-muhitga texnogen yuklamani minimallashtirish masalalariga kompleks yondashgan holda takliflar ishlab chiqadi;
iqlim oʻzgarishi sohasidagi ilmiy-tadqiqotlarni transport sektoriga integratsiya qilishga koʻmaklashadi;
“yashil” transportni rivojlanish tendensiyalarini tahlil qiladi va takliflar ishlab chiqadi;
d) transport-logistika va transport-ekspeditorlik xizmatlari bozorini rivojlantirish, transport-logistika markazlari keng tarmoqlarini tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish sohasida:
transport-ekspeditorlik korxonalari faoliyatini baholash mezonlarini ishlab chiqadi va doimiy reytingini yuritadi;
transport-ekspeditorlik xizmatlarini rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
transport-logistika markazlari faoliyatini monitoring qiladi, baholaydi va reyestrini yuritadi;
transport-logistika markazlari keng tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
e) logistika samaradorligi indeksida respublikaning oʻrnini yaxshilashga toʻsqinlik qilayotgan mavjud muammolarning tizimli tahlilini olib borish, ularni hal etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish sohasida:
logistika samaradorligi indeksida respublikaning oʻrnini yaxshilashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar dasturiga kiritish uchun takliflar ishlab chiqadi;
logistika samaradorligi indeksi boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlarga erishishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarning ijrosi yuzasidan axborot, shuningdek, tegishli maʼlumotlar, statistika axborotlari va boshqa materiallarni tayyorlaydi;
xalqaro tashkilotlar, reyting agentliklari, mustaqil nashrlar va nodavlat notijorat tashkilotlari, xalqaro ekspert va konsultantlar bilan samarali xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi;
j) transport sohasini innovatsion rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, ilmiy-tadqiqot grant loyihalarini shakllantirish va amalga oshirish sohasida:
transport sohasidagi innovatsion loyihalar roʻyxatini shakllantiradi va muvofiqlashtiradi;
transport sohasini rivojlangan davlatlar tajribasi asosida innovatsion rivojlantirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
sohada faoliyat yurituvchi kadrlar uchun innovatsion va texnologik faoliyatni boshqarish yoʻnalishida muntazam ilmiy-amaliy seminarlar tashkil qiladi;
z) tizimli ravishda ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek, transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish boʻyicha boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilish sohasida:
transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish natijalarini muhokama qilish maqsadida oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa manfaatdor tashkilotlar va xususiy sektor bilan oʻzaro hamkorlik qiladi;
transport va logistikani rivojlantirish sohasida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar va tuzilmalar, xorijiy mamlakatlarning milliy institutlari bilan hamkorlik qiladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-avgustdagi 502-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2025-y., 09/25/502/0716-son)
3-bob. Markazning huquqlari va javobgarligi
12. Markaz oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek, boshqa hujjatlar loyihalarini belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligiga kiritish;
davlat va xoʻjalik boshqarish organlaridan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan, hududiy transport boshqarmalaridan, yoʻlovchilar tashishni tashkil etish komissiyalaridan Markaz vakolatiga kiradigan masalalarni hal etishda zarur boʻlgan maʼlumotlarni belgilangan tartibda soʻrash va bepul olish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar, yetakchi loyiha institutlari, ilmiy tashkilotlar va taʼlim muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislari va ekspertlarni Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi bilan kelishgan holda shartnoma asosida maslahatchilar sifatida jalb qilish;
yuridik va jismoniy shaxslarga shartnoma asosida transport va logistika tizimida muammolarni tadqiq qilish boʻyicha xizmatlar, tahliliy ishlarni bajarish boʻyicha maslahat xizmatlari, shuningdek, oʻz vakolatlari doirasida xizmatlarning boshqa turlarini koʻrsatish;
statistika organlaridan Markaz vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha zarur statistik axborotlarni bepul olish;
avtomobil, temir yoʻl, havo va daryo transporti sohasida ilmiy va ekspert ishlarini, maslahatlashuvlarni amalga oshirish, dolzarb masalalarni ishlab chiqish uchun olimlar, vazirliklar, idoralar, taʼlim tashkilotlari va boshqa muassasalarning yuqori malakali mutaxassislarini shartnoma asosida taklif qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi bilan kelishgan holda Markaz vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha belgilangan tartibda idoralararo tusdagi bitimlar tuzish;
Markaz amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
13. Markaz:
Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalar sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash;
Markaz vakolatlari doirasida transport va logistikani rivojlantirish boʻyicha dasturlar, chora-tadbirlar rejalari, “yoʻl xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlar amalga oshirilishi uchun javob beradi.
Markaz amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
4-bob. Markaz faoliyatini tashkil qilish
14. Markazga Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor boshchilik qiladi.
Direktorning Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan bir nafar oʻrinbosari boʻladi.
15. Direktor Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi bilan kelishgan holda Markazning xarajatlari smetasini va shtat jadvalini tasdiqlaydi.
16. Direktor:
Markaz faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;
Markaz vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi, Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Markaz ishini tashkil etishga hamda ijro intizomining holatini nazorat qilishga bevosita rahbarlik qiladi;
oʻz oʻrinbosari va Markazning boshqa mansabdor shaxslari vakolatlarini, vazifalarini va shaxsiy javobgarligi darajasini belgilaydi;
Markaz boʻlimlari toʻgʻrisidagi nizomlarni va Markaz xodimlarining lavozim vazifalarini belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
Markaz xodimlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
oʻz vakolatlari doirasida Markazning barcha xodimlari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi;
Markaz xodimlarini ragʻbatlantirish va intizomiy jazo choralarini qoʻllash masalalarini hal etadi;
oʻz yuritishi sohasiga kiradigan masalalar boʻyicha hayʼat majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi majlislarida belgilangan tartibda ishtirok etadi.
Direktor qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
17. Markaz direktori Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
18. Markaz direktori boʻlmagan davrda uning vakolatlarini uning oʻrinbosari amalga oshiradi.
19. Markaz direktorining oʻrinbosari:
Markazning mutasaddilik qilinadigan boʻlimlariga bevosita rahbarlik qiladi va Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalar va unga biriktirilgan masalalar bajarilishi va mutasaddilik qilinadigan boʻlimlarda ijro intizomining holati uchun shaxsan javob beradi.
oʻziga biriktirilgan masalalar boʻyicha materiallar va hujjatlar loyihalari sifatli va oʻz vaqtida tayyorlanishini tashkil qiladi, topshiriqlar bajarilishi nazorat qilinishini taʼminlaydi;
Markazning ish rejalarida hamda xodimlarning shaxsiy ish rejalarida tegishli davrga nazarda tutilgan masalalar oʻrganilishi va chora-tadbirlar amalga oshirilishi muvofiqlashtirilishini taʼminlaydi, tanqidiy tahlil asosida Markaz direktorining koʻrib chiqishi uchun takliflar kiritadi;
oʻzining vakolatiga taalluqli boʻlgan masalalar boʻyicha boʻlimlarning rahbarlari va mutaxassislar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi hayʼati majlislarida koʻrib chiqishga materiallarni tayyorlash uchun yigʻilishlar oʻtkazadi;
Markaz direktorining topshirigʻi boʻyicha chiquvchi xatlarni imzolaydi;
Markaz direktoriga tegishli mutaxassislar oʻrtasida vazifalarni taqsimlash boʻyicha takliflar kiritadi;
Markaz direktoriga mutasaddilik qilinadigan boʻlimlar mutaxassislarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish, malaka oshirishga yuborish, ragʻbatlantirish va ularga intizomiy jazo qoʻllash toʻgʻrisida takliflar kiritadi;
vazifalar taqsimotiga muvofiq boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
20. Markaz direktorining oʻrinbosari Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
5-bob. Mehnatga haq toʻlash va Markaz xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish
21. Markaz xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
22. Markaz xodimlariga vazirlik markaziy apparati xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish, tibbiy xizmat, transport taʼminoti va ijtimoiy himoya shartlari tatbiq etiladi, shuningdek, ularga koʻp yillik xizmatlari uchun davlat budjeti mablagʻlari hisobidan ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda, lavozim maoshiga belgilangan koeffitsiyentlarda quyidagi hajmlarda har oyda qoʻshimcha ustama toʻlovlari toʻlanadi:
2 yildan 5 yilgacha — 0,1;
5 yildan 10 yilgacha — 0,2;
10 yildan 15 yilgacha — 0,3;
15 yildan ortiq — 0,4.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-avgustdagi 502-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2025-y., 09/25/502/0716-son)
23. Markaz xodimlarini qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
6-bob. Markazning mol-mulki va faoliyatini moliyalashtirish
24. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya ehsonlari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
25. Markaz belgilangan tartibda unga biriktirilgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni boshqarish huquqini amalga oshiradi.
26. Xoʻjalik faoliyati daromadlari, shuningdek, begʻaraz tushumlar hisobiga xarid qilingan mol-mulk va olingan mablagʻlar Markazning mulki hisoblanadi.
27. Markaz tomonidan olingan foyda belgilangan tartibda ushbu Ustavda nazarda tutilgan vazifalar va funksiyalarni bajarishga yoʻnaltiriladi.
7-bob. Yakunlovchi qoida
28. Markazni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2019-y., 09/19/305/2932-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2025-y., 09/25/502/0716-son)