O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibining takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-martdagi 125-sonli “Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Transport vositalarining texnik holatini tekshirish uchun mo‘ljallangan ishlab chiqarish-texnik baza joylashtiriladigan xona va maydonlarga doir yagona talablarni belgilash, shuningdek, amalga oshiriladigan ishlar va xizmatlarning xavfsizligi va sifatini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 15-fevral,
136-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-fevraldagi 136-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan
o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 1-son, 12-modda) bilan tasdiqlangan Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomda:
a) 11-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Transport vositalarining texnik holatini baholash uchun mo‘ljallangan ishlab chiqarish-texnik baza joylashtiriladigan xona va maydonlarga doir talablar ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq belgilanadi.
Texnik diagnostika vositalarining soni va tavsiflariga, mehnat va atrof-muhitni muhofaza qilishga doir talablar qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi”;
b) quyidagi mazmundagi 1-ilova qo‘shilsin:
“Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Transport vositalarining texnik holatini baholash uchun mo‘ljallangan ishlab chiqarish-texnik baza joylashtiriladigan xona va maydonlarga doir talablar
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Talablar DYHXX diagnostika stansiyalari, vazirliklar va idoralar, boshqa tashkilotlar hamda jismoniy shaxslarga tegishli texnik xizmat ko‘rsatish stansiyalari, tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslar tomonidan transport vositalarining texnik holatini baholash uchun mo‘ljallangan ishlab chiqarish-texnik baza (laboratoriyalar) (keyingi o‘rinlarda ishlab chiqarish-texnik baza deb ataladi) joylashtiriladigan xona va maydonlarning parametrlariga doir texnik normalarni belgilaydi.
2. Ishlab chiqarish-texnik baza belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan, transport vositalarining texnik holatini texnika jihatidan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini baholashni tashkil etish va o‘tkazish uchun tegishli texnologik, sinov jihozlari va o‘lchash vositalari bilan ta’minlangan bo‘lishi zarur.
2-bob. Ishlab chiqarish-texnik bazaning hududiga doir talablar
3. Ishlab chiqarish-texnik baza hududining o‘lchamlari quyidagi majburiy elementlarning joylashtirilishi imkoniyatini nazarda tutgan bo‘lishi kerak:
ishlab chiqarish xonalari;
texnik holati baholanishi kutilayotgan va tugallangan transport vositalari uchun maydon;
xona va maydonlarga kirish va o‘tish yo‘llari.
4. Ishlab chiqarish-texnik baza hududida transport vositalari harakatini tashkil etish uchun quyidagilar mavjud bo‘lishi kerak:
sun’iy yoritish chiroqlari, shu jumladan kunning qorong‘i vaqtida hamda kirish yo‘li va hududi;
qatnov qismi tekis va qattiq qoplamali (asfaltbetonli yoki sementbetonli) bo‘lgan kirish yo‘li, maydon;
perimetri bo‘yicha o‘rnatilgan to‘siq.
5. Ishlab chiqarish-texnik baza hududi yoki u joylashgan tashkilotga kirish joyi oldida ishlab chiqarish-texnik bazaning ish rejimi va texnik holati, baholashdan o‘tkaziladigan transport vositalarining harakatlanish sxemasi ko‘rsatilgan axborotli stend o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.
Ishlab chiqarish-texnik baza binosida kengligi 2,0 metrdan va balandligi 0,7 metrdan kam bo‘lmagan o‘lchamdagi, davlat tilida “Texnik ko‘rik” yozuvi bo‘lgan peshlavha o‘rnatilgan bo‘lishi kerak. Yozuv boshqa tillarda takrorlanishi ham mumkin.
6. Ishlab chiqarish-texnik bazaning ishlab chiqarish xonasiga kirish yo‘llari bo‘ylab transport vositalarining harakatini tashkil etish quyidagi talablar asosida bajariladi:
transport vositalarining bir tomonlama harakatini tashkil etish;
transport vositalarining xavfsiz harakatlanishi uchun imkoniyat yaratish;
ishlab chiqarish-texnik baza hududida transport vositalarining ruxsat etilgan harakat yo‘nalishlarini tegishli yo‘l chiziqlari bilan belgilash.
7. Ishlab chiqarish-texnik baza hududi ichimlik va ishlab chiqarish suv quvurlari bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
8. Ishlab chiqarish-texnik baza hududi maydonining yuzasi tekis, suv quvurlari va suv oqib ketadigan ariq mavjud bo‘lishi kerak.
9. Ishlab chiqarish-texnik bazaga kirish hamda uning hududi bo‘ylab transport vositalarining harakatlanishi, barcha mavjud inshootlar, yo‘l belgilari va chiziqlari ko‘rsatilgan holdagi sxemasi hududida ishlab chiqarish-texnik baza joylashgan tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Yo‘lning kengligi yengil avtomobillar uchun — 3 metrdan, yuk avtomobillari va avtobuslar uchun — 4,5 metrdan kam bo‘lmasligi kerak.
10. Texnik holati baholanishi kutilayotgan va tugallangan transport vositalarini joylashtirish uchun maydonlarning o‘lchamlarini aniqlashda baholanadigan transport vositalarining gabarit o‘lchamlari va texnik ko‘rik liniyasining bir soatdan kam bo‘lmagan vaqtdagi ishlab chiqarish quvvatiga teng bo‘lgan transport vositalarining aynan bir vaqtda maydonda bo‘lishi e’tiborga olinishi kerak.
11. Ishlab chiqarish-texnik bazaning ishlab chiqarish xonasiga kirish oldidagi maydonning kengligi ishlab chiqarish xonasi kengligi bilan teng bo‘lishi, uzunligi esa — 20 metrdan kam bo‘lmasligi kerak.
12. Siqilgan va suyultirilgan tabiiy gaz yoqilg‘isida ishlaydigan transport vositalarini baholashga mo‘ljallangan xonalarning yerto‘lada, aholi yashash uylariga va boshqa korxonalar binolariga tutashgan holda joylashtirilishiga ruxsat etilmaydi.
3-bob. Ishlab chiqarish-texnik bazaning xonalariga doir talablar
13. Ishlab chiqarish-texnik baza tarkibiga quyidagilar kiritilishi kerak:
ishlab chiqarish xonasi;
transport vositalari egalarini qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish uchun xona;
transport vositasining texnik holatini baholash natijalarini rasmiylashtirish uchun xona;
sanitariya-gigiyena xonalari.
14. Ishlab chiqarish-texnik bazaning ishlab chiqarish xonalari quyidagilarni inobatga olgan holda rejalashtiriladi:
transport vositasining texnik holatini baholashdan o‘tkazish dasturi;
qo‘llaniladigan o‘lchash vositalari va sinov jihozlari;
transport vositasining texnik holatini baholash va natijalarini rasmiylashtirishning texnologik jarayoni;
yong‘inga qarshi xavfsizlik va mehnatni muhofaza qilish talablari.
15. Ishlab chiqarish-texnik bazaning ishlab chiqarish xonasi o‘lchamlari mazkur Talablarning ilovasiga muvofiq texnik ko‘rik liniyalarining texnologik postlari soni va baholanadigan transport vositalarining gabarit o‘lchamlaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
16. Ishlab chiqarish-texnik bazaning ishlab chiqarish xonasi rejasi ishlab chiqarish bino va inshootlarini texnologik loyihalashtirish qoidalari va normalari talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
Ishlab chiqarish korpusi xonasining bo‘rtib chiqqan qurilish konstruksiyalarigacha balandligi yengil avtomobillar uchun — 4,0 metrdan, yuk avtomobillari va avtobuslar uchun — 7,0 metrdan kam bo‘lmasligi kerak.
Xonalarning poli tekis, neft mahsulotlari ta’siriga chidamli bo‘lishi kerak.
17. Xonada barcha texnologik jarayonlarni mehnatning sanitariya-gigiyena sharoitlariga to‘liq muvofiq holda xavfsiz va ratsional bajarilishi ta’minlanishi kerak.
18. Ishlab chiqarish xonalaridagi shovqin va vibratsiya darajasi sanitariya-gigiyena normalarida belgilangan, ruxsat etilgan ko‘rsatkichlardan oshmasligi kerak.
19. Xona va ish joylarining tabiiy va sun’iy yoritilishi ishlarning xavfsiz bajarilishi, odamlar uchun xavfsiz bo‘lishi va ularning harakatlanishini ta’minlash uchun yetarli va quyidagi talablarga muvofiq bo‘lishi kerak:
ish joylarida xonaning poli sathida — kamida 200 lk;
ishchi xonalarda (kabinetlarda) poldan 0,8 metr balandlikdagi sathda — kamida 200 lk;
ko‘rikdan o‘tkazish xandag‘ida transport vositalarining tag qismi sathida — kamida 150 lk.
Avariya (favqulodda) holatlar uchun yoritilishi ish yuzasining umumiy yoritilishi uchun belgilangan normalarning 5 foizdan kam bo‘lmasligi, lekin kamida 2 lk bo‘lishi kerak.
20. Transport vositalarining texnik holatini baholashdan o‘tkazish uchun mo‘ljallangan xonalardagi havo harorati o‘tkaziladigan sinov metodlariga doir normativ hujjatlar normalariga muvofiq bo‘lishi kerak. Ishlab chiqarish-texnik bazasi binolaridagi havo harorati yilning sovuq davrida — 15 °C dan 25 °C gacha, issiq davrida — 22 °C dan 30 °C gacha oraliqda bo‘lishi kerak.
21. Transport vositalarining korxona hududida harakatlanish tezligi ochiq yo‘llarda — 10 km/s dan, xona ichida — 5 km/s dan ortiq bo‘lmasligi kerak.
22. Ishlab chiqarish-texnik bazaning ishlab chiqarish xonasiga kirish joyi peshlavha bilan belgilanadi va sutkaning qorong‘i paytida yoritiladi. Ishlab chiqarish xonasiga kirish (chiqish) yo‘li ishlab chiqarish xonasidan boshqariladigan yorug‘lik (masalan, svetofor) signalizatsiyasi bilan jihozlanadi.
Kirish darvozasi ustida 3.13 “Cheklangan balandlik”, 3.14 “Cheklangan kenglik” va 3.24 “Yuqori tezlik cheklangan (5 km/s)” yo‘l belgilari joylashtiriladi.
23. Ishlab chiqarish-texnik baza xonasining mijozlar uchun qulay bo‘lgan joyida quyidagi ma’lumotlar aks ettirilgan axborot stendi yoki boshqa maxsus qurilma o‘rnatiladi:
ishlab chiqarish-texnik bazaning tegishliligi (kimning tasarrufidaligi), joylashgan joyi, ish tartibi va rejimi, aloqa telefonlari;
O‘zbekiston Respublikasi IIVning Call-markazi telefoni va hududiy YHXBning ishonch telefoni raqamlari, taklif va e’tirozlar kitobi saqlanadigan joy va uni yuritish (saqlash) uchun mas’ul bo‘lgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi;
transport vositalarining texnik holatini baholash uchun tekshirishdan o‘tish tartibi, tekshiriladigan (baholanadigan) parametrlar va normativlar, majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishning davriyligi va texnik holatni baholash natijalari to‘g‘risidagi hujjatni berish tartibi;
transport vositasining texnik holatini baholashdan o‘tkazish uchun qonunchilikka muvofiq taqdim etilishi zarur bo‘lgan hujjatlar, majburiy texnik ko‘rikdan o‘tish uchun to‘lov miqdori, zarur jarayonlarni amalga oshirish muddati va boshqa ma’lumotlar.
24. Ishlab chiqarish xonasi elektr ta’minoti (yoritish) uchun elektr tarmoqlari, shuningdek, quvvat berish kabellari (diagnostika jihozlarining elektr energiyasi ta’minoti uchun) va taqsimlagich elektroshitlar bilan elektr xavfsizligi talablarini belgilovchi normativ hujjat talablariga muvofiq jihozlanadi.
25. Ishlab chiqarish-texnik bazaning ishlab chiqarish xonasining ikkitadan kam bo‘lmagan evakuatsion chiqish joylari mavjud bo‘lishi nazarda tutiladi. Evakuatsion chiqish joylarining eshiklari xonadan tashqari tomonga ochiladigan, o‘tish yo‘lagining kengligi 1 metrdan kam bo‘lmasligi kerak.
26. Ishlab chiqarish-texnik bazaning yong‘indan himoyasi, yong‘inning oldini olish tizimi va yong‘in xavfsizligi hamda portlash xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tashkiliy-texnik tadbirlar qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq bo‘lishi kerak.
27. Transport vositalari egalarini (keyingi o‘rinlarda transport egalari deb ataladi) qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish xonasi (binosi) hamda transport vositasining texnik holatini baholash natijalari haqidagi hujjatni rasmiylashtirish uchun xona ishlab chiqarish-texnik bazaning ishlab chiqarish xonasida yoki unga bevosita yaqin joyda bo‘lishi kerak. Ushbu xonalarga kirish tegishli ko‘rsatgichlar bilan belgilab qo‘yiladi.
28. Transport egalarini qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish uchun xonalarning o‘lchamlarini aniqlashda ularda ishlab chiqarish-texnik bazaning xodimi tomonidan hujjatlarni rasmiylashtirish uchun ish joylarining hamda transport egalarining kutib turishi uchun joylar nazarda tutilishi kerak. Transport egalarining kutib turishi uchun joylar soni har bir texnik ko‘rik liniyasiga beshtadan kam bo‘lmasligi kerak.
29. Ishlab chiqarish-texnik baza ishlab chiqarish xonasining sanitariya-gigiyena normalari va qoidalariga muvofiqligi vakolatli sanitariya-epidemiologiya nazorat organining tegishli xulosasi bilan tasdiqlanadi.
4-bob. Ishlab chiqarish-texnik bazaning ishlab chiqarish xonasini texnologik rejalashtirishga doir talablar
30. Ishlab chiqarish-texnik bazaning diagnostika jihozlari texnologik loyihalashga doir talablar va normalarga amal qilgan holda o‘rnatilishi kerak.
31. Transport vositasining texnik holatini baholash dvigatel ishlab turgan paytda bajariladigan postlar (ishlab chiqarilgan gazlardagi tutun va zaharli gaz miqdorini, shovqin darajasini, tormozlanish samaradorligi ko‘rsatkichlarini tekshirish va boshqalar) transport vositasidan gazlarni chiqarish quvuri (quvurlari)dan chiqayotgan ishlab chiqarilgan gazlarni tashqariga olib chiqish tizimi bilan jihozlanadi.
32. Transport vositalarining ishlab chiqarish-texnik baza ishlab chiqarish xonasiga kirishi (chiqishi) uchun har bir texnik ko‘rik liniyasida:
universal liniyalar uchun — kengligi 3,0 metrdan va balandligi 4,3 metrdan kam bo‘lmagan;
M1 va N1 toifasidagi transport vositalarini tekshirish bo‘yicha liniyalar uchun — kengligi 2,5 metrdan va balandligi 2,3 metrdan kam bo‘lmagan o‘lchamli kirish (chiqish) darvozalari quriladi.
33. Texnik ko‘rik liniyalarida transport vositalarining texnik holatini baholash ko‘rikdan o‘tkazish xandag‘idan foydalangan holda bajariladi. Bunda:
ishlab chiqarish xonasidagi ko‘rikdan o‘tkazish xandaqlari soni texnik ko‘rikdan o‘tkazish liniyalari soniga muvofiq bo‘lishi;
ko‘rikdan o‘tkazish xandag‘ining uzunligi mazkur liniyada tekshirilishi rejalashtirilayotgan transport vositasining maksimal uzunligini va undan chiqib ketish uchun zaxira yo‘lning mavjudligini hisobga olgan holda aniqlanishi;
ko‘rikdan o‘tkazish xandag‘ining kengligi 0,9 metrdan kam bo‘lmasligi kerak. Maksimal kengligi mazkur liniyada tekshirilishi rejalashtirilayotgan minimal koleyali transport vositasining xandaqdan o‘tishi imkoniyatini hisobga olgan holda aniqlanishi;
ko‘rikdan o‘tkazish xandaqlari tutunni tortib olish ventilatsiyasi bilan jihozlanishi kerak.
5-bob. Yakunlovchi xulosalar
34. Transport vositalarining texnik holatini baholashning texnologik jarayoni texnik ko‘rik liniyasining rejalashtiriladigan yechimlarini, tekshiriladigan transport vositalarining toifasini, bajariladigan ishlarning murakkabligini, qo‘llanadigan jihozlar, o‘lchov vositalari va anjomlarni hisobga olgan holda ishlab chiqiladi.
35. Transport vositalarining texnik holatini baholash bo‘yicha ishlarni bajarishda texnika xavfsizligi va mehnat muhofazasi sohasidagi normativ hujjatlar talablariga amal qilishning majburiyligi nazarda tutiladi.
36. Texnologik postlarda diagnostika parametrlari, texnika xavfsizligi qoidalari va ishlarning xavfsiz usullari bo‘yicha amalda bo‘lgan tavsiyalar ko‘rsatilgan texnologik kartalar joylashtiriladi.
37. Ishlab chiqarish-texnik bazada texnik holati baholanadigan toifaga mansub transport vositalaridan foydalanish bo‘yicha amaldagi normativ hujjatlar, texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar, qo‘llanmalar (yo‘riqnomalar), avtomobil ma’lumotnomalari va boshqa zarur ma’lumotnomalar mavjud bo‘lishi kerak.
38. Ishlab chiqarish-texnik bazada birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan tibbiyot dori vositalari va anjomlari tegishli normativ hujjatlar talablariga muvofiq jamlangan tibbiyot qutichasi bo‘lishi kerak.
Transport vositalarining texnik holatini baholash uchun mo‘ljallangan ishlab chiqarish-texnik baza joylashtiriladigan xona va maydonlarga doir talablarga
ILOVA
ILOVA
Transport vositalarining texnik holatini baholash uchun texnik ko‘rik liniyalarining o‘lchamlari
|
T/r |
Texnik holati baholanadigan transport vositalarining toifalari |
Texnologik postlar soni |
|||
|
1 |
2 |
3 |
|||
|
Texnik ko‘rik liniyasining uzunligi, metrdan kam emas |
|||||
|
1. |
M1, M2, N1, O1 |
12 |
18 |
24 |
|
|
2. |
M1, M2, M3, N1, N2, N3, O1 |
18 |
30 |
42 |
|
|
3. |
M1, M2, M3, N1, N2, N3, O1, O2 |
21 |
36 |
51 |
|
|
4. |
M1, M2, M3, N1, N2, N3, O1, O2, O3 |
24 |
42 |
60 |
|
|
5. |
M1, M2, M3, N1, N2, N3, O1, O2, O3, O4 |
27 |
45 |
66 |
”. |
2. Vazirlar Mahkamasining “Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017-yil 22-dekabrdagi 1010-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 12-son, 298-modda) 2-bandi uchinchi xatboshidagi “2019-yil 1-yanvardan” so‘zlari “2021-yil 1-yanvardan” so‘zlari bilan almashtirilsin.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.02.2019-y., 09/19/136/2623-son)