O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash davlat tizimi tashkilotlarini kadrlar bilan ta’minlashni yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Sog‘liqni saqlash davlat tizimi tashkilotlari tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, respublika aholisiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash, shuningdek, o‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki, sog‘liqni saqlash davlat tizimi tashkilotlari xodimlari bo‘sh o‘rinlar va tegishli malaka mavjud bo‘lgan taqdirda amalda ishlangan vaqt uchun mehnatga haq to‘langan holda o‘rindoshlik asosida ishlash to‘g‘risida shartnomalar tuzishlari mumkin. Bunda o‘rindoshlik bo‘yicha ish vaqtining davom etishi sog‘liqni saqlash davlat tizimi tashkilotlari vrach xodimlari uchun — ish vaqtining bir oylik normasidan va xodimlarning boshqa toifalari uchun — oylik normaning yarmidan ortiq bo‘lmasligi kerak.
3. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda ushbu qarorning mohiyati va mazmunini tushuntirish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri B.A. Xo‘jayev va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri A.K. Shadmanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 20-noyabr,
920-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-noyabrdagi 920-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 18-oktabrdagi 297-son qarori bilan tasdiqlangan O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. 4-bandning uchinchi xatboshiga “shunday shart-sharoitdagi ishlarda ishlash” so‘zlaridan keyin “(sog‘liqni saqlash tizimi tashkilotlari xodimlari bundan mustasno)” so‘zlari qo‘shilsin.
2. 7-bandning birinchi xatboshiga “yarmidan ortiq bo‘lishi mumkin emas” so‘zlaridan keyin “(sog‘liqni saqlash tizimi vrach xodimlari bundan mustasno)” so‘zlari qo‘shilsin.
3. 20-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“20. Xodim tomonidan mehnat shartnomasida ko‘rsatilgan o‘zining asosiy ishi bilan bir qatorda ayni shu tashkilotda asosiy kasb va lavozim bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan ish vaqti davomida boshqa kasb va lavozimdagi qo‘shimcha ishni bajarish bir necha kasbda va lavozimda ishlash hisoblanadi.
Xodim tomonidan mehnat shartnomasida ko‘rsatilgan o‘zining asosiy ishi bilan bir qatorda ayni shu tashkilotda asosiy kasb va lavozim bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan ish vaqti davomida o‘sha kasb va lavozimdagi qo‘shimcha ishlarni bajarish xizmat ko‘rsatish zonasini kengaytirish, ishlar hajmini ko‘paytirish hisoblanadi.
Bir necha kasbda va lavozimda ishlashga, xizmat ko‘rsatish zonasini kengaytirishga, ishlar hajmini ko‘paytirishga shunday kasb va lavozim bo‘yicha bo‘sh ish o‘rni mavjud bo‘lganda yoxud qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda xodim tomonidan vaqtinchalik yo‘q bo‘lgan xodimning vazifalarini bajarishda yo‘l qo‘yiladi”.
4. 21, 23, 24-bandlardagi va 26-bandning birinchi xatboshidagi “o‘rindoshlik” so‘zi “bir necha kasb va lavozim” so‘zlari bilan almashtirilsin.
5. 25-bandda:
a) birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Budjet tashkilotlarida bir necha kasb va lavozimda ishlaganlik, xizmat ko‘rsatish zonasini kengaytirganlik, ishlar hajmini ko‘paytirganlik uchun qo‘shimcha haq to‘lash miqdori bir necha kasb va lavozimda ishlanayotgan lavozim bo‘yicha maoshning (tarif stavkasining) 50 foizidan ortiq bo‘lishi mumkin emas (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan holatlar bundan mustasno) va budjet tashkilotlarining mehnatga haq to‘lash fondida nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida to‘lanadi”;
b) ikkinchi va uchinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Budjet tashkilotlarida bir necha kasbda va lavozimda ishlayotganlik uchun qo‘shimcha haq shunday kasb va lavozimdagi ish asosiy ish bo‘yicha mehnat majburiyatlariga kiritilgan hollarda belgilanmaydi.
Kasb (lavozim) bo‘yicha bir necha kasb va lavozim asosida bajariladigan ishlarni bir necha xodim o‘rtasida taqsimlashga yo‘l qo‘yiladi”.
6. Ilovaning 6-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“6. Umumta’lim maktablari, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari, maktabdan tashqari ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va boshqa pedagog xodimlari (rahbarlaridan tashqari) o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari hamda mehnat haqi to‘lash bo‘yicha ularga tenglashtirilgan boshqa ta’lim muassasalarining o‘qituvchilari va masterlari, ta’lim muassasalaridagi konsertmeysterlar va akkompaniatorlar, maktabgacha ta’lim muassasalari va “Mehribonlik” uylari pedagog xodimlarining (rahbarlaridan tashqari) aynan shu muassasada belgilangan mehnat normasidan ortiq bo‘lgan, lekin ushbu ish turi bo‘yicha ish vaqti normal davomiyligining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan ishi”.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.11.2017-y., 09/17/920/0281-son)