OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI OLIY ATTESTATSIYA KOMISSIYASI RAYoSATINING
Qarori
Fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 8-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2795]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2017-yil 31-maydagi 239/4-sonli “Ilmiy darajalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2894, 23.06.2017-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-dekabrdagi 365-son “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosati qaror qiladi:
1. Fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2013-yil 31-yanvardagi 195/2-son “Fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 2441, 2013-yil 25-mart) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 13-son, 167-modda);
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2014-yil 26-dekabrdagi 211/2-son “Fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 83-bandiga oʻzgartirish kiritish haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 2441-1, 2014-yil 31-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 52 (I)-son, 650-modda).
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oliy attestatsiya komissiyasi raisi A. YUSUPOV
Toshkent sh.,
2016-yil 28-aprel,
224/6-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2016-yil 28-apreldagi 224/6-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi hamda “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 24-iyuldagi PF-4456-son “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-dekabrdagi 365-son “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, fan doktori ilmiy darajasini berish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Ilmiy kengash — muayyan fan tarmogʻining (tarmoqlarining) tegishli ixtisosliklari yoʻnalishida ilmiy daraja talabgorlari uchun koʻzda tutilgan attestatsiya tadbirlarini amalga oshirishni tashkil etish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (bundan buyon matnda OAK deb yuritiladi) qarori bilan yetakchi oliy taʼlim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi huzurida muayyan muddat davomida jamoatchilik asosida faoliyat koʻrsatish uchun tuzilgan ilmiy-tashkiliy tuzilma;
izlanuvchi — oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim institutlarida dissertatsiya tadqiqotlarini olib borayotgan shaxs;
talabgor — dissertatsiyasi himoya uchun Ilmiy kengashda qabul qilingan va attestatsiya yigʻmajildi koʻrilish jarayonida boʻlgan shaxs;
attestatsiya — oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash va attestatsiyasi jarayonida, shu jumladan malakaviy imtihonlarni qabul qilish, dissertatsiya aprobatsiyasi (muhokamasi) va himoyasini oʻtkazish hamda dissertatsiyani OAKda ekspertizadan oʻtkazish asosida talabgorlarning (izlanuvchilarning) nazariy bilim va kasbiy tayyorgarlik darajasini hamda dissertatsiya sifati va olingan natijalarining yangiligini baholash;
attestatsiya yigʻmajildi — talabgorning ilmiy darajasini tasdiqlash (nostrifikatsiya qilish) yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar toʻplami;
dissertatsiya — muallif tomonidan shaxsan olib borilgan, tadqiqot mohiyati tegishli talablarga javob bergan, tugallangan va mazmunan yaxlit ilmiy ish sifatida ilmiy yangiligi va amaliy natijalari tizimli ravishda asoslab berilgan qoʻlyozma huquqiga ega boʻlgan ilmiy asar;
dissertatsiya avtoreferati — dissertatsiya tadqiqoti yuzasidan umumiy maʼlumotlar keltirilib, ishning ilmiy yangiligi va amaliy natijalari tizimli ravishda umumlashtirilgan holda qisqacha bayon qilingan hamda nashr etilgan ishlar yuzasidan maʼlumotlar berilgan va tegishli tavsiyalar asosida rasmiylashtirilgan qoʻlyozma huquqiga ega boʻlgan ilmiy asar;
dissertatsiya bajarilgan muassasa — oliy taʼlim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi kengashi qarori bilan dissertatsiya mavzusi boʻyicha tadqiqot olib borish uchun masʼul muassasa (muassasalar) sifatida tasdiqlanib, “OAK Byulleteni” jurnalida eʼlon qilingan tashkilot;
ekspertiza — hujjatlarning mohiyati va amalga oshirilgan attestatsiya tadbirlarining tegishli qonun hujjatlari talablariga muvofiqligini ilmiy va meʼyoriy-texnik jihatdan baholash;
ilmiy maslahatchi — tegishli oliy taʼlim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi kengashining qarori bilan muayyan izlanuvchiga belgilangan tartibda ilmiy maslahatchi sifatida biriktirilgan va bu haqdagi maʼlumot “OAK Byulleteni” jurnalida eʼlon qilingan mutaxassis;
apellatsiya — fan doktori ilmiy darajasini berish yoki uni berishni rad qilish yoxud ilmiy darajadan mahrum etish yoki uni tiklash toʻgʻrisidagi qarorlar yuzasidan berilgan murojaat.
2. Fan doktori ilmiy darajasi qonun hujjatlari talablariga javob bergan, muayyan fan tarmogʻida chuqur kasbiy bilimlarga, ilmiy yutuqlarga ega boʻlgan yuksak maʼnaviyatli shaxslarga beriladi.
3. Tibbiyot fanlari boʻyicha dissertatsiya himoya qilish — tibbiyot sohasi boʻyicha oliy maʼlumotga, veterinariya fanlari boʻyicha dissertatsiya himoya qilish — veterinariya sohasi boʻyicha oliy maʼlumotga, yuridik fanlar boʻyicha dissertatsiya himoya qilish — yurisprudensiya sohasi boʻyicha oliy maʼlumotga ega boʻlgan shaxslarga ruxsat etiladi.
Dissertatsiya izlanuvchi oʻtkazgan tadqiqotlar va eʼlon qilgan ilmiy ishlar asosida tayyorlanadi.
Dissertatsiyani rasmiylashtirish va uni himoya qilish izlanuvchining tanlovi boʻyicha oʻzbek, rus, qoraqalpoq va ingliz tillarida yoki OAK bilan kelishilgan holda boshqa tilda amalga oshiriladi.
Talabgor, ilmiy maslahatchi, dissertatsiya bajarilgan muassasa va Ilmiy kengash tadqiqotning maqsad va vazifalarini aniq belgilash hamda dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferatining mazmuni uchun masʼuldir.
4. Tegishli malakaviy imtihonlarini topshirgan izlanuvchilar dissertatsiyani himoya qilishga qoʻyiladi.
5. Fan va texnologiyalarni rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish va ijtimoiy sohalar taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan yirik ixtiro muallifiga Intellektual mulk agentligi, tegishli vazirlik va idoralar xulosalariga koʻra Ilmiy kengash taqdimnomasi asosida OAK Rayosati qarori bilan, istisno tariqasida, dissertatsiya himoyasisiz fan doktori ilmiy darajasi berilishi mumkin.
Yopiq mavzular boʻyicha dissertatsiya himoyasini tashkil etish va fan doktori ilmiy darajasini berish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
6. Talabgor oʻz dissertatsiyasini ilmiy jamoatchilik oldida himoya qilganidan keyin Ilmiy kengashning fan doktori ilmiy darajasini berish toʻgʻrisidagi qarori OAKning tegishli ekspert kengashining (bundan buyon matnda ekspert kengashi deb yuritiladi) tavsiyasi inobatga olingan holda OAK Rayosati tomonidan tasdiqlanadi.
7. Fan doktori ilmiy darajasiga ega boʻlgan shaxslarga davlat namunasidagi fan doktori diplomi beriladi.
2-bob. Dissertatsiyaga qoʻyiladigan talablar
8. Fan doktori ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiya yuqori malakali ilmiy ish boʻlishi, unda muallif tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotlar va yaratilgan ishlanmalar asosida muhim ijtimoiy-iqtisodiy va dolzarb ilmiy yoki amaliy muammolar hal etilishi yoki ilm-fan tegishli tarmogʻining istiqbolli yoʻnalishini rivojlantirish uchun muayyan yutuq sifatida baholanadigan yangi nazariy qoidalar kompleksi ishlab chiqilgan boʻlishi yoki joriy etilishi ilm-fan, texnika, ijtimoiy-siyosiy soha yoki iqtisodiyot tarmogʻining rivojlanishiga salmoqli hissa qoʻshadigan yechimlar ishlab chiqilgan boʻlishi kerak.
9. Dissertatsiya talabgor tomonidan shaxsan tayyorlangan, oshkora himoya uchun ilmiy jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilayotgan yangi ilmiy holatlar va amaliy natijalarning majmuini oʻz ichiga olgan, mohiyati jihatidan ichki birlikka ega, mazmunan yaxlit va tugallangan boʻlishi hamda talabgorning shaxsan fanga qoʻshgan hissasini aks ettirishi lozim.
10. Nazariy ahamiyatga molik dissertatsiyada olingan ilmiy xulosalardan fanda foydalanilganligi, amaliy ahamiyatga molik dissertatsiyada esa, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning dolzarb muammolari yechimlari hamda ilmiy natijalaridan amaliyotda foydalanilganligi, foydalanishi mumkinligi toʻgʻrisida maʼlumotlar aks ettirilishi lozim.
Dissertatsiya natijalarining fanga, amaliyotga tatbiq etilganligi, tashkilotlar tomonidan joriy etish uchun qabul qilinganligi yuzasidan asosli hujjatlar Ilmiy kengashda muhokama etilib, attestatsiya yigʻmajildiga ilova qilinadi. Ushbu hujjatlar tashkilotlarning ilmiy-texnikaviy kengashlari tomonidan koʻrib chiqilgan, maʼqullangan va ularning rahbariyati tomonidan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
11. Ilmiy maʼruza shaklidagi dissertatsiya talabgor muntazam bajargan ilmiy ishlar va asarlarda eʼlon qilingan, ushbu fan tarmogʻining mutaxassislariga maʼlum boʻlgan fan va amaliyot uchun katta ahamiyatga molik natijalarning qisqacha umumlashtirilgan bayonidan iborat boʻladi.
Ilmiy ishning ahamiyati, ilmiy maʼruza shaklida dissertatsiyani himoya qilishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosa talabgorning asosiy tadqiqotlari oʻtkazilgan muassasa tomonidan beriladi. Ilmiy maʼruza shaklidagi dissertatsiyani himoya qilish uchun OAK Rayosatining ruxsati boʻlishi zarur.
12. Dissertatsiya mavzusi respublika fan va texnologiyalari rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlari bilan bogʻliq hamda jahon ilmiy-texnologik taraqqiyoti tendensiyalariga muvofiq dolzarb boʻlishi lozim.
Dissertatsiya mavzusi oliy taʼlim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Dissertatsiya mavzusi tasdiqlanganidan soʻng, uni roʻyxatga olish va “OAK Byulleteni” jurnalida eʼlon qilish uchun tegishli maʼlumot OAKga yuboriladi.
Dissertatsiya himoyaga qabul qilingunga qadar uning mavzusiga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
13. Dissertatsiya kirish qismi, kamida toʻrtta bob, asosiy xulosalar va foydalanilgan adabiyotlar roʻyxatidan iborat boʻlgan shaklda rasmiylashtiriladi.
Dissertatsiyaning matni 200 sahifadan oshmasligi kerak. Ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasidagi dissertatsiya hajmi koʻpi bilan 30 foizga oshirilishi mumkin.
Dissertatsiyaning titul varagʻi va dissertatsiya avtoreferati muqovasining orqa tomonida bitta ilmiy maslahatchi koʻrsatiladi. Zarur hollarda, OAK ruxsati bilan ikkinchi ilmiy maslahatchi ham koʻrsatilishi mumkin, ixtisosliklar tutashligida bajarilgan dissertatsiyalar uchun OAK ruxsati talab etilmaydi.
Ilmiy kengash tomonidan dissertatsiya himoyaga qabul qilinganidan soʻng dissertatsiyaga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin emas.
14. Dissertatsiya tadqiqotida zamonaviy talablarga javob bergan adabiyotlardan foydalanish tavsiya etiladi.
Dissertatsiyada foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati, talabgorning xohishiga koʻra, alifbo, sistematik yoki matnda havola qilinishi ketma-ketligi tarzida keltiriladi. Foydalanilmagan va havola qilinmagan adabiyotlarni roʻyxatga kiritish taqiqlanadi.
15. Dissertatsiyada foydalanilgan materiallarning manbasi, ularning muallifi va nomi toʻliq koʻrsatilishi, shuningdek hammualliflarning gʻoya yoki ishlanmalaridan foydalanilgan taqdirda, dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferatida bu haqda qayd etilishi shart.
Talabgor hammualliflikda yaratilgan (yozilgan) ilmiy ishidagi faqat oʻzining hissasini dissertatsiyasiga kiritishi mumkin.
Oʻzganing materialidan uning muallifi va manbasini koʻrsatmasdan foydalanilgan hollarda dissertatsiya u qaysi bosqichda koʻrilayotgan boʻlishidan qatʼi nazar, muhokamadan olib tashlanadi va talabgor ushbu mavzu boʻyicha dissertatsiyani qayta himoya qilish huquqidan mahrum etiladi.
3-bob. Dissertatsiya mavzusi boʻyicha eʼlon qilingan ilmiy ishlarga qoʻyiladigan talablar
16. Eʼlon qilingan ilmiy ishlar dissertatsiyaning ilmiy yangiligini aks ettirishi kerak. Dissertatsiya natijalari xalqaro va respublika doirasida oʻtkazilgan ilmiy konferensiyalarda, seminarlarda, davra suhbatlarida aprobatsiyadan (muhokamadan) oʻtkazilishi shart.
Dissertatsiyaning asosiy ilmiy natijalari davriy ilmiy nashrlarda eʼlon qilinishi lozim. Dissertatsiya boʻyicha eʼlon qilingan ilmiy ishlarning umumiy soni 15 tadan kam boʻlmasligi va ulardan kamida 10 tasi OAKning doktorlik dissertatsiyalarining asosiy ilmiy natijalarini eʼlon qilish uchun tavsiya etiladigan yetakchi ilmiy jurnallar va nashrlar, shu jumladan elektron ilmiy-texnik jurnallar roʻyxatiga (bundan buyon matnda Roʻyxat deb yuritiladi) kiritilgan ilmiy nashrlarda eʼlon qilingan boʻlishi kerak.
Ijtimoiy-gumanitar va iqtisodiy fanlar boʻyicha dissertatsiya natijalari boʻyicha monografiya eʼlon qilinishi kerak.
17. Dissertatsiya mavzusi boʻyicha kamida 2 ta maqola tegishli fan tarmogʻi rivojlangan xorijiy mamlakatlarning Roʻyxatga kiritilgan nufuzli ixtisoslashgan ilmiy jurnallarida, shuningdek 2 ta material (maqola, maʼruza yoki maʼruza tezisi) xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallarida, shundan 1 tasi xorijiy mamlakatlarda oʻtkazilgan konferensiya materiallari toʻplamida eʼlon qilingan boʻlishi shart.
18. Izlanuvchi tomonidan eʼlon qilingan maqolalar soni mazkur Nizomning 16 va 17-bandlarida nazarda tutilgan talablarga javob bermagan, lekin dissertatsiya yuksak ilmiy yoki amaliy ahamiyatga ega boʻlgan hollarda uning himoyasi masalasi, istisno tariqasida, OAK Rayosati tomonidan hal qilinadi.
19. Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan muhofaza (egalik) hujjatlari (patent), preprintlar, ilmiy xaritalar, ilmiy anjuman, konferensiya, simpozium va seminarlarda qilingan maʼruzalarning eʼlon qilingan tezislari, korxonalar qurish, ularni kengaytirish, modernizatsiya qilish hamda texnik va texnologik qayta jihozlash loyihalarining texnologik qismlari ham dissertatsiyaning ilmiy natijalarini aks ettiruvchi eʼlon qilingan ilmiy ishlar jumlasiga kiradi.
Dissertatsiya mavzusi boʻyicha intellektual mulk obyektlariga boʻlgan muhofaza (egalik) hujjatlari (patentlar) Roʻyxatga kiritilgan va shu fan tarmogʻi rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ixtisoslashgan ilmiy nashrlarida eʼlon qilingan maqolalar sifatida hisoblanadi.
Oliy taʼlim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi kengashi qarori bilan chop etilgan va kamida olti bosma taboq hajmdan iborat boʻlgan yakka mualliflikdagi monografiya Roʻyxatga kiritilgan milliy ilmiy nashrda eʼlon qilingan 3 ta maqola sifatida hisoblanadi, ijtimoiy-gumanitar va iqtisodiy fanlar boʻyicha dissertatsiya natijalari yuzasidan talab boʻyicha eʼlon qilingan monografiya bundan mustasno.
Oʻquv adabiyotlari, shu jumladan darsliklar dissertatsiya natijalarini aks ettiradigan eʼlon qilingan ilmiy ishlar jumlasiga kirmaydi.
20. Talabgor tomonidan dissertatsiya boʻyicha avtoreferat tayyorlanadi. Dissertatsiya avtoreferatida ilmiy ishlar roʻyxati quyidagi tartibda keltiriladi:
birinchi boʻlimda — Roʻyxatga kiritilgan ilmiy nashrlarda chop etilgan ilmiy ishlar hamda intellektual mulk obyektlariga boʻlgan muhofaza (egalik) hujjatlari (patent);
ikkinchi boʻlimda — dissertatsiya mavzusi boʻyicha nashr etilgan boshqa ilmiy ishlar.
21. Dissertatsiya avtoreferatida keltirilgan barcha ilmiy ishlar dissertatsiya mavzusiga muvofiq boʻlishi kerak.
Dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferatida keltirilgan ilmiy ishlarning nashr qilinganligiga oid maʼlumotlar aks ettirilishi, shu jumladan barcha mualliflar toʻliq yozilishi va maqolalar eʼlon qilingan jurnal yoki toʻplamlarning sahifalari aniq koʻrsatilishi lozim.
Nashrga topshirilgan, lekin eʼlon qilinmagan ishlar dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferatida keltirilishi mumkin emas.
22. Agar izlanuvchining maqolalari hammualliflikda yozilgan boʻlsa, u har bir hammuallifning hissasini xolis aks ettirishi lozim va maqolalardagi ilmiy natijalar hammuallifga tegishli boʻlsa, ularni oʻz dissertatsiyasida qisman yoki toʻla foydalanish uchun hammualliflarning yozma ravishda bildirgan roziligini olishi zarur.
23. OAKga talabgorning asosiy ilmiy ishlari nusxalari yuboriladi.
4-bob. Dissertatsiya bajarilgan muassasada dissertatsiyani dastlabki ekspertizadan oʻtkazish
24. Izlanuvchi tayyorlagan dissertatsiyasini dastlabki ekspertizadan oʻtkazish uchun dissertatsiya bajarilgan muassasa rahbari nomiga ariza bilan murojaat qiladi. Muassasa rahbari dissertatsiyani ushbu muassasaning yoki dissertatsiya ixtisosligi boʻyicha ilmiy ishlar bajarilayotgan boshqa muassasa(lar)ning tegishli kafedra, boʻlim, laboratoriya yoki kafedralararo, laboratoriyalararo birlashgan ilmiy (ilmiy-texnik) seminariga dastlabki ekspertizaga yuboradi.
25. Dissertatsiya bajarilgan muassasa tomonidan dissertatsiyaning dastlabki ekspertizasi yuzasidan xulosa beriladi. Xulosa ilmiy seminar bayonnomasidan kengaytirilgan batafsil koʻchirma shaklida rasmiylashtiriladi, ilmiy seminar raisi va ilmiy kotibi tomonidan imzolanadi hamda muassasa rahbari tomonidan tasdiqlanib, muassasaning gerbli muhri qoʻyiladi. Xulosada dissertatsiya natijalarini olishda izlanuvchining shaxsiy ishtiroki, oʻtkazilgan tadqiqot natijalarining qay darajada toʻgʻriligi, yangiligi va amaliy ahamiyati, dissertatsiya mavzusining ixtisoslikka mosligi, dissertatsiya materiallarining izlanuvchi eʼlon qilgan ilmiy ishlarda nechogʻliq toʻliq bayon etilganligi oʻz ifodasini topishi lozim.
26. Xulosa dissertatsiya dastlabki ekspertiza uchun topshirilgan kundan eʼtiboran 2 oy ichida izlanuvchiga beriladi. Dissertatsiya bajarilgan muassasa rahbari xulosaning sifati, xolisligi va oʻz vaqtida tayyorlanishi uchun masʼuldir.
27. Izlanuvchi dissertatsiyasini oʻz xohishi bilan ilmiy seminarlarga mustaqil ravishda murojaat qilgan holda dastlabki ekspertizadan oʻtkazishi mumkin.
28. Dissertatsiya bajarilgan muassasa rahbari dastlabki ekspertiza natijalaridan qoniqmagan taqdirda, dissertatsiyani qoʻshimcha ravishda ekspertizaga yuborishi mumkin.
29. Izlanuvchi Oʻzbekiston Respublikasida bajarilgan ilmiy-tadqiqot ishlari asosida tayyorlangan dissertatsiyani xorijiy davlatda himoya qilmoqchi boʻlgan taqdirda, OAKdan belgilangan tartibda ruxsat olishi lozim.
5-bob. Dissertatsiyani himoyaga taqdim etish
30. Dissertatsiya bajarilgan muassasada dissertatsiya dastlabki ekspertizadan muvaffaqiyatli oʻtganidan soʻng uni koʻrib chiqish uchun muassasa rahbarining kuzatuv xati bilan tegishli Ilmiy kengashga yuboriladi.
Dissertatsiya ixtisosligi yoki tegishli fan tarmogʻi boʻyicha Ilmiy kengash boʻlmagan taqdirda, dissertatsiya bajarilgan muassasa dissertatsiyani dastlabki ekspertizadan oʻtkazib, dissertatsiya ixtisosligiga yaqin keluvchi Ilmiy kengashga, bunday Ilmiy kengash boʻlmaganda esa, toʻgʻridan toʻgʻri OAKga Bir martalik ilmiy kengash tuzishni soʻrab murojaat qiladi.
31. Oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining rahbarlari va ularning oʻrinbosarlariga oʻzlari ishlayotgan joyda tuzilgan Ilmiy kengashlarda, vazirlik va idoralarning rahbarlariga oʻz tashkilotlariga qarashli muassasalarda tuzilgan Ilmiy kengashlarda dissertatsiya himoya qilishiga ruxsat berilmaydi. Bunda ularning dissertatsiya himoya qilishi bilan bogʻliq masalalar OAK tomonidan hal etiladi.
OAK apparati xodimlari OAK rahbariyati ruxsati bilan dissertatsiyalarini himoya qiladi.
6-bob. Dissertatsiyani qayta himoya qilish
32. Talabgor dissertatsiyani koʻrib chiqish jarayonining har qanday bosqichida Ilmiy kengashda yashirin ovoz berishdan oldin, OAKda esa, Ilmiy kengashning fan doktori ilmiy darajasini berish toʻgʻrisidagi qarori tasdiqlanishidan oldin dissertatsiyasini muhokamadan olishga haqlidir.
Ilmiy kengash yoki OAKning dissertatsiyani muhokamadan olish toʻgʻrisidagi qarori talabgorning yozma arizasi asosida qabul qilinadi.
33. Dissertatsiya talabgorning yozma arizasiga asosan muhokamadan olinganda, u qayta ishlangan holda takroran himoyaga taqdim etilishi mumkin.
34. Talabgor oʻz dissertatsiyasini muhokama qilmaslikni soʻrab, Ilmiy kengashga yozma ariza bergan taqdirda, Ilmiy kengash raisi ilmiy kotibga talabgor tomonidan topshirilgan hujjatlarni qaytarishga koʻrsatma beradi. Bunda talabgorning arizasi hamda dissertatsiya bilan dissertatsiya avtoreferatining 1 nusxasi Ilmiy kengashda qoladi. Dissertatsiyani himoya qilish paytida tayyorlangan hujjatlar ham Ilmiy kengashda qoladi va ular soʻrovnoma asosida himoya qayta oʻtadigan joyga yuborilishi mumkin.
35. Dissertatsiya himoyasi natijalari boʻyicha Ilmiy kengash salbiy qaror qabul qilgan taqdirda, talabgorning oliy maʼlumot haqidagi diplomi nusxasi, malakaviy imtihonlarni topshirganligi haqidagi guvohnomalar, ilmiy ishlarning nusxalari va dissertatsiya talabgorga qaytarib beriladi. Bunda dissertatsiya muassasaning Axborot-resurs markazi fondidan olib qoʻyiladi va dissertatsiya bajarilgan muassasa arxivida saqlanadi.
Dissertatsiya boʻyicha berilgan taqrizlar, dissertatsiya avtoreferati, majlis stenogrammasi, obyektiv-maʼlumotnoma, dissertatsiya bajarilgan muassasaning xulosasi hamda ovoz berish natijalari Ilmiy kengashda qoladi va soʻrovnoma asosida himoya qayta oʻtadigan joyga yuborilishi mumkin.
Ilmiy kengash qabul qilgan salbiy qarori haqida dissertatsiya himoya qilingan kundan eʼtiboran 10 kun ichida OAKni yozma ravishda xabardor qiladi. Bunda OAKga dissertatsiya avtoreferati va Ilmiy kengash majlisining stenogrammasi yuboriladi.
36. Dissertatsiya himoyasi natijalari yuzasidan Ilmiy kengashning qarori salbiy boʻlganda yoki OAK Rayosati tomonidan salbiy qaror qabul qilinganda, qaror qabul qilingandan keyin kamida 6 oy oʻtgach, dissertatsiya qayta ishlangan holda takroran himoyaga taqdim etilishi mumkin.
Dissertatsiya qayta himoya qilish uchun taqdim etilganida, avvalgi yetakchi tashkilot va rasmiy opponentlar almashtirilishi mumkin.
7-bob. OAKda attestatsiya yigʻmajildini koʻrib chiqish
37. Attestatsiya yigʻmajildi, shu jumladan dissertatsiya OAKning tegishli boʻlimlari tomonidan qabul qilib olinadi va ekspertizadan oʻtkazish uchun ekspert kengashiga taqdim etiladi.
38. Ilmiy kengash dissertatsiya himoyasini oʻtkazishda mazkur Nizom talablarini buzgan boʻlsa, OAK rahbariyati Tartib-qoida komissiyasining qaroriga asosan attestatsiya yigʻmajildini koʻrib chiqishni toʻxtatadi va mazkur dissertatsiya himoyasi Ilmiy kengash tomonidan qayta oʻtkaziladi.
39. Ekspert kengashi attestatsiya yigʻmajildi, shu jumladan dissertatsiyani ilmiy ekspertizadan oʻtkazib tegishli qaror qabul qiladi va ushbu qaror OAK Rayosatining navbatdagi majlisida koʻrib chiqiladi.
40. OAK Rayosati attestatsiya yigʻmajildi boʻyicha ekspert kengashi qarorini asosli deb topmasa, masalani qayta koʻrib chiqish uchun ekspert kengashiga qaytaradi.
41. Attestatsiya yigʻmajildini OAKda koʻrib chiqish muddati, qoida tariqasida, 3 oydan oshmasligi kerak. Ilmiy ekspertizadan oʻtkazish batafsil oʻrganib chiqishni talab qiladigan hollarda, OAK Rayosatining qarori bilan attestatsiya yigʻmajildini koʻrib chiqish muddati 2 oygacha uzaytirilishi mumkin.
42. Attestatsiya yigʻmajildini OAKda koʻrib chiqish jarayonida unda aniqlangan xato va kamchiliklarni tuzatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
43. OAK Rayosati ekspert kengashining xulosasiga asosan Ilmiy kengashning fan doktori ilmiy darajasini berish toʻgʻrisidagi qarorini tasdiqlaydi yoki rad qiladi.
44. Fan doktori ilmiy darajasi berilgan shaxsning dissertatsiyasi, dissertatsiya avtoreferati va ularning elektron shakli OAK tomonidan Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasiga topshiriladi.
8-bob. Diplomlarni rasmiylashtirish va berish
45. OAK Rayosatining fan doktori ilmiy darajasini berish toʻgʻrisidagi Ilmiy kengash qarorini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi va talabgorga 20 kun ichida fan doktori diplomi rasmiylashtirib beriladi.
46. Ilmiy darajani tasdiqlovchi diplom yoʻqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda, OAK tomonidan manfaatdor shaxs arizasiga muvofiq uning dublikati beriladi. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
fuqarolik pasportining nusxasi;
hujjat yoʻqolganligi toʻgʻrisida respublika markaziy gazetasida berilgan eʼlon nusxasi (agar yoʻqolgan boʻlsa);
topilmalar byurosining tegishli maʼlumotnomasi (agar yoʻqolgan boʻlsa).
47. Ilmiy daraja berilgan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi oʻzgargan taqdirda, diplomning dublikati beriladi.
9-bob. Ilmiy darajadan mahrum etish yoki uni tiklash
48. Koʻchirmachilik, soxta hujjatlar taqdim etilganlik, dissertatsiyaning ekspertizasi noxolis oʻtkazilganligi kabi holatlar aniqlangan taqdirda, Ilmiy kengash xulosasi va ekspert kengashi qaroriga asosan, ilmiy darajaga ega boʻlgan shaxslar OAK Rayosati tomonidan ilmiy darajadan mahrum etilishi mumkin.
OAK Rayosatining fan doktori ilmiy darajasini berish toʻgʻrisidagi Ilmiy kengash qarorini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingandan keyin 10 yil oʻtgan boʻlsa, ilmiy darajadan mahrum etish masalasi koʻrib chiqilmaydi.
49. Ilmiy kengashning fan doktori ilmiy darajasidan mahrum etish, mahrum etmaslik yoki uni tiklash boʻyicha xulosasi ekspert kengashi tomonidan koʻrib chiqiladi.
50. Ekspert kengashining tegishli qarori OAK Rayosati tomonidan koʻrib chiqiladi va shaxsni fan doktori ilmiy darajasidan mahrum etish yoki mahrum etmaslik yoxud uni tiklash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
10-bob. Apellatsiyani koʻrib chiqish
51. Manfaatdor shaxslar Ilmiy kengashning fan doktori ilmiy darajasini berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan Ilmiy kengashga yoki OAKga apellatsiya berishi mumkin.
Manfaatdor shaxslar fan doktori ilmiy darajasini berish yoki berishni rad qilish, xorijiy davlatlar oliy attestatsiya organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari hamda Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashab va ishlab turgan xorijiy fuqarolarga berilgan ilmiy darajalar haqidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish (ekvivalentligini qayd etish) masalalarining OAKda koʻrib chiqilishi boʻyicha OAK Rayosati qarori yuzasidan OAKga apellatsiya berishi mumkin.
Apellatsiya tegishli qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran 2 oy ichida beriladi.
52. Apellatsiya Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan tartib va muddatlarda koʻrib chiqiladi.
53. Apellatsiya Ilmiy kengash tomonidan Ilmiy kengash faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlariga asosan belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
54. OAK Rayosati va Ilmiy kengash qarorlari yuzasidan berilgan apellatsiya boʻyicha Ilmiy kengash xulosasi OAK Tartib-qoida komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi. OAK Tartib-qoida komissiyasi apellatsiyani koʻrib chiqishni ekspert kengashiga topshirishi mumkin. Zarur hollarda, OAKda mazkur masalani koʻrib chiqishning avvalgi bosqichlarida ishtirok etmagan mutaxassis-olimlardan iborat Apellatsiya komissiyasi tuziladi. Apellatsiya komissiyasi OAK Rayosati qarori bilan kamida 5 nafar aʼzodan iborat tarkibda tuziladi.
55. OAK Rayosati tomonidan Tartib-qoida komissiyasi, ekspert kengashi yoki Apellatsiya komissiyasi xulosasi koʻrib chiqiladi va apellatsiya boʻyicha yakuniy qaror qabul qilinadi.
56. OAK Rayosatining apellatsiya boʻyicha qabul qilgan yakuniy qarori darhol apellatsiya bergan shaxslarga, shuningdek, Ilmiy kengashga yuboriladi.
11-bob. Yakuniy qoidalar
57. Xorijiy davlatlarning oliy attestatsiya organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari hamda Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashab va ishlab turgan chet el fuqarolariga berilgan fan doktori ilmiy darajasi haqidagi hujjatlar OAK tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 25-iyuldagi 283-son qarori bilan tasdiqlangan Xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq nostrifikatsiya (qayta attestatsiyadan oʻtkazish asosida tenglashtiriladi) qilinadi.
58. Xorijiy davlatlarda olingan falsafa doktori (Ph.D) ilmiy darajasiga ega boʻlgan yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalarga ega boʻlgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 25-avgustdagi 246-son qarori bilan tasdiqlangan Xorijiy davlatlarda olingan falsafa doktori (Ph.D) ilmiy darajasiga ega boʻlgan yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalarga ega boʻlgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni hisobga olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasiga taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxatiga asosan OAKda hisobga olinadi.
59. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi hamda Intellektual mulk agentligi bilan kelishilgan.
Madaniyat va sport ishlari vaziri B. AXMEDOV
2016-yil 31-mart
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A. VAXOBOV
2016-yil 31-mart
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2016-yil 31-mart
Xalq taʼlimi vaziri U. INOYATOV
2016-yil 31-mart
Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Sh. TEShAYEV
2016-yil 31-mart
Tashqi ishlar vaziri A. KAMILOV
2016-yil 31-mart
Fanlar akademiyasi prezidenti v.v.b. S. LUTPULLAYEV
2016-yil 31-mart
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi ijro apparati rahbari O. PARPIYEV
2016-yil 31-mart
Intellektual mulk agentligi bosh direktori v. v. b. M. BOBOJANOV
2016-yil 31-mart
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 23-son, 276-modda)