Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining
buyrugʻi
PAXTA XOM AShYoSINI SANOAT YOʻLI BILAN QAYTA IShLASh NATIJASIDA OLINADIGAN PAXTA ISTEʼMOL YoGʻI, ShELUXA VA KUNJARANI XOʻJALIKLARGA QAYTARISh TARTIBI HAQIDA NIZOMNI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2002-yil 16-oktabrda 1180-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining 2003-yil 6-iyundagi 89-sonli “Paxta xomashyosini sanoat yoʻli bilan qayta ishlash natijasida olinadigan paxta isteʼmol yogʻi, sheluxa va kunjarani xoʻjaliklarga qaytarish tartibi haqida nizom”ni tasdiqlash toʻgʻrisida buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1249, 11.06.2003-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 15-maydagi 248-sonli va 2001-yil 19-dekabrdagi 477-sonli qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida hamda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq buyuraman:
1. “Paxta xomashyosini sanoat yoʻli bilan qayta ishlash natijasida olinadigan paxta isteʼmol yogʻi, sheluxa va kunjarani xoʻjaliklarga qaytarish tartibi haqida nizom” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Normativ-huquqiy bazani rivojlantirish (E. Yusupov), Yuridik (B. Husenov) boshqarmalari 3 kun muddat ichida buyruq bilan tasdiqlangan Nizomni Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim qilsinlar va rasmiylashtirilgandan soʻng qoʻllanma uchun joylarga yetkazilishini taʼminlasinlar.
3. Mazkur Nizom Adliya vazirligida Davlat roʻyxatiga olingan kundan boshlab:
— 1997-yil 30-sentabrda tasdiqlangan “Xoʻjaliklar ixtiyoridagi davlat buyurtmasidan oshiqcha texnik chigitni sanoat yoʻli bilan qayta ishlashdan olingan isteʼmol yogʻi, paxta shroti va sheluxasini xoʻjaliklarga qaytarish tartibi haqidagi nizom”;
— 1999-yil 5-noyabrda tasdiqlangan “Davlat buyurtmasini bajargan xoʻjaliklar va ushbu buyurtmani bajarmagan xoʻjaliklardagi xoʻjalik ichki shartnomasini bajargan oilaviy pudrat, ijarachi va boshqa mahsulot yetishtiruvchilarga paxta xomashyosini sanoat yoʻli bilan qayta ishlash natijasida olinadigan yogʻ, sheluxa, shrot va lintni berish tartibi haqidagi nizom”;
— vazirlikning 2001-yil 30-maydagi “Davlat buyurtmasini bajargan xoʻjaliklar va ushbu buyurtmani bajarmagan xoʻjaliklardagi ichki xoʻjalik shartnomasini bajargan oilaviy pudratchi va ijarachilarga paxta xom-ashyosini sanoat yoʻli bilan qayta ishlash natijasida olinadigan paxta isteʼmol yogʻi, sheluxa va shrotni xoʻjaliklarga qaytarish haqida nizom”ni tasdiqlash toʻgʻrisidagi 126-sonli buyrugʻi;
— 2002-yil 8-apreldagi “Paxta xomashyosini sanoat yoʻli bilan qayta ishlash natijasida olinadigan paxta isteʼmol yogʻi, sheluxa va kunjarani xoʻjaliklarga qaytarish tartibi haqida nizom”ni tasdiqlash toʻgʻrisidagi 65-sonli buyrugʻi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari A.Joʻrayev zimmasiga yuklatilsin.
Vazir N. YUSUPOV
Toshkent sh.,
2002-yil 19-sentabr,
159-son
Paxta xomashyosini sanoat yoʻli bilan qayta ishlash natijasida olinadigan paxta isteʼmol yogʻi, sheluxa va kunjarani xoʻjaliklarga qaytarish tartibi haqida
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 15-maydagi 248-sonli va 2001-yil 19-dekabrdagi 477-sonli qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan. Ushbu Nizom Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 15-maydagi 248-sonli qaroriga asosan davlat buyurtmasini bajargan yoki bajarmaganligidan qatʼiy nazar shirkat xoʻjaliklari yoki boshqa qishloq xoʻjalik korxonalari (kelgusida — qishloq xoʻjalik korxonalari) tarkibidagi ichki xoʻjalik shartnomasini bajargan oilaviy pudratchi va boshqa ichki xoʻjalik boʻlinmalariga (kelgusida-pudratchi va boshqa boʻlinma) hamda paxta xomashyosi yetishtirish boʻyicha kontraktatsiya shartnomalarini bajargan fermer xoʻjaliklariga paxta isteʼmol yogʻi hamda 2001-yil 19-dekabrdagi 477-sonli qaroriga asosan pudratchi, boshqa boʻlinma va fermer xoʻjaliklari tomonidan davlat buyurtmasidan ortiqcha ishlab chiqilib, ularning ixtiyorida qoldiriladigan texnik chigitni qayta ishlashdan olinadigan sheluxa va kunjarani berish tartibini belgilaydi.
1. Qishloq xoʻjalik korxonalari paxta tayyorlash mavsumi tutagandan keyin 10 kunlik muddat ichida xoʻjalikdagi pudratchi va boshqa boʻlinmalar boʻyicha, davlat buyurtmasidan ortiqcha sotilgan paxta xomashyosi (urugʻlik paxtadan tashqari) miqdori koʻrsatilgan roʻyxatni tuman qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmasiga beradi. Tuman qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmasi 5 kun muddat ichida ushbu roʻyxatni iqtisodiyot va statistika boʻlimiga tasdiqlatib, paxtani qayta ishlash korxonasiga taqdim qiladi.
2. Fermer xoʻjaliklari davlat buyurtmasidan ortiqcha yetishtirilgan paxta xom-ashyosi (urugʻlik paxtadan tashqari) miqdori koʻrsatilgan maʼlumotni 10 kun muddatda tuman iqtisodiyot va statistika boʻlimiga tasdiqlatib, paxtani qayta ishlash korxonasiga taqdim qiladi.
Paxtani qayta ishlash korxonalariga berilgan maʼlumotlar yakuniy boʻlib, shartnoma tuzish uchun asos hisoblanadi.
3. Paxtani qayta ishlash korxonasi roʻyxat va maʼlumotni olgandan soʻng, 5 kunlik muddat ichida tayyorlangan paxta hosili boʻyicha har bir pudratchi va boshqa boʻlinma hamda fermer xoʻjaliklariga berilishi kutiladigan texnik chigit miqdorini belgilangan meʼyorlar asosida hisoblab chiqib, bu toʻgʻrida hududiy “Paxtasanoat” aksiyadorlik birlashmasiga yozma ravishda xabar beradi.
Hududiy “Paxtasanoat” aksiyadorlik birlashmasi 3 kunlik muddat ichida ushbu maʼlumotni yozma ravishda “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasiga beradi. “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi esa oʻz navbatida olingan maʼlumotni 2 kunlik muddat ichida “Yogʻmoytamakisanoat” uyushmasiga hamda Makroiqtisodiyot va statistika vazirligiga beradi.
4. Hududiy “Paxtasanoat” aksiyadorlik birlashmasi, “Yogʻmoytamakisanoat” uyushmasining taqsimotiga asoslanib, paxtani qayta ishlash korxonalaridagi texnik chigitni aynan qaysi yogʻ-moy korxonasiga joʻnatishni taʼminlab beradi.
Bunda paxtani qayta ishlash korxonalari bilan yogʻ-moy korxonalari orasidagi masofalar hisobga olinadi va texnik chigit birinchi navbatda yaqin joylashgan yogʻ-moy korxonalariga joʻnatilishi lozim boʻladi.
5. Paxtani qayta ishlash korxonalari ishlab chiqarilgan jami texnik chigitni, shu jumladan davlat buyurtmasidan ortiq paxta xomashyosidan olinadigan chigitni ham, yogʻ-moy korxonalariga toʻliq hajmda joʻnatishlari shart.
6. Paxtani qayta ishlash korxonalari fermer xoʻjaliklari va qishloq xoʻjalik korxonalariga tegishli texnik chigit aynan qaysi yogʻ-moy korxonalariga joʻnatilishi aniqlangandan soʻng, 5 kun muddat ichida bu toʻgʻrida tegishli fermer xoʻjaliklari, qishloq xoʻjalik korxonalari, tuman qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmasini xabardor qiladi.
7. Fermer xoʻjaliklari va qishloq xoʻjalik korxonalari ushbu xabarnomani olgandan keyin tegishli paxtani qayta ishlash korxonasi va yogʻ-moy korxonasi bilan 1-martgacha uch tomonlama shartnoma tuzadi.
8. Yogʻ-moy korxonalariga yuborilayotgan texnik chigitning xamda uni qayta ishlash natijasida hosil boʻlgan va qaytarib berilayotgan paxta isteʼmol yogʻi, sheluxa va kunjaraning sifat koʻrsatkichlari davlat standartlari va texnik shartlari talablariga mos boʻlishi zarur.
Qayta ishlash uchun yuborilayotgan texnik chigitga, shuningdek qaytarib berilayotgan paxta isteʼmol yogʻi, sheluxa va kunjaraga ularning sifat sertifikati ilova qilinishi shart.
9. Qaytarib berilishi lozim boʻlgan paxta isteʼmol yogʻi, sheluxa va kunjaraning shartnomada koʻrsatiladigan hajmi, ushbu mahsulotlar chiqishining soʻnggi uch yillik oʻrtacha koʻrsatkichlari asosida belgilanishi mumkin. Yogʻ-moy korxonalari korxonadagi uch yillik oʻrtacha koʻrsatkichlar toʻgʻrisida viloyat Qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmasiga maʼlumot taqdim qiladi.
Shartnomada koʻrsatilgan mahsulotlarning chiqish hajmlari, texnik chigit qayta ishlangan davrdagi yogʻ-moy korxonasining haqiqiy koʻrsatkichlari asosida qayta aniqlanishi shart.
10. Fermer xoʻjaliklariga hamda pudratchi va boshqa boʻlinmalarga tegishli boʻlgan yogʻ-moy mahsulotlari belgilangan tartibda oldindan pul koʻchirish yoʻli bilan fermer xoʻjaliklariga hamda tegishli qishloq xoʻjalik korxonalariga uch tomonlama shartnoma muddati tugagunga qadar qaytariladi.
Fermer xoʻjaliklari va qishloq xoʻjalik korxonalarining topshirigʻiga binoan yoki ishonchnomalari boʻyicha ularga qaytariladigan paxta isteʼmol yogʻini boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarga sotilishi taqiqlanadi.
11. Qishloq xoʻjalik korxonalari tomonidan olingan yogʻ-moy mahsulotlari ichki xoʻjalik shartnomalarini bajargan pudratchi va boshqa boʻlinmalarga ular olishlari lozim boʻlgan mahsulotlar miqdoriga nisbatan mutanosib ravishda taqsimlanib, toʻliq hajmda sotiladi.
Yogʻ-moy mahsulotlarini sotish bahosi mahsulotni keltirish bilan bogʻliq transport xarajatlari qoʻshilgan holda hisoblanadi. Yogʻ-moy mahsulotlarini sotish bahosiga boshqa xarajatlar va foydani qoʻshishga yoʻl qoʻyilmaydi.
12. Hisob raqamida mablagʻi boʻlmagan qishloq xoʻjalik korxonalari uchun yogʻ-moy korxonalari tuman hokimlari bilan kelishgan holda, har bir tumanda kamida bitta paxta isteʼmol yogʻi, sheluxa va kunjarani pudratchi va boshqa boʻlinmalarga sotish shahobchasini ochadi.
13. Har bir tumanda tashkil etilgan shohobcha tomonidan ichki xoʻjalik shartnomasini bajargan pudratchi va boshqa boʻlinmalarga tegishli boʻlgan paxta isteʼmol yogʻi, sheluxa va kunjara mahsulotlari miqdori koʻrsatilgan va xoʻjalik rahbari tasdiqlagan roʻyxat asosida naqd pulga sotiladi.
Yogʻ-moy mahsulotlari shahobcha orqali sotilganda mahsulotning sotish bahosiga faqat mahsulotni keltirish bilan bogʻliq transport xarajatlari va shohobchani ochish bilan bogʻliq xarajatlargina qoʻshiladi. Yogʻ-moy mahsulotlarini sotish bahosiga boshqa xarajatlar va foydani qoʻshishga yoʻl qoʻyilmaydi.
14. Tuman qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmasi tomonidan pudratchi va boshqa boʻlinmalarga hamda Dehqon va fermer xoʻjaliklari vakilligi tomonidan fermerlarga paxta isteʼmol yogʻi, sheluxa va kunjaraning tarqatilishi ahvoli har oyda monitoring qilinadi va tarqatilgan mahsulotlar boʻyicha tuman va viloyat hokimligiga axborot beriladi.
15. Mazkur Nizom Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, “Yogʻmoytamakisanoat”, “Oʻzpaxtasanoat” hamda Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmalari bilan kelishilgan.
Makroiqtisodiyot va statistika vazirining oʻrinbosari A. SALIMOV
2002-yil 10-sentabr
“Yogʻmoytamakisanoat” uyushmasi raisi M.B. HUDOYOROV
2002-yil 10-sentabr
“Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi raisi E.Z. ZIKRIYOEV
2002-yil 10-sentabr
Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasi raisi A.B. BOBOMIRZAYEV
2002-yil 10-sentabr
(Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2002-y., 20-son)