O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududiy filiallarida muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi samaradorligini ta’minlash, shuningdek tez tibbiy yordam faoliyatini takomillashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 16-martdagi PF-4985-son Farmoni bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududiy filiallarida muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlari (keyingi o‘rinlarda Muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlari deb ataladi) 2019-yil 1-yanvardan boshlab faoliyat ko‘rsatishi, shuningdek ularning O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va “O‘ztransgaz” AJning shoshilinch xizmatlari bilan o‘zaro hamkorlik mexanizmlari joriy etilishi nazarda tutilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Belgilab qo‘yilsinki, “Sog‘liqni saqlash” tarmog‘i bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar Muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlari faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
3. Quyidagilar muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
tez tibbiy yordamning tezkorligini, sifati va undan foydalanish darajasini oshirish;
respublikaning barcha hududi bo‘yicha tez tibbiy yordam chaqiriqlarini qabul qilish va avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlash;
tez tibbiy yordam xizmati sayyor brigadalari faoliyatini tezkor boshqarish va muvofiqlashtirish;
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va “O‘ztransgaz AJ” ning tezkor xizmatlari bilan o‘zaro hamkorlikni ta’minlash;
tez tibbiy yordam xizmati faoliyatida tezkor statistik axborot va hisobotlarni shakllantirish.
4. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
o‘n kun muddatda — Muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlari faoliyati to‘g‘risidagi nizomni;
bir oy muddatda — O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va “O‘ztransgaz” AJ bilan birgalikda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududiy filiallarining Muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlarini tezkor xizmatlar bilan o‘zaro hamkorligi tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.
5. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududiy filiallarining Muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari dasturi (keyingi o‘rinlarda Chora-tadbirlar dasturi deb ataladi) ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda har yili Chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan vazifalarni bajarish uchun zarur budjet ajratmalari ajratilishini nazarda tutsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda Chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning to‘liq va belgilangan muddatlarda bajarilishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlarining tashkil etilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Milliy geografik axborot tizimiga 2018-yil 31-oktabrgacha bo‘lgan muddatda ulanishini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri A.Q. Shadmanov zimmasiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 19-iyul,
526-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 29-son, 707-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)