O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
qarori
Sudlar tomonidan ma’muriy ishlarni apellatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 20-apreldagi 15-sonli “Sudlar tomonidan ma’muriy ishlarni apellatsiya tartibida kurish amaliyoti to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi qabul qilinishi, sud amaliyotida masalalar kelib chiqayotganligi munosabati bilan hamda qonun normalarini bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida, “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasiga asoslanib O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, ma’muriy ishni apellatsiya va kassatsiya tartibida qayta ko‘rish sud protsessi ishtirokchilarining sud hujjatini qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish huquqini ta’minlovchi muhim huquqiy institut hisoblanadi.
2. O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi (bundan buyon matnda MSIYutK deb yuritiladi) 200, 224-moddalariga muvofiq apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudida ish yuritish:
arizachi, javobgar, uchinchi shaxs, ularning vakillari, davlat boshqaruvi organining shikoyati;
prokurorning protesti bo‘yicha qo‘zg‘atiladi.
Apellatsiya, kassatsiya tartibida ish yuritish, shuningdek MSIYutK 200-moddasining birinchi qismi, 224-moddasining birinchi qismiga muvofiq sud hujjati ustidan shikoyat qilish huquqiga ega bo‘lgan ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxsning shikoyati bo‘yicha ham qo‘zg‘atilishi mumkin. Ushbu shaxs sud hujjatida ko‘rsatilmagan hollarda ham, uning ustidan shikoyat qilish huquqidan foydalanadi.
Sud hujjati ustidan apellatsiya, kassatsiya tartibida shikoyat qilish huquqiga, shuningdek taraflar, uchinchi shaxslar yoki qonuniy vakilning huquqiy vorislari ham ega.
Ishda ishtirok etuvchi shaxsning qatnashayotgan vakili, shu jumladan, advokat, agar bunday huquq vakolat beruvchi tomonidan berilgan ishonchnomada maxsus ko‘rsatilgan bo‘lsagina, sud hujjati ustidan apellatsiya, kassatsiya tartibida shikoyat qilishga haqli (MSIYutK 62-moddasining ikkinchi qismi).
3. Qonunga muvofiq apellatsiya shikoyati (protesti) sudning hal qiluv qarori ustidan u qabul qilingan kundan e’tiboran yigirma kun ichida, kassatsiya shikoyati (protesti) esa, u qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran bir oy ichida berilishi mumkin.
Apellatsiya, kassatsiya shikoyati berish (protest keltirish) muddati o‘tishining boshlanishi, tegishlicha sudning hal qiluv qarori qabul qilingan yoki qonuniy kuchga kirgan kunning ertasidan hisoblanadi (MSIYutK 116-moddasi).
4. Apellatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddatini tiklash to‘g‘risidagi iltimosnoma apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan MSIYutK 203, 227-moddalari qoidalari bo‘yicha ko‘rib chiqiladi.
Apellatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddatini tiklash yoki rad qilish haqida sudning shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish yoki shikoyatni (protestni) qabul qilishni rad etish haqidagi ajrimida ko‘rsatiladi.
O‘tkazib yuborilgan muddatni tiklashni rad etish to‘g‘risidagi ajrim ustidan MSIYutK 209-moddasining to‘rtinchi qismi, 233-moddasining uchinchi qismiga ko‘ra shikoyat (protest) berilishi mumkin.
Sudning o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklashni rad etish to‘g‘risidagi ajrimi ustidan shikoyat (protest) berilganda, kassatsiya, nazorat instansiyasi sudi shikoyatni (protestni) asosli deb topganda, sudning apellatsiya (kassatsiya) shikoyatini (protestni) qabul qilishni rad etish haqidagi ajrimini bekor qilib, o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklaydi va shikoyatni (protestni) ko‘rib chiqish uchun ishni shikoyatni (protestni) qabul qilishni rad etgan sudga yuboradi.
5. MSIYutK 202, 226-moddalariga ko‘ra, apellatsiya shikoyati (protesti) apellatsiya instansiyasi sudiga, kassatsiya shikoyati (protesti) kassatsiya instansiyasi sudiga yo‘llanadi, ammo hal qiluv qarori qabul qilgan sudga beriladi.
Har bir shikoyat (protest) kelib tushgan sanasi ko‘rsatilgan holda ro‘yxatga olinishi lozim.
6. Sudlarga tushuntirilsinki, qonunda apellatsiya, kassatsiya tartibida ish yuritish predmeti bo‘yicha muayyan istisnolar belgilangan. Jumladan, qonunda shikoyat qilinishi nazarda tutilmagan yoki ishning keyingi harakatlanishiga to‘sqinlik qilmaydigan ajrimlar ustidan (masalan, arizani (shikoyatni) ish yuritishga qabul qilish va ish qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi ajrimlar, birinchi instansiya sudi muhokamasini keyinga qoldirish to‘g‘risidagi ajrimlar) apellatsiya, kassatsiya tartibida shikoyat (protest) berilmaydi.
7. Qonunga muvofiq shikoyat (protest) yuzasidan sudga tushuntirishlar (e’tirozlar) ularni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilib, taqdim etish ishda ishtirok etuvchi shaxslarning huquqi bo‘lganligini inobatga olib, ularning birinchi instansiya sudiga taqdim etilmaganligi ishning apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudiga yuborilishiga to‘sqinlik qilmaydi.
8. MSIYutK 216, 240-moddalari talablariga ko‘ra, apellatsiya, kassatsiya shikoyati bergan shaxs apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi maslahatxonaga kirguniga qadar shikoyatdan voz kechishga, protest keltirgan prokuror, shuningdek yuqori turuvchi prokuror esa, protestni chaqirib olishga haqli.
Shikoyatdan voz kechish (protestni chaqirib olish)ni qabul qilish masalasi apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan shikoyat (protest)ni ko‘rish uchun tayinlangan sud majlisida hal qilinadi va bunda shaxsning shikoyatdan voz kechish (protestni chaqirib olish) vakolati tekshirilishi zarur. MSIYutK 62-moddasi mazmuniga ko‘ra, ishonchnomada birinchi instansiya sudining hujjati ustidan shikoyat qilish vakolatining vakilga berilganligi, unga apellatsiya shikoyatidan voz kechish huquqini bermaydi.
Agar shikoyatdan voz kechish qonunga zid bo‘lmasa yoki boshqa birovning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasa, apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi uni qabul qilishga haqli.
Sud shikoyatdan voz kechish qabul qilinganligi to‘g‘risida, shuningdek protest chaqirib olinganda ajrim chiqaradi va, agar tegishli sud hujjatiga nisbatan boshqa shaxslar tomonidan shikoyat berilmagan bo‘lsa, apellatsiya, kassatsiya tartibida ish yuritishni tugatadi.
Apellatsiya shikoyatidan voz kechilganligi (protest qaytarib olinganligi) munosabati bilan apellatsiya tartibida ish yuritish tugatilganda, sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kiradi.
9. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarni ishni shikoyat yoki protest bo‘yicha apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudida ko‘rish vaqti va joyi to‘g‘risida xabardor qilinishi majburiy ekanligi qonunda belgilanganligi sababli bu talablarni bajarmaslik MSIYutK 215, 239-moddalariga muvofiq ishni ko‘rishni keyinga qoldirishga sabab bo‘ladi.
Apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning ishni ko‘rish vaqti va joyi haqida tegishlicha xabardor qilinganligi to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lgan taqdirda ham, ishda ishtirok etuvchi shaxslardan birortasining kelmaganlik sababini uzrli deb topsa, ishni ko‘rishni keyinga qoldirishga haqli.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning kelmaganlik sabablari uzrsiz deb topilgan taqdirda, shuningdek kelmaganlik sabablari va bu sabablarni uzrli ekanligini tasdiqlovchi dalillar mavjud bo‘lmaganda, apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi shikoyat (protest) bo‘yicha ishni ularning ishtirokisiz ko‘rishga haqli, bundan prokuror arizasi asosida qo‘zg‘atilgan ishlar bo‘yicha uning kelmaganligi mustasno.
10. Taraflarning biri, uchinchi shaxs yoki ularning qonuniy vakili nizoli yoxud sudning hal qiluv qarori bilan aniqlangan huquqiy munosabatdan chiqib ketgan taqdirda (fuqaroning o‘limi, yuridik shaxsning qayta tashkil qilinishi va h.k.) apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi protsessual huquqiy vorislik MSIYutK 43-moddasiga ko‘ra, ma’muriy sud ishlarini yuritishning har qanday bosqichida amalga oshirilishi mumkinligini e’tiborga olgan holda, bunday shaxslar ularning huquqiy vorislari bilan almashtirilishiga yo‘l qo‘yadi hamda ularga ishga doir barcha materiallar bilan tanishishga imkon beradi. Huquqiy vorisning sud protsessiga kirishganligi haqida apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi ajrim chiqaradi.
11. Sudlarning e’tibori ishlarni apellatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ko‘rishda MSIYutK 218, 242-moddalarida belgilangan muddatga rioya qilinishi lozimligiga qaratilsin.
Shikoyat (protest) bo‘yicha tushgan ishni apellatsiya, kassatsiya tartibida ko‘rish muddatlari qonunda (MSIYutK 218, 242-moddalarida) belgilangan muddat doirasida ish o‘ta murakkab bo‘lgan yoki boshqa alohida hollarda uzaytirilishi mumkin (masalan, bir ish yurituvida bir nechta talablarning birlashtirilishi, sud protsessi ishtirokchilarining ko‘pligi, qo‘shimcha dalillar talab qilib olish va tekshirish, ishga mutaxassislarni jalb qilish, sud topshiriqlarini yuborish zarurati va h.k.).
12. Qonunga ko‘ra ish apellatsiya, kassatsiya tartibida ko‘rilayotganda quyidagilar aniqlanishi lozim:
birinchi instansiya sudi ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarning to‘liq tekshirgan-tekshirmaganligi;
sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarning isbotlangan-isbotlanmaganligi;
hal qiluv qarori, ajrimi (qarori)da bayon qilingan sud xulosalarining ish holatlariga muvofiqligi;
moddiy va (yoki) protsessual huquq normalari buzilgan-buzilmaganligi, ular to‘g‘ri qo‘llanilgan-qo‘llanilmaganligi;
birinchi instansiya sudi tomonidan qabul qilingan sud hujjatlari qonun talablariga muvofiqligi.
Apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi MSIYutK 217, 241-moddalariga muvofiq birinchi instansiya sudi sud hujjatining qonuniyligi va asoslantirilganligini to‘liq hajmda tekshiradi.
Shikoyat (protest) vajlaridan qat’i nazar, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida sud hujjatini to‘liq hajmda tekshirish deganda, birinchi instansiya sudi tomonidan ishning haqiqiy holatlari aniqlanganligini, moddiy va protsessual huquq normalari to‘g‘ri qo‘llanilganligini tekshirishni tushunmoq lozim.
13. Apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi xolislik va beg‘arazlikni saqlagan holda taraflarga o‘z protsessual huquq va majburiyatlarini amalga oshirishi uchun zarur sharoitlar yaratib berishi shart.
Apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudida ishning ko‘rilishi kollegial tarzda, uch nafar sudyadan iborat tarkibda MSIYutKning 26, 27-boblarida nazarda tutilgan istisnolarni inobatga olgan holda, birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari asosida amalga oshiriladi. Bunda dastlab shikoyat bergan shaxs va uning vakilining tushuntirishlari tinglanadi. Sud hujjati ustidan har ikkala taraf tomonidan shikoyat qilingan bo‘lsa, birinchi bo‘lib arizachi va uning vakili so‘zga chiqadi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar o‘zlarining tushuntirishlarida shikoyat (protest)da ko‘rsatilmagan vajlarni keltirishga va qo‘shimcha materiallar taqdim etishga haqli.
14. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, qonun apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudining har qanday dalillarni tekshirish huquqini, ular birinchi instansiya sudi muhokamasida bo‘lganligidan va yangidan taqdim etilganligidan qat’i nazar, cheklamaydi.
Apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi yangi taqdim qilingan dalillarni tekshirishni rad qilishni qarorda asoslantirishi lozim.
Apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning ekspertiza o‘tkazish, dalillarni ta’minlash va talab qilib olish, guvohlarni so‘roq qilish haqidagi va boshqa iltimosnomalarini ular birinchi instansiya sudi tomonidan rad etilganligi sababligina, rad etishga haqli emas.
Dalillar birinchi instansiya sudi uchun belgilangan tartib bo‘yicha tekshiriladi.
15. Apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan ish yuritishni to‘xtatib turish MSIYutK 9-bobida nazarda tutilgan asoslar va tartibda amalga oshiriladi.
Ish yuritish tiklanganligi to‘g‘risida apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi ajrim chiqaradi va ishda ishtirok etuvchi shaxslarni ish ko‘riladigan kun to‘g‘risida xabardor qiladi.
16. Apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi shikoyat (protest) bo‘yicha ishni ko‘rish natijalari yuzasidan qaror qabul qiladi.
Apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudining e’tibori shikoyat (protest)da keltirilgan har bir vajni, uning asosli yoki asossiz ekanligi haqidagi xulosani qarorda ko‘rsatgan holda muhokama qilish zarurligiga qaratilsin.
Shuni inobatga olish lozimki, asoslantirilgan qaror tuzilishi keyinga qoldirilgan va sud majlisida uning xulosa qismi e’lon qilinganda, apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudida raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi shaxslar asoslantirilgan qaror bilan qachon tanishishlari mumkinligini tushuntirishi shart.
Apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi qarorining xulosa qismida MSIYutK 219, 243-moddalarida belgilangan vakolatlar doirasida ishni shikoyat (protest) bo‘yicha ko‘rish natijalari to‘g‘risida xulosalar, zarur hollarda esa, sud xarajatlari taqsimlanishi ko‘rsatilishi kerak.
17. MSIYutK 220, 244-moddalariga ko‘ra, sud hujjatini apellatsiya, kassatsiya tartibida bekor qilishga yoki o‘zgartirishga quyidagilar asos bo‘ladi:
1) ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar to‘liq aniqlanmaganligi;
2) sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarning isbotlanmaganligi;
3) hal qiluv qarorida bayon etilgan xulosalarning ish holatlariga muvofiq kelmasligi;
4) moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud noto‘g‘ri qo‘llanilganligi.
Qonunga ko‘ra, mazmunan to‘g‘ri bo‘lgan sud hujjati faqat rasmiy, ya’ni ishni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatli bo‘lmagan asoslar (masalan, sud muzokaralarini o‘tkazish tartibi buzilganligi va h.k.) bo‘yicha bekor qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarlik rasmiy ekanligi to‘g‘risidagi masala apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan har bir muayyan holda, ishning haqiqiy holatidan kelib chiqib aniqlanadi.
18. Moddiy huquq normalarini buzish yoki noto‘g‘ri qo‘llash deganda, birinchi instansiya sudi tomonidan qo‘llanilishi lozim bo‘lgan qonun yoki boshqa qonun hujjati qo‘llanilmaganligi yoki qo‘llanilishi lozim bo‘lmagan qonun yoki boshqa qonun hujjati qo‘llanilganligi, qonunning yoki boshqa qonun hujjatining noto‘g‘ri talqin qilinganligi tushuniladi.
Shuni nazarda tutish lozimki, protsessual huquq normalarini buzilishi yoki noto‘g‘ri qo‘llanilishi faqat ishni noto‘g‘ri hal etilishiga olib kelgan bo‘lsagina, hal qiluv qarori, ajrim, qarorni bekor qilishga asos bo‘ladi.
19. MSIYutK 219, 243-moddalariga muvofiq apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi quyidagilarga:
1) hal qiluv qarorini, qarorni o‘zgarishsiz qoldirishga;
2) hal qiluv qarorini to‘liq yoki qisman bekor qilishga va yangi qaror qabul qilishga;
3) hal qiluv qarorini o‘zgartirishga;
4) hal qiluv qarorini to‘liq yoki qisman bekor qilishga va ish yuritishni tugatishga yoxud arizani (shikoyatni) to‘liq yoki qisman ko‘rmasdan qoldirishga;
5) hal qiluv qarorini bekor qilishga va ishni yangidan ko‘rish uchun yuborishga haqli.
20. Apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi, agar birinchi instansiya sudi ish holatlarini har tomonlama va to‘liq aniqlab, qonuniy, asosli hamda adolatli sud hujjati chiqargan, degan xulosaga kelsa, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori, ajrimi, qarorini o‘zgarishsiz, shikoyat yoki protestni esa qanoatlantirmasdan qoldiradi. Bunda apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi qarorida shikoyat yoki protest vajlari noto‘g‘ri va sud hujjatining bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishiga asos bo‘lmaydi deb topilganligi sabablari ko‘rsatib o‘tilishi lozim.
21. Shuni nazarda tutish lozimki, apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan hal qiluv qarori bekor qilinganda, ishni yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilishiga, agar faqat birinchi instansiya sudi tomonidan ishni ko‘rishda MSIYutK 220-moddasi to‘rtinchi qismining 4-bandi, 244-moddasi to‘rtinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan protsessual huquq normalarining buzilishiga yoki noto‘g‘ri qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilgan deb topsa, hal qiluv qarorini bekor qiladi va ishni yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuboradi.
22. Sudning hal qiluv qarorini o‘zgartirish deganda, jumladan, hal qiluv qarorining xulosa qismiga o‘zgartirishlar kiritilishi tushuniladi.
Yangi hal qiluv qarori deganda, apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan taraflarning huquq va majburiyatlari to‘g‘risida sudning asosiy xulosasini jiddiy o‘zgartiradigan qaror qabul qilinishi tushuniladi.
23. Apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi MSIYutK 106 va 108-moddalarida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha hal qiluv qarorini butunlay yoki qisman bekor qilishga, ish yuritishni tugatishga yoki arizani ko‘rmasdan qoldirishga, agar apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudida shunday qaror qabul qilinishiga sabab bo‘luvchi holatlar aniqlangan bo‘lsa, haqlidir.
24. Shuni nazarda tutish lozimki, sud xarajatlarini taqsimlash masalasining hal etilmaganligi yoki noto‘g‘ri hal etilishi, o‘z-o‘zidan sudning hal qiluv qarorini bekor qilishga yoki o‘zgartirishga asos bo‘lmaydi. Bunday holda apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi qarorining xulosa qismida sud xarajatlarini MSIYutK 115-moddasida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha yangidan taqsimlash haqida ko‘rsatiladi.
25. Apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi qonunda nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda (MSIYutK 163 va 164-moddalari) quyidagilarga haqli:
qarorni tushuntirishga;
qaror yozuvda yo‘l qo‘yilgan xatolarni va arifmetik xatolarni tuzatishga.
Ushbu bandning birinchi xatboshisida ko‘rsatilgan masalalar sud majlisida ishda ishtirok etuvchi shaxslarni sud majlisini o‘tkazish vaqti va joyi haqida xabardor qilgan holda ko‘riladi. Biroq mazkur shaxslarning kelmaganligi ushbu masalalarni hal etish uchun to‘sqinlik qilmaydi.
26. MSIYutK 173, 223, 247-moddalari talablariga muvofiq apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudiga, shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) qonunda nazarda tutilgan, shuningdek sudning ajrimi ishning keyingi harakatlanishiga to‘sqinlik qiladigan birinchi instansiya sudining ajrimlari ustidan shikoyat qilinadi.
Birinchi instansiya sudi ajrimi ustidan apellatsiya, kassatsiya tartibida berilgan xususiy shikoyat (protest) berish va ko‘rish sudning hal qiluv qarori ustidan apellatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) berish va ko‘rish uchun nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha amalga oshiriladi.
27. MSIYutK 223, 247-moddalariga muvofiq apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi shikoyatni (protestni) ko‘rib chiqib:
1) ajrimni o‘zgarishsiz qoldirishga;
2) ajrimni o‘zgartirishga yoki bekor qilishga;
3) arizani (shikoyatni) qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi, arizani (shikoyatni) qaytarish, ish yuritishni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi ajrimni bekor qilishga va arizani (shikoyatni) ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishga haqli.
Ariza birinchi instansiya sudining ish yuritishga qabul qilingandan so‘ng chiqarilgan ajrim bekor qilinganda (masalan, arizani ko‘rmasdan qoldirish, ish yuritishni tugatish va h.k.), apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi ishni kelgusida mazmunan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuboradi.
Birinchi instansiya sudining ajrimi bekor qilingan boshqa hollarda, apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi ustidan shikoyat (protest) berilgan ajrim chiqarilishiga sabab bo‘lgan (masalan, arizani qaytarish yoki arizani qabul qilishni rad qilishning qonuniy yoxud noqonuniyligi to‘g‘risidagi) protsessual masalani o‘zi mazmunan hal qiladi.
28. Apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi ishni ko‘rishda davlat organi yoki boshqa organ, tashkilot, mansabdor shaxs yoki fuqaroning faoliyatida aniqlangan qonun hujjatlari buzilishi faktlari bo‘yicha, ularning sud protsessida ishtirokidan qat’i nazar, xususiy ajrim chiqarishga haqli.
Ularning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanganda esa, sud bu haqda jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasini hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda prokurorga xabar beradi.
Xususiy ajrim sud majlisida e’lon qilinadi va bayonnomada aks ettiriladi.
29. Apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudi tomonidan ish bo‘yicha chiqarilgan xususiy ajrimning qonuniyligi va asoslantirilganligini tekshirishga hamda ushbu ajrimning chiqarilishida xatolik bo‘lganligini aniqlagan taqdirda, uni bekor qilishga haqli.
30. MSIYutK 175-moddasi talablariga muvofiq apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudining har bir sud majlisida, shuningdek sud majlisidan tashqarida amalga oshirilgan protsessual harakat haqida bayonnoma tuziladi.
31. Apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi qabul qilingan sud hujjatini o‘qib eshittirganidan so‘ng uning mazmun-mohiyatini sud protsessi ishtirokchilariga tushuntirishi shart.
32. Shikoyat apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudiga ish boshqa shikoyatlar bo‘yicha ko‘rilgandan so‘ng kelib tushganda, apellatsiya, kassatsiya shikoyatini bergan shaxsga sud hujjatlari ustidan nazorat tartibida shikoyat qilish huquqi tushuntiriladi.
33. Ma’muriy ishlarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri hal etilishini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlariga ishlarni apellatsiya, kassatsiya tartibida ko‘rish bo‘yicha sud amaliyotini har chorakda umumlashtirish tavsiya etilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.KAMILOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi I. ALIMOV
Toshkent sh.,
2018-yil 30-noyabr,
36-son