O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
Respublikada o‘tkazilayotgan sud-huquq islohotlariga binoan qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, shuningdek odil sudlovni amalga oshirish amaliyotida kelib chiqayotgan masalalarni to‘g‘ri hal etish bo‘yicha tushuntirishlar berish zaruriyati tufayli, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
I. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud Plenumi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha qabul qilingan quyidagi qarorlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin:
1. Oliy sud Plenumining 1999-yil 24-sentabrdagi “Fuqarolik ishlarini sudda ko‘rishga tayyorlash va ularni ko‘rish muddatlari to‘g‘risida”gi 18-sonli qarorining
a) o‘zbek tilidagi matni preambulasida:
beshinchi so‘zboshisidagi “miqdorda” so‘zi “darajada” so‘zi bilan almashtirilsin;
oltinchi so‘zboshisining birinchi jumlasidagi “amal qilmoqda” so‘zi “mavjud” so‘zi bilan almashtirilsin;
b) rus tilidagi matni preambulasida:
oltinchi so‘zboshisining oxirgi jumlasi chiqarilsin;
v) rus tilidagi matni 5-bandining birinchi so‘zboshisidagi “naznachatsya” so‘zi “predostavlyatsya” so‘zi bilan almashtirilsin;
g) o‘zbek tilidagi matni 9-bandining ikkinchi so‘zboshisidagi “159-moddasi” so‘zlari “157-moddasi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
2. Oliy sud Plenumining 2001-yil 1-iyundagi “Otalikni belgilash haqidagi ishlarni ko‘rishda sudlar tomonidan qonunlarning tatbiq etilishi to‘g‘risida”gi 6-sonli qarorining
a) o‘zbek tilidagi matni 12-bandining:
birinchi so‘zboshisidagi “va shu kabilar” so‘zlari chiqarilsin;
ikkinchi so‘zboshisidagi “to‘xtatilishining o‘zigina” so‘zlar “tugatilishi” so‘zi bilan almashtirilsin;
b) o‘zbek tilidagi matni 16-bandining:
birinchi so‘zboshisidagi “kabi” so‘zi chiqarilsin;
“b” kichik bandidagi “mazkur” so‘zi “ko‘rsatilgan” so‘zi bilan almashtirilsin;
v) rus tilidagi matni 16-bandi birinchi so‘zboshisining “v” kichik bandidagi “fizicheskoy” so‘zi “polovoy” so‘zi bilan almashtirilsin.
II. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud Plenumi tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha qabul qilingan quyidagi qarorlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin:
1. Oliy sudi Plenumining 2006-yil 3-fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi 1-sonli qarori
a) 11-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. Jinoyat kodeksi 58-moddasiga muvofiq, jinoyatga tayyorgarlik ko‘rganlik hamda jinoyat sodir etishga suiqasd qilganlik uchun mazkur jinoyat uchun qonunda nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning to‘rtdan uch qismidan ortiq bo‘lishi mumkin emas. Bunda eng ko‘p jazo deganda, Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasida (moddaning qismida) nazarda tutilgan eng og‘ir jazo muddati yoki miqdori tushunilishi lozim.
Shuni nazarda tutish lozimki, ishtirokchilikda sodir etilgan jinoyat ishlari bo‘yicha sud ishdagi muayyan holatlarni, har bir ishtirokchining shaxsi haqidagi ma’lumotlar va jinoyatni sodir etishdagi ishtiroki darajasini e’tiborga olib, jazoni individuallashtirishi hamda birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxsga qonun sanksiyasi doirasida yengilroq jazo tayinlash masalasini muhokama qilishi lozim”;
b) 17-band birinchi so‘zboshisi birinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qonunga muvofiq jazo tariqasida tayinlangan jarimani mahkum hukm qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab bir oy, hukm chiqarilgan kunda o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan mahkum esa — olti oy mobaynida ixtiyoriy ravishda to‘lashi lozim”;
v) 27-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ozodlikdan mahrum qilish jazosi:
olti oydan yigirma yilgacha bo‘lgan muddatga, JK 60-moddasida nazarda tutilgan hollarda esa, yigirma besh yilgacha bo‘lgan muddatga;
voyaga yetmaganlarga nisbatan-olti oydan o‘n yilgacha bo‘lgan muddatga, JK 86-moddasida nazarda tutilgan hollarda esa, — o‘n besh yilgacha bo‘lgan muddatga;
JK 44-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarda jarima tariqasidagi jazosini almashtirish tartibida, — uch yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga;
JK 46-moddasining to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan hollarda axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jazosini almashtirish tartibida, — olti oydan kam bo‘lgan muddatga tayinlanishi mumkin;
Yigirma yildan ortiq, lekin yigirma besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish (uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish) javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish (JK 97-moddaning ikkinchi qismi) va terrorizm (JK 155-moddaning uchinchi qismi) uchun tayinlanishi mumkin. Bunda uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi ayolga, o‘n sakkiz yoshga to‘lmasdan jinoyat sodir etgan shaxsga va oltmish yoshdan oshgan erkakka nisbatan tayinlanishi istisno etiladi”;
g) 28-bandidagi ““JK 59-moddasining to‘rtinchi qismiga muvofiq” so‘zlari “JK 59-moddasining oltinchi qismiga muvofiq” so‘zlariga almashtirilsin”;
d) quyidagi mazmundagi 30-1 band bilan to‘ldirilsin:
“Umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni qo‘llash bo‘yicha
30-1. Jinoyat kodeksi 51-moddasiga muvofiq, umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo faqat javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish (JK 97-moddasining ikkinchi qismi) va terrorizm (JK 155-moddasining uchinchi qismi) uchun tayinlanadi.
Umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llash masalasini hal etishda, sudlar bu turdagi jazo favqulodda jazo bo‘lib, faqat ishda javobgarlikni og‘irlashtiradigan alohida holatlar mavjud bo‘lgandagina tayinlanishi mumkinligini va mahkumni jamiyatdan muddatsiz ajratib qo‘yishdan iborat bo‘lishini hisobga olishlari lozim.
Umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo quyidagilarga tayinlanishi mumkin emas:
ayolga, o‘n sakkiz yoshga to‘lmasdan jinoyat sodir etgan shaxsga va oltmish yoshdan oshgan erkakka nisbatan;
tamom bo‘lmagan jinoyatlar uchun”.
e) quyidagi mazmundagi 30-2 band bilan to‘ldirilsin:
“30-2. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, JK 50-moddasi to‘rtinchi qismida, 51-moddasi uchinchi qismida belgilangan qoidalar hukm chiqarilgan yoki ish apellatsiya instansiyasida ko‘rilgan kunda 60 yoshga to‘lgan erkaklarga nisbatan tatbiq etiladi”;
j) 53-banddagi “JK 59-moddasining oltinchi qismiga muvofiq” so‘zlari “JK 59-moddasining sakkizinchi qismiga muvofiq” so‘zlariga almashtirilsin”;
z) 55-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Sudlar shuni hisobga olishlari kerakki, hukmlar majmui bo‘yicha belgilangan jazo yangi jinoyat uchun belgilangan jazo muddatidan ham ilgarigi hukm bo‘yicha belgilangan jazoning o‘talmagan qismidan ham ko‘proq bo‘lishi kerak.
Bunda ozodlikdan mahrum etish (uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish) tariqasidagi uzil-kesil jazo muddati yigirma besh yildan, voyaga yetmaganlar, oltmish yoshdan oshgan erkaklar hamda ayollarga nisbatan esa — o‘n besh yildan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
Jinoyat kodeksi 60-moddasi uchinchi qismiga muvofiq, agar hukmlardan biri bo‘yicha umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo tayinlangan bo‘lsa, uzil-kesil jazo yengilroq jazo turini umrbod ozodlikdan mahrum qilish bilan qoplash yo‘li bilan tayinlanadi”;
i) 58-bandidagi “JK 59-moddasining oltinchi qismi” so‘zlari “JK 59-moddasining sakkizinchi qismi” so‘zlariga almashtirilsin”.
2. Oliy sudi Plenumining 2001-yil 2-noyabrdagi “Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunini sud amaliyotida qo‘llash haqida”gi 25-sonli qarori
a) 4-band chiqarilsin;
b) 7-band chiqarilsin.
3. Oliy sudi Plenumining 1998-yil 17-apreldagi “Iqtisodiyot sohasidagi jinoiy ishlar bo‘yicha sud amaliyotida yuzaga kelgan ayrim masalalar to‘g‘risida”gi 11-sonli qarori
a) 11-band ikkinchi so‘zboshisi ikkinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bu zararning ko‘p yoki juda ko‘p miqdorda ekanligi har bir muayyan ish bo‘yicha tergov organi va sud tomonidan asoslantirilgan bo‘lishi zarur”;
b) 18-band birinchi so‘zboshisi birinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash (JK 184-moddasi) iqtisodiyot sohasida sodir etilayotgan eng xavfli jinoyatlardan hisoblanadi va bu har bir fuqaro tomonidan qonun bilan belgilangan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdek konstitutsiyaviy burchlarini qasddan bajarmaslikda ifodalanadi”;
v) 19-band birinchi va ikkinchi so‘zboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Jinoyat kodeksining 184-moddasi dispozitsiyasi blanket (havola qiluvchi) dispozitsiya bo‘lib, “daromadlar”, “foyda”, “soliq to‘lanadigan obyektlar”, “soliqlar”, “majburiy to‘lovlar” kabi tushunchalarning mazmunini aniqlash uchun O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga murojaat qilish lozim. Jumladan, Soliq kodeksining 12 va 23-moddalari soliq va majburiy to‘lovlar tushunchasini, 22-moddasi foyda tushunchasini yoritib beradi va h.k.”;
g) 24-bandidagi “6-bobi” so‘zlari “yigirma birinchi bobi” so‘zlariga almashtirilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Raisi B. MUSTAFAYEV
Plenum kotibi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi V. NAZAROV
Toshkent sh.,
2010-yil 14-may,
07-son