LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Budjet kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida” 2013-yil 26-dekabrdagi O‘RQ-360-son hamda “Soliq va budjet siyosatining 2016-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2015-yil 31-dekabrdagi O‘RQ-398-son qonunlari)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
“Budjet tizimi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy va boshqa sohalarda ko‘zda tutilmagan xarajatlarni to‘liqroq va o‘z vaqtida mablag‘ bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Zaxira jamg‘armasi to‘g‘risidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Zaxira jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat zaxiralarining tarkibiy qismi bo‘lib, budjetni tuzishda hisobga olinishi mumkin bo‘lmagan iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy va boshqa sohalardagi ko‘zda tutilmagan qo‘shimcha xarajatlarni yil davomida o‘z vaqtida va uzluksiz mablag‘ bilan ta’minlaydi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Zaxira jamg‘armasi miqdori (keyingi o‘rinlarda Zaxira jamg‘armasi deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti (keyingi o‘rinlarda Davlat budjeti deb yuritiladi) xarajatlari tarkibida nazarda tutiladi.
3. Zaxira jamg‘armasi mablag‘lari Respublika budjetiga tushuvchi daromadlarning bir qismi hisobiga shakllantiriladi.
4. Zaxira jamg‘armasi miqdori tegishli yilga Davlat budjeti xarajatlari miqdoridan foizlarda tasdiqlanadi.
Davlat budjeti parametrlari yil mobaynida o‘zgargan taqdirda Zaxira jamg‘armasining tasdiqlangan miqdori Respublika budjetining qo‘shimcha daromadlari mavjudligi hisobga olingan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Zaxira jamg‘armasi mablag‘larining tasarrufchisi hisoblanadi.
6. Zaxira jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risidagi Moliya vazirligi bilan oldindan kelishilgan takliflar tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ish tartibiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
Agar Zaxira jamg‘armasida qo‘shimcha mablag‘lar ajratish taklif etilayotgan aynan shu maqsadlarga budjetda mablag‘lar nazarda tutilgan bo‘lsa, u holda Zaxira jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risidagi takliflar faqat ilgari budjetda nazarda tutilgan summa sarflab bo‘lingandan keyin kiritiladi.
7. Zaxira jamg‘armasidan pul summalarini o‘tkazish belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari asosida aniq maqsadlar uchun va ularda ko‘rsatilgan miqdorlarda amalga oshiriladi.
8. Jamg‘arma mablag‘larini oluvchilar tomonidan Zaxira jamg‘armasi mablag‘laridan boshqa maqsadlarda foydalanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Zaxira jamg‘armasi mablag‘laridan boshqa maqsadlarda foydalanishda aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlikka tortiladi.
9. Zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobi 216-bo‘lim bo‘yicha daromadlar va xarajatlarni funksional tasniflashning tegishli boblari va paragraflarida, shuningdek Davlat budjeti xarajatlarini iqtisodiy tasniflash turlari, obyektlari, yordamchi obyektlari bo‘yicha yuritiladi.
10. Zaxira jamg‘armasi mablag‘larini oluvchilar har chorakda Moliya vazirligiga Zaxira jamg‘armasidan ajratilgan mablag‘lardan foydalanilishi to‘g‘risida budjet tashkilotlari xarajatlari smetalarining ijrosi haqida hisobot taqdim etish uchun belgilangan muddatlarda hisobot topshiradilar.
11. Moliya yili mobaynida foydalanilmagan Zaxira jamg‘armasidan ajratilgan mablag‘lar moliya yili tugagach, joriy yilning 10-yanvarigacha bo‘lgan muddatda respublika budjetiga majburiy ravishda qaytarib o‘tkaziladi, ayni bir vaqtda oluvchining hisoboti taqdim etiladi.
Agar Zaxira jamg‘armasi ajratilgan tadbirlar muayyan muddatga ega bo‘lsa, u holda foydalanilmasdan qolgan mablag‘lar, tadbirlarni o‘tkazish muddati tugagach, oluvchi tomonidan o‘n ish kuni mobaynida, belgilangan shaklda hisobot taqdim etgan holda qaytariladi.
12. Oluvchilarning Zaxira jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasiga va uning hududiy organlariga yuklanadi.