Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Terrorchilikka qarshi operatsiya oʻtkazish natijasida shaxsga yoxud jismoniy yoki yuridik shaxslarning mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
“Terrorizmga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Terrorchilikka qarshi operatsiya oʻtkazish natijasida shaxsga yoxud jismoniy yoki yuridik shaxslarning mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 24-may,
170-son
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 24-maydagi 170-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Terrorchilikka qarshi operatsiya oʻtkazish natijasida shaxsga yoxud jismoniy yoki yuridik shaxslarning mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom terrorchilikka qarshi operatsiya oʻtkazish natijasida shaxsga yoxud jismoniy yoki yuridik shaxslarning (keyingi oʻrinlarda mol-mulk egalari deb ataladi) mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplash tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizomning amal qilishi terrorizmga qarshi kurashda qatnashayotgan shaxslarga yetkazilgan zararni qoplashga tatbiq etilmaydi, terrorchilikka qarshi operatsiyani oʻtkazishda qatnashayotgan shaxsga mulkiy zarar terrorizmga qarshi operatsiyani oʻtkazish hududida mol-mulk egasi sifatida yetkazilgan hollar, shuningdek mol-mulk egalarining mol-mulki mazkur xavf boʻyicha sugʻurta qilingan holatlar bundan mustasno.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Mol-mulk egalariga yetkazilgan mulkiy zarar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari, Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalari mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga qoplanadi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-maydagi 384-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2018-y., 09/18/384/1266-son)
3. Quyidagilar qoplanishi lozim:
terrorchilikka qarshi operatsiya oʻtkazish natijasida butunlay yoʻq qilinganligi sababli tiklashning imkoni yoʻq boʻlgan mol-mulkning bozor qiymati;
terrorchilikka qarshi operatsiya oʻtkazish natijasida mol-mulkka yetkazilgan zarar.
Terrorchilikka qarshi operatsiya oʻtkazish natijasida shaxsning sogʻligʻiga zarar yetkazilgan taqdirda, unga bepul zarur tibbiy yordam taʼminlanadi, fuqaro halok boʻlgan taqdirda esa — qonunchilikka muvofiq, uning oila aʼzolariga pensiya yoki boquvchisini yoʻqotganlik nafaqasi tayinlanadi.
Maʼnaviy zararni qoplash masalalari sud tartibida hal qilinadi.
4. Shaxsga uning terrorchilik harakatidagi ishtirokiga chek qoʻyilishi munosabati bilan yetkazilgan zarar qoplanmaydi.
Oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joy, ishlab chiqarishlar va boshqa bino va inshootlarning qiymati, shuningdek mol-mulk egasining boy bergan foydasi qoplanmaydi.
5. Terrorchilikka qarshi operatsiyani oʻtkazish natijasida mol-mulk egalariga yetkazilgan mulkiy zararni qoplash ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
II. Murojaatlarni koʻrib chiqish va mulkiy zararni qoplash tartibi
6. Terrorchilikka qarshi operatsiya tugagandan soʻng uch ish kuni mobaynida hududida terrorchilikka qarshi operatsiya oʻtkazilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyat yoki Toshkent shahri hokimi (keyingi oʻrinlarda vakolatli organ deb ataladi) tomonidan terrorchilikka qarshi operatsiyani oʻtkazish natijasida mol-mulkiga yetkazilgan mulkiy zararni qoplash uchun mol-mulk egalarining murojaatlarini koʻrib chiqish komissiyasi (keyingi oʻrinlarda komissiya deb ataladi) tashkil etiladi.
Komissiyaga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyat yoki Toshkent shahri hokimi yoxud ularning oʻrinbosarlari boshchilik qiladi.
Komissiyaning shaxsiy tarkibi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, tegishli viloyat yoki Toshkent shahri hokimining qarori bilan tasdiqlanadi.
Komissiya tarkibiga tergov va moliya organlarining, Davlat raqobat qoʻmitasi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi va boshqa manfaatdor organlar, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining vakillari kiritiladi.
7. Mol-mulk egalarini komissiya oʻz ishini boshlaganidan xabardor qilish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, tegishli viloyat yoki Toshkent shahri hokimliklari tomonidan ommaviy axborot vositalarida maʼlumotni joylashtirish, shuningdek fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organlarining yordamida komissiya tashkil qilingan kundan eʼtiboran ikki ish kuni mobaynida amalga oshiriladi.
8. Yoʻq qilingan yoki shikastlangan mol-mulkni qoplash uchun mol-mulk egasi yoki uning vakili komissiyaga yozma ravishda murojaat qiladi va quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) terrorchilikka qarshi operatsiya oʻtkazish natijasida yetkazilgan mulkiy zararni qoplash toʻgʻrisidagi ariza (keyingi oʻrinlarda ariza deb ataladi), unda quyidagilar koʻrsatiladi:
yuridik shaxsning nomi, uning rekvizitlari, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (keyingi oʻrinlarda STIR deb ataladi), bank rekvizitlari, rahbarning familiyasi, ismi va otasining ismi (yuridik shaxslar uchun);
familiyasi, ismi va otasining ismi, bank rekvizitlari, yashash manzili va bogʻlanish uchun boshqa maʼlumotlar (jismoniy shaxslar uchun);
b) davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi — yuridik shaxslar uchun;
v) pasport yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatning nusxasi — jismoniy shaxslar uchun;
g) mol-mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatning nusxasi;
d) vakil sifatida murojaat qilish huquqini tasdiqlovchi hujjat va shaxsini tasdiqlovchi hujjatning nusxasi — yuridik yoki jismoniy shaxsning vakili uchun (mol-mulk egasining vakili murojaat qilgan taqdirda);
e) koʻrilgan moddiy zararning miqdorini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari (mavjud boʻlgan taqdirda).
Ariza murojaat qilingan kundan boshlab koʻrib chiqiladi, agar murojaat komissiya ish boshlagan kundan 6 oydan kechikmay kelib tushgan boʻlsa.
Komissiya ish boshlagan kundan 6 oy oʻtgandan soʻng komissiyaga murojaat qilingan taqdirda, yoʻq qilingan yoki shikastlangan mol-mulkni qoplash masalasi sud tartibida hal qilinadi.
9. Ariza va mazkur Nizomning 8-bandida qayd etilgan unga ilova qilingan hujjatlar komissiya tomonidan oʻn besh ish kuni mobaynida koʻrib chiqilishi kerak.
10. Mazkur Nizomning 8-bandida qayd etilgan hujjatlar Komissiyaga toʻliq taqdim qilinmagan taqdirda, komissiya ariza kelib tushgan kundan boshlab bir ish kuni mobaynida mol-mulk egasini yoki uning vakilini yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish kerakligi haqida xabardor qiladi.
11. Komissiya ariza va unga ilova qilingan hujjatlar kelib tushgan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida baholovchi tashkilotni jalb etgan holda, mol-mulk egasiga yetkazilgan mulkiy zararning miqdorini baholashni tashkillashtiradi.
Mol-mulk egasiga yetkazilgan mulkiy zararning miqdorini baholashni tashkil qilish bilan bogʻliq xarajatlar mazkur Nizomning 2-bandida koʻrsatilgan mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.
12. Baholovchi tashkilot tomonidan mulkiy zararni baholash tugagandan soʻng, komissiya uch ish kuni mobaynida mol-mulk egasiga yetkazilgan mulkiy zararni qoplashning miqdori boʻyicha xulosani (keyingi oʻrinlarda xulosa deb ataladi) tayyorlaydi hamda vakolatli organga kiritadi.
13. Vakolatli organ mol-mulk egasiga yetkazilgan mulkiy zararni qoplash toʻgʻrisidagi qarorni xulosani olgan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida qabul qiladi hamda uni tegishli moliya organiga va gʻaznachilik boʻlinmasiga ijro etish uchun yuboradi.
Bunda vakolatli organ qaror qabul qilingan kundan boshlab ikki ish kuni mobaynida mol-mulk egasiga qabul qilingan qaror toʻgʻrisida yozma ravishda xabar qilishi shart.
14. Moliya organi gʻaznachilik boʻlinmasi bilan birgalikda vakolatli organning mol-mulk egasiga mulkiy zararni qoplash toʻgʻrisidagi qarori olingan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida, qonunchilikka muvofiq, vakolatli organning qarorida qayd qilingan mol-mulk egasining bank hisob raqamiga pul mablagʻlarini oʻtkazishni amalga oshiradi.
15. Mulkiy zararni qoplashni rad etish toʻgʻrisidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinadi:
a) zarur shaklda rasmiylashtirilmagan hujjatlar taqdim etilganda;
b) taqdim etilgan hujjatlarda ishonchsiz maʼlumotlar mavjud boʻlganda.
16. Mol-mulk egasi mulkiy zararni qoplashni rad etish uchun asos boʻlgan sabablarni bartaraf etgan taqdirda, komissiya tomonidan hujjatlarni qayta koʻrib chiqish mol-mulk egasining arizasi talab qilingan barcha hujjatlar bilan birga olingan kundan boshlab oʻn kundan oshmaydigan muddatda amalga oshiriladi.
17. Zarurat boʻlgan hollarda, mol-mulk egasi yoki uning vakili bilan kelishilgan holda, mulkiy zarar mol-mulk egasiga yoki uning vakiliga teng qiymatdagi mol-mulkni berish yoʻli bilan natura tarzida qoplanishi mumkin.
III. Yakunlovchi qoidalar
18. Ushbu Nizomning talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
19. Terrorchilikka qarshi operatsiya oʻtkazish natijasida shaxsga yoxud jismoniy yoki yuridik shaxslarning mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplash masalalari boʻyicha nizo va kelishmovchiliklar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Terrorchilikka qarshi operatsiya oʻtkazish natijasida shaxsga yoxud jismoniy yoki yuridik shaxslarning mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Terrorchilikka qarshi operatsiya oʻtkazish natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararni qoplash
SXEMASI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 21-son, 235-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2018-y., 09/18/384/1266-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)