Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublikaning qayta ishlash tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, oziq-ovqat va farmatsevtika tarmogʻiga investitsiyalarni jalb etish, shuningdek mahalliy xomashyodan ishlab chiqarilgan qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar eksporti hajmini koʻpaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki:
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarda Oʻzbekiston Respublikasining yalangʻoch qizilmiya ildizidan ekstrakt ishlab chiqaruvchi qayta ishlash tashkilotlari bilan yetkazib berishga doir shartnomalar majburiyatlarini bajarish yuzasidan yalangʻoch qizilmiya gʻamlangan (toʻplangan) taqdirda, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yalangʻoch qizilmiyani gʻamlash (toʻplash) oʻsimlik dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanishga ruxsatnoma olinmasdan amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
yalangʻoch qizilmiyani gʻamlaganlik (toʻplaganlik) uchun toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar berilgan holda gʻamlangan (toʻplangan) yalangʻoch qizilmiyadan boshqa maqsadlarda foydalanilgan taqdirda, imtiyozlar berilishi munosabati bilan toʻlanmagan toʻlovlar summasi qonunchilikda belgilangan miqdorda oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zarar qoplangan holda undiriladi.
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
2. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-oktabrdagi 290-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2014-y., 10-son, 108-modda) bilan tasdiqlangan Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish va oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 23-mart,
85-son
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 23-martdagi 85-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish va oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib- taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 10-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“10. Yuridik va jismoniy shaxslarga yovvoyi holda oʻsadigan oʻsimliklarni gʻamlaganlik (toʻplaganlik) boʻyicha imtiyozlar:
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarda Oʻzbekiston Respublikasining yalangʻoch qizilmiya ildizidan ekstrakt ishlab chiqaruvchi qayta ishlash tashkilotlari bilan tuzilgan yalangʻoch qizilmiyani yetkazib berishga oid shartnomalar boʻyicha majburiyatlarni ijro etish yuzasidan yalangʻoch qizilmiyani gʻamlash (toʻplash) sharti bilan yalangʻoch qizilmiyani gʻamlashda (toʻplashda) oʻsimlik dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanishga ruxsatnoma olishdan ozod etish;
gʻamlaganlik (toʻplaganlik) uchun toʻlovlarni kamaytirish shaklida beriladi:
belgilangan toʻlovlarning 50 foizi miqdorida kamaytirish- Qizil kitobga kirmaydigan hamda har yili Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadigan yovvoyi holda oʻsadigan oʻsimliklar roʻyxatiga kiritilgan yovvoyi holda oʻsadigan oʻsimliklardan (yalangʻoch qizilmiyadan tashqari) ekstrakt tayyorlanganda yoki Oʻzbekiston Respublikasining ekstrakt ishlab chiqaruvchi qayta ishlash tashkilotlari bilan ularni xomashyo sifatida yetkazib berish yuzasidan shartnomalar mavjud boʻlganda;
plantatsiyalar tashkil etish maqsadida ekish materiallari (urugʻlar, koʻchatlar) uchun belgilangan toʻlovlarning 90 foizi miqdorida kamaytirish;
belgilangan toʻlovlarning 90 foizi miqdorida kamaytirish — qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan boshqa yerlarda yalangʻoch qizilmiya gʻamlash (toʻplash) va Oʻzbekiston Respublikasining yalangʻoch qizilmiya ildizidan ekstrakt ishlab chiqaruvchi qayta ishlash tashkilotlari bilan tuzilgan yalangʻoch qizilmiya ildizini xomashyo sifatida yetkazib berish yuzasidan shartnomalar mavjud boʻlganda.
Yovvoyi holda oʻsadigan oʻsimliklar roʻyxati, shuningdek respublika boʻyicha gʻamlash (toʻplash) hajmlari Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosasi va respublikaning yovvoyi holda oʻsadigan oʻsimliklardan ekstrakt ishlab chiqaruvchi qayta ishlash tashkilotlari buyurtmanomalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining yovvoyi holda oʻsadigan oʻsimliklardan ekstrakt ishlab chiqaruvchi qayta ishlash tashkilotlari yetkazib berishga shartnomalar nusxalarini tegishli hisobni yuritish uchun yovvoyi oʻsimliklar gʻamlanadigan (toʻplanadigan) hudud boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining hududiy boʻlinmalariga taqdim etadilar”.
2. Quyidagi mazmundagi 101-band qoʻshilsin:
“101. Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanishga ruxsatnoma olishdan ozod etish shaklida ular boʻyicha yuridik va jismoniy shaxslarga imtiyoz berilgan holda yalangʻoch qizilmiya gʻamlanganligi (toʻplanganligi) uchun toʻlov Oʻzbekiston Respublikasining yalangʻoch qizilmiya ildizidan ekstrakt ishlab chiqaruvchi, xomashyo shaklida yalangʻoch qizilmiyani yetkazib berishga yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzgan qayta ishlash tashkilotlari tomonidan (ruxsatnoma olinmasdan) belgilangan toʻlovlarning 3 foizi miqdorida toʻlanadi”.
3. 75-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Gʻamlashga (toʻplashga) toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar berilgan holda gʻamlangan (toʻplangan) yalangʻoch qizilmiyadan boshqa maqsadlarda foydalanilgan taqdirda, imtiyozlar berilishi munosabati bilan toʻlanmagan toʻlovlar summasi oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zarar qoplangan holda ushbu bandning birinchi xatboshiga muvofiq undiriladi”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 12-son, 113-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)