Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2016-yil 2-dekabrdagi PF-4861-son Farmoni hamda Yoʻl harakati toʻgʻrisidagi konvensiya (Vena, 1968-yil 8-noyabr)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2016-yil 2-dekabrdagi PF-4861-son Farmonida belgilangan vazifalar va ustuvor yoʻnalishlarni amalga oshirish hamda Yoʻl harakati toʻgʻrisidagi konvensiya (Vena, 1968-yil 8-noyabr) qoidalarini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 19-yanvar,
35-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 19-yanvardagi 35-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan
oʻzgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 21-noyabrdagi 408-son qarori bilan tasdiqlangan Xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasida boʻlishlari qoidalarining 27-bandi ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Xalqaro haydovchilik guvohnomalari va Yoʻl harakati toʻgʻrisidagi konvensiya (Vena, 1968-yil 8-noyabr) talablariga javob beradigan milliy haydovchilik guvohnomalari Oʻzbekiston Respublikasi hududida avtotransport vositalarini boshqarish uchun haqiqiy hisoblanadi. Xorijiy fuqarolarga milliy haydovchilik guvohnomalarini berish yoki bu fuqarolarga koʻrsatilgan Konvensiya talablariga javob bermaydigan guvohnomalarni almashtirib berish Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi”.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-maydagi 408-sonli qaroriga asosan 2018-yil 1-avgustdan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.06.2018-y., 09/18/408/1315-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2018-y., 09/18/35/0606-son, 06.06.2018-y., 09/18/408/1315-son)