OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
“OʻZAGROQURILISh” RESPUBLIKA IShLAB ChIQARISh DAVLAT-KOOPERATIV QURILISh BIRLAShMASINING USTAVINI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kapital qurilishni boshqarish tashkiliy tuzilmasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 1998-yil 28-noyabrdagi 500-sonli qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzagroqurilish” respublika ishlab chiqarish davlat-kooperativ qurilish birlashmasining ilova qilinayotgan Ustavi tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 6-mart,
100-son
“Oʻzagroqurilish” Respublika ishlab chiqarish davlat-kooperativ qurilish birlashmasining
USTAVI
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzagroqurilish” respublika ishlab chiqarish davlat-kooperativ qurilish birlashmasi (keyingi oʻrinlarda “Oʻzagroqurilish” deb ataladi) Respublika davlat-kooperativ boshqaruv organi hisoblanadi.
2. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi faoliyati tarkibiy boʻlinmalarining mustaqilligini, ular tomonidan foyda olinishini taʼminlashga, ularning huquqlarini himoya qilishga, xalq deputatlari Kengashlari va davlat boshqaruvi organlari bilan munosabatlarni tartibga solishga qaratilgandir.
3. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi tarkibiga yuridik shaxs hisoblangan, faoliyati “Oʻzagroqurilish” birlashmasi oldida turgan vazifalarni hal etishga qaratilgan xoʻjaliklararo, kooperativ, ijarachi yoki boshqa tashkilotlar va korxonalar kiradi.
4. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan, oʻz nomi oʻzbek va rus tillarida yozilgan muhrga, burchakli va boshqa shtamplarga ega boʻladi.
5. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining boshqa qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Ustavga va boshqa meʼyoriy hujjatlarga amal qiladi.
6. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi toʻla xoʻjalik hisobi prinsiplari asosida ishlaydi, oʻz xoʻjalik faoliyatining natijalari uchun, ishlab chiqarish dasturlarini bajarish boʻyicha oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarning amalga oshirilishi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish prognozlari uchun, davlat budjeti va banklar oldidagi majburiyatlar uchun amaldagi, qonunchilikka muvofiq javob beradi.
II. “Oʻzagroqurilish” birlashmasining asosiy vazifalari
7. “Oʻzagroqurilish” birlashmasining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi: kolxozlar, sovxozlar va boshqa tashkilotlar hamda buyurtmachi korxonalar bilan integratsiya asosida asosan dehqonchilik sanoati kompleksi tizimining inshootlari, qurilishlarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, qurish, kengaytirish, qayta qurish va texnika bilan qayta jihozlash, shuningdek, qurilish tashkilotlari va industriyaning ishlab chiqarish bazalarini barpo etish, sanoat korxonalari tomonidan binokorlik materiallari, konstruksiyalar va detallar ishlab chiqarish, shuningdek, savdo tarmoqlari orqali sanoat-oziq-ovqat tovarlari, umumiy ovqatlanish bilan taʼminlash, qishloq xoʻjaligi tashkilotlari va aholidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilish, tayyorlash va qayta ishlash.
8. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi xoʻjalik faoliyatining Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik aktlari bilan taqiqlanmagan har qanday turini amalga oshirish huquqiga ega.
9. Koʻrsatib oʻtilgan vazifalarni hal etish uchun “Oʻzagroqurilish” birlashmasi quyidagilarni taʼminlaydi:
“Oʻzagroqurilish” birlashmasi tashkilotlari, korxonalari, boshqa tarkibiy boʻlinmalarining ishlab chiqarish dasturlarini va ijtimoiy-iqtisodiy prognozlarini bajarish;
qurilish ishlab chiqarishi samaradorligini oshirish, asosiy fondlardan, mehnat, moddiy va moliyaviy resurslardan foydalanishni yaxshilash;
tobora industrlashtirish, qurilish-montaj ishlarini ixtisoslashtirish asosida qishloq qurilishida fan-texnika taraqqiyotini jadallashtirish, fan, texnika va ilgʻor tajribaning eng yangi yutuqlarini qurilishga joriy etish;
qurilish tashkilotlarining ishlab chiqarish bazasini rivojlantirish, ushbu maqsadlar uchun ajratiladigan kapital mablagʻlar samaradorligini oshirish;
xoʻjalik ichki rezervlarini qidirib topish yoʻli bilan qurilish-sanoat ishlab chiqarishining foyda olishi va rentabelliligini oshirish.
III. “Oʻzagroqurilish” birlashmasini boshqarish
10. “Oʻzagroqurilish” birlashmasining yuqori rahbar organi birlashma syezdi hisoblanadi.
11. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi syezdiga delegatlar nohiya xoʻjaliklararo qurilish tashkilotlari va korxonalari vakolatli vakillarining viloyat konferensiyalarida “Oʻzagroqurilish” birlashmasi Kengashi tomonidan belgilangan norma boʻyicha ochiq ovoz berish yoʻli bilan saylanadi.
12. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi syezdining vakolatiga quyidagilar kiradi:
“Oʻzagroqurilish” birlashmasi Ustavini qabul qilish, unga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish;
birlashma Kengashini saylash;
“Oʻzagroqurilish” birlashmasining istiqboldagi ishlab chiqarish dasturlari va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish prognozlari, tuzilmasini koʻrib chiqish va ularni tasdiqlash;
“Oʻzagroqurilish” birlashmasi Kengashi va taftish komissiyasining son tarkibini belgilash va ularning aʼzolarini saylash;
“Oʻzagroqurilish” birlashmasi Kengashi va taftish komissiyasining hisobotlarini tinglash.
13. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi syezdi Kengash tomonidan 5 yilda bir marta chaqiriladi.
14. Navbatdan tashqari syezdlar Kengashning qarori yoki xoʻjaliklararo tashkilotlar va korxonalar soni uchdan bir qismining talabi bilan chaqiriladi.
15. Syezd saylangan delegatlarning kamida uchdan ikki qismi mavjud boʻlganda qonuniy huquqqa ega hisoblanadi.
16. Syezdlar oʻrtasidagi davrda “Oʻzagroqurilish” birlashmasiga rahbarlikni birlashma Kengashi amalga oshiradi.
17. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi Kengashi vakolatiga quyidagilar kiradi:
boshqaruv aʼzolari sonini belgilash va ularni saylash;
boshqaruv hisobotlarini, “Oʻzagroqurilish” birlashmasi balanslarini hamda ular boʻyicha taftish komissiyasining xulosalarini koʻrib chiqish va tasdiqlash;
“Oʻzagroqurilish” birlashmasi markaziy apparatining tuzilmasi va sonini tasdiqlash;
“Oʻzagroqurilish” birlashmasini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilish, tugatish komissiyasini tayinlash, tugatish balansini tasdiqlash.
18. Kengashning yigʻilishi “Oʻzagroqurilish” birlashmasi boshqaruvi tomonidan bir yilda kamida bir marta, navbatdan tashqari yigʻilishlar esa — taftish komissiyasining qarori bilan chaqiriladi.
19. Boshqaruv “Oʻzagroqurilish” birlashmasi boshqaruvining ijroiya organi hisoblanadi, u mazkur Ustavga muvofiq birlashma faoliyati uchun javob beradi.
20. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi boshqaruvi birlashma Kengashi tomonidan 5 yilga saylanadi.
21. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi faoliyatiga tezkor rahbarlikni boshqaruv tomonidan uning aʼzolari ichidan saylanadigan rais amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
22. Rais, uning oʻrinbosarlari va boshqaruv aʼzolari birlashma Kengashi tomonidan saylanadilar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadilar.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 25-iyundagi 313-sonli qarori tahririda)
23. “Oʻzagroqurilish” birlashmasining raisi birlashmaning tarkibiy boʻlinmalari bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi, koʻrsatmalar beradi va ularning ijrosini tekshiradi.
24. “Oʻzagroqurilish” birlashmasining raisi va uning oʻrinbosarlari davlat, kooperativ va jamoat tashkilotlari hamda muassasalarida “Oʻzagroqurilish” birlashmasi manfaatlarini ishonchnomasiz ifodalaydi.
25. “Oʻzagroqurilish” birlashmasining raisi qonunda belgilangan tartibda “Oʻzagroqurilish” birlashmasining bank muassasalaridagi hisob-kitob va boshqa schyotlarini ochadi va yopadi, shartnomalar va bitimlar tuzadi, birlashma ishlari boʻyicha ishonchnomalar beradi.
26. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi raisi birlashma ishini tashkil etadi va rejalashtiradi, bank hujjatlariga birinchi boʻlib imzo chekish huquqi bilan birlashma mablagʻlarini tasarruf etuvchi hisoblanadi.
27. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi boshqaruvi quyidagi huquqlarga egadir:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasiga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining hal etishini talab etuvchi “Oʻzagroqurilish” birlashmasi tashkilotlari, korxonalari, muassasalari faoliyati masalalari boʻyicha takliflar kiritish;
nohiya va respublika qurilish, loyiha va boshqa korxonalari hamda tashkilotlarini belgilangan tartibda tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish;
“Oʻzagroqurilish” birlashmasi tarkibiy boʻlinmalarining ustavlarini, “Oʻzagroqurilish”ning smeta qiymati 1 mln. soʻmdan ortiq boʻlgan oʻz mablagʻlari va budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan korxonalari va tashkilotlari uchun obyektlar qurilishiga loyiha-smeta va texnikaviy hujjatlarni, titul roʻyxatlarni tasdiqlash;
“Oʻzagroqurilish” birlashmasi tashkilotlari va korxonalari tomonidan tayyorlanadigan mahsulotlar va buyumlarga hamda koʻrsatiladigan xizmatlarga belgilangan tartibda ulgurji narxlar va tariflarni tasdiqlash;
“Oʻzagroqurilish” birlashmasi tarkibiy boʻlinmalari bilan tuzilgan shartnomalardan kelib chiquvchi “Oʻzagroqurilish” birlashmasi fondlari va rezervlariga ajratmalar miqdorini belgilash;
zarurat boʻlganda “Oʻzagroqurilish” birlashmasi tuzilmasi va shtatiga “Oʻzagroqurilish” birlashmasi Kengashi tomonidan belgilangan son chegarasida oʻzgartishlar kiritish;
xoʻjaliklarning asosiy, aylanma va zayom mablagʻlaridan, shuningdek, bank muassasalaridan olingan uzoq muddatli va qisqa muddatli qarzlardan samarali foydalanishga koʻmaklashish;
zarurat boʻlganda “Oʻzagroqurilish” birlashmasiga qarashli tashkilotlarga vaqtinchalik moliyaviy yordam koʻrsatish, moliyaviy yordam fondi hisobidan yangidan tashkil etilayotgan aylanma mablagʻlar berish;
mahsulotlarni belgilangan davlat narxlari, tariflar va baholar boʻyicha sotuvchi korxonalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, mahsulotlar(ishlar) tannarxidan ajratmalar hisobidan ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik ishlari olib borish va koʻplab bilim talab qiladigan mahsulotlarning yangi turlarini oʻzlashtirish uchun fondlar tashkil qilish;
“Oʻzagroqurilish” birlashmasi mablagʻlarining bir qismini Toshkent shahrida uy-joy qurilishiga ulush qoʻshib ishtirok etishga, qoʻshma korxonalar, shu jumladan, xorijiy investorlar bilan tashkil etishga sarflash.
Oldingi tahrirga qarang.
28. “Oʻzagroqurilish” birlashmasining raisi boshqarmalar va apparat mustaqil boʻlimlarining boshliqlarini, birlashmaga qarashli korxonalar va tashkilotlarning rahbarlarini lavozimlarga tayinlaydi va egallab turgan lavozimlaridan ozod qiladi.
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 25-iyundagi 313-sonli qarori tahririda)
29. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi boshqaruvi majlisi bir oyda kamida bir marta oʻtkaziladi. Majlis, agar unda boshqaruv aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashsa, qaror qabul qilishga haqli boʻladi.
30. Oʻtkaziladigan majlislarda boshqaruv “Oʻzagroqurilish” birlashmasi faoliyatining ishlab chiqarish dasturlarini bajarish va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish istiqbollarini belgilash, ishlab chiqarishni boshqarishni takomillashtirish, xodimlarni ijtimoiy himoya qilish masalalarini koʻrib chiqadi, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarga amaliy rahbarlik qilish, ijroni tekshirish, kadrlar tanlash va ulardan foydalanish masalalarini muhokama qiladi, “Oʻzagroqurilish” birlashmasi boshqarmalari va boʻlimlari boshliqlarining maʼruzalarini, shuningdek, “Oʻzagroqurilish” tarkibiy boʻlinmalari rahbarlarining hisobotlarini tinglaydi.
31. Agar boshqaruv qarori uchun boshqaruv aʼzolarining kamida yarmi ovoz bersa, boshqaruv qarori qabul qilingan hisoblanadi, ovozlar teng boʻlganda raisning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
IV. “Oʻzagroqurilish” birlashmasining taftish komissiyasi
32. Birlashmaning taftish komissiyasi “Oʻzagroqurilish” birlashmasining nazorat organi hisoblanadi.
33. “Oʻzagroqurilish” birlashmasining taftish komissiyasi Syezd tomonidan 5 yil muddatga saylanadi va bevosita Syezdga boʻysunadi, oʻz ishi toʻgʻrisida uning oldida hisob beradi.
Taftish komissiyasi oʻz tarkibidan raisni saylaydi.
34. Taftish komissiyasi quyidagilarga burchlidir:
“Oʻzagroqurilish” birlashmasi apparati xoʻjalik-moliya faoliyatini bir yilda kamida bir marta taftish qilish;
taftishlar va dalolatnomalar bilan rasmiylashtirilgan alohida tekshirishlar natijalari boʻyicha ishlarning ahvoliga baho berish hamda xulosalar va takliflar bilan birga Kengashning koʻrib chiqishi uchun taqdim etish;
“Oʻzagroqurilish” birlashmasi Kengashiga birlashmaning hisobotlari va balanslari boʻyicha xulosalarni hamda uning ishi boʻyicha takliflarni taqdim etish;
“Oʻzagroqurilish” birlashmasi tarkibiy boʻlinmalari taftish komissiyalarining ishini nazorat qilish va ularga zarur yordam koʻrsatish.
35. Taftish komissiyasining takliflari “Oʻzagroqurilish” boshqaruvi yoki Kengashi tomonidan taftish komissiyasi aʼzolari ishtirokidagi majlisda takliflar tushgandan keyin 20 kundan kechikmay koʻrib chiqilishi kerak.
V. “Oʻzagroqurilish”ning mol-mulki va mablagʻlari
36. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi asosan xoʻjaliklararo tashkilotlar va korxonalarning kirish badallaridan, shuningdek, maxsus fondlarning boʻsh qoldiqlaridan hosil boʻlgan ustav fondiga ega boʻladi.
37. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi mablagʻlarining shakllanish manbalari quyidagilar hisoblanadi:
xoʻjaliklararo tashkilotlar va korxonalarning pul va moddiy badallari;
mahsulotlarni sotishdan, ishlar va xizmatlar koʻrsatishdan hamda xoʻjalik faoliyatining boshqa turlaridan olingan daromadlar;
qimmatdor qogʻozlardan olingan daromadlar;
banklar va boshqa kredit beruvchilarning kreditlari;
boshqa tushumlar.
38. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi oʻz balansida asosiy fondlarga, aylanma mablagʻlarga, resurslarga va boshqa moddiy boyliklarga ega boʻladi va “Oʻzagroqurilish” birlashmasi tizimi davlat mulkini boshqarishning vakolatli organi hisoblanadi.
39. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi quyidagi huquqlarga egadir:
davlat, kooperativ va jamoat tashkilotlaridan, shuningdek, fuqarolardan binolar, inshootlar, yengil avtomobillarni, boshqa transportni, asbob-uskunalar va boshqa mol-mulkni mustaqil sotib olish, almashtirish, ijaraga olish;
oʻz mol-mulkini, agar u jismoniy yoki maʼnaviy eskirgan yoxud qimmatini yoʻqotgan taqdirda, balansdan chiqarish, oʻz tarkibiy boʻlinmalarining mol-mulki va moddiy boyliklarini belgilangan tartibda hisobdan chiqarishga ruxsat berish, shuningdek, birlashma uchun qulay boʻlgan istalgan usul bilan, shu jumladan, sotish (pul toʻlab sotib olish), tushgan pul mablagʻlarini “Oʻzagroqurilish” birlashmasi hisob-kitob schyotiga oʻtkazish yoʻli bilan mol-mulkni ajratishni amalga oshirish;
oʻz mol-mulkini boshqa yuridik shaxslar va fuqarolarga foydalanish uchun (ijaraga yoki tekin foydalanishga) berish.
40. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi boshqaruv apparati oʻz tarkibiy boʻlinmalari bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq ularning ajratmalari hisobiga saqlanadi.
41. Shartnoma asoslarida tarkibiy boʻlinmalar tomonidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan “Oʻzagroqurilish” birlashmasida quyidagi maxsus fondlar tashkil etiladi:
ishlab chiqarishni, fan va texnikani rivojlantirish markazlashtirilgan fondi va “Oʻzagroqurilish” birlashmasi apparatini saqlash rezervi;
mahsulotlar (ishlar)ni belgilangan (boshqariladigan) davlat narxlari, tariflar va baholar boʻyicha sotuvchi tarkibiy boʻlinmalarning moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tarmoq budjetidan tashqari fondi.
42. “Oʻzagroqurilish” birlashmasida amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda boshqa fondlar ham tashkil etilishi mumkin.
43. Birlashmada shartnoma asoslarida tashkil qilinadigan maxsus fondlarni tuzish va ularni sarflash tartibi har yili “Oʻzagroqurilish” birlashmasi boshqaruvi tomonidan belgilanadi.
44. Maxsus fondlarning joriy yilda foydalanilmagan mablagʻlari va qoldiqlari kelgusi yilga oʻtkaziladi va musodara qilinishi mumkin emas.
45. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi oʻz tarkibiy boʻlinmalari va chet tashkilotlarning zayom mablagʻlaridan, bank kreditlaridan belgilangan tartibda foydalanadi hamda bankning uzoq muddatli kreditlarini toʻlashga ishlab chiqarishni, fan va texnikani rivojlantirish markazlashtirilgan fondi mablagʻlarini yoʻnaltirishi mumkin.
46. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi budjet bilan oʻzaro munosabatlarini qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiradi.
VI. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi xodimlarining ijtimoiy kafolatlari
47. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi mehnatga haq toʻlash shakli va tizimini har bir ayrim xodimga toʻlovlar miqdorini cheklamasdan mustaqil belgilaydi.
48. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi boshqaruvi apparati xodimlari amaldagi qonunchilikka muvofiq koʻp yillik xizmati uchun bir yoʻla toʻlanadigan mukofot olish huquqiga egadirlar.
49. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi xodimlari qonunchilikda belgilangan tartibda davlat tomonidan ijtimoiy sugʻurta qilinadilar.
50. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi barcha ishlovchilar uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini taʼminlaydi hamda ularning sogʻligi va mehnat qobiliyatlariga yetkazilgan zarar uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradi.
51. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi fuqarolarning iqtisodiyotdagi bozor munosabatlari sharoitida ularni ijtimoiy himoya qilish bilan bogʻliq iltimoslari va murojaatlari boʻyicha masalalarni koʻrib chiqadi va hal etadi.
VII. Hisobga olish va hisobot
52. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi tuzilgan shartnomalar, bitimlardan va haqiqiy isteʼmol talabidan kelib chiqqan holda, mazkur Ustavda nazarda tutilgan faoliyat yoʻnalishlari doirasida oʻz xoʻjalik faoliyatini mustaqil amalga oshiradi.
53. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi oʻz xoʻjalik faoliyati natijalarini hisobga olib borishni amalga oshiradi, qonunchilikda belgilangan tartibda buxgalteriya hisobi va statistik hisobotni yuritadi hamda ularning ishonchliligi uchun javob beradi.
VIII. “Oʻzagroqurilish” birlashmasining tashqi iqtisodiy faoliyati
54. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi belgilangan tartibda xorijiy investitsiyalar bilan birgalikda aksionerlik jamiyatlari, masʼuliyati cheklangan jamiyatlar hamda boshqa xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlari shaklidagi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik aktlariga zid boʻlmagan har qanday boshqa shakldagi korxonalar tuzish huquqiga egadir.
55. Xorijiy investitsiyalar bilan tuzilgan korxonalarning valyuta tushumlari Oʻzbekiston Respublikasining valyutani boshqarish toʻgʻrisidagi qonunchiligiga rioya qilingan taqdirda “Oʻzagroqurilish” birlashmasi tasarrufida qoladi.
56. “Oʻzagroqurilish” oʻz mol-mulkini xorijiy investorlarga xorijiy valyutaga va SSSR valyutasiga Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan belgilanadigan tartibda va shartlarda sotishi yoki ijaraga berishi mumkin.
57. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi tashqi iqtisodiy faoliyatni oʻzaro foydalilik va teng huquqlilik prinsiplari asosida amalga oshiradi. Belgilangan tartibda respublika hududida va chet elda xorijiy firmalar bilan qoʻshma korxonalar va ishlab chiqarishlar tashkil etadi, xorijiy sheriklar bilan hamkorlik qiladi, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqadi, xoʻjalik shartnomalari, kelishuvlar va bitimlar asosida qurilish-montaj ishlari va xizmatlarni bajaradi, eksport-import operatsiyalarini amalga oshiradi, buning uchun zarurat boʻlganda xoʻjalik hisobidagi tashqi savdo firmalari yoki birlashmalar tashkil etadi.
58. “Oʻzagroqurilish” birlashmasining xorijiy investitsiyalar bilan tuzilgan korxonalari, mablagʻlarning bir qismini “Oʻzagroqurilish” birlashmasi markazlashtirilgan fondiga oʻtkazgan holda, ustav fondining 25 foizigacha boʻlgan miqdorda rezerv fondi tashkil etadilar.
IX. “Oʻzagroqurilish” birlashmasini tugatish va qayta tashkil etish
59. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi faoliyatini toʻxtatish birlashma syezdining qaroriga koʻra yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
60. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi faoliyatini toʻxtatish birlashma syezdi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tashkil etadigan tugatish komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
61. Tugatish komissiyasi birlashmani tugatish tartibi va qarz beruvchilar tomonidan daʼvo qoʻzgʻash muddatlari toʻgʻrisida rasmiy matbuotda oʻzbek va rus tillarida eʼlon beradi.
62. Tugatish komissiyasi “Oʻzagroqurilish” birlashmasi mol-mulkini baholaydi va qarz beruvchilar bilan hisob-kitob qiladi, tugatish balansi tuzadi va uni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasiga yoki “Oʻzagroqurilish” birlashmasining huquqiy vorisi hisoblangan organga taqdim etadi.
63. “Oʻzagroqurilish” birlashmasi qayta tashkil etilganda uning huquq va majburiyatlari birlashmaning huquqiy vorislariga oʻtadi.
Ustav 1991-yil 23-sentabrda “Oʻzagroqurilish” birlashmasi boshqaruvi tomonidan maʼqullangan