Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent shahridagi kommunal soha korxonalarining aktivlaridan samarali foydalanishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Toshkent shahridagi kommunal soha korxonalarining aktivlaridan samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Toshkent shahar hokimligining “Sergeli tumani kommunal ta`mirlash-avariyani tiklash xizmati” MChJ, “Bektemir tumani kommunal ta`mirlash-avariyani tiklash xizmati” MChJ, “Mirzo-Ulugbek tumani kommunal ta`mirlash-avariyani tiklash xizmati” MChJ, “Chilonzor tumani kommunal ta`mirlash-avariyani tiklash xizmati” MChJ va “Yashnobod tumani kommunal ta`mirlash-avariyani tiklash xizmati” MChJlar ustav kapitalidagi davlat ulushlari boʻyicha ishtirokchi funksiyasini Toshkent shahar hokimligiga berish va keyinchalik ularni belgilangan tartibda tugatish haqidagi takliflari maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ushbu qarorning 1-bandida koʻrsatilgan xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat ulushlari boʻyicha ishtirokchi funksiyasi belgilangan tartibda Toshkent shahar hokimligiga berilishini taʼminlasin.
3. Toshkent shahar hokimligi belgilangan tartibda:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda ushbu qarorning 1-bandida koʻrsatilgan xoʻjalik jamiyatlari taʼsis hujjatlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini;
ushbu qarorning 1-bandida koʻrsatilgan xoʻjalik jamiyatlarining tugatilishini va tugatish jarayonlari yakunlangandan soʻng ularning mol-mulkidan samarali foydalanilishini taʼminlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va Toshkent shahar hokimi J.A. Artikxodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 21-yanvar,
50-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.01.2019-y., 09/19/50/2511-son)