Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-fevraldagi 130-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 20-apreldagi PQ-2909-son qarori talablari asosida respublika taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishda test sinovi orqali bilimli oʻquvchilarning tanlab olinishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) asosiy vazifalari etib belgilansin:
taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishda test sinovi orqali tanlab olishga oid davlat siyosatini amalga oshirish;
taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishda test sinovi natijalarining xolisonaligi, ishonchliligi va adolatliligini taʼminlash;
test materiallari bankini shakllantirish, pedagogik oʻlchov vositalarini takomillashtirish;
test sinovlarini tashkil etish va oʻtkazish, ushbu jarayonlarni muvofiqlashtirish, test materiallarini nashr qilish, test sinovi natijalarini tahlil qilish;
chet tillarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini rivojlantirish.
2. Markaz direktoriga taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishda test sinovlarining sifatli oʻtkazilishi uchun shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi toʻgʻrisida nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 72 nafardan iborat tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Markaz direktoriga, zarur hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli axborot-tahlil departamenti bilan kelishgan holda ushbu markazning tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
4. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
homiylar — yuridik va jismoniy shaxslarning, Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlarining mablagʻlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Markazga 4 ta, shu jumladan 2 ta biriktirilgan, 1 ta navbatchi va 1 ta maxsus avtotransport vositasiga limit ajratsin.
6. Markaz Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Bogʻishamol koʻchasi, 12-uy manzilida joylashtirilsin.
7. Markaz manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Taʼlim, ilm-fan va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 17-iyul,
508-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 17-iyuldagi 508-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi toʻgʻrisida
nizom
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquq va javobgarligini, shuningdek faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Markaz davlat boshqaruv organi hisoblanadi.
3. Markaz oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadi va unga hisobot beradi.
4. Markaz oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
5. Markaz oʻz faoliyatini davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
6. Markaz faoliyati quyidagi manbalar hisobiga moliyalashtiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
homiylar — yuridik va jismoniy shaxslarning, Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlarining mablagʻlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7. Markaz yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining gʻaznachiligida budjet va budjetdan tashqari shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga ega boʻladi.
2-bob. Markazning asosiy vazifalari va funksiyalari
8. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:
taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishda test sinovi orqali tanlab olishga oid davlat siyosatini amalga oshirish;
taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishda test sinovi natijalarining xolisonaligi, ishonchliligi va adolatliligini taʼminlash;
test materiallari bankini shakllantirish, pedagogik oʻlchov vositalarini takomillashtirish;
test sinovlarini tashkil etish va oʻtkazish, ushbu jarayonlarni muvofiqlashtirish, test materiallarini nashr qilish, test sinovi natijalarini tahlil qilish;
chet tillarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini rivojlantirish.
9. Markaz oʻziga yuklangan asosiy vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishda test sinovi orqali tanlab olishga oid davlat siyosatini amalga oshirish sohasida:
yuqori malakali mutaxassislardan iborat umumtaʼlim va maxsus fanlar ekspertlari bankini shakllantirish;
pedagogik oʻlchov vositalarini ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazish talablari boʻyicha uslubiy koʻrsatmalar ishlab chiqish, ekspertlar uchun testologiya asoslari boʻyicha seminarlar tashkil etish;
davlat taʼlim standartlariga muvofiq boʻlgan fanlar boʻyicha turli xil murakkablik darajasidagi test materiallarini ishlab chiqish;
test sinovlari natijalari asosida test materiallari bankini maxsus dastur asosida statistik tahlil qilish va uni takomillashtirish;
ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish asosida test materiallari bankini shakllantirish texnologiyasini takomillashtirish;
umumtaʼlim fanlari boʻyicha respublika olimpiadasining yakuniy bosqichi uchun test materiallari bankini shakllantirish;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan chaqiriluvchilarning bilim saviyasini baholash uchun test materiallari bankini shakllantirish;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda muddatli harbiy xizmatni tugatayotgan harbiy xizmatchilarining jangovar tayyorgarligi va ijtimoiy-maʼnaviy bilimlarini baholash uchun test materiallari bankini shakllantirish;
taʼlim muassasalari magistraturasiga qabul test sinovlari uchun maxsus fanlardan test materiallari bankini shakllantirish;
test materiallari maxfiyligini saqlash boʻyicha chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish;
test materiallari bankini shakllantirish, test sinovlarini oʻtkazish masalalari sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish;
b) taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishda test sinovi natijalarining xolisonaligi, ishonchliligi va adolatliligini taʼminlash sohasida:
test sinovi oʻtkaziladigan bino va auditoriyalarga qoʻyiladigan talablarni ishlab chiqish;
test sinovi oʻtkaziladigan bino va auditoriyalar reja-chizmalarini tahlil qilish va holatini oʻrganish;
test sinovlarini tashkil etish va oʻtkazishga oid masalalari boʻyicha oʻquv-uslubiy qoʻllanmalarni ishlab chiqish;
test sinovlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha tegishli vazirlik va idoralarga, taʼlim muassasalariga ishonchli maslahat yordamini koʻrsatish;
Markaz vakillari, auditoriya rahbarlari va kuzatuvchilari bankini shakllantirish, test sinovini oʻtkazish tartibi boʻyicha ular uchun seminarlar tashkil qilish;
manfaatdor vazirliklar va idoralar hamda taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda test topshiruvchilar haqida maʼlumotlar bankini shakllantirish, ularning yoʻnalishlar va guruhlar boʻyicha taqsimotini amalga oshirish;
test topshiruvchilar uchun test sinovi tartibi boʻyicha koʻrsatmalar ishlab chiqish, taʼlim muassasalari bitiruvchilari uchun test texnologiyalarini ommaviy axborot vositalarida yoritish;
buyurtmachilarning buyurtmanomalariga binoan test sinovlarini oʻtkazish uchun toʻlov normativlarini ishlab chiqish va belgilangan tartibda tasdiqlash;
v) test materiallari bankini shakllantirish, pedagogik oʻlchov vositalarini takomillashtirish sohasida:
manfaatdor vazirliklar va idoralar hamda taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda test materiallari bankini shakllantirish;
savollar kitobi, javoblar varaqasi va boshqa test materiallarini tayyorlashda jahon ilgʻor tajribasini joriy qilinishini taʼminlash;
pedagogik oʻlchov vositalarini takomillashtirish boʻyicha mutaxassislar uchun oʻquvlar tashkil etish;
g) test sinovlarini tashkil etish va oʻtkazish, ushbu jarayonlarni muvofiqlashtirish, test materiallarini nashr qilish, test sinovi natijalarini tahlil qilish sohasida:
test materiallari generatsiyasi va koʻp variantlilik asosida test savollari kitoblarini shakllantirish, maxfiylikni taʼminlagan holda ularni nashr qilish;
kompyuter grafikasi dasturiy vositalari asosida test sinovlarida ishlatiladigan javoblar varaqasining eskizini tayyorlash;
maxsus kompyuter dasturlari yordamida test sinovlarida ishlatiladigan javoblar varaqalariga ishlov berish, optik-elektron qurilmalarida tekshirish;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda test sinovlari natijalarini baholash mezonlarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
test sinovi natijalarini maxsus kompyuter dasturiy taʼminoti yordamida optik-elektron qurilmada oʻqish, natijalarni soha, taʼlim yoʻnalishi, taʼlim muassasalari kesimida tahlil qilish.
d) chet tillarni bilish darajasini baholashning milliy test tizimini rivojlantirish sohasida:
xalqaro eʼtirof etilgan baholash standartlari asosida chet tillari boʻyicha test topshiriqlari tuzilmasini ishlab chiqish va aprobatsiyadan oʻtkazish;
chet tilini bilish va egallash darajasini aniqlash boʻyicha toʻlov asosida xalqaro eʼtirof etilgan baholash standartlari talablariga muvofiq test sinovlarini oʻtkazish;
ilgʻor xorijiy tajribaga tayangan holda til koʻnikmalarini baholash mezonlarini ishlab chiqish va aprobatsiyadan oʻtkazish;
chet tillari oʻqituvchilarining oylik ish haqiga ustama belgilash uchun koʻp komponentli test sinovlarini oʻtkazish;
chet tilini bilish darajasiga davlat namunasidagi tegishli malaka sertifikatini berish;
chet tilidan test sinovlaridan oʻtuvchi shaxslar uchun oʻquv-uslubiy qoʻllanmalarni ishlab chiqish va nashr qilish;
jahon tajribasini oʻrganish asosida test sinovlari texnologiyasini takomillashtirish;
test materiallarini ishlab chiqishda hamda ulardan foydalanishda taʼlim muassasalariga va boshqa muassasalarga metodik yordam koʻrsatish.
3-bob. Markazning huquqlari va javobgarligi
10. Markaz oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun vazirliklar, idoralar, taʼlim muassasalaridan zarur maʼlumotlar va materiallarni olish;
taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishda test sinovlarini oʻtkazish jarayonida taʼlim muassasalari rahbarlari tomonidan taʼlim toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilgan holda qabul qilingan buyruqlar, farmoyishlar va boshqa qarorlarning amal qilishini toʻxtatib qoʻyish;
Davlat budjeti hisobidan xarajatlar smetasida nazarda tutilgan va Markazning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan unga yuklangan vazifalarni bajarish uchun Markazga toʻlov asosida mustaqil ekspertlarni va imtihon oluvchilarni jalb etish;
shartnoma asosida ilmiy-metodik va axborot konsalting xizmatlarini koʻrsatish;
oʻziga yuklangan vazifalarni hal etish uchun olimlar, yetakchi pedagog-mutaxassislar va xorijiy ekspertlarni jalb etish, shuningdek ixtisoslashtirilgan, maqsadli va vaqtinchalik ilmiy-tadqiqot guruhlari va ijodiy guruhlar tashkil etish;
oʻz vakolatlari doirasida vazirliklar va idoralar, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan aloqalar oʻrnatish;
taʼlim va kadrlar tayyorlash sifati muammolari boʻyicha xalqaro konferensiyalar, kongresslar, simpoziumlar va yigʻilishlar ishida ishtirok etish, shuningdek davlatlararo va hukumatlararo hamkorlik masalalari boʻyicha muzokaralarda qatnashish.
Markaz qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
11. Markaz oʻz vakolatlari doirasida vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishga haqlidir.
Markaz zarur hollarda, davlat boshqaruvining boshqa organlari bilan birgalikda belgilangan tartibda qoʻshma qarorlar va boshqa hujjatlar chiqarish huquqiga ega.
12. Markaz oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
4-bob. Markaz faoliyatini tashkil etish
13. Markazni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor boshqaradi.
Direktorning belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan bir nafar oʻrinbosari boʻladi.
Direktor maqomiga koʻra vazirning birinchi oʻrinbosariga, direktorning oʻrinbosari esa vazirning oʻrinbosariga tenglashtiriladi.
14. Markaz direktori:
Markaz faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
Markaz xodimlari va uning hududiy vakillari bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi;
Markazning tarkibiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
Markaz vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi hamda Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
Direktor qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
15. Hududiy vakillarni ishga qabul qilish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining tavsiyalari asosida Markaz direktori buyrugʻi bilan amalga oshiriladi.
Hududiy vakillar Markaz direktori tomonidan tasdiqlanadigan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi doimiy vakillari toʻgʻrisida nizom asosida faoliyat yuritadi.
16. Markazda uning direktori, direktor oʻrinbosari, boshqarma va boʻlim rahbarlari hamda yuqori malakali xodimlaridan iborat tarkibda ilmiy-metodik kengash tashkil etiladi. Ilmiy-metodik kengashning shaxsiy tarkibi direktor buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Ilmiy-metodik kengash mazkur Nizomga muvofiq Markazga yuklangan vazifalarni ilmiy va normativ-huquqiy taʼminlashning asosiy masalalarini koʻrib chiqadi.
Ilmiy-metodik kengash qarorlari direktor buyrugʻi bilan amalga oshiriladi.
Markaz faoliyatini ochiq va oshkoraligini taʼminlash maqsadida uning huzurida jamoatchilik kengashi tuziladi.
17. Markazning xarajatlar smetasi, daromadlar va xarajatlar smetasi belgilangan tartibda Markazning rahbari tomonidan tasdiqlanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
18. Markaz oʻzining kasaba uyushmasining taklifiga muvofiq Markaz rahbarlari va xodimlariga ustamalar belgilashi hamda oylik ish haqining bir baravari miqdorigacha mukofotlashi mumkin.
5-bob. Yakuniy qoida
19. Markazni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 17-iyuldagi 508-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining
TUZILMASI
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 17-iyuldagi 508-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Davlat test markazi tarkibida Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlar va taʼlim muassasalari attestatsiyasi boshqarmasini tashkil etish toʻgʻrisida” 1998-yil 11-martdagi 109-son qarori;
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2004-yil 24-iyundagi 293-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 25-son, 289-modda).
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 29-son, 697-modda)