O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati o‘rtasida
Bitim
Xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati, keyingi o‘rinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Tomonlar davlatlarining tashqi savdo aloqalarini rivojlantirish uchun avtomobilda xalqaro tashishlarni ishonchli va samarali ta’minlashning muhimligini tan olib,
avtomobilda xalqaro tashishlar sohasida hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan intilishga amal qilgan holda va avtomobil qatnovini yengillashtirish istagida,
quyidagilar to‘g‘risida kelishib oldilar:
1-modda
1. Ushbu Bitim qoidalari Tomonlardan birining davlati hududida ro‘yxatga olingan tashuvchilar va avtotransport vositalari Tomonlar davlatlari o‘rtasida va ularning hududlari orqali tranzit tarzda amalga oshiradigan yo‘lovchi va yuklarni xalqaro tashishlarga nisbatan tatbiq etiladi.
2. Ushbu Bitim Tomonlarning o‘z davlatlari ishtirokchi hisoblangan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
2-modda
Ushbu Bitimda qo‘llanilgan tushunchalar quyidagilarni anglatadi:
1. “Tashuvchi” — Tomonlardan birining davlati hududida ro‘yxatga olingan hamda mazkur Tomon davlatining qonun hujjatlariga muvofiq avtomobilda xalqaro tashishlarga ruxsat berilgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
2. “Avtotransport vositasi”:
yo‘lovchilarni tashishda — avtobus, ya’ni yo‘lovchilarni tashish uchun konstruksiyalangan va mo‘ljallangan, haydovchi o‘rindig‘i bilan hisoblaganda o‘tirish uchun 9 tadan ortiq o‘ringa ega bo‘lgan avtotransport vositasi, shu jumladan qonun hujjatlari foydalanilishini ta’qiqlamaydigan Tomon davlatining hududi bo‘ylab tashishlarda bagajni tashish uchun tirkamali avtotransport vositasi;
yuklarni tashishda — yopiq turdagi yuk bo‘linmasiga ega bo‘lgan, yuklarni tashish uchun konstruksiyalangan va mo‘ljallangan avtotransport vositasi, shu jumladan yuk avtomobili, tirkamali yuk avtomobili (avtopoyezd) va yarim tirkamali shatakchi avtomobil;
3. “Yo‘lovchilarni muntazam tashishlar” — Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari o‘rtasida oldindan kelishilgan yo‘nalishlar, jadval, tariflar, tashuvchi tomonidan yo‘lovchilar chiqariladigan va tushiriladigan to‘xtash bekatlari bo‘yicha amalga oshiriladigan avtobusda yo‘lovchilarni tashishlar;
4. “Yo‘lovchilarni nomuntazam tashishlar” — “yo‘lovchilarni muntazam tashishlar” atamasi qamroviga kirmaydigan barcha yo‘lovchilarni avtobuslarda tashishlar;
5. “Ruxsatnoma” — Tomonlardan birining davlati vakolatli organi tomonidan berilgan, ushbu Tomon davlati hududida boshqa Tomon davlati hududida ro‘yxatga olingan avtotransport vositasidan avtomobilda xalqaro tashishlarni bajarishda foydalanish huquqini beruvchi hujjat;
6. “Maxsus ruxsatnoma” — bir Tomon davlati tashuvchisining avtotransport vositasini boshqa Tomon davlati hududi bo‘ylab og‘ir vaznli, katta hajmli yoki xavfli yuk bilan o‘tishiga ushbu davlatning qonun hujjatlariga muvofiq beriladigan bir martalik ruxsatnoma;
7. “Tranzit tashishlar” — Tomonlardan birining davlati hududi orqali yo‘lovchi va yuklarni tashish, basharti jo‘nash va yetib borish manzili ushbu Tomon davlatining hududidan tashqarida joylashgan bo‘lsa;
8. “Vakolatli organlar” — ushbu Bitim qoidalarini amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan davlat organlari va vakolatli idoralar.
3-modda
1. Avtobusda yo‘lovchilarni muntazam tashishlar Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari o‘rtasidagi kelishuv bo‘yicha tashkil etiladi va ular tomonidan berilgan ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi.
2. Yo‘lovchilarni muntazam tashishni tashkil etish to‘g‘risidagi takliflar Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari tomonidan bir-birlariga oldindan beriladi. Ko‘rsatib o‘tilgan takliflarda tashuvchining nomi, avtotransport vositalari va ularning haydovchilari, qatnov yo‘nalishi, harakat jadvali, tarifi, tashuvchi yo‘lovchilarni chiqaradigan va tushiradigan to‘xtash bekatlari, shuningdek tashishlarning mo‘ljallanayotgan davri va bajarishning muntazamligi to‘g‘risida ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
4-modda
1. Ikki davlat o‘rtasida avtobuslarda yo‘lovchilarni nomuntazam tashishni amalga oshirish uchun Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar talab etiladi.
2. Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari yo‘lning o‘z hududlari bo‘ylab o‘tadigan qismida tashish uchun ruxsatnomalar beradilar.
3. Avtobusda yo‘lovchilarni har bir nomuntazam tashish uchun bir marotaba manzilga borish va qaytishni amalga oshirish huquqini beruvchi alohida ruxsatnoma berilishi lozim, basharti ruxsatnomada boshqacha holat belgilanmagan bo‘lsa.
5-modda
1. Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari yo‘lovchilarni xalqaro tashish uchun ruxsatnoma blankalarini almashish tartibini o‘zaro kelishadilar.
2. Nosoz avtobus boshqa avtobus bilan almashtirilganda ushbu Bitimning 3 va 4-moddalarida ko‘rsatilgan ruxsatnoma talab etilmaydi.
6-modda
1. Tomonlar davlatlari o‘rtasida va ularning hududlari orqali tranzit tarzda yuk tashishlar avtotransport vositalarida Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari bergan ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi, ushbu Bitimning 7-moddasida nazarda tutilgan tashishlar bundan mustasno.
2. Yuklarni har bir tashish uchun bir marotaba manzilga borish va qaytishni amalga oshirish huquqini beruvchi alohida ruxsatnoma berilishi lozim, basharti ruxsatnomada boshqacha holat belgilanmagan bo‘lsa.
3. Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari har yili bir-birlariga yuklarni tashish uchun ruxsatnoma blankalarini o‘zaro kelishilgan miqdorda taqdim etadilar. Ushbu blankalarda vakolatli organ muhri va ruxsatnoma bergan mas’ul shaxsning imzosi bo‘lishi lozim.
4. Xalqaro yuk tashuvlari bo‘yicha ruxsatnoma blankalarini almashish tartibi Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari o‘rtasida kelishiladi.
7-modda
1. Quyidagi tashishlarni bajarishda ruxsatnoma talab etilmaydi:
a) yarmarka va ko‘rgazmalarga mo‘ljallangan eksponatlar, asbob-uskunalar va materiallar;
b) sport tadbirlari va sirk tomoshalarini o‘tkazish uchun mo‘ljallangan transport vositalari, hayvonlar, shuningdek har xil inventar va mol-mulk;
v) teatr bezak va ashyolari, musiqa asboblari, kino suratga olish, radioeshittirishlar va televizion ko‘rsatuvlar uchun asbob-uskuna va jihozlar;
g) vafot etganlarning jasadi va hoklari;
d) pochta jo‘natmalari;
e) tabiiy ofatlar ro‘y berganda qutqaruv operatsiyalari uchun muruvvat va tibbiy yordam sifatida amalga oshiriladigan tashishlar;
j) boshqa joyga ko‘chayotgandagi mol-mulklar;
z) tashilishi uchun ushbu Bitim qoidalariga muvofiq maxsus ruxsatnoma olingan yuklar.
2. Nosoz avtotransport vositalarini shatakka olishga mo‘ljallangan texnik yordam avtomobilining o‘tishi uchun ham ruxsatnoma talab etilmaydi.
8-modda
1. Ushbu Bitimda nazarda tutilgan tashishlar Tomonlar davlatlari vakolatli organlarining o‘zaro kelishuviga ko‘ra belgilanadigan yo‘nalishlar bo‘yicha Tomonlardan har birining Davlat chegarasida o‘rnatilgan o‘tkazish punktlari orqali amalga oshirilishi lozim.
2. Xalqaro tashishlarni amalga oshirayotgan avtotransport vositalari o‘z davlatining ro‘yxatga olish raqamlari hamda farqlovchi belgilariga ega bo‘lishlari lozim.
3. Bir Tomon davlatining tashuvchilariga boshqa Tomon davlatining hududida joylashgan ikki punkt o‘rtasida yo‘lovchilar va yuklarni tashishga ruxsat berilmaydi.
9-modda
1. Ushbu Bitim doirasida yo‘lovchi va yuklarni tashishni amalga oshirayotgan avtotransport vositasining haydovchisi o‘z yonida o‘zining davlati vakolatli organi bergan va avtomobilda xalqaro tashishlar uchun foydalaniladigan avtotransport vositasining toifasiga nisbatan haqiqiy bo‘lgan haydovchilik guvohnomasi hamda mazkur avtotransport vositasining ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi hujjatlar bo‘lishi lozim. Ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlarga boshqa Tomonning davlat tilida tasdiqlangan tarjimasi ilova qilinishi lozim.
2. Ushbu Bitim qoidalariga muvofiq talab etiladigan ruxsatnoma va boshqa hujjatlar ular tegishli bo‘lgan avtotransport, vositasida bo‘lishi hamda Tomonlar davlatlari nazorat organlarining talabiga ko‘ra taqdim etilishi lozim.
10-modda
1. Yuk bilan yoki yuksiz harakatlanayotgan avtotransport vositasining o‘lchamlari va vazn parametrlari boshqa Tomon davlatining hududida belgilangan me’yorlar va texnik standartlardan oshmasligi lozim.
2. Agar yuk bilan yoki yuksiz harakatlanayotgan avtotransport vositasining o‘lchamlari yoki vazn parametrlari, ushbu avtotransport vositasidan foydalangan holda tashishni hududi bo‘ylab amalga oshirish mo‘ljallanayotgan Tomon davlatining qonun hujjatlarida belgilangan me’yorlardan oshsa, tashuvchi ushbu Tomon davlatining qonun hujjatlariga muvofiq uning vakolatli organlari maxsus ruxsatnomasini oldindan olishi lozim.
3. Agar ushbu moddaning 2-bandida qayd etilgan ruxsatnoma avtotransport vositasining muayyan yo‘nalish bo‘yicha harakatlanishini nazarda tutsa, tashish faqat ushbu yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim.
11-modda
1. Xavfli yuklarni tashish Tomonlar davlatlari qatnashchisi bo‘lgan xalqaro shartnomalarga, shuningdek bunday tashish hududi bo‘ylab bajarilayotgan Tomon davlatining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
2. Agar ushbu moddaning 1-bandida ko‘rsatilgan shartnoma yoki qonun hujjatlariga muvofiq xavfli yuklarni tashish uchun maxsus ruxsatnomaning mavjud bo‘lishi talab etilsa, tashuvchi bunday ruxsatnomani tashishni amalga oshirish boshlanguniga qadar ushbu tashish hududi bo‘ylab bajariladigan Tomon davlatining vakolatli organidan olishi lozim.
3. Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari o‘z davlatlari qonun hujjatlariga muvofiq xavfli yuklar ro‘yxatlarini va ularni tashish shartlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni almashadilar.
12-modda
1. Tomonlar davlatlarining tashuvchilari boshqa Tomon davlatida ushbu Bitim doirasida avtomobilda xalqaro tashishlarni amalga oshirishda avtotransport vositalariga egalik qilish yoki ulardan foydalanish, shuningdek boshqa Tomon davlatining avtomobil yo‘llaridan foydalanish yoki ularni saqlash bilan bog‘liq yig‘imlar va to‘lovlar to‘lashdan o‘zarolik asosida ozod qilinadilar.
2. Ko‘rsatib o‘talgan ozod qilish kamsitmaslik asosida undiriladigan pulli yo‘l, ko‘prik va tunnellardan foydalanganlik uchun yig‘im va to‘lovlarga taalluqli emas.
3. Pulli avtomobil yo‘li, ko‘prik va tunnellar mavjud bo‘lganda, tashuvchi muqobil bepul avtomobil yo‘llari bo‘yicha tashishlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim.
13-modda
1. Ushbu Bitim asosida tashishlarni amalga oshirishda bir Tomon davlatining tashuvchisi tomonidan boshqa Tomon davlati hududiga olib kirilayotgan quyidagilar bojxona yig‘imlari, bojlari va soliqlaridan o‘zarolik asosida ozod qilinadilar:
a) avtotransport vositasining har bir modeli uchun ishlab chiqaruvchi zavod tomonidan nazarda tutilgan, dvigatelning ta’minot tizimiga texnologik va konstruktiv jihatdan bog‘liq bo‘lgan sig‘imlardagi yoqilg‘i, shuningdek ushbu avtotransport vositasining isitish yoki sovutish qurilmalari ishlashi uchun mo‘ljallangan ishlab chiqaruvchi zavod tomonidan tirkamalarda va yarim tirkamalarda o‘rnatilgan sig‘imlardagi yoqilg‘i;
b) tashish davomida avtotransport vositasini ekspluatatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan miqdordagi moylash materiallari;
v) avtomobilda xalqaro tashishni amalga oshirayotganda yo‘lda buzilgan avtotransport vositasini ta’mirlash uchun mo‘ljallangan ehtiyot qismlar va asboblar.
2. Ushbu moddaning 1-bandi v) kichik bandida ko‘rsatilgan ishlatilmagan ehtiyot qismlar va asboblar qaytarib olib chiqilishi lozim. Almashtirilgan ehtiyot qismlar qaytarib olib chiqilishi yoki Tomon davlatining bojxona qonunchiligida belgilangan tartibda yo‘q qilishning bojxona protsedurasi (rejimi) yoki boshqa bojxona protsedurasi (rejimi) ostida joylashtirilishi lozim.
14-modda
1. Chegara, bojxona, sanitariya, transport va boshqa turdagi nazoratlarga nisbatan Tomonlar davlatlari ishtirokchi hisoblangan ko‘p tomonlama va ikki tomonlama xalqaro shartnomalar qoidalari qo‘llaniladi, ushbu shartnomalar bilan tartibga solinmagan masalalarni hal etishda esa Tomonlar davlatlarining qonun hujjatlari qo‘llaniladi.
2. Og‘ir kasalga chalingan yo‘lovchilar, hayvonlar, xavfli va tez buziluvchi yuklarni tashishda chegara, bojxona, sanitariya, transport va boshqa turdagi nazoratlar ustuvorlik asosida amalga oshiriladi.
15-modda
Avtomobilda xalqaro tashishlarni bajaruvchi tashuvchilar va avtotransport vositalari haydovchilari ushbu Bitimning qoidalari, shuningdek avtotransport vositasi hududida turgan Tomon davlatining qonun hujjatlari, shu jumladan yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishlari shart. Ular buzilgan taqdirda javobgarlik, qaysi Tomon hududida bunday qoidabuzarlik sodir etilgan bo‘lsa, o‘sha Tomon davlatining qonun hujjatlariga muvofiq kelib chiqadi.
16-modda
Ushbu Bitim asosida avtomobilda xalqaro tashishlar tashish hududi bo‘ylab bajarilayotgan Tomon davlatida uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar uchun avtotransport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi sug‘urta qilinganligi to‘g‘risida amaldagi guvohnoma mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi.
17-modda
1. Ushbu Bitim qoidalarini amalga oshirish maqsadida Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari:
O‘zbekiston Respublikasi uchun — O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi;
Xitoy Xalq Respublikasi uchun — Transport vazirligi va tegishli provinsiyalardagi uning vakolatli transport idoralari hisoblanadi.
2. Tomonlar davlatlari vakolatli organlarining rasmiy nomi va funksiyalari o‘zgargan taqdirda, Tomonlar diplomatik kanallar orqali bir-birlarini darhol xabardor qiladilar.
18-modda
1. Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari muntazam yoki zaruriyat bo‘lganda navbati bilan quyidagi masalalarni hal etish maqsadida qo‘shma yig‘ilishlar o‘tkazadilar:
a) ushbu Bitimni va uning doirasida Tomonlar tarafidan imzolanadigan boshqa hujjatlarni bajarish holati;
b) avtomobilda xalqaro tashishlarga ruxsatnomalar berish tartibi va shartlarini belgilash;
v) ushbu Bitim doirasida tashishlar yo‘nalishlarini aniqlash;
g) Tomonlar davlatlari o‘rtasida avtomobilda xalqaro tashish hajmlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni almashish;
d) ushbu Bitimni qo‘llash bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa masalalarni ko‘rib chiqish.
2. Zarur hollarda, Tomonlar qo‘shma majlislarga boshqa manfaatdor tashkilotlarning vakillarini taklif etishlari mumkin.
19-modda
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qo‘llash bilan bog‘liq Tomonlar o‘rtasidagi nizolar muzokaralar va maslahatlashuvlar yo‘li bilan hal etiladi.
20-modda
Tomonlarning o‘zaro roziligiga muvofiq ushbu Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.
21-modda
1. Ushbu Bitim uning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki protseduralari Tomonlar tarafidan bajarilganligini tasdiqlovchi so‘ngi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan sanadan boshlab o‘ttiz (30) kun o‘tgandan so‘ng kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim besh (5) yil muddatga tuziladi va Tomonlardan hech biri ushbu Bitim amal qilishining tegishli davri tugashidan kamida olti (6) oy oldin uning amal qilishini tugatish niyati to‘g‘risida boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qilmasa, uning amal qilish muddati o‘z-o‘zidan keyingi besh yillik davrlarga uzayaveradi.
Pekin shahrida 2017-yil 12-mayda har biri o‘zbek, xitoy va rus tillarida ikki asl nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar rus tilidagi matnga murojaat qiladilar.
(imzolar)