Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jazoni oʻtash muassasalari huzurida davlat unitar korxonalarini tashkil etish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-avgustdagi 445-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti faoliyatini yanada samarali tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlgan jazolarni ijro etish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 11-avgustdagi PQ-3200-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalarining ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi faoliyatini amalga oshirish tartibini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining jazoni ijro etish muassasalari huzurida ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi faoliyatini amalga oshiradigan davlat unitar korxonalarini ilovaga* muvofiq roʻyxat boʻyicha tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Belgilansinki, jazoni ijro etish muassasalari davlat unitar korxonalarining muassislari hisoblanadi.
Jazoni ijro etish muassasalari davlat unitar korxonalarini yuqori malakali menejerlar, mutaxassislar, muhandis-texnik va ishlab chiqarish xodimlari bilan taʼminlasinlar.
2. Quyidagilar tashkil etiladigan davlat unitar korxonalarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi faoliyatini, jumladan, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish orqali rivojlantirish, mavjud salohiyatdan samarali foydalanish va ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning mehnat bilan bandligini taʼminlash;
ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi faoliyatida ishlarni tashkil etishning zamonaviy shakl va uslublarini, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qoʻllash;
uskunalar va boshqa texnikadan foydalanish, moddiy-texnika va yoqilgʻi- energetika resurslarini tejash samaradorligini oshirish, uskunalarni saqlash, ularni joriy taʼmirlash va ulardan foydalanish boʻyicha boshqa ishlarni bajarish;
oʻzlariga beriladigan va jazoni ijro etish muassasalarida joylashgan obyektlar hamda hududlarni shaharsozlik normalari va qoidalari, shuningdek, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq sifatli saqlash hamda ulardan foydalanishni taʼminlash;
oʻz ishlab chiqarish faoliyatini qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda tashkil etish;
(2-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
jazoni ijro etish muassasalari bilan shartnoma asosida mahkumlar bandligini taʼminlash va ular uchun qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish ishlarini tashkil etish;
mahkumlarda zarur mehnat koʻnikmalari va mehnatni hurmat qilish munosabatlarini shakllantirish, mehnat natijasida mahkumlarning maʼnaviy va moddiy manfaatdorligi uchun sharoitlar yaratish;
mehnat intizomi, texnologik intizom va mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini taʼminlash.
3. Davlat unitar korxonalari faoliyati quyidagilar hisobiga moliyalashtirilishi belgilansin:
faoliyat yoʻnalishi boʻyicha tovarlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish va sotishdan tushadigan daromadlar;
davlat unitar korxonalarining davlat mulkini tashkilotlarga qonunchilikka muvofiq ijaraga berishdan tushadigan daromadlari;
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining:
davlat unitar korxonalari bozor konyunkturasi va oʻz faoliyatining xususiyatlarini hisobga olib, tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun shartnoma (erkin) narxlarini (tariflarini) va rentabelligini mustaqil belgilashi;
davlat unitar korxonalari tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish narxlarini (tariflarini) shakllantirishda oʻz ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish va korxonalarni texnik qayta jihozlash xarajatlarini, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalarining ishlab chiqarish-texnika bazasini modernizatsiyalashni majburiy hisobga olishi;
tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish narxlari (tariflari) davlat unitar korxonasi direktori tomonidan ushbu korxona faoliyatining oʻziga xos xususiyatlariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi, uning boʻlinmalari va muassasalari ehtiyojlari uchun esa — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi bilan kelishgan holda tasdiqlanishi;
davlat unitar korxonalari jazoni ijro etish muassasalari hududidagi bino va inshootlarni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi bilan kelishib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining qarorlari asosida hududiy yagona buyurtmachi xizmatlarini jalb qilgan holda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sotishdan korxona ixtiyorida qoladigan daromad hisobidan qurish hamda rekonstruksiya qilish huquqiga ega ekani toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ikki oy muddatda:
jazoni ijro etish muassasalari huzuridagi davlat unitar korxonalarining tuzilmasi va namunaviy ustavini tasdiqlasin;
jazoni ijro etish muassasalari davlat unitar korxonalarining ustavlari tasdiqlashini;
davlat unitar korxonalarini binolar va zarur ishlab chiqarish bazasi bilan taʼminlasin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, shuningdek, shahar va tumanlar hokimliklari davlat unitar korxonalaridagi mavjud chorva mollari bosh sonidan kelib chiqqan holda, ushbu hududda chorva mollari boqiladigan yaylovlar uchun zarur miqdorda suv chiqarish quduqlari, skvajinalar bilan taʼminlangan va hosildor qoʻshimcha yer maydonlari ajratish choralarini koʻrsinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi davlat unitar korxonalari ishlab chiqaradigan mahsulot turlari haqida reklama va ularning narxlar preyskuranti ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan butunjahon Internet axborot tarmogʻida joylashtirilishini taʼminlasin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 20-noyabr,
924-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2017-y., 09/17/924/0298-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)