O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Fransiyaga oliy darajadagi tashrif davomidagi madaniy-gumanitar tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
2018-yil oktyabr oyida Fransiyaga oliy darajadagi tashrifga o‘z vaqtida va sifatli tayyorgarlik ko‘rilishini ta’minlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida Fransiya madaniyat markazini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifining madaniy-gumanitar qismiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2. Mas’ul vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifining madaniy-gumanitar qismini tayyorlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlar puxta ishlab chiqilishi va so‘zsiz ijro etilishini ta’minlasinlar.
3. Fransiyaga oliy darajadagi tashrif doirasidagi madaniy-gumanitar tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bo‘yicha 2-ilovaga* muvofiq tarkibda Ishchi guruh tashkil etilsin.
* Ilovalar berilmaydi.
4. Quyidagilar Fransiyaga oliy darajadagi tashrif doirasidagi madaniy-gumanitar tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bo‘yicha Ishchi guruhning asosiy vazifalari etib belgilansin:
“Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, idoralari va tashkilotlarining faoliyati tizimli asosda muvofiqlashtirilishini ta’minlash;
Fransiyaga oliy darajadagi tashrif davomida bo‘lajak madaniy-gumanitar tadbirlarni o‘tkazish bilan bog‘liq va tashrifdan keyingi tashkiliy-texnik masalalarni hal etish;
oliy darajadagi tadbirlar haqida sifatli axborot berilishini, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida tezkor yoritilishini tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashrifi doirasida Rahbariyat topshiriqlariga muvofiq boshqa vazifalar.
5. Fransiyaga oliy darajadagi tashrif davomida bo‘lajak madaniy-gumanitar tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli tayyorlanishi uchun shaxsiy mas’uliyat O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
6. Ishchi guruh (A.A. Abduxakimov):
tashrif yakunlaridan kelib chiqadigan majburiyatlar o‘z vaqtida bajarilishiga alohida e’tiborni qaratsin, erishilgan ahdlashuvlar amalga oshirilishi doimiy nazorat qilinishini ta’minlasin;
oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlikning borishini ko‘rib chiqqan hamda vazirliklar, idoralar va tashkilotlar rahbarlarining shaxsiy hisobotlarini eshitgan holda Ishchi guruh majlislarini har haftada o‘tkazsin;
zaruratga ko‘ra Fransiyaga borib amalga oshiriladigan tayyorgarlik ishlarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi amalda nazorat qilinishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi 2018-yil 30-avgustgacha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish manbalari bo‘yicha Ishchi guruh bilan kelishilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi farmoyishi loyihasini kiritsinlar.
8. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga, istisno tariqasida, oliy darajadagi tashrifning madaniy-gumanitar qismiga tayyorgarlik doirasida tender (tanlov) savdolari o‘tkazmasdan, eng yaxshi takliflarni tanlab olish yo‘li bilan tovarlarni yetkazib beruvchilar, ishlarni bajaruvchilar va xizmatlar ko‘rsatuvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga ruxsat berilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasining YUNESKOdagi doimiy vakilining maqomini elchi darajasigacha oshirishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin;
O‘zbekiston Respublikasining Yevropa mamlakatlaridagi elchilarini oliy darajadagi bo‘lajak tashrifning tashkiliy va mazmundorligi masalalarini hal etishda ko‘maklashish uchun jalb etish va, zarurat bo‘lganda, xizmat safariga yuborish choralarini ko‘rsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “Sen yolg‘iz emassan” respublika ijtimoiy bolalar jamg‘armasining O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida Fransiya madaniyat markazini tashkil etish va Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Istiqlol ko‘chasi, 47-uy manzilida joylashgan mulkiy majmuani tutash hududi bilan birgalikda unga operativ boshqarish huquqi bilan berish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Fransiya madaniyat markaziga berilayotgan mulkiy majmuadan foydalanish va uni saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish budjetdan ajratiladigan mablag‘lar, o‘z mablag‘lari, binolardan foydalanishdan olinadigan daromadlar, xayriya ehsonlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga Moliya vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan amalga oshiriladi.
(10-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
11. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:
tasdiqlash uchun ta’sis hujjatlarini, shtat jadvalini tayyorlasin va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Fransiya madaniyat markazi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan ushbu qarorning 10-bandida ko‘rsatilgan mulkiy majmuani mukammal ta’mirlash, rekonstruksiya qilish va jihozlash bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda tayyorlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida ushbu qarorning 10-bandida ko‘rsatilgan mulkiy majmuani mukammal ta’mirlashni moliyalashtirish manbalari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 22-avgust,
679-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.08.2018-y., 09/18/679/1790-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)