Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2018-2019-yillarda zamonaviy kinoteatrlar tarmogʻini barpo etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 7-avgustdagi PQ-3176-son qaroriga muvofiq, shuningdek, milliy kino sanʼatini yanada rivojlantirish, mahalliy kino mahsulotlari prokati uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratish, yoshlarning boʻsh vaqtidan oqilona foydalanish, ularga kino sanʼatiga muhabbatni singdirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekkino” Milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda “Oʻzbekkino” MA deb ataladi) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (keyingi oʻrinlarda “Oʻzmilliybank” deb ataladi), Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, “OʻzshaharsozlikLITI” DUK bilan birgalikda xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribasini har tomonlama oʻrganish asosida zamonaviy va retro filmlar uchun ikki zalli kinoteatrlarning hamda yozgi kinoteatrlarning namunaviy loyihalarini ishlab chiqish boshlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. 2018-2019-yillarda zamonaviy kinoteatrlar tarmogʻini barpo etish dasturi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
3. “Oʻzbekkino” MA “Oʻzmilliybank”, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda 2018-yil 1-iyungacha boʻlgan muddatda kinoteatrlar qurilishi boʻyicha ishlarni amalga oshirish uchun tashabbuskorlarni — tadbirkorlik subyektlarini belgilasin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, zamonaviy kinoteatrlar (keyingi oʻrinlarda kinoteatrlar deb ataladi) tarmogʻini barpo etish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 7-avgustdagi PQ-3176-son qarori bilan belgilangan mablagʻlar hisobiga tegishli tashabbuskorlar — tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda, kinoteatrlarni qurish tashabbuskorlari — tadbirkorlik subyektlarining oʻz mablagʻlari va “Oʻzmilliybank”ning loyiha qiymatining 75 foizidan ortiq boʻlmagan miqdordagi kreditlari hisobiga amalga oshiriladi.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-yanvardagi 30-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.01.2020-y., 09/20/30/0061-son — 2020-yil 18-apreldan kuchga kiradi)
5. Belgilansinki, qurilayotgan kinoteatrlar oʻzaro foydali bitimlar asosida Oʻzbekiston Respublikasi hududida ommaviy namoyish qilish maqsadida kinoteatrlarga xorijiy va mahalliy kino mahsulotlarini markazlashtirilgan raqamli on-layn yetkazib berishni taʼminlaydigan yagona respublika kinoprokat elektron tarmogʻiga kiradi.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:
zamonaviy kinoteatrlar, shu jumladan, ustun darajada madaniyat va istirohat bogʻlari hududida yozgi kinoteatrlar barpo etish (qurish) boʻyicha ishlarni bajarish uchun zarur boʻlgan yer uchastkalari berilishini, shuningdek, ularning hududi tayyorlanishini hamda binolar va inshootlar buzilishi munosabati bilan yetkazilgan zararlar yuridik va jismoniy shaxslarga qaytarilishini taʼminlasinlar;
tashabbuskorlar — tadbirkorlik subyektlari bilan birgalikda tutashib ketgan hudud obodonlashtirilishi va koʻkalamzorlashtirilishi, elektr taʼminoti, gaz taʼminoti, suv taʼminoti va kanalizatsiya tarmoqlariga ulash choralarini taʼminlasinlar.
7. “Oʻzbekkino” MA 2018-yil 1-iyungacha xorijiy tajribani hamda yetkazib beruvchilar va ishlab chiqaruvchilarning eng yaxshi takliflarini oʻrganish asosida kinoteatrlarni jihozlash uchun zarur boʻlgan kino namoyish qiladigan asbob-uskunalarning namunaviy parametrlarini belgilasin va tashabbuskorlarga — tadbirkorlik subyektlariga taqdim etsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi kinoteatrlarning loyiha-smeta hujjatlari belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan oʻtkazilishini hamda qurilish-montaj ishlari bajarilishi va shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazorati oʻrnatilishini taʼminlasin.
9. Namunaviy loyihalar boʻyicha qurilayotgan kinoteatrlar obyektlarining buyurtmachilari — qurilish tashabbuskorlari qurilish davrida maqbul loyiha yechimlari qabul qilinishi yuzasidan qoʻyiladigan talablarga rioya etilishi, loyiha qiymati shakllantirilishi, ularda zarur infratuzilma obyektlari (avtotransportni vaqtincha saqlash joylari, hududlarni obodonlashtirish), shuningdek, xavfsizlik talablari (kuzatish kameralari va yongʻin xavfsizligi tizimi) joylashtirilishi tizimli nazorat qilinishini belgilasinlar.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va “Oʻzbekkino” MA bosh direktori F.Sh. Zakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 18-may,
372-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2018-y., 09/18/372/1255-son; 17.01.2020-y., 09/20/30/0061-son)