O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI KIMYoLAShTIRISh VA O‘SIMLIKLARNI HIMOYA QILISh VOSITALARI DAVLAT KOMISSIYASI (DAVLAT KIMYo KOMISSIYASI)NI TAShKIL ETISh VA UNING FAOLIYATI MASALALARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 15-fevraldagi 65-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Kimyoviy va biologik preparatlarni ishlab chiqarish va qo‘llash sohasida yagona siyosatni shakllantirish va amalga oshirishda Davlat kimyo komissiyasining rolini kuchaytirish, kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqarish, saqlash va foydalanishning texnologik rejimlariga rioya qilish, ularni sinash, ekspertiza qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish yuzasidan respublika vazirliklari va idoralarining mas’uliyatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Davlat kimyo komissiyasi tarkibi 1-ilovaga* muvofiq;
* 1-ilova berilmaydi.
Davlat kimyo komissiyasi to‘g‘risidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar Davlat kimyo komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligini oshirishga hamda yuqori samarali, ekologiya jihatidan xavfsiz va kam zaharli kimyoviy va biologik preparatlarni qo‘llash hisobiga hosilni saqlab qolishga qaratilgan kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalaridan foydalanishning yagona strategik siyosatni shakllantirish va uni amalga oshirish;
kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini qo‘llash tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish, respublika qishloq xo‘jaligida qo‘llash uchun ruxsat etilgan preparatlar ro‘yxatiga kiritish va ro‘yxatdan chiqarish;
respublika vazirliklari va idoralarining kimyoviy va biologik preparatlarni ishlab chiqarish va ulardan foydalanish, ularni qo‘llash tartibini ishlab chiqish va unga rioya qilish, preparatlarning atrof-muhitga ta’sirini aniqlash bilan bog‘liq faoliyatini muvofiqlashtirish;
yangi yuqori samarali, xavfsiz va kam zaharli kimyoviy va biologik preparatlarni mamlakatimizda ishlab chiqarishni tashkil etishga har tomonlama ko‘maklashish;
qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun tavsiya etilayotgan mamlakatimizda va chet ellarda ishlab chiqarilgan kimyoviy hamda biologik preparatlar ilmiy-texnika hujjatlarini ekspertiza qilish, ularning biologik samaradorligini, toksikologik-gigiyenik va ekologik xossalarini aniqlash uchun sinovlar o‘tkazish.
respublika korxonalarida ishlab chiqarilayotgan hamda import bo‘yicha keltiriladigan kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalari va biopreparatlar sifatini nazorat qilish, ularni qo‘llash haqida xulosalar berish va inson salomatligiga va atrof-muhitga salbiy ta’sir qilishi aniqlanganda ulardan foydalanishni to‘xtatish.
3. Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 3-fevraldagi 56-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan Davlat kimyo komissiyasi agentligi tugatilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat kimyo komissiyasining materiallarni komissiya majlisiga tayyorlash, uning tomonidan qabul qilingan qarorlarning manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga yetkazilishini, ularning bajarilishini nazorat qilishni ta’minlash bo‘yicha 5 kishidan iborat Ekspert guruhi tuzilsin.
Belgilansinki, Davlat kimyo komissiyasining Ekspert guruhi majburiyatlar bo‘yicha Davlat kimyo komissiyasining tugatilgan agentligining huquqiy vorisi hisoblanadi.
Ekspert guruhi tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Davlat kimyo komissiyasi bir hafta muddatda Ekspert guruhi to‘g‘risidagi Nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. Davlat kimyo komissiyasining funksiyalari kengayishi va uning ishchi apparati tuzilmasi va tarkibi o‘zgarishi munosabati bilan:
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga — o‘simliklar zararkunandalari va kasalliklari kuzatilishi, o‘rganilishi va prognozlanishi, yangi agrokimyobiopreparatlar va mineral o‘g‘itlar samaradorligini o‘rganish yuzasidan ilmiy-tadqiqot ishlari o‘tkazilishi, agrokimyobiopreparatlar va mineral o‘g‘itlar turlari va ularga bo‘lgan ehtiyoj aniqlanishi, o‘simliklarni kimyoviy va biologik himoya qilish vositalari, o‘stirish regulyatorlari, defoliantlar, mineral o‘g‘itlardan samarali foydalanish tashkil etilishi, shuningdek ularni tashish, saqlash qoidalariga va qo‘llash tartiblariga rioya qilinishi uchun;
“O‘zkimyosanoat” uyushmasiga — mineral o‘g‘itlar, o‘simliklarni himoya qilishning kimyoviy vositalari, defoliantlar hamda xarid qilinadigan va respublikamizdagi ta’sirchan moddalar negizida boshqa kimyoviy preparatlar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi korxonalar tashkil etilishi va ishlab turganlari takomillashtirilishi, preparatlar ishlab chiqarish, saqlash, tashish va berishning texnologik rejimlariga qat’iy rioya qilinishi, ularning sifat va miqdor ko‘rsatkichlari ta’minlanishi uchun;
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga — pestitsidlarni ishlab chiqarish, saqlash, tashish, qo‘llash, zararsizlantirish, foydali suratda ishlatish, ko‘mishda normalar, qoidalar va normativlarga rioya qilinishi uchun sanitariya-gigiyena nazorati amalga oshirilishi;
oziq-ovqat mahsulotlarida va insonni o‘rab olgan muhit obyektlarida (suv, havo, tuproq) pestitsidlar mavjud bo‘lishining gigiyenik normativlarini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilishi va pestitsidlar toksikologik-gigiyenik baholanishi;
pestitsidlar bilan ishlovchi shaxslarning dastlabki va vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi hamda pestitsidlar bilan qattiq va surunkali zaharlangan bemorlar diagnostikasi va davolanishi uchun;
Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasiga — ro‘yxatdan o‘tkazish tavsiya qilinayotgan preparatlarning atrof-muhit (suv, havo, tuproq, hayvonot va o‘simlik dunyosi)ga ta’siri xolisona baholanishi, preparatlarning ta’sirchan moddasini identifikatsiyalash, shuningdek kimyoviy moddalar va preparatlarni tashish, saqlash va qo‘llashda atrof-muhit muhofazasi talablariga rioya qilinishi ustidan davlat nazorati amalga oshirilishi uchun javobgarlik yuklansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi va “O‘zkimyosanoat” uyushmasi qishloq xo‘jaligi korxonalariga agrokimyo xizmati ko‘rsatish yuzasidan shartnomaviy ishlarni kengaytirish maqsadida “O‘zagrokimyota’minot” davlat–aksiyadorlik birlashmasining mineral o‘g‘itlar bilan ta’minlash bazalariga ega bo‘lmagan tuman bo‘linmalarini O‘simliklarni himoya qilish va agrokimyoviy tadqiqotlar markazi balansiga o‘tkazish masalalarini bir oy muddatda birgalikda ishlab chiqsinlar va Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsinlar.
7. Belgilansinki, Davlat kimyo komissiyasi tomonidan belgilanadigan preparatlarni qo‘llash tartibi va shartlari, mulkchilik shakllari va idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi barcha foydalanuvchilar uchun majburiydir.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan pestitsidlar, gerbitsidlar, defoliantlar va boshqa preparatlardan respublika hududida foydalanish va ularni reklama qilish taqiqlansin.
8. Vazirlar Mahkamasining “O‘simliklarni himoya qilish vositalarini ekspertiza qilish va ularni ro‘yxatdan o‘tkazishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1998-yil 3-fevraldagi 56-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri O‘. Sultonov zimmasiga yuklansin.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 19-sentabrdagi 359-sonli qarori tahririda)
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 20-yanvar,
33-son
O‘zbekiston Respublikasi Davlat kimyo komissiyasi to‘g‘risida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat kimyo komissiyasi respublika qishloq xo‘jaligida qo‘llanadigan mineral o‘g‘itlarning yangi turlarini, o‘simliklar zararkunandalariga, kasalliklariga, begona o‘tlarga qarshi kurashning kimyoviy va biologik vositalarini, o‘simliklarni o‘stirish regulyatorlarini, defoliantlarni va boshqa agrokimyobiopreparatlarni ekspertiza qiluvchi, sinovchi va ro‘yxatdan o‘tkazuvchi davlat organi hisoblanadi.
Davlat kimyo komissiyasi tomonidan belgilanadigan kimyoviy vositalarni va agrokimyobio preparatlarni qo‘llash tartiblari, mulkchilik shakllaridan va idoraviy bo‘ysunishlaridan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi barcha foydalanuvchilar uchun majburiy hisoblanadi.
2. Davlat kimyo komissiyasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, Oliy Majlis qarorlari va boshqa hujjatlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Nizomga va boshqa me’yoriy hujjatlarga amal qiladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat kimyo komissiyasining ekspert guruhi uning ishchi organi hisoblanadi. U komissiya faoliyatini ta’minlaydi va mazkur Nizomda belgilangan funksiyalarni bajaradi, yuridik shaxs hisoblanadi, banklarda joriy va valyuta schyotlariga ega bo‘ladi.
4. Davlat kimyo komissiyasi o‘z majlislarini zaruriyatga qarab, biroq bir yilda kamida ikki marta o‘tkazadi.
II. DAVLAT KIMYo KOMISSIYASINING ASOSIY VAZIFALARI
Quyidagilar Davlat kimyo komissiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirishga hamda yuqori samarali, ekologiya jihatidan xavfsiz va kam zaharli kimyoviy va biologik preparatlarni qo‘llash hisobiga hosilni saqlab qolishga yo‘naltirilgan kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalaridan foydalanishning yagona strategik siyosatini shakllantirish va uni amalga oshirish;
kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini qo‘llash tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish, respublika qishloq xo‘jaligida qo‘llash uchun ruxsat etilgan preparatlar ro‘yxatiga kiritish hamda ro‘yxatdan chiqarish;
respublika vazirliklari va idoralarining kimyoviy va biologik preparatlarni ishlab chiqarish va ulardan foydalanish, ularni qo‘llash tartiblarini ishlab chiqish va ularga rioya qilish, preparatlarning atrof-muhitga ta’sirini aniqlash bilan bog‘liq faoliyatini muvofiqlashtirib borish;
mamlakatimizda yangi yuqori samarali, xavfsiz va kam zaharli kimyoviy va biologik preparatlarni ishlab chiqarishni tashkil qilishga har tomonlama ko‘maklashish;
qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun tavsiya etilgan mamlakatimizda va chet elda ishlab chiqarilgan kimyoviy va biologik preparatlarga doir ilmiy-texnikaviy hujjatlar ekspertizasini amalga oshirish, ularning biologik samaradorligini, toksik-gigiyenik va ekologik xossalarini aniqlash yuzasidan sinovlarini o‘tkazish;
respublika korxonalarida ishlab chiqariladigan va import bo‘yicha keltiriladigan kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalari, biopreparatlar sifati ustidan nazoratni amalga oshirish, ularni qo‘llash hamda insonga va atrof-muhitga salbiy ta’siri aniqlangan taqdirda foydalanishni to‘xtatish yuzasidan xulosalar berish;
mamlakatimizda va chet ellarda ishlab chiqarilgan, o‘simliklar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxiralari zararkunandalari, kasalliklari, begona o‘tlarga qarshi kurashning yangi kimyoviy va biologik vositalari (insektoakaritsidlar, fungitsidlar, urug‘ dorilari, zootsidlar, feromonlar, gerbitsidlar va boshqalar)ning, bundan keyin agrokimyobiopreparatlar deb ataluvchi o‘simliklarni o‘stirish regulyatorlari, defoliantlar va desikantlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun idoralararo sinovdan o‘tkazilishini tashkil etish;
yangi agrokimyobiopreparatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, mavjudlarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish, ilmiy tadqiqotlar va ekspertiza natijalariga ko‘ra samarali va kam xavfli agrokimyobiopreparatlarni qo‘llash sohasini kengaytirish;
inson salomatligiga va atrof-muhitga salbiy ta’siri aniqlangan taqdirda agrokimyobiopreparatlarni qo‘llashni taqiqlash.
III. DAVLAT KIMYo KOMISSIYASINING FUNKSIYALARI
Davlat kimyo komissiyasi quyidagi funksiyalarni bajaradi:
manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda kimyoviy va biologik vositalarni yaratish, sinash sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilaydi, ushbu ishlarni amalga oshirish uchun tegishli ilmiy-tadqiqot va boshqa tashkilotlarga buyurtmanoma-topshiriqlar beradi, tugallangan ishlarni nazorat qilishni va qabul qilib olishni amalga oshiradi;
preparatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun sinov ishlarini muvofiqlashtiradi;
“O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligida qo‘llash uchun ruxsat etilgan o‘simliklar zararkunandalari, kasalliklari va begona o‘tlarga qarshi kurashning kimyoviy va biologik vositalari, defoliantlar va o‘simliklarni o‘stirish regulyatorlari ro‘yxati”ni va ruxsat etilgan agrokimyobiopreparatlarni qo‘llash tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
kimyoviy va biologik preparatlarni ishlab chiqarish, saqlash va qo‘llash bo‘yicha tavsiyanomalarni ishlab chiqadi.
IV. DAVLAT KIMYo KOMISSIYASINING HUQUQLARI VA VAZIFALARI
Davlat kimyo komissiyasi quyidagi huquqlarga ega:
yuqori samarali agrokimyobiopreparatlarni qo‘llashga ruxsat berish, salbiy toksikologik-gigiyenik xossalarga ega bo‘lgan, ekologiya uchun xavfli preparatlardan, shuningdek eskirgan va samarasi kam pestitsidlardan foydalanishni taqiqlash;
ro‘yxatdan o‘tkazish uchun sinovlarni amalga oshirish, agrokimyobiopreparatlarni qo‘llash bo‘yicha uslubiyotlarni va tavsiyanomalarni ishlab chiqish uchun ilmiy-tadqiqot va boshqa tashkilotlar ro‘yxatini belgilash va tasdiqlash;
“O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligida qo‘llash uchun ruxsat etilgan o‘simliklar zararkunandalari, kasalliklari va begona o‘tlarga qarshi kurashning kimyoviy va biologik vositalari, defoliantlar va o‘simliklarni o‘stirish regulyatorlari ro‘yxati”ga kiritilmagan agrokimyobiopreparatlarning respublikaga olib kelinishini va ulardan foydalanishni taqiqlash, sinovdan o‘tkazilayotgan preparatlar namunalari bundan mustasno;
respublikaning kimyoviy preparatlar ishlab chiqaradigan korxonalarida texnologik rejimlarga rioya qilish ustidan nazoratni amalga oshirish;
respublika o‘simliklarni himoya qilish xizmatlari organlaridan va ilmiy-tadqiqot institutlaridan ishlab chiqarishda qo‘llanayotgan agrokimyobiopreparatlarning biologik samaradorligi bo‘yicha materiallarni so‘rab olish;
agrokimyobiopreparatlarni qo‘llash va saqlashning amaldagi qoidalari va tartiblariga rioya qilinishini tekshirish uchun qishloq xo‘jaligi dalalarini va boshqa joylarni, zaharli kimyoviy dorilar omborlarini borib ko‘rish;
mazkur Nizomdan kelib chiquvchi barcha vazifalarni bajaradi.
Davlat kimyo komissiyasi belgilangan muddatlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
V. RAHBARIYAT
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat kimyo komissiyasini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri — rais boshqaradi, ekspert guruhini esa ayni bir vaqtda raisning o‘rinbosari hisoblanadigan mudir boshqaradi.
(V-bo‘limning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 19-sentabrdagi 359-sonli qarori tahririda)
Davlat kimyo komissiyasi raisi:
ishlarni tashkil etadi va Davlat kimyo komissiyasiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
o‘simliklarni himoya qilish vositalarini sinash dasturlarini shakllantirish va ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiradi;
Davlat kimyo komissiyasi mavzuli ish rejalarini tasdiqlaydi, uning soni va shaxsiy tarkibi bo‘yicha takliflar kiritadi.
Ekspert guruhi mudiri:
ekspert guruhi faoliyatini tashkil etish va ta’minlash masalalarini hal qiladi, barcha pul va bank hujjatlarida birinchi imzo qo‘yish huquqiga ega, ekspert guruhiga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi, ekspertlar vazifalarini belgilaydi, Davlat kimyo komissiyasi vakolatiga kiruvchi masalalar ko‘rib chiqilayotganda tegishli vazirliklar va idoralar tadbirlarida qatnashadi, raisning topshirig‘iga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi davlat va boshqa organlarida hamda muassasalarida, shuningdek xalqaro tashkilotlarda komissiya nomidan vakillik qiladi;
ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomalarini imzolaydi, kontraktlar va shartnomalar tuzadi, o‘z vakolatlari doirasida buyruqlar chiqaradi, ishonchnomalar beradi, bank schyotlarini ochadi, shtatlarni va xarajatlar smetasini tasdiqlaydi.
Ekspert guruhi mudiri O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
VI. DAVLAT KIMYo KOMISSIYASINING EKSPERT GURUHI MABLAG‘LARI
Davlat kimyo komissiyasi ekspert guruhi xarajatlari respublika budjeti mablag‘lari, shuningdek, o‘z xo‘jalik faoliyatidan olingan mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi.
Ilmiy tadqiqotlar, agrokimyobiopreparatlarni ekspertizadan, ro‘yxatdan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va reklama qilish xarajatlari ishlanma egasi tomonidan to‘lanadi.
Davlat kimyo komissiyasi ekspert guruhi schyotiga tushgan mablag‘lardan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq foydalaniladi.
VII. DAVLAT KIMYo KOMISSIYASINING EKSPERT GURUHI ATRIBUTLARI
Davlat kimyo komissiyasining ekspert guruhi O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan, o‘z nomi yozilgan muhrga, burchakli shtampga va firma blankalariga ega bo‘ladi.
VIII. DAVLAT KIMYo KOMISSIYASI VA UNING EKSPERT GURUHI FAOLIYATINI TO‘XTATISh TARTIBI
O‘zbekiston Respublikasi Davlat kimyo komissiyasi va uning ekspert guruhi faoliyati belgilangan tartibda to‘xtatiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat kimyo komissiyasining Ekspert guruhi
TUZILMASI
(O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami, 1999-y., 1-son, 6-modda)