Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Maktabgacha taʼlim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-152-sonli “Maktabgacha taʼlim sifati va samaradorligini yanada oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Maktabgacha taʼlim sohasi uzluksiz taʼlim tizimining birlamchi boʻgʻini hisoblanib, u har tomonlama sogʻlom va barkamol bola shaxsini tarbiyalash va maktabga tayyorlashda gʻoyat muhim ahamiyat kasb etadi.
Mustaqillik yillarida respublikada taʼlim-tarbiya tizimi va barkamol avlodni tarbiyalash davlat siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishlari darajasiga koʻtarildi. Biroq, oʻtkazilgan tahlillar maktabgacha taʼlim sohasida olib borilayotgan ishlarning samarasi va natijasi yetarli darajada emasligini koʻrsatmoqda.
Jumladan, soʻnggi 20 yil davomida davlat tasarrufidagi maktabgacha taʼlim muassasalari soni 45 foizdan ziyodroq kamaygan boʻlib, bugungi kunda respublika boʻyicha bolalarning maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinishi 30 foizni tashkil etadi. Shuningdek, maktabgacha taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasi zamonaviy talabga javob bermaydi.
Maktabgacha taʼlim tizimida variativ dasturlar joriy etilmagan, bolalarni maktabga tayyorlash boʻyicha muqobil, moslashuvchan modellar yetarli darajada rivojlanmagan hamda taraqqiy etgan mamlakatlar singari ijtimoiy, shaxsiy, hissiy, nutqiy, matematik, jismoniy va ijodiy rivojlantirish, atrof muhit bilan tanishuvga yoʻnaltirilgan maxsus davlat taʼlim dasturlari tatbiq qilinmagan.
Davlat maktabgacha taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagog kadrlarning aksariyati oʻrta maxsus maʼlumotga ega boʻlib, bolalarni maktab taʼlimiga talab darajasida tayyorlash imkonini bermaydi.
Bundan tashqari, maktabgacha taʼlim sifati monitoringini yuritish tuzilmaviy va tashkiliy jihatdan nazarda tutilmaganligi sababli, maktabgacha taʼlim muassasalaridagi taʼlim jarayonining sifati va samaradorligini baholash zamon talablariga javob bermaydi.
Xorijiy davlatlar ilgʻor tajribasining tahlili zamonaviy maktabgacha taʼlim muassasalarida maktabgacha yoshdagi bolalarni rivojlantirish uchun sharoitlarni yaratishga yoʻnaltirilganligi bilan tavsiflanib, bolaning ijobiy ijtimoiylashuvi imkoniyatlarini namoyon qilish, uning har tomonlama shaxsga oid maʼnaviy-axloqiy va ongli rivojlanishi, maktabgacha yoshga oid tegishli faoliyat turlari asosida tashabbuskorligi va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga, muloqot doirasida katta yoshdagilar va tengdoshlari bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini ochishga qaratilgan.
Uzluksiz taʼlim tizimining muhim boʻgʻini boʻlgan maktabgacha taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, samarali davlat boshqaruvi tizimini yaratish, maktabgacha taʼlim muassasalari davlat va nodavlat tarmogʻini kengaytirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlash, maktabgacha taʼlim muassasalariga bolalarni qamrab olishni keskin oshirish, taʼlim-tarbiya jarayonlariga zamonaviy taʼlim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish orqali bolalarni har tomonlama intellektual, maʼnaviy-estetik, jismoniy rivojlantirish hamda ularni maktabga tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, Toshkent shahar maktabgacha taʼlim bosh boshqarmasi, viloyatlar maktabgacha taʼlim boshqarmalari hamda ularning tuman(shahar)lardagi boʻlimlari tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib belgilansin:
birinchidan, maktabgacha taʼlim sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish;
ikkinchidan, ilgʻor xorijiy tajribani hisobga olgan holda maktabgacha yoshdagi bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
uchinchidan, respublikada davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari orasida sogʻlom raqobat muhitini yaratish hisobiga barcha bolalarning maktabgacha taʼlim tashkilotlariga bosqichma-bosqich qamrab olinishini taʼminlash, ularga soliq imtiyozlari va preferensiyalar berish, budjetdan subsidiyalar ajratish, shuningdek, bolalarning maktabgacha taʼlimi va tarbiyasining muqobil shakllarini amaliyotga tatbiq etish;
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi PQ-4857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2020-y., 07/20/4857/1357-son)
toʻrtinchidan, zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni, taʼlim va tarbiyaning samarali shakllari hamda usullarini taʼlim-tarbiya jarayoniga, shu jumladan nodavlat sektorida joriy etish;
beshinchidan, milliy madaniy-tarixiy qadriyatlarni aks ettiruvchi va bolalikdan kitob oʻqishga qiziqishni uygʻotuvchi oʻquv-metodik, didaktik materiallar, oʻyin va oʻyinchoqlar, badiiy adabiyotlar bilan maktabgacha taʼlim tashkilotlarini taʼminlash;
oltinchidan, zamonaviy pedagogik texnologiyalar va metodlarni hisobga olgan holda bolalarni tarbiyalash va har tomonlama rivojlantirish masalalarini professional darajada hal etishga qodir boʻlgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
yettinchidan, maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tizimini yaratish va tajribali yuqori malakali va kasbiy jihatdan puxta tayyorlangan pedagog kadrlar hamda tarbiyachilarni taʼlim-tarbiya jarayoniga jalb qilish;
sakkizinchidan, maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarining ratsional va belgilangan meʼyorlar asosida sogʻlom va toʻgʻri ovqatlanishini taʼminlash uchun munosib sharoitlar yaratish, koʻngilochar va bilim beruvchi mashgʻulotlar elementlari boʻlgan, hajmlari va intensivligi asosiy tibbiy taqdimnomalar bilan belgilanuvchi serharakat oʻyinlar va mashqlar uyushtirish;
toʻqqizinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarga tibbiy xizmat koʻrsatish hamda ularning hayoti va sogʻligʻini himoya qilish boʻyicha profilaktika chora-tadbirlarini muvofiqlashtirish.
(2-bandning oltinchi — oʻninchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi PQ-4857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2020-y., 07/20/4857/1357-son)
3. Idoraviy mansubligidan qatʼiy nazar, barcha davlat tasarrufidagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi tizimiga belgilangan tartibda oʻtkazilsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi PQ-4857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2020-y., 07/20/4857/1357-son)
4. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining maktabgacha taʼlim sohasidagi barcha huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining oʻz vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining Maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish respublika oʻquv-metodika markazi negizida Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) tashkil etilib, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi tarkibiga kiritilsin hamda unga ilgʻor xorijiy tajriba asosida maktabgacha taʼlim tashkilotlarining direktor va mutaxassislarida zamonaviy menejment va pedagogik texnologiyalar boʻyicha sohaga oid bilimlar va koʻnikmalarni shakllantirish vazifalari yuklatilsin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi PQ-4857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2020-y., 07/20/4857/1357-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2017-yil 9-sentabrdagi PQ-3261-sonli qarori bilan tasdiqlangan Maktabgacha taʼlim tizimini tanqidiy oʻrganish boʻyicha komissiya zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi va uning hududiy boʻlinmalari faoliyatini tashkil etish hamda ularga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda koʻmaklashish;
ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi markaziy apparati va hududiy boʻlinmalarining rahbarlik boʻgʻinlarini vazirlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga qodir, chuqur bilim hamda yuqori kasb mahoratiga ega boʻlgan tajribali va malakali mutaxassislar bilan toʻldirish;
maktabgacha taʼlim tizimining oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojini hududlar boʻyicha oʻrganish va tahlil natijalariga koʻra pedagogika yoʻnalishiga ixtisoslashtirilgan oliy taʼlim muassasalariga maqsadli qabul kvotalari boʻyicha takliflar tayyorlash;
respublika hududlarida 50, 70, 100, 120 va 150 oʻringa moʻljallangan davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qoʻshimcha barpo etish orqali bolalarni maktabgacha taʼlim bilan bosqichma-bosqich toʻliq qamrab olish, bolalarga maktabgacha taʼlim-tarbiya berishning muqobil turlarini amaliyotga joriy etishga qaratilgan kompleks dasturni ishlab chiqish va tasdiqlash.
(6-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi PQ-4857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2020-y., 07/20/4857/1357-son)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida va Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari loyihasini kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Maktabgacha taʼlim vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev va Xalq taʼlimi vaziri U.I. Inoyatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 30-sentabr,
PF-5198-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2017-y., 06/17/5198/0043-son; 09.10.2020-y., 07/20/4857/1357-son)