Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Fargʻona viloyatida qoʻshimcha kichik sanoat zonalari tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni yanada qoʻllab-quvvatlash, investitsiyalarni faol jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratish, yangi raqobatbardoshli ishlab chiqarishlar va kichik korxonalarni rivojlantirish chora-tadbirlarini taʼminlash, ularni muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasi tashkil etilgan alohida hududlarda joylashtirish, shu asosda ishlab chiqarish sohasida yangi ish oʻrinlari tashkil etish, aholining bandlik va farovonlik darajasini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Fargʻona viloyatida xususiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarining izchil amalga oshirilishi doirasida, faoliyat yuritmayotgan ishlab chiqarish maydonlari negizida toʻrtta kichik sanoat zonalari tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Fargʻona viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining Fargʻona viloyatining Fargʻona shahrida, shuningdek, Furqat, Quva, Oʻzbekiston, Oltiariq, Yozyovon va Qoʻshtepa tumanlarida foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va yer uchastkalari negizida ilovaga* muvofiq roʻyxat boʻyicha kichik sanoat zonalari (keyingi oʻrinlarda KSZ deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
KSZ hududidagi davlat koʻchmas mulki tadbirkorlik subyektlariga biznes-rejalarni bajarish, ish oʻrinlarini yaratish va saqlash, barcha turdagi soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlash sharti bilan keyinchalik mulk huquqi berilgan holda 10 yil muddatga uzoq muddatli ijaraga beriladi;
KSZ hududidagi davlat koʻchmas mulkidan ijara davrida foydalanish uchun ijaraga olingan maydonda amalga oshirilayotgan faoliyat turidan kelib chiqqan holda ortib boradigan koeffitsiyentni qoʻllamasdan ijara toʻlovining eng kam stavkasi belgilanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
KSZ ishtirokchilariga investitsiya loyihalarini bajarish uchun yer uchastkalarini ijaraga berish toʻgʻrisida qabul qilingan qarorlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 25-oktabrdagi PQ-3356-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan Fargʻona viloyati erkin iqtisodiy zonalari va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.06.2021-y., 06/21/6243/0540-son — 2021-yil 1-avgustdan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Fargʻona viloyati erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va tijorat banklari bilan birgalikda, belgilangan tartibda:
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 25-iyundagi 393-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2021-y., 09/21/393/0596-son)
Fargʻona viloyati iqtisodiyotining ehtiyojlarini, shuningdek, mavjud mineral-xomashyo, qishloq xoʻjaligi resurslarini va infratuzilmani inobatga olgan holda, KSZ hududida import oʻrnini bosadigan va eksportga yoʻnaltirilgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar turlarini ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish boʻyicha aniq takliflarning — “yoʻl xaritalari”ning ikki oy muddatda ishlab chiqilishini;
KSZ hududidagi tadbirkorlik subyektlariga import oʻrnini bosadigan va eksportga yoʻnaltirilgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar turlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning yetkazilishini;
KSZ hududida loyihalarni amalga oshirish uchun tadbirkorlik subyektlarini jalb etish, ular bilan tizimli ishlar olib borish, shuningdek, KSZ hududida ishlab chiqarishlarni joylashtirish boʻyicha investitsiya buyurtmanomalarining sifatli va oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini;
KSZ hududida ishlab chiqarishlarni tashkil etish boʻyicha investitsiya loyihalarining biznes-rejalarini ishlab chiqishda tadbirkorlik subyektlariga koʻmaklashishni taʼminlasin.
5. Mazur qaror 3-bandining amal qilishi, Vazirlar Mahkamasining “Fargʻona viloyatida joylashgan ishlamay turgan va kam quvvatli korxonalar faoliyatini tiklash, shuningdek davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 25-avgustdagi 672-son qaroriga muvofiq tashkil qilingan KSZga tatbiq etilsin.
6. Fargʻona viloyati erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻztransgaz” AJ bilan birgalikda Fargʻona viloyatidagi KSZni muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan taʼminlash yuzasidan takliflarni ularning moliyalashtirish manbalari koʻrsatilgan holda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda bir oy muddatda:
foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va davlat mulki obyektlarining mazkur qaror ilovasiga asosan mahalliy ijro etuvchi organlarga berilishini;
davlat ulushiga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi jamiyatlar boshqaruv organlarining majlislarida ushbu qarorning ilovasiga muvofiq, foydalanilmayotgan obyektlarni budjet hamda budjetdan tashqari jamgʻarmalar oldidagi soliq boʻyicha qarzdorlikni beriladigan aktivlarning qoldiq (balans) qiymatiga mutanosib ravishda yoki ularning ustav jamgʻarmalaridagi davlat ulushining va xoʻjalik boshqaruvi organlarining ulushini kamaytirish hisobidan tegishli mahalliy ijro etuvchi organlarga berish masalasi belgilangan tartibda koʻrib chiqilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Fargʻona viloyatida joylashgan ishlamay turgan va kam quvvatli korxonalar faoliyatini tiklash, shuningdek davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 25-avgustdagi 672-son qaroriga 2-ilovaning 6-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmuradov, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari N.Sh. Sharipov va Fargʻona viloyati hokimi Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 12-dekabr,
1007-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2018-y., 09/18/1007/2303-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.06.2021-y., 06/21/6243/0540-son; 25.06.2021-y., 09/21/393/0596-son, 29.12.2021-y., 09/21/786/1216-son)