Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi xodimlari mehnatini ragʻbatlantirishning samarali tizimini joriy etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 3-oktabrdagi PQ-3956-son qarori ijrosini taʼminlash hamda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari xodimlari mehnatiga qoʻshimcha haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ular qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi B.T. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 9-yanvar,
12-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-yanvardagi 12-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom quyidagi xodimlarning mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi:
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda Davlat ekologiya qoʻmitasi deb ataladi) markaziy apparati, uning tashkiliy tuzilmasiga kiradigan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan hududiy boʻlinmalari va tashkilotlarining (keyingi oʻrinlarda budjet tashkilotlari deb ataladi) xodimlari;
Davlat ekologiya qoʻmitasi tizimiga kiradigan xoʻjalik hisobidagi davlat unitar korxonalari va davlat muassasalari (keyingi oʻrinlarda budjet tashkiloti boʻlmagan tashkilotlar deb ataladi) xodimlari.
2. Budjet tashkilotlari va budjet tashkiloti boʻlmagan tashkilotlar xodimlarining mehnatiga haq toʻlash, shuningdek, qoʻshimcha mehnat kafolatlari Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga, ushbu Nizomga, boshqa qonun hujjatlariga, jamoa shartnomasiga, shuningdek, boshqa normativ hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi va quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
lavozim maoshlari (tarif stavkalari);
lavozim maoshlariga qoʻshimchalar va ustamalar;
mehnatning yakuniy natijalariga koʻra belgilanadigan mukofotlar.
3. Budjet tashkiloti boʻlmagan tashkilotlar xodimlarining lavozim maoshlariga qoʻshimchalar va ustamalar, shuningdek, mukofotlar mazkur tashkilotlarning rahbarlari tomonidan moliyaviy imkoniyatlardan kelib chiqqan holda belgilangan tartibda belgilanadi.
2-bob. Lavozim maoshlarini (tarif stavkalarini) belgilash tartibi
4. Boshqaruv xodimlarining, xizmat koʻrsatuvchi va texnik xodimlarning lavozim maoshlari, shuningdek, ishchilarning tarif stavkalari qonun hujjatlariga muvofiq Mehnatga haq toʻlash boʻyicha yagona tarif setkasi asosida belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Xodimning lavozim maoshi belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorini yagona tarif setkasining tegishli razryadi tarif koeffitsiyentiga koʻpaytirish yoʻli bilan aniqlanadi.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
Soatbay tarif setkasi miqdori xodimning lavozim maoshini (tarif stavkasini) besh kunlik ish haftasi asosida, ish vaqti normal davom etgan taqdirda ish soatlarining oʻrtacha oylik miqdoriga boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi.
5. Shtat jadvalini shakllantirishda ish kasblari (mutaxassisliklar) boʻyicha malaka razryadlari Vazirlar Mahkamasining “Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2017-yil 4-oktabrdagi 795-son qaroriga muvofiq talab etiladigan malakadan kelib chiqqan holda belgilanadi.
6. Xodimlarning lavozim maoshlari quyidagi holatlarda oʻzgartiriladi:
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori oshirilganda;
(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
xodim ushbu tashkilotda boshqa lavozimga oʻtganda yoki xodimga yuqori malaka razryadi berilganda.
3-bob. Qoʻshimchalar va ustamalar
7. Budjet tashkilotlari xodimlariga mehnat toʻgʻrisidagi qonunlarga muvofiq ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida uzoq muddat ishlaganlik uchun lavozim maoshiga foiz miqdorida har chorakda quyidagi miqdorlarda ustamalar toʻlanadi (toʻlash shartlari va tartibi normativ hujjatlar bilan belgilanadi):
|
Ish staji |
Ustamalar miqdorlari (lavozim maoshiga nisbatan foiz hisobida) |
|
3 yildan 5 yilgacha |
30 |
|
5 yildan 10 yilgacha |
40 |
|
10 yildan 15 yilgacha |
60 |
|
15 yildan ortiq |
80 |
8. Budjet tashkiloti boʻlmagan tashkilotlar xodimlariga tashkilotlarning oʻz mablagʻlari hisobidan lavozim maoshiga quyidagi qoʻshimchalar va ustamalar belgilanishi mumkin:
kasblarni (lavozimlarni) qoʻshib bajarganlik va xizmat koʻrsatish hududini kengaytirganlik uchun — amalda bajarilgan ishlar uchun;
dam olish va bayram kunlarida ishlaganlik uchun — soatbay tarif stavkasidan kelib chiqqan holda ikki baravar miqdorda;
uzoq muddat ishlaganlik uchun lavozim maoshiga foizlar hisobida — har chorakda ushbu Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan miqdorlarda va shartlarda.
9. Uzluksiz ish staji:
tashkilotlar tugatilganligi (qayta tashkil etilganligi) yoki shtat qisqargani yoxud doimiy yashash joyi oʻzgarganligi sababli tashkilotlardan ishdan boʻshagan kundan boshlab uch oydan kechikmay ishga kirganda;
oʻz xohishiga koʻra (uzrli sabab boʻyicha), shu jumladan, eri yoki xotinining yashash joyi oʻzgarishi munosabati bilan (koʻchish vaqti bir oylik muddatga kiritilmaydi) tashkilotlardan ishdan boʻshagan kundan boshlab bir oydan kechikmay ishga kirganda hisoblanadi.
4-bob. Budjet tashkilotlari xodimlarini ragʻbatlantirish va ularga moddiy yordam koʻrsatish tartibi
10. Budjet tashkilotlari xodimlarini mukofotlash va ularga moddiy yordam koʻrsatish Davlat ekologiya qoʻmitasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish jamgʻarmasi hamda Budjet tashkilotlarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
11. Budjet tashkilotlari xodimlarini mukofotlash quyidagi tartibda belgilanishi mumkin:
bayram kunlarida — Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligi kuni, Konstitutsiya kuni, 8-mart kuni, Navroʻz, Yangi yil, diniy bayramlarda (“Roʻza hayit” (Iyd-al-Fitr) va “Qurbon hayit” (Iyd-al-Adha) xodimlarni oylik lavozim maoshining bir barobari miqdorida ragʻbatlantirish;
markaziy apparat va hududiy boshqarmalarning xizmat vazifalarini sidqidildan va samarali bajarib kelayotgan yuqori malakali, tashabbuskor xodimlariga shaxsiy ustamalar;
yil yakunlari bilan alohida tashabbuskor va yuqori malakali xodimlarni, shuningdek, xodimning nafaqaga chiqishi munosabati bilan qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlash;
davlat mukofotlari, faxriy yorliqlar bilan taqdirlanganligi uchun oylik ish haqining bir baravarigacha ragʻbatlantirish.
Shuningdek, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablarining buzilishi holatlarini aniqlagan xodimlarga yuridik va jismoniy shaxslardan undirilgan jarima va zararni qoplashdan tushgan pul mablagʻlari summasining 15 foizi miqdorida mukofot puli toʻlanadi.
12. Mukofotlarning aniq miqdorlarini belgilash uchun Davlat ekologiya qoʻmitasida budjet tashkilotlari xodimlarini mukofotlash tartibini belgilash komissiyasi (keyingi oʻrinlarda komissiya deb ataladi) tashkil etiladi.
Komissiya Davlat ekologiya qoʻmitasi raisining qarori bilan 6 nafardan iborat tarkibda shakllantiriladi: rais (komissiya raisi), bosh buxgalter, kadrlar boʻlimi boshligʻi, yuridik boʻlim boshligʻi, mehnat jamoasi va kasaba uyushma qoʻmitasi vakillari.
Komissiya qarori koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va tegishli bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda, raisning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
13. Budjet tashkilotlari xodimlariga quyidagilar toʻlanadi:
Oldingi tahrirga qarang.
yoʻlkira va ovqatlanish uchun — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda har oylik kompensatsiya;
(13-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
Oldingi tahrirga qarang.
qishloq xoʻjaligi mahsulotlari xarid qilish uchun — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravarigacha miqdorda bir yoʻla moddiy yordam;
(13-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
alohida holatlar (uzoq muddat kasallik, oila aʼzosining vafoti, nikoh tuzish va boshqalar) munosabati bilan ikki lavozim maoshidan oshmaydigan miqdorda bir yoʻla moddiy yordam.
Shu bilan birga, Davlat ekologiya qoʻmitasi tomonidan belgilangan tartibda:
uy-joy bilan taʼminlanmagan xodimlarga amaldagi sarf-xarajatlar doirasida uy-joyni ijaraga berish shartnomasiga muvofiq uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun ijara toʻlovining 50 foizi miqdorida har oylik kompensatsiya toʻlovlari;
alohida zaruratga koʻra xodim (yubiley sanalarida, baxtsiz hodisa yuz berganda, sogʻligʻini tiklash uchun, moliyaviy holatining ogʻirligi va boshqa shu kabi holatlarda) xodim oylik ish haqining oʻn baravarigacha moddiy yordam;
xodimlarning farzandlari uchun dam olish va sogʻlomlashtirish oromgohlari yoʻllanmalari qiymatining 50 foizi miqdorda kasaba uyushmasi mablagʻlaridan;
xodimlarga tijorat banklari ipoteka kreditlari hisobga sotib olinadigan yakka tartibdagi uy-joy yoki koʻp kvartirali uylardagi kvartira qiymatining 25 foizi miqdorida foizsiz va qaytarish sharti bilan dastlabki badal summalari qoplab berilishi mumkin.
14. Budjet tashkilotlari xodimlarini mukofotlash hamda moddiy ragʻbatlantirish toʻlovlarini ajratishning tartibi va qoʻshimcha mehnat kafolatlari jamoa shartnomalari va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilangan qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
5-bob. Budjet tashkiloti boʻlmagan tashkilotlar xodimlarini mukofotlash va ularga moddiy yordam koʻrsatish tartibi
15. Budjet tashkiloti boʻlmagan tashkilotlar xodimlarini mukofotlash tashkilot boʻyicha belgilangan asosiy koʻrsatkichlar bajarilganda, shuningdek, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga, xarajatlarni kamaytirishga va ishlab chiqarishning ichki zaxiralaridan foydalanishga yoʻnaltirilgan tadbirlar oʻz vaqtida bajarilganda hamda kutilayotgan samaraga erishilganda hisobot davridagi ishlarning natijalari boʻyicha amalga oshiriladi.
Oʻzining funksional vazifalarini oʻz vaqtida, sifatli bajarish va tashkilot faoliyati natijalariga shaxsiy ulush qoʻshish xoʻjalik hisobidagi tashkilotlar xodimlariga mukofotlar belgilash uchun asosiy koʻrsatkichlar hisoblanadi. Budjet tashkiloti boʻlmagan tashkilotlar xodimlarini mukofotlashning aniq koʻrsatkichlari tegishli tashkilotlar rahbarlari tomonidan kasaba uyushma qoʻmitasi bilan kelishgan holda belgilanadi.
16. Budjet tashkiloti boʻlmagan tashkilotlar xodimlarini mukofotlash va ularga belgilanadigan qoʻshimcha va ustama toʻlovlar miqdorlari tegishli tashkilotlarning rahbarlari tomonidan moliyaviy imkoniyatlardan kelib chiqqan holda belgilanadi.
17. Budjet tashkiloti boʻlmagan tashkilotlar xodimlariga moddiy yordam toʻlash ushbu Nizomning 15-bandida nazarda tutilgan shartlarda amalga oshiriladi.
6-bob. Xodimlarni moddiy ragʻbatlantirishni taʼminlash yuzasidan masʼuliyat
18. Budjet tashkilotlarining va budjet tashkiloti boʻlmagan tashkilotlarning rahbarlari va bosh buxgaltyerlari xodimlar mehnatini normalash va hisobga olishning tashkil etilishi, lavozim maoshlari va tarif stavkalarining toʻgʻri belgilanganligi, ushbu Nizomda nazarda tutilgan qoʻshimchalar, ustamalar va mukofotlar toʻgʻri hisoblab chiqilganligi uchun shaxsan javob beradilar.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.01.2019-y., 09/19/12/2442-son, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)