Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi tibbiyot tashkilotlari tuzilmasini yanada optimallashtirish va sogʻliqni saqlash tizimi tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish samaradorligini, sifatini va qulayligini yanada oshirish, mavjud quvvatlardan va koykalar fondidan oqilona foydalanishni taʼminlagan holda tibbiyot tashkilotlari tuzilmasini optimallashtirish, tibbiy-ijtimoiy muassasalar, qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarning kadrlar salohiyatini mustahkamlash, shuningdek tibbiyot xodimlari ayrim toifalarini ular bajarayotgan ishlarning murakkablik va jiddiylik darajasiga koʻra moddiy ragʻbatlantirishni kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining 2016 — 2020-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimi tibbiyot tashkilotlari tuzilmasini yanada optimallashtirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin, ularda quyidagilar nazarda tutilgan:
1-ilovaga* muvofiq roʻyxat boʻyicha ayrim tibbiyot tashkilotlarini tuman (shahar) tibbiyot birlashmalariga va mintaqaviy koʻp tarmoqli tibbiyot markazlariga qoʻshish, ularga tegishli funksiyalarni va shtatdagi xodimlar sonini berish;
qayta tashkil etish va tugatish yoʻli bilan 2-ilovaga* muvofiq roʻyxat boʻyicha ayrim tibbiyot tashkilotlarini optimallashtirish;
3-ilovaga* muvofiq jadvalga binoan sil kasalliklariga qarshi muassasalar binolarini rekonstruksiya qilish tugallanishiga koʻra ularning koykalar fondini qisqartirish;
4-ilovaga* muvofiq roʻyxat boʻyicha ayrim tibbiyot tashkilotlarida toʻlov asosida tibbiy xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan budjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga taʼminlanadigan koykalar fondi ulushini va bemorlarni qabul qilish quvvatlarini bosqichma-bosqich koʻpaytirish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Mehnat vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishgan holda ikki oy muddatda tibbiyot tashkilotlarining shtat normativlarini qayta koʻrib chiqsin va yangilangan shtat normativlarini tasdiqlasin, ularda quyidagilar nazarda tutilsin:
markaziy tuman (shahar) koʻp tarmoqli poliklinikalari, “tez tibbiy yordam” xizmatlari, qon quyish boʻlimlari, shuningdek davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari tibbiyot xodimlarining ish yuklamasi normalarini, ularning zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlanganligi darajasi bilan bogʻlab, diagnostika, davolash va laboratoriya tadqiqotlarining ilgʻor texnologiyalari va metodlari joriy etilishini hisobga olgan holda qayta koʻrib chiqish;
shifokor nazoratini kecha-kunduz davomida tashkil etish hisobiga, xizmat koʻrsatiladigan kontingent xususiyatidan kelib chiqqan holda, mazkur tashkilotlar uchun qoʻshimcha ravishda 246 ta vrach hamda 149 ta oʻrta va kichik tibbiyot xodimi lavozimlari ajratib, tibbiy-ijtimoiy muassasalar tomonidan koʻrsatiladigan tibbiy yordamni kuchaytirish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda, birkitilgan 2,0 ming nafar aholi hisobiga 1,5 lavozim birligi shtat normatividan kelib chiqqan holda, 2016-yil 1-dekabrgacha qishloq vrachlik punktlarini va oilaviy poliklinikalarni patronaj hamshiralar bilan qoʻshimcha ravishda toʻldirishni taʼminlasin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, tibbiyot tashkilotlari tuzilmasini optimallashtirish natijasida boʻshaydigan mablagʻlar quyidagilarga yoʻnaltiriladi:
tibbiy-ijtimoiy muassasalarda, qishloq vrachlik punktlarida va oilaviy poliklinikalarda qoʻshimcha xodimlar sonini joriy etish boʻyicha xarajatlarni qoplash;
tegishli moliya organlari bilan kelishgan holda tibbiyot tashkilotlarining dori-darmon preparatlari va reaktivlar, inventarlar, sarflash materiallari va uskunalarga ehtiyot qismlar bilan taʼminlanganligini yaxshilash;
takomillashtirilgan tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlash razryadlarini, shuningdek alohida mehnat sharoitlari uchun qoʻshimcha haq va tarif stavkalariga (lavozim maoshlariga) har oylik maxsus ustamalar miqdorlarini oshirish hisobiga tibbiyot tashkilotlari xodimlarining ayrim toifalari ish haqini oshirish.
5. Quyidagilar:
tibbiyot tashkilotlari xodimlari ayrim toifalarining mehnatga haq toʻlashning takomillashtirilgan tarif setkasi boʻyicha razryadlari 5-ilovaga* muvofiq;
mehnatning sogʻliq uchun xavfliligi va oʻta ogʻir sharoitlari uchun tarif stavkalariga (lavozim maoshlariga) qoʻshimcha toʻlovlar va tibbiyot tashkilotlari xodimlari ayrim toifalarining tarif stavkalariga (lavozim maoshlariga) maxsus har oylik ustamalar miqdorlari 6-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin va 2016-yil 1-noyabrdan boshlab amalga kiritilsin.
6. 2016 — 2020-yillarda tibbiyot tashkilotlarini optimallashtirish va ularning faoliyati samaradorligini oshirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ulardan oqilona foydalanish hamda kadrlar salohiyatini kuchaytirish chora-tadbirlari kompleksi 7-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
Ushbu qaror bilan tasdiqlangan Chora-tadbirlar kompleksiga kiritilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan masʼuliyat Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga, Mehnat vazirligiga, Moliya vazirligiga, Iqtisodiyot vazirligiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga, manfaatdor vazirliklar va idoralarga yuklansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda:
qayta tashkil etilayotgan va tugatilayotgan tibbiyot tashkilotlarining boʻshayotgan bino va inshootlarining ikki oy muddatda texnik tekshirishdan oʻtkazilishini taʼminlasin, keyinchalik ularni mahalliy davlat hokimiyati ixtiyoriga bersin;
toʻliq oʻzini-oʻzi moliyalashtirishga oʻtgan tibbiyot tashkilotlarini, ularning aholiga tibbiy xizmatlar koʻrsatishga doir faoliyati ixtisosligini ustuvor tarzda saqlab qolgan holda, savdolarda bosqichma-bosqich sotish yuzasidan belgilangan tartibda takliflar kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 8-ilovaga* muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
* 1 — 8-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Mehnat vazirligi, Moliya vazirligi, boshqa vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarning bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasinlar.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 10-sentabr,
292-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 37-son, 429-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.10.2017-y., 07/17/3297/0064; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.04.2022-y., 06/22/102/0291-son)