Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Nayat power cable systems” MCHJ QKda mis xomashyosini chuqur qayta ishlash asosida eksportga moʻljallangan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash negizida jahon standartlariga muvofiq boʻlgan yuqori sifatli raqobatbardosh kabel-oʻtkazgich mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada koʻpaytirish, zamonaviy yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, eksport salohiyatini kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqobatbardoshli mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirish va oʻzlashtirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida” 2011-yil 4-oktabrdagi PQ-1623-son qaroriga muvofiq “Navoiy” EIIZ hududida “Olmaliq KMK” AJ (25 foiz), “Oʻzkabel” AJ (25 foiz) va Xitoyning “Gulf Cable Trading Company” kompaniyasi (50 foiz) ishtirokida tashkil etilgan “Nayat Power Cable Systems” MCHJ QK negizida zamonaviy kuch kabellari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasining I-bosqichi amalga oshirilganligi;
“Nayat Power Cable Systems” MCHJ QK taʼsischilari “Olmaliq KMK” QKning ustav kapitalidagi ulushini 25 foizdan 50 foizga oshirish va Gulf Cable Trading Company (XXR) ulushini mos ravishda kamaytirish boʻyicha kelishuvga erishilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Nayat Power Cable Systems” MCHJ QK taʼsischilarining quyidagilarni nazarda tutuvchi loyihaning II-bosqichini (keyingi oʻrinlarda investitsiya loyihasi deb ataladi) amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
zamonaviy texnologik talablarga javob beradigan ilgʻor texnologik asbob-uskunalarni joriy etish asosida “Nayat Power Cable Systems” MCHJ qoʻshma korxonasining misni chuqur qayta ishlash quvvatlarini yiliga 3 ming tonnadan 10 ming tonnagacha kengaytirish, 400 kVgacha kuchlanishga moʻljallangan zamonaviy kabel-oʻtkazgich mahsulotlarining 35 ta yangi turi va turlarini ishlab chiqarishni oʻzlashtirish;
mahsulot ishlab chiqarishning yillik hajmini 65 mln AQSH dollari ekvivalentiga, shu jumladan eksportga — ishlab chiqarish hajmining kamida 65 foiziga yetkazish;
kamida 200 ta yangi ish oʻrni tashkil etish.
3. “Olmaliq KMK” AJ:
ikki oy muddatda investitsiya loyihasining loyiha hujjatlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
2017-yil oxirigacha yangi quvvatlarni ishga tushirsin, 2019-yildan boshlab esa loyiha quvvatiga erishsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi investitsiya loyihasi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yilgi va keyingi yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturiga belgilangan tartibda kiritilishini taʼminlasin.
5. “Navoiy” EIIZ Maʼmuriy kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va “Navoiy” EIIZ direksiyasi bilan birgalikda “Nayat Power Cable Systems” MCHJ QK muassislari tomonidan ushbu qarorning 2-bandiga muvofiq investitsiya loyihasining II-bosqichi doirasida qabul qilingan majburiyatlarning bajarilishi ustidan tizimli nazoratni taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi “Olmaliq KMK” AJ bilan birgalikda har yilgi moddiy balanslarni ishlab chiqishda “Nayat Power Cable Systems” MCHJ QK tomonidan ushbu qarorning 2-bandiga muvofiq qabul qilingan majburiyatlarni bajarish uchun zarur hajmdagi mis resurslari ajratilishini nazarda tutsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 14-sentabr,
298-son