Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sanoatda ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirishga va mahsulot tannarxini pasaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotning raqobatbardoshligini yanada oshirish, uni ishlab chiqarish hamda ichki va tashqi bozorlarda sotish hajmlarini koʻpaytirish, shu asosda sanoat tarmoqlarini barqaror rivojlantirishni va eksport salohiyatini oʻstirishni taʼminlash, shuningdek energiya samaradorligi va energiyani tejash standartlarini iqtisodiyotga yanada samarali joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Uyushmalar, aksiyadorlik kompaniyalari va yirik sanoat korxonalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqilgan, birinchi navbatda:
energiya resurslari isteʼmolini qisqartirish va ishlab chiqarishda energiya samaradorligini oshirish;
texnologik jarayonlarni hamda material-xomashyo resurslarini sarflash normalarini, foydalanish va noishlab chiqarish xarajatlarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish yoʻli bilan ratsionalizatsiya qilish;
mehnat unumdorligini oshirish, boshqaruv hamda sanoat-ishlab chiqarish xodimlari sonini maqbullashtirish va boshqa omillar hisobiga 2015-yilda ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish va mahsulot tannarxini oʻrtacha 10 foizga pasaytirish boʻyicha takliflari ilovaga* muvofiq maʼqullansin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan
2. Vazirlar Mahkamasi komplekslari, respublika vazirliklari, idoralari, uyushmalari, aksiyadorlik kompaniyalari rahbarlari:
ularning tarkibiga kiruvchi sanoat korxonalari uchun, tarmoq boʻyicha ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish va mahsulot tannarxini pasaytirishning ushbu qaror bilan maʼqullangan yigʻma parametrlaridan kelib chiqqan holda, mahsulot tannarxini pasaytirishning maqsadli parametrlarini oʻn kun muddatda tasdiqlasinlar;
korxonalarda ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish va mahsulot tannarxini pasaytirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi yuzasidan har chorakda monitoring oʻrnatsinlar;
amalga oshirilgan monitoring yakunlariga koʻra, zarurat boʻlganda, ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish va mahsulot tannarxini pasaytirish parametrlariga erishishning toʻliqligi va samaradorligidan kelib chiqqan holda, korxonalar rahbarlarini moddiy ragʻbatlantirish yoki ularning shaxsiy masʼuliyatini oshirish chora-tadbirlarini qoʻllasinlar.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Oʻzdavenergonazorat”, “Oʻzneftgazinspeksiya” davlat inspeksiyalari hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Yoqilgʻi energetika resurslarini tejash boʻyicha komissiyaga koʻchalarni yoritish qurilmalaridagi barcha qizdirish lampalarini energiyani tejaydigan lampalarga oʻtkazish jadvalini, ularni moliyalashtirish manbalarini koʻrsatgan holda, tasdiqlash uchun kiritsinlar.
4. “Oʻzdavenergonazorat”, “Oʻzneftgazinspeksiya” davlat inspeksiyalari:
2015-yil 1-fevralgacha boʻlgan muddatda qonun hujjatlariga har yili jami 2,0 ming tonnadan ortiq shartli yoqilgʻi hajmida energiya resurslari ishlatadigan isteʼmolchilar boʻyicha majburiy energetika tekshiruvi oʻtkazilishini nazarda tutadigan oʻzgartirishlar kiritish yuzasidan taklif kiritsinlar;
“Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda respublikada sotilayotgan barcha maishiy elektr priborlarini, yangidan qurilayotgan binolar va inshootlarni, energiya isteʼmoli va energiya samaradorligi borasidagi ilgʻor xorijiy tajriba asosida, energiya isteʼmoli koʻrsatkichlari boʻyicha energetika jihatdan majburiy markirovkalash va sertifikatlash tizimini respublikada bosqichma-bosqich joriy etishga doir takliflarni bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
5. Belgilab qoʻyilsinki, Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 21-iyuldagi 154-son qarori bilan tasdiqlangan Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomning tasdiqlangan normativ-texnik hujjatlar doirasida texnologik jarayonlarni ratsionalizatsiya qilish hamda material-xomashyo va energiya resurslarini sarflash normalarini maqbullashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish hisobiga mahsulot tannarxini pasaytirish, sotib olinayotgan xomashyo, materiallar va butlovchi buyumlar qiymatini pasaytirish, foydalanish xarajatlarini va qoʻshimcha xarajatlarni qisqartirish, xodimlarning yillik sonini maqbullashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish hisobiga mahsulot tannarxini pasaytirish natijasida mahalliylashtirish darajasini pasaytirishga doir qismi 2015-yilda buzilish deb hisoblanmaydi.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 22-yanvar,
8-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 3-son, 31-modda)