O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sport obyektlarini qurish tartibini yanada takomillashtirish va ulardan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-maydagi 272-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi tashkil etilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z ko‘chini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘rsida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashining sport obyektlarini, shu jumladan bolalar sporti obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishning manzilli dasturlarini shakllantirish jarayonini takomillashtirish, ulardan samarali foydalanish, bolalarning har tomonlama rivojlanishini ta’minlash, yoshlarni sportga keng jalb etish, professional sportchilarni tarbiyalash, shuningdek yuqori malakali sportchilarni tayyorlash yuzasidan 2015-yil 25-fevraldagi topshiriqlarini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida Sport obyektlaridan foydalanishni yanada takomillashtirishga doir tavsiyalar ishlab chiqish bo‘yicha ekspert guruhlar (keyingi o‘rinlarda Ekspert guruhlar deb ataladi) tashkil etilsin.
2. Belgilansinki, Ekspert guruhlar sport obyektlarini qurish joylarini tanlash tartibotlariga, shuningdek qurilishi va rekonstruksiya qilinishi tugallangan sport obyektlarini, shu jumladan bolalar sporti obyektlarini foydalanishga qabul qilishga majburiy tartibda jalb etiladi.
3. Quyidagilar Ekspert guruhlarning asosiy vazifalari etib belgilansin:
sport inshootlariga ularning tiplari bo‘yicha real ehtiyojni, tegishli hududda muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishning holatini hisobga olgan holda qurilish uchun eng qulay va gavjum joylarni tanlash, xususan, sport obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishning manzilli dasturlarini shakllantirishga doir takliflar hamda xulosalar ishlab chiqish va mahalliy davlat hokimiyati organlariga taqdim etish;
qurilishi tugallangan sport obyektlarining, shu jumladan bolalar sporti obyektlarining davlat qabuli jarayonida ishtirok etish;
sport obyektlarining, shu jumladan, bolalar sporti obyektlaridan samarali foydalanilishini o‘rganish;
fuqarolarni, nodavlat notijorat tashkilotlarini, tashkilotlarni, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini sport obyektlarini, shu jumladan bolalar sporti obyektlarini qurish sohasidagi masalalarni muhokama qilishga jalb etish.
4. Sport obyektlaridan foydalanishni yanada takomillashtirishga doir tavsiyalar ishlab chiqish bo‘yicha ekspert guruh to‘g‘risidagi nizom hamda uning Namunaviy tarkibi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
5. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi — Ekspert guruhlarning muvofiqlashtiruvchi organi;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 508-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining hududiy bo‘linmalari — Ekspert guruhlarning ishchi organi etib belgilansin.
(5-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-avgustdagi 481-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.08.2020-y., 09/20/481/1169-son)
6. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi bir oy muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishgan holda Ekspert guruhlarning shaxsiy tarkibini tasdiqlasinlar.
7. Belgilab qo‘yilsinki, stadionlar va balansda saqlovchisi budjet tashkilotlari va davlat korxonalari bo‘lgan yirik sport obyektlarining direktorlari lavozimga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishgan holda tayinlanadi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda sport obyektlarining faoliyat ko‘rsatishi holatini puxta va sinchiklab tahlil qilish asosida sport obyektlaridan, shu jumladan bolalar sporti obyektlaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturini ishlab chiqsinlar, bunda quyidagi masalalarning hal etilishiga asosiy e’tibor qaratilsin:
umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar o‘quvchilarining sport bilan ommaviy ravishda shug‘ullanishlarini ta’minlash;
sport inshootlarini, belgilangan normativlardan kelib chiqqan holda, zamonaviy sport asbob-uskunalari va inventarlari bilan jihozlash;
sport inshootlarini yuqori malakali, kasbiy jihatdan tayyorlangan trener kadrlar, shu jumladan ayol trenerlar bilan ta’minlash;
sport va sport tadbirlarining har xil turlari bo‘yicha o‘tkaziladigan muntazam mashg‘ulotlar sonini ko‘paytirish yo‘li bilan sport obyektlarining bandligini ta’minlash;
bolalar va yosh sportchilardan, shuningdek O‘zbekiston terma jamoalari va ularning rezervdagi a’zolaridan respublika va xalqaro musobaqalarda sovrindorlar tayyorlash hisobiga sport bilan shug‘ullanish natijadorligini oshirish;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining o‘z hududida tashkil etilgan sport obyektlarining, shu jumladan bolalar sporti obyektlarining belgilangan maqsaddan tashqari va past samarali ishlari yuzasidan shaxsiy javobgarligini kuchaytirish.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 20-may,
130-son
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-maydagi 130-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Sport obyektlaridan foydalanishni yanada takomillashtirishga doir tavsiyalar ishlab chiqish bo‘yicha Ekspert guruh to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom sport obyektlaridan foydalanishni yanada takomillashtirishga doir tavsiyalarni ishlab chiqish bo‘yicha Ekspert guruh (keyingi o‘rinlarda Ekspert guruh deb ataladi) faoliyati tartibini belgilaydi.
2. Ekspert guruh doimiy ishlaydigan kengashuvchi — maslahat beruvchi organ hisoblanadi.
3. Ekspert guruh o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Ekspert guruh faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan ta’minlash belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati organlarining mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
5. Ekspert guruh faoliyati mintaqaviy ommaviy axborot vositalarida yoritiladi.
II. Ekspert guruh faoliyatining maqsadlari, vazifalari
6. Fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ehtiyojlarini hamda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishdan manfaatdorligini hisobga olgan holda sport obyektlaridan, shu jumladan bolalar sporti obyektlaridan maqsadli va samarali foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va taqdim etish Ekspert guruh faoliyatining asosiy maqsadi hisoblanadi.
7. Quyidagilar Ekspert guruhning asosiy vazifalari hisoblanadi:
sport inshootlariga ularning tiplari bo‘yicha real ehtiyojni, tegishli hududda muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishning holatini hisobga olgan holda qurilish uchun eng qulay va gavjum joylarni tanlash, xususan, sport obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishning manzilli dasturlarini shakllantirishga doir takliflar hamda xulosalar ishlab chiqish va mahalliy davlat hokimiyati organlariga taqdim etish;
qurilishi tugallangan sport obyektlarining, shu jumladan bolalar sporti obyektlarining davlat qabuli jarayonida ishtirok etish;
sport obyektlarining, shu jumladan, bolalar sporti obyektlaridan samarali foydalanilishini o‘rganish;
fuqarolarni, nodavlat notijorat tashkilotlarini, tashkilotlarni, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini sport obyektlarini, shu jumladan bolalar sporti obyektlarini qurish sohasidagi masalalarni muhokama qilishga jalb etish.
III. Ekspert guruhning funksiyalari va huquqlari
8. Ekspert guruh o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
sport obyektlari qurish uchun joylarni tayyorlash jarayonida, jumladan qurish va rekonstruksiya qilishning manzilli dasturlari loyihalarini, o‘rtacha muddatli, uzoq muddatli rivojlantirish dasturlarini, konsepsiyalarni hamda hududlarning jismoniy tarbiya va sport infratuzilmasini rivojlantirish sohasiga taalluqli boshqa hujjatlarni ishlab chiqishda qatnashadi;
qurilgan sport obyektlarini, shu jumladan bolalar sporti obyektlarining davlat qabuli jarayonida mahalliy davlat hokimiyati organlariga takliflarni va ekspert xulosani taqdim etadi;
sport obyektlari, shu jumladan bolalar sporti obyektlari infratuzilmasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari tahlili va monitoringini olib boradi;
sport obyektlari, shu jumladan bolalar sporti obyektlari infratuzilmasini rivojlantirish sohasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, nodavlat notijorat tashkilotlarining jamoatchilik tashabbuslarini, davlat hokimiyati organlarining takliflarini ko‘rib chiqadi va ekspertizadan o‘tkazadi;
sport obyektlari, shu jumladan bolalar sporti obyektlari infratuzilmasidan foydalanish samaradorligini oshirish va rivojlantirishga yo‘naltirilgan tahliliy va axborot materiallari, loyihalar va boshqa hujjatlar shaklidagi takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqadi hamda ko‘rib chiqish uchun mahalliy davlat hokimiyati organlariga kiritadi;
Ekspert guruh majlislarida muhokama qilinadigan masalalarni yoritish yuzasidan ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.
9. Ekspert guruhning mahalliy davlat hokimiyati organlariga taqdim etilgan takliflari va xulosalarini ko‘rib chiqish majburiydir.
10. Ekspert guruh quyidagi huquqlarga ega:
sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ulardan foydalanish masalalarini ko‘rib chiqishda ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat muassasalari va tashkilotlari rahbarlarini, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini Ekspert guruh majlisiga taklif etish;
Ekspert guruh vakolatiga tegishli bo‘lgan masalalar bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil etish, ularning tarkibiga samarali ishlash uchun nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari kiritilishi mumkin;
Ekspert guruhlarning sifatli ishlashi uchun zarur bo‘lgan ularning vakolatiga kiradigan axborotni mahalliy davlat hokimiyati organlaridan hamda boshqa davlat tashkilotlari va nodavlat notijorat tashkilotlaridan, tadbirkorlik subyektlaridan so‘rab olish.
IV. Ekspert guruhni shakllantirish tartibi, uning tarkibi va tuzilmasi
11. Ekspert guruh tarkibi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillaridan, sport trenerlari hamda jismoniy tarbiya va sport xodimlaridan, davlat tashkilotlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillaridan shakllantiriladi.
12. Ekspert guruh a’zolari o‘z vazifalarini jamoatchilik asosida bajaradilar.
13. Ekspert guruh uning faoliyatida ixtiyoriy qatnashish asosida shakllantiriladi.
14. Ekspert guruh tarkibiga quyidagilar kiradi:
Ekspert guruh raisi — O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining hududiy bo‘linmasi rahbari;
(14-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 508-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)
Ekspert guruh raisining o‘rinbosarlari — O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining hududiy bo‘linmasi rahbari o‘rinbosari va O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining hududiy vakillari;
(14-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-avgustdagi 481-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.08.2020-y., 09/20/481/1169-son)
Ekspert guruh a’zolari — fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari, sport trenerlari hamda jismoniy tarbiya va sportning boshqa mutaxassislari, davlat tashkilotlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari;
Ekspert guruh kotibi — O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining hududiy bo‘linmasi mutaxassisi.
(14-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-avgustdagi 481-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.08.2020-y., 09/20/481/1169-son)
15. Ekspert guruh raisi bo‘lmagan taqdirda uning vazifalarini bajarish raisning o‘rinbosarlaridan biriga yuklanadi.
16. Ekspert guruhning shaxsiy tarkibi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 508-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)
17. Ekspert guruh raisi:
Ekspert guruh faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;
Ekspert guruh ishlarini tashkil etadi va uning majlislarida raislik qiladi;
Ekspert guruh majlislari bayonnomalarini va boshqa hujjatlarini imzolaydi;
Ekspert guruh majlisi sanasini, joyini, vaqtini, kun tartibini belgilaydi;
raisning o‘rinbosarlari va Ekspert guruh a’zolari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi, Ekspert guruh faoliyati doirasida ularga topshiriqlar beradi;
ishchi guruhlar tarkibini tasdiqlaydi;
Ekspert guruh faoliyati masalalari bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.
V. Ekspert guruhning ishchi organi
18. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining tegishli hududiy bo‘linmasi Ekspert guruhning ishchi organi (keyingi o‘rinlarda ishchi organ deb ataladi) hisoblanadi.
(18-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-avgustdagi 481-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.08.2020-y., 09/20/481/1169-son)
19. Ishchi organ:
Ekspert guruh faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan ta’minlaydi;
Ekspert guruh majlislarini o‘tkazishga barcha zarur materiallarning o‘z vaqtida tayyorlanishini ta’minlaydi hamda unga davlat organlari va boshqa tashkilotlardan, shuningdek Ekspert guruh a’zolaridan zarur materiallar va ekspert xulosalarini olish huquqi beriladi;
Ekspert guruh majlislari o‘tkazilishini va kun tartibidagi masalalar bo‘yicha tahliliy materiallar tayyorlanishini tashkil etadi;
Ekspert guruh xulosalari bajarilishini joyiga borib o‘rganadi;
Ekspert guruh a’zolarini va taklif etilgan shaxslarni, tegishli materiallarni yuborgan holda, majlis o‘tkaziladigan sana, joy va vaqt to‘g‘risida xabardor qiladi.
20. Ekspert guruhning qarori bilan ishchi organga uning faoliyati samaradorligini oshirish va attestatsiya o‘tkazish maqsadida boshqa funksiyalar ham yuklanishi mumkin.
VI. Yakunlovchi qoidalar
21. Quyidagi hollarda Ekspert guruh a’zosining vakolatlari to‘xtatiladi:
u Ekspert guruh tarkibidan chiqish to‘g‘risida ariza berganda;
qonun hujjatlariga muvofiq u huquqiy layoqatsiz, sababsiz hozir bo‘lmagan yoki vafot etgan deb e’tirof etilganda.
22. Ekspert guruh a’zosi uning tarkibiga kirishiga to‘sqinlik qiluvchi holatlar yuz bergan taqdirda, u tegishli holatlar yuzaga kelgan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida Ekspert guruh raisi nomiga Ekspert guruh tarkibidan chiqish to‘g‘risida yozma ariza yuborishi shart.
23. Ekspert guruhning shaxsiy tarkibi va faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar mahalliy davlat hokimiyati organining rasmiy saytida joylashtiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-maydagi 130-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Sport obyektlaridan foydalanishni yanada takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish bo‘yicha ekspert guruhning
NAMUNAVIY TARKIBI
|
Rais |
― |
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining hududiy bo‘linmasi rahbari |
|
Rais o‘rinbosari |
― |
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining hududiy bo‘linmasi rahbari o‘rinbosari |
|
Rais o‘rinbosari |
― |
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining hududiy vakili |
|
guruh a’zolari |
― |
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari, sport trenerlari hamda jismoniy tarbiya va sportning boshqa mutaxassislari, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari |
|
guruh kotibi |
― |
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining hududiy bo‘linmasining mutaxassisi”. |
(2-ilovaning matni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-avgustdagi 481-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.08.2020-y., 09/20/481/1169-son)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015-y., 20-son, 258-modda; 2017-y., 20-son, 367-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son; 13.08.2020-y., 09/20/481/1169-son)