O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti huzurida Koreya Respublikasi Hukumatining beg‘araz ko‘magini jalb etgan holda O‘quv-amaliy to‘qimachilik texnoparkini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
To‘qimachilik va yengil sanoat uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan yaxshilash, uning jahon standartlari darajasida zamonaviy rivojlanish talablariga mos kelishini ta’minlash, tarmoq muhandis-texnik xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirishni takomillashtirish, shuningdek, Koreya Respublikasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida:
1. Quyidagilar ma’lumot uchun qabul qilinsin:
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan Koreya Respublikasi savdo, sanoat va energetika vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv to‘g‘risida imzolangan memorandumga muvofiq Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti huzurida (keyingi o‘rinlarda — TTESI) O‘zbek-Koreya O‘quv-amaliy to‘qimachilik texnoparki (keyingi o‘rinlarda — texnopark) barpo etish loyihasi amalga oshirilmoqda;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-martdagi PF-5383-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.03.2018-y., 06/20/5383/0980-son)
texnoparkni barpo etish loyihasini amalga oshirish uchun Koreya Respublikasi Hukumatining ekvivalenti 15,0 million AQSh dollariga teng texnik ko‘magi mablag‘lari (granti) jalb etilmoqda;
texnopark Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Bobur ko‘chasi, 30-uyda joylashtiriladi;
Koreya tomonining tavsiyanomasini e’tiborga olgan holda texnopark qurilishini hamda uni zarur ilmiy-laboratoriya uskunalari, priborlar, mebel va tashkiliy texnika bilan jihozlashni nihoyasiga yetkazish 2018-yilga belgilangan.
2. Quyidagilar texnopark faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib belgilansin:
talabalar va yosh olimlarni Koreya texnologiyalarni rivojlantirish instituti, Koreya sanoat texnologiyalari instituti va boshqa institutlar o‘qituvchilari hamda tadqiqotchi olimlarining ishtirokida ma’ruzalar, seminarlar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish yo‘li bilan to‘qimachilik, tikuv-trikotaj, bo‘yash-pardozlash va dizaynerlik sohalarida amaliy ilmiy-tadqiqotlar olib borish metodikasi va amaliyotiga o‘rgatishni tashkillashtirish;
davlat va xalqaro o‘quv hamda tadqiqot dasturlari asosida, respublika yosh olimlarini jalb etgan holda, mamlakatimiz va xorijiy tashkilotlarning, shu jumladan ilmiy va ta’lim muassasalarining buyurtmanomalari asosida Texnopark faoliyatining tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish;
materialshunoslik, bo‘yash-pardozlash ishlab chiqarishi, gazlamalar va kiyim-kechaklarning yangi dizaynini yaratish, shu jumladan ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, energiya va resurslarni tejaydigan texnologiyalardan foydalangan holda tadqiqot ishlari olib borish;
xorijiy professor-o‘qituvchilar rahbarligida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashni ta’minlash;
yuqori texnologiyali buyumlar ishlab chiqarishni tashkil etish hamda innovatsion xizmatlar ko‘rsatish uchun shart-sharoit va imkoniyatlar yaratish;
yengil va to‘qimachilik sanoati yo‘nalishlari bo‘yicha mahalliy va chet el tashkilotlari muhandis-texnik xodimlari hamda mutaxassislarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashda ko‘maklashish;
ilg‘or koreys hamda boshqa xorijiy investorlarni jalb etish va rag‘batlantirish.
3. Belgilab qo‘yilsinki, texnopark davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs maqomida tashkil etiladi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi uning muassisi hisoblanadi.
4. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti huzuridagi O‘zbek-Koreya O‘quv-amaliy to‘qimachilik texnoparkining xodimlari umumiy soni 22 nafardan iborat tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-martdagi PF-5383-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.03.2018-y., 06/20/5383/0980-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti huzuridagi O‘zbek-Koreya O‘quv-amaliy to‘qimachilik texnoparki Vasiylik kengashining tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(4-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-martdagi PF-5383-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.03.2018-y., 06/20/5383/0980-son)
Vasiylik kengashiga, zarur hollarda, texnopark tuzilmasiga xodimlarning tasdiqlangan soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
Texnopark zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish uchun unga shartnoma asosida mamlakatimiz hamda chet ellik yetakchi mutaxassislar va ekspertlarni, ilmiy hamda ta’lim muassasalari olimlari va o‘qituvchilarini jalb etish huquqi berilsin.
5. Quyidagilar belgilansin:
texnoparkda ishlash uchun jalb etiladigan xorijiy pedagog va ilmiy xodimlarni Koreya tomoni belgilaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
texnoparkning faoliyat ko‘rsatishi uchun chet eldan jalb etiladigan pedagog va ilmiy xodimlarning ish haqi miqdorlari Vasiylik kengashi tomonidan Koreya universitetlari stavkalari darajasida tasdiqlanadi hamda ularning xohishiga ko‘ra milliy valyutada yoki xorijdagi hisobvaraqlariga o‘tkazgan holda chet el valyutasida to‘lanadi.
(5-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyuldagi PF-6021-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.07.2020-y., 06/20/6021/1047-son — 2020-yil 1-avgustdan kuchga kiradi)
mahalliy pedagog va ilmiy xodimlarning lavozim maoshlari budjet mablag‘lari hisobiga fundamental, amaliy tadqiqotlar hamda innovatsion ishlarning davlat ilmiy-texnikaviy dasturlarini amalga oshirishda qatnashayotgan ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy va rahbar xodimlarining bazaviy maoshlari miqdorlariga tenglashtiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
texnoparkni barpo etish loyihasining amalga oshirilishi uchun Koreya tomonidan Koreya texnologiyalarni rivojlantirish instituti hamda Koreya sanoat texnologiyalari instituti, O‘zbekiston tomonidan esa — “O‘zto‘kimachiliksanoat” Uyushmasi va Toshkent shahar hokimligi mas’ul ijrochi organ hisoblanadi;
(5-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-martdagi PF-5383-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.03.2018-y., 06/20/5383/0980-son)
texnoparkni joriy ta’minlash, uni asbob-uskunalar, tashkiliy texnika va mebel bilan jihozlash, shu jumladan Koreya tomoni jalb etadigan bo‘limlar va laboratoriyalarning rahbarlari, o‘qituvchilar va tadqiqotchi olimlarning mehnatiga haq to‘lash Koreya Respublikasi Hukumatining 2019-yilgacha beg‘araz texnik ko‘magi mablag‘lari, texnoparkning tuziladigan shartnomalarga muvofiq tadqiqotlar o‘tkazishdan olinadigan daromadlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
6. Toshkent shahar hokimligi 10 kun muddatda qurilish maydonchasini tayyorgarlik ishlari nihoyasiga yetkazilishini hisobga olgan holda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasi bilan ta’minlasin, shuningdek texnopark hududidan boshqa obyektlarga tegishli muhandislik kommunikatsiyalari demontaj qilinib olib ketilgandan so‘ng tutash hududlarni obodonlashtirsin va ko‘kalamzorlashtirsin.
7. Quyidagilar:
texnoparkni qurish, obyektni texnologik uskunalar bilan jihozlash, o‘qitish hamda boshqa sarf-xarajatlar — Koreya Respublikasi Hukumatining beg‘araz texnik ko‘magi mablag‘lari hisobidan;
loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash va texnopark obyektlariga tortib kelinayotgan muhandislik tarmoqlari ustidan texnik nazorat o‘rnatish bo‘yicha sarf-xarajatlar — O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Adliya vazirligi bir oy muddatda texnopark ustavi tasdiqlanishini va belgilangan tartibda uning davlat ro‘yxatiga olinishini ta’minlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
9. “O‘zto‘kimachiliksanoat” Uyushmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
(9-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-martdagi PF-5383-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.03.2018-y., 06/20/5383/0980-son)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Koreya Respublikasi Hukumatining beg‘araz texnik ko‘magi mablag‘larini jalb etish uchun belgilangan tartibda barcha zarur tartib-taomillar bajarilishini ta’minlasin;
(9-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-avgustdagi PF-5158-sonli Farmoni tahririda)
ikki hafta muddatda mazkur loyihani amalga oshirish rejasini ishlab chiqsin, uning amalda bajarilish holatini, shu jumladan qurilish, asbob-uskunalar yetkazib berish va o‘rnatish, xodimlarni o‘qitish borasidagi holatni har chorakda ko‘rib chiqsin;
Koreya Respublikasi Hukumatining beg‘araz ko‘magi mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanilishini ta’minlasin.
10. Texnopark qurilishi bo‘yicha:
Koreya tomonidan Koreya sanoat texnologiyalari instituti, O‘zbekiston tomonidan — Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi” DUK — buyurtmachi etib;
Koreyaning “KIONEON ARCNITECTURE” (Koreya Respublikasi) loyiha kompaniyasi “URBAN ARCNITECTURE” (Toshkent shahri) loyiha tashkiloti bilan hamkorlikda — bosh loyiha tashkiloti etib;
“IL KWANG Engineering & Construction Co.Ltd” (Koreya Respublikasi) kompaniyasi — bosh pudrat tashkiloti etib belgilansin.
11. Quyidagilar 2023-yilning 1-yanvarigacha:
texnopark — barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan;
loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi koreys norezident- kompaniyalari — yuridik shaxslarning foyda solig‘i to‘lashdan;
loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy norezident mutaxassislar — texnopark faoliyati doirasida olingan daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslarning daromad solig‘ini to‘lashdan ozod qilinsin.
12. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, qonun hujjatlariga muvofiq loyihani amalga oshirish doirasida beg‘araz texnik ko‘mak mablag‘lari hisobiga olib kelinadigan hamda sotib olinadigan uskunalar, materiallar, adabiyotlar, ishlar va xizmatlar bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxonada rasmiylashtirish uchun yig‘imlardan tashqari), shuningdek qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
13. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “O‘zto‘kimachiliksanoat” Uyushmasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining buyurtmanomalariga binoan texnoparkdagi ishlarga jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga konsullik va boshqa yig‘imlarni undirmagan holda kirish vizalarini rasmiylashtirishni ta’minlasin.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-martdagi PF-5383-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.03.2018-y., 06/20/5383/0980-son)
Oldingi tahrirga qarang.
14. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “O‘zto‘kimachiliksanoat” Uyushmasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining buyurtmanomalariga binoan texnoparkdagi ishlarga jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirmasdan ko‘p martalik vizalar berilishini va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek ularning O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilishini va uning muddati uzaytirilishini ta’minlasin.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-martdagi PF-5383-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.03.2018-y., 06/20/5383/0980-son)
Oldingi tahrirga qarang.
15. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi “O‘zto‘kimachiliksanoat” Uyushmasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining buyurtmanomalariga binoan loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasiga jalb etishga ruxsatnomalar berishni (uzaytirishni), shuningdek mazkur xorijiy fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga tasdiqnoma berishni (uzaytirishni) ta’minlasin.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-martdagi PF-5383-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.03.2018-y., 06/20/5383/0980-son)
16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 7-fevral,
PQ-2759-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi PQ-2759-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti huzuridagi O‘zbek-Koreya O‘kuv-amaliy to‘qimachilik texnoparkining
Tuzilmasi
(ilova nomi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 iil 20-martdagi PF-5383-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.03.2018-y., 06/20/5383/0980-son)
Xodimlarning umumiy soni (texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari) — 22 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari — 5 nafar.
Texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar soni oliy ta’lim muassasalari uchun belgilangan me’yorlarga asosan aniqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi PQ-2759-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti huzuridagi O‘zbek-Koreya O‘kuv-amaliy to‘qimachilik texnoparki Vasiylik kengashining
TARKIBI
|
1. |
I.U. Xaydarov |
— |
“O‘zto‘kimachiliksanoat” Uyushmasi raisi, Vasiylik kengashi raisi |
|
2. |
R.S. Kasimov |
— |
oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari |
|
3. |
Li Sung Il (Lee Sung IL) |
— |
Koreya sanoat texnologiyalari instituti (KITECN) prezidenti |
|
4. |
S.Z. Yunusov |
— |
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti rektori |
|
5. |
A.A. Sultonov |
— |
“O‘zpaxtasanoat” AJ boshqaruvi raisining o‘rinbosari |
|
6. |
J.T. Mirzamaxmudov |
— |
“O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari |
|
7. |
Sh.Sh. Sheraliyev |
— |
“O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi boshqaruv raisi o‘rinbosari |
|
8. |
R.A. Gulyayev |
— |
“Paxtasanoatilmiy markazi” AJ bosh direktori |
Izoh. Vasiylik kengashi a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-martdagi PF-5383-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.03.2018-y., 06/20/5383/0980-son)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 6-son, 75-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.02.2018-y., 06/18/5348/0789-son, 20.03.2018-y., 06/20/5383/0980-son; 09.07.2020-y., 06/20/6021/1047-son)