Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” (2-qoʻshimcha moliyalashtirish) loyihasini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Iqtisodiyotning real sektori korxonalarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilashni taʼminlash uchun moliyaviy resurslarni jalb etishni kengaytirish, energiya samaradorligini oshirish hamda energiyani tejaydigan asbob-uskunalar va texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
2011 — 2015-yillarda 16,5 mln. maxsus qarz olish huquqlari (25 mln. AQSh dollari ekvivalentida) jalb etilgan holda, Jahon banki bilan birgalikda “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi amalga oshirilganligi;
2013-yildan buyon loyiha Xalqaro taraqqiyot uyushmasining (XTU) uzoq muddatli moliyaviy resurslaridan 66,1 mln. miqdoridagi maxsus qarz olish huquqlari (100 mln. AQSh dollari ekvivalentida) asosida qoʻshimcha moliyalashtirilgan holda amalga oshirilayotganligi;
loyiha doirasida yiliga 505,1 mln. kVt/s elektr energiyasi va 187,7 mln. m. kub tabiiy gaz iqtisod qilishni taʼminlaydigan energiya samarador uskunalar va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha umumiy qiymati 150,2 mln. AQSh dollari boʻlgan 82 ta investitsion loyiha amalga oshirilganligi;
Jahon bankining Direktorlar kengashi Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining (keyingi oʻrinlarda XTTB deb ataladi) 5 yillik imtiyozli davrni qoʻshib hisoblaganda qaytarish muddati 25 yil boʻlgan 200 mln. AQSh dollar miqdoridagi qarz mablagʻlarini taqdim etish bilan “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish (2-qoʻshimcha moliyalashtirish)” loyihasini (keyingi oʻrinlarda Loyiha deb ataladi) 2018-yil 30-yanvarda maʼqullaganligi;
2018-yil 17-mayda Amerika Qoʻshma Shtatlariga davlat tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri tomonidan XTTB bilan Qarz bitimi imzolanganligi;
2018-yil 24-mayda ishtirok etuvchi tijorat banklari — Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB, “Asaka” ATB, “Hamkorbank” ATB, “Asia Alliance Bank” ATB, “InfinBank” ATB (keyingi oʻrinlarda ishtirok etuvchi tijorat banklari deb ataladi) – XTTB bilan Loyihani amalga oshirish toʻgʻrisida bitimlar imzolagani va loyiha bitimlari shartlariga muvofiq Loyihani bajarish majburiyatlarini oʻz zimmasiga olgani;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va ishtirok etuvchi tijorat banklari bilan XTTBning qarz mablagʻlarini qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitimlarni imzolash vakolati berilgani;
Loyihani amalga oshirish davri 5 yil (2018 — 2022-yy.) etib belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
XTTBning 199,0 mln. AQSh dollari miqdoridagi qarz mablagʻlarining bir qismi ishtirok etuvchi tijorat banklariga sanoat korxonalarining energiya samarador uskunalar xarid qilish va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun revolver kredit liniyasi (“B” komponenti — “Ishtirok etuvchi tijorat banklari uchun kredit liniyasi”) shaklida qayta moliyalashtiriladi;
agar Jahon banki bilan boshqacha tarzda kelishilmagan boʻlsa, sanoat korxonalariga XTTB qarz mablagʻlari hisobidan taqdim etiladigan kreditning maksimal summasi bitta subzayem oluvchi tashkilot uchun 10 mln. AQSh dollaridan, bitta sohadagi sanoat korxonalari uchun taqdim etiladigan kreditlarning maksimal summasi 30 mln. AQSh dollaridan oshmasligi kerak;
XTTB qarz mablagʻlarining 1 mln. AQSh dollari miqdoridagi qismi texnik koʻmaklashishni (“A” komponenti — “Energiya samaradorligi sohasidagi salohiyatni oshirib borish va loyihani boshqarish”), shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2011-yil 25-iyuldagi 211-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan Loyihani muvofiqlashtirish guruhi faoliyatini kelgusida moliyalashtirish orqali Loyihaning amalga oshirilishini umumiy muvofiqlashtirish va monitoring qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishga yoʻnaltiriladi;
Loyihani muvofiqlashtirish guruhining shtat jadvali va har yillik moliyalashtirish smetalari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan majburiy tartibda kelishilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadi;
avvalgi liniyalar boʻyicha va ushbu Loyiha mablagʻlaridan kredit olgan subzayem oluvchi tashkilotlar tomonidan qaytariladigan mablagʻlar ishtirok etuvchi tijorat banklari tomonidan revolver asosida qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitimlar boʻyicha resurslarni qaytarish hisobga olingan holda mablagʻlar qoldigʻi doirasida sanoat korxonalarining energiya samarador uskunalarni xarid qilish va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha investitsiya loyihalarini kelgusida moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.
3. Quyidagilar:
— Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish”loyihasini amalga oshirish doirasida Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining qarz mablagʻlarini jalb etish jadvali 1-ilovaga* muvofiq;
“Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasini amalga oshirish doirasida Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining qarz mablagʻlarini qaytarish, foizlar va vositachilik haqini toʻlash jadvali 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
4. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Loyihani umumiy muvofiqlashtirish va Loyihaning “A” komponentini amalga oshirish uchun masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
ishtirok etuvchi tijorat banklari Loyihaning “V” komponentini amalga oshirish boʻyicha ijro etuvchi organlar hisoblanadi va XTTB qarz mablagʻlarini ular tomonidan qayta moliyalashtiriladigan qismini maqsadli va samarali ishlatilishi uchun javob beradilar;
ishtirok etuvchi tijorat banklari XTTBning qayta moliyalashtiriladigan qarz mablagʻlari hisobidan energiya samarador investitsiya sub-loyihalarini amalga oshirishni moliyalashtirish uchun qaytarish, toʻlov va muddatlilik shartlarida oʻz nomidan kreditlar beradi;
sub-loyihalarning moliyaviy-iqtisodiy koʻrsatgichlarini hisobga olgan holda Loyiha doirasida ishtirok etuvchi tijorat banklari tomonidan xorijiy valyutada kredit mablagʻlarini 10 yil muddatgacha berishga ruxsat etiladi;
XTTB qarz mablagʻlarini qaytarish, shuningdek, mazkur qarz mablagʻlari boʻyicha foizlar, vositachilik haqlari va boshqa xarajatlarni toʻlash ishtirok etuvchi tijorat banklari tomonidan qarz summasining qayta moliyalashtiriladigan qismi boʻyicha oʻz mablagʻlari va Loyihaning “A” komponenti qismida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Jahon banki bilan kelishilgan holda zarurat boʻlganda, ishtirok etuvchi tijorat banklari faoliyatini ushbu Loyiha doirasida tahlil qilish asosida ularning tarkibini koʻrib chiqish huquqiga ega.
(4-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 25-iyundagi 393-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2021-y., 09/21/393/0596-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi bilan XTTB oʻrtasidagi Qarz bitimi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va ishtirok etuvchi tijorat banklari oʻrtasida qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitimlar boʻyicha belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va ishtirok etuvchi tijorat banklari bilan birgalikda Loyihani amalga oshirish hisobga olingan holda kreditlar berish tartibini, moliyalashtirilayotgan sub-loyihalarni baholash va tanlab olish mezonlarini, shuningdek, moliyaviy boshqarish, xaridlar, loyihaning amalga oshirilishini montoring qilish va baholash tartib-taomillarini belgilaydigan Loyiha boʻyicha Operatsion qoʻllanmani bir oy muddatda qayta ishlab chiqilishini va Jahon banki bilan kelishilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muxofaza qilish davlat qoʻmitasi belgilangan tartibda sub-loyihalar va subzayem oluvchi tashkilotlarning atrof-muhitga taʼsir toʻgʻrisidagi arizalarining davlat ekologik ekpsertizasini oʻtkazilishi, shuningdek, Loyiha talablariga muvofiq sub-loyihalarning atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha toifalarini aniqlashni taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha Loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik va boshqa yigʻimlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha Loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmasdan koʻp martalik kirish vizalari berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularning Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinishi va uning muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 2-oktabr,
785-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.10.2018-y., 09/18/785/1987-son; 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2021-y., 09/21/393/0596-son)