O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mamlakatda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, raqobatbardoshlikni oshirish, iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish jarayonlarini chuqurlashtirish, investitsiyalarni, avvalambor iqtisodiyotning bazaviy va tarkibiy asosini tashkil etuvchi sohalarga jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bunda, iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish, fond bozorini rivojlantirish va sog‘lom raqobat muhitini yaratish faol investitsiya siyosatini olib borish, jamiyat va davlat faoliyatining barcha sohalarini jadal va barqaror rivojlantirish uchun asos hisoblanadi.
Shu bilan birga, bir davlat organi doirasida davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi hamda qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish funksiyalarining jamlanishi tizimli muammolarning to‘planishiga olib keldi, shu jumladan:
birinchidan, ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan korxonalarning (keyingi o‘rinlarda — davlat ishtirokidagi korxonalar) kundalik xo‘jalik faoliyatiga davlat organlari aralashuvining yuqori darajadaligi, bozor tendensiyalariga moslashuvchanlik va sezuvchanlikning yo‘qligi, davlat ishtirokidagi korxonalarning soliq va bojxona, shu jumladan yakka tartibdagi xususiyatga ega bo‘lgan imtiyozlarga haddan tashqari bog‘liqligi;
ikkinchidan, strategik rejalashtirish, xavf-xatarlarni tahlil qilish va boshqarish tizimining yo‘qligi, shu jumladan ishlab chiqarishning past texnik darajasi, ko‘plab ixtisoslikka kirmaydigan aktivlar mavjudligi, moliyaviy resurslarning ishlab chiqarishga taalluqli bo‘lmagan maqsadlarga yo‘naltirilishi sababli davlat ishtirokidagi korxonalarning investitsiyaviy jozibadorligi pastligi;
uchinchidan, davlat aktivlarini hisobga olishning tartibli tizimi yo‘qligi, xususiylashtirish jarayonlarini boshqarish samaradorligining pastligi, faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalar va bo‘sh yotgan obyektlarning ishlab chiqarish faoliyatini tiklash uchun institutsional salohiyatning sustligi;
to‘rtinchidan, monopoliyaga qarshi qonun hujjatlari buzilishi holatlari bo‘yicha o‘z vaqtida va samarali tekshiruvlar o‘tkazish uchun vakolatli organda huquqlar va institutsional potensialning yetarli emasligi;
beshinchidan, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarning xalqaro standartlar va bugungi kun talablariga javob bermasligi, qonun hujjatlarining raqobatga ta’sirini baholash tizimining yo‘qligi hamda tovar va moliya bozorlarini tahlil qilish usullarining eskirganligi;
oltinchidan, xo‘jalik yurituvchi subyektlarda monopoliyaga qarshi qonun hujjatlari buzilishining oldini olishga doir korporativ standartlarni (monopoliyaga qarshi komplayens) joriy etish bo‘yicha tizimli ishlarning, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish, raqobat huquqi va siyosati, shuningdek iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida kadrlarni tayyorlashning barqaror tizimi yo‘qligi;
yettinchidan, mamlakat kapital bozorining hozirgi holati iqtisodiyotning real sektoriga uzoq muddatli va to‘g‘ridan-to‘g‘ri, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha mavjud imkoniyat va salohiyatdan foydalanishga imkon bermayapti, ko‘zlangan islohotlarni samarali amalga oshirish va respublikani jadallik bilan innovatsion rivojlantirishga to‘siq bo‘lmoqda.
Institutsional va tarkibiy islohotlarni jadallik bilan amalga oshirish, davlat aktivlarini boshqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish, kapital bozorining ishonchli ishlash tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida, shuningdek 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy islohotlar konsepsiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining quyidagilar:
a) O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda — Davlat raqobat qo‘mitasi), Davlat raqobat qo‘mitasi huzuridagi Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi va Davlat raqobat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi (keyingi o‘rinlarda — Davlat aktivlarini boshqarish markazi) negizida:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligini (keyingi o‘rinlarda — Davlat aktivlarini boshqarish agentligi) tashkil etish va unga tugatilayotgan Davlat raqobat qo‘mitasi va Davlat aktivlarini boshqarish markazining shtat birliklari, shuningdek davlatning, shu jumladan xorijdagi aktivlarini boshqarish, xususiylashtirish tadbirlarini amalga oshirish (xususan, davlat ulushlarini sotish), davlat mulklarini ijaraga berish, davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruvni joriy etish, davlat ishtirokidagi iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, bankrotlik, baholash faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni ta’minlash, mulkni baholash standartlarini tasdiqlash va rieltorlarni sertifikatlash bo‘yicha vazifa, funksiya va vakolatlarini o‘tkazish;
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band “a” kichik bandining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-apreldagi PF-6207-sonli Farmoniga asosan 2021-yil 1-maydan chiqariladi — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.04.2021-y., 06/21/6207/0334-son)
b) O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi yurituviga Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish respublika markazini berish;
v) tugatilayotgan Davlat raqobat qo‘mitasining quyidagi:
bo‘sh turgan va qurilishi tugallanmagan obyektlarni xatlovdan o‘tkazish va aniqlash hamda ularning ishlab chiqarish faoliyati samaradorligini oshirish funksiyasini O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasiga;
foydalanilmayotgan obyektlardan samarali foydalanish, shuningdek bo‘sh turgan va qurilishi tugallanmagan obyektlarning ishlab chiqarish faoliyatini tiklashga qaratilgan investitsiya loyihalari (“Yo‘l xaritalari”)ni ishlab chiqish bo‘yicha idoralararo komissiyalarning ishchi organi sifatidagi funksiyasini O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasiga berish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
a) davlat aktivlarini boshqarish, davlat ishtirokidagi iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish sohasida:
davlat ishtirokidagi korxonalarning ustav kapitalidagi davlat ulushini boshqarishning bozor mexanizmlarini ishlab chiqish;
davlat ishtirokidagi korxonalarda zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy etish, ushbu korxonalar faoliyatining samaradorligi uchun ularning boshqaruv organlari mas’uliyatini oshirish;
davlat ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirishdan oldin tayyorlashning, shu jumladan ularning jozibadorligini va ularni boshqarishning samaradorligini oshirishni ko‘zda tutuvchi samarali mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha xorijiy, xalqaro institutlar va kompaniyalar bilan samarali ishlashni tashkil etish;
davlat ishtirokidagi korxonalarning ustav kapitalidagi davlat ulushlarini bosqichma-bosqich qisqartirish, samarali va shaffof xususiylashtirishni ta’minlash;
davlat ishtirokidagi iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, ular faoliyati samaradorligini oshirish dasturlarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirishda qatnashish;
b) raqobatni rivojlantirish va monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish sohasida:
bozorning barcha ishtirokchilariga tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun teng imkoniyatlarni taqdim qilish, ruxsat berish tartib-tamoyillarini soddalashtirish va davlat xizmatlari ko‘rsatish hisobiga ularga teng shart-sharoitlar va xo‘jalik faoliyati erkinligi berilishini ta’minlash;
ishlab chiqariladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning sifatini oshirish, narxlarning asossiz oshib ketishini cheklash va shu hisobidan ichki talabni yuqori darajada qondirishni ta’minlash uchun sharoit yaratish;
tovar va moliya bozorlarida faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar ustav kapitalidagi (fondidagi) davlat ishtirokini kamaytirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;
v) kapital bozorini rivojlantirish sohasida:
kapital bozorini rivojlantirishning yaxlit strategiyasini shakllantirish va ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
kapital bozorining samarali infratuzilmasi shakllanishida ko‘maklashish;
ikkilamchi qimmatli qog‘ozlar bozorini jadal rivojlantirish va uning ko‘lamini kengaytirish, korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish;
korporativ boshqaruv va kapital bozorini tartibga solish sohasida xalqaro aloqalarni rivojlantirish.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Quyidagilar Davlat aktivlarini boshqarish agentligining asosiy vazifalari etib belgilansin:
davlat aktivlarini boshqarish va xususiylashtirish bo‘yicha vakolatli davlat organi sifatida yagona davlat siyosatini yuritish;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat mulki hisobini yuritish, boshqarish va xususiylashtirish jarayonlarini raqamlashtirish;
(3-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-maydagi PF-78-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 06/26/78/0454-son)
davlat ulushiga nisbatan aksiyador (ishtirokchi) vazifasini amalga oshirish, aksiyador (ishtirokchi) vazifalari O‘zbekiston Respublikasining “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq maxsus vakolatli davlat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan amalga oshiriladigan hollar bundan mustasno;
ilg‘or xorijiy tajriba asosida davlat ishtirokidagi korxonalarda zamonaviy korporativ boshqaruvning shakl va usullarini joriy qilish, ularni boshqarishda kuzatuv kengashi va aksiyadorlarning rolini tubdan oshirish;
davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari va davlat unitar korxonalarini isloh qilishda ishtirok etish, ularda samarali dividend siyosatining yuritilishini muvofiqlashtirish, korxonalarning operatsion samaradorligini oshirish, xaridlar hamda investitsiya loyihalarining samaradorligini oshirish;
davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatining samaradorligi va shaffofligini ta’minlash, boshqaruv tuzilmasini optimallashtirish, yuqori daromadlilik va kapitallashuv darajasini oshirish, sohaga kirmaydigan va foydalanilmayotgan aktivlarini chiqarib tashlashga qaratilgan rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish va tasdiqlashni muvofiqlashtirish;
davlat manfaatlarini ta’minlagan holda, respublika mulki jumlasiga kiruvchi davlat aksiya paketlarini (ulushlarini) ishonchli boshqaruvga berishni tashkil etish;
davlat aktivlarini ijaraga berishning ochiq va shaffof mexanizmini ta’minlash;
davlat ishtirokidagi korxonalarning obligatsiya va aksiyalarini chiqarish va realizatsiya qilish, shu jumladan mahalliy va xorijiy fond birjalarida IPO/SPO bo‘yicha emissiyalarni joylashtirish hisobiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni, shuningdek portfel investitsiyalarni jalb qilish;
davlat aktivlarini ochiq va shaffof xususiylashtirish orqali ularning iqtisodiyotdagi ulushini muttasil qisqartirib borish, xususiylashtirish tartib-taomillarini soddalashtirish hamda investorlar tomonidan qabul qilingan investitsiya va ijtimoiy majburiyatlar bajarilishini monitoring qilish, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha takliflarni tayyorlashda ishtirok etish;
tahlil asosida davlat ishtirokidagi faoliyat yuritmayotgan, past rentabelli va zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarni aniqlash, moliyaviy sog‘lomlashtirish hamda ularning faoliyati samaradorligini oshirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning o‘n uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-maydagi PF-78-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 06/26/78/0454-son)
baholovchi va rieltorlar xizmatini sertifikatlashtirish, ularning faoliyatini rivojlantirish choralarini ko‘rish;
davlat mulkidan foydalanish samaradorligini oshirish va bu to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)
4. Davlat raqobat qo‘mitasi huzuridagi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish jamg‘armasi negizida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan budjetdan tashqari Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) tashkil etilsin.
Belgilansinki, tugatilayotgan Davlat raqobat qo‘mitasining budjetdan tashqari jamg‘armasi va Davlat raqobat qo‘mitasi huzuridagi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish jamg‘armasidagi mablag‘lar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining budjetdan tashqari jamg‘armalari o‘rtasida teng taqsimlanadi.
5. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
davlat mulki ijarasidan tushadigan mablag‘lar, ijara to‘lovini to‘lash kechiktirilganligi uchun penya va shartnoma majburiyatlari buzilganlik uchun jarimalar summasi;
Oldingi tahrirga qarang.
korxonalarni, xo‘jalik jamiyatlarining ustav fondlaridagi aksiyalar (ulushlar)ni, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara va mulk huquqini hamda davlat mulki hisoblanadigan boshqa mulklarni (keyingi o‘rinlarda — davlat aktivlari) sotishdan tushgan mablag‘lar;
(5-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son)
Davlat raqobat qo‘mitasi huzuridagi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ilgari berilgan qarzlar bo‘yicha qarzdorlar tomonidan asosiy summa va ular bo‘yicha hisoblangan foizlar tarzida qaytarilgan tushumlar;
tuzilgan va bekor qilingan davlat aktivlari oldi-sotdi shartnomalari (bitimlari), berilgan qarzlar bo‘yicha tushgan penyalar va jarimalar;
xo‘jalik jamiyatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tugatilgandagi davlat ulushi bo‘yicha tushumlar;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat aktivlarini sotish bo‘yicha oldi-sotdi shartnomalarini (birja bitimlarini) imzolashdan bosh tortgan yoki uni rad etgan savdo g‘oliblaridan ushlab qolingan zakalat summalari;
(5-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son)
davlat aktivlarini sotishda ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan shartnoma majburiyatlari buzilganligi uchun neustoyka summalari;
Davlat raqobat qo‘mitasi huzuridagi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ilgari o‘tkazilgan mablag‘lar qaytarilgandagi tushumlar;
Jamg‘arma mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
Xalqaro institutlar va tashkilotlarning, yuridik va jismoniy shaxslarning grant mablag‘lari hamda homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6. Jamg‘arma mablag‘larini taqsimlash quyidagi nisbatlarda amalga oshirilishi belgilansin:
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
a) davlat mulki ijarasidan tushadigan mablag‘lar davlat mulki hisoblangan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari bundan mustasno (maktabgacha va maktab ta’limi tizimi muassasa va tashkilotlaridan tashqari):
(6-band “a” kichik bandining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-51-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.03.2025-y., 06/25/51/0261-son)
40 foiz — davlat mulkini balans saqlovchisiga;
25 foiz — tegishli mahalliy budjet daromadiga;
Oldingi tahrirga qarang.
20 foiz — Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markaziga;
(6-band “a” kichik bandining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)
Oldingi tahrirga qarang.
a1) maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi muassasa va tashkilotlar mulki ijarasidan tushadigan mablag‘lar:
75 foiz — davlat mulkini balans saqlovchisiga;
25 foiz — tegishli mahalliy budjet daromadiga.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-51-sonli Farmoniga asosan “a1” kichik band bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.03.2025-y., 06/25/51/0261-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
b) davlat aktivlarini sotishdan tushadigan mablag‘larning (ushbu bandning “v”-“g” kichik bandlari bundan mustasno):
92 foizi — O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetiga;
5 foizi — Jamg‘armaga;
Oldingi tahrirga qarang.
3 foizi — Sport vazirligi huzuridagi Sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga;
(6-band “b” kichik bandining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
v) hududi 10 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obyektlari (ushbu bandning “v1” kichik bandi hamda xususiylashtirish uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazilgan davlat ishtirokidagi korxonalarning ko‘chmas mulk obyektlari bundan mustasno), shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qabul qilinadigan qarorlari asosida sotiladigan davlat ko‘chmas mulk obyektlarini sotishdan tushadigan mablag‘lar:
(6-band “v” kichik bandining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)
90 foizi — tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy budjetlariga hamda obyekt joylashgan tuman (shahar) mahalliy budjetiga teng ulushlarda;
10 foizi — Jamg‘armaga;
(6-bandning “v” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son)
Oldingi tahrirga qarang.
v1) mahalladagi maydoni 2 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obyektlarini hokim yordamchilarining onlayn-buyurtmanomasiga asosan sotishdan tushadigan mablag‘lar tegishli mahallalarning Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armalariga;
v2) xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan davlat aktivlarini (bundan ushbu bandning “v” kichik bandi mustasno) sotishdan tushgan mablag‘lar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish hududiy jamg‘armasiga;
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-yanvardagi PF-13-sonli Farmoniga asosan “v1” va “v2” kichik bandlar bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.01.2023-y., 06/23/13/0051-son)
Oldingi tahrirga qarang.
g) qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara yoki mulk huquqini sotishdan tushgan mablag‘larni taqsimlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
d) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjatlarida Jamg‘armaning umumiy mablag‘lari hisobidan yoki aniq davlat aktivini sotishdan tushgan mablag‘larni boshqa maqsadlarga to‘liq yoki qisman yo‘naltirish ko‘zda tutilgan taqdirda, mazkur bandning “b” — “v2” kichik bandlari mablag‘larning qolgan qismiga nisbatan tatbiq etiladi.
(6-bandning “d” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-yanvardagi PF-13-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.01.2023-y., 06/23/13/0051-son)
7. Belgilansinki, Jamg‘arma mablag‘lari:
xo‘jalik jamiyatlarini xususiylashtirishdan oldin tayyorlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishga, jalb qilinadigan, shu jumladan xorijiy mutaxassislar va konsalting tashkilotlariga;
Davlat aktivlarini boshqarish agentligining ma’muriy va boshqaruv funksiyalarini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni, shu jumladan davlat mulki elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish va yuritish bo‘yicha xarajatlarini qoplashga;
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy ta’minlash, shu jumladan ular tomonidan uy-joy sotib olishlari uchun imtiyozli moliyalashtirish, shuningdek Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbarlari va mutaxassislarini o‘qitish, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga sarflanadi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi ikki oy muddatda yuridik shaxslar hisobi va reyestrini yuritish tizimini takomillashtirish, bunda avvalo davlat korxonalari, ustav kapitalida (fondida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiqni tashkil etuvchi yuridik shaxslar, shuningdek ustav kapitalida (fondida) 50 foiz va undan ortiq ulush 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar hisobining yuritilishini ta’minlash yuzasidan amaliy choralar ko‘rsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
a) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda quyidagilar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari loyihalarini kiritsin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi;
O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi;
O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi;
b) Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2019-yil 1-iyulga qadar iqtisodiyot tarmoqlarini davlat tomonidan tartibga solishni yanada takomillashtirish, shu jumladan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ishlab chiqarish va moliyaviy faoliyatini cheklaydigan qonunchilik normalarini bekor qilish bo‘yicha takliflarni kiritsin;
v) O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi bilan birgalikda 2019-yil 1-iyulga qadar davlat, shu jumladan unitar korxonalarni xatlovdan o‘tkazsin, bunda ushbu korxonalarning faoliyat maqsadlaridan kelib chiqib, ularni davlat muassasalari yoki xo‘jalik jamiyatlariga aylantirish va keyinchalik ularning ustav kapitali (fondi)dagi aksiyalar paketlari (ulushlarini) Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazishni ta’minlash;
g) O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda bo‘sh turgan va samarasiz foydalanilayotgan obyektlarni tiklash va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga ko‘maklashish funksiyalarini amalga oshirish bo‘yicha takliflar kiritsin.
10. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi:
a) mazkur Farmonga muvofiq tugatilayotgan tashkilotlar bilan birgalikda ikki oy muddatda ularning mol-mulkini qabul-qilish va topshirishni ta’minlasin;
b) 2019-yil 1-martga qadar tegishli sohalardagi kompleks kamchiliklarni, shuningdek maqsadli ko‘rsatkichlar (indikatorlar) va ularga erishishning qadamba-qadam mexanizmlarini ko‘rsatgan holda 2019-yil uchun mos ravishda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin;
v) ikki oy muddatda “Elektron hukumat” tizimiga taqdim etilishi va kiritilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar tarkibi bo‘yicha takliflarni belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga kiritsin, shuningdek Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimining belgilangan protokol bo‘yicha platforma formatida majburiy qo‘llanilishini ta’minlasin;
g) O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2019-yil 1-iyulga qadar:
qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu Farmonga muvofiqlashtirishni ta’minlasin.
11. Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi huzurida qimmatli qog‘ozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Markazini tashkil etish to‘g‘risida” 1996-yil 26-martdagi PF-1414-son Farmoni;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida” 2017-yil 18-apreldagi PF-5016-son Farmoni.
12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 14-yanvar,
PF-5630-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.01.2019-y., 06/19/5630/2474-son; 27.05.2020-y., 06/20/6000/0673-son; 14.04.2021-y., 06/21/6207/0334-son, Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.07.2021-y., 06/21/6258/0651-son, 30.12.2021-y., 06/21/42/1224-son, 30.12.2021-y., 06/21/45/1228-son; 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son; 24.01.2023-y., 06/23/13/0051-son, 02.02.2023-y., 06/23/16/0067-son; 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son; 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son; 13.07.2023-y., 06/23/109/0469-son; 03.01.2024-y., 06/24/221/0003-son, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son; 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son; 21.03.2025-y., 06/25/51/0261-son; 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son; 07.05.2026-y., 06/26/78/0454-son)