Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
NOTARIUSLARNING IJRO XATLARIGA ASOSAN QARZNI UNDIRISH SOʻZSIZ AMALGA OSHIRILADIGAN HUJJATLAR ROʻYXATINI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 24-avgustdagi 456-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Notariat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 77-moddasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Notariuslarning ijro xatlariga asosan qarzni undirish soʻzsiz amalga oshiriladigan hujjatlar roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirliklar va idoralar oʻz idoraviy normativ hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri A.A. Polvon-zoda zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 18-yanvar,
26-son
Notariuslarning ijro xatlariga asosan qarzni undirish soʻzsiz amalga oshiriladigan hujjatlar
ROʻYXATI
I. NOTARIAL TASDIQLANGAN BITIMLAR BOʻYICHA QARZNI UNDIRISH
1. Pul olish, mulkni qaytarish yoki berish bilan bogʻliq notarial tasdiqlangan bitimlar.
Ijro xati olish uchun quyidagilar taqdim etiladi:
a) notarial tasdiqlangan bitimning asl nusxasi;
b) kreditor tomonidan qarzdorga notarius orqali toʻlov muddati oʻtkazib yuborilganligi (mulkni qaytarish yoki berish) toʻgʻrisida yuborilgan yozma bildirishnoma.
II. HISOB-KITOB VA KREDIT MUNOSABATLARIDAN KELIB CHIQADIGAN ASOSLAR BOʻYICHA QARZNI UNDIRISH
2. Kredit muassasalari tomonidan berilgan kreditlar boʻyicha qarzdorlar va ularning kafillari toʻlov muddatini oʻtkazib yuborganligiga oid hujjatlar.
Ijro xati olish uchun quyidagilar taqdim etiladi:
a) uning asosida qarz undiriladigan kredit shartnomasining asl nusxasi;
Bunda notarius tomonidan kredit shartnomasidan nusxa olinib, uning asli undirib oluvchiga qaytarib beriladi.
(2-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-dekabrdagi 847-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.12.2024-y., 09/24/847/1056-son)
b) undirib oluvchi tomonidan tasdiqlangan qarzdorning shaxsiy hisobvaragʻi (kartochkasi)dan qarz miqdori koʻrsatilgan koʻchirma;
v) nobank kredit tashkilotlari oldidagi qarzni ikki tomonlama tasdiqlovchi solishtirish dalolatnomasi.
(2-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-dekabrdagi 847-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.12.2024-y., 09/24/847/1056-son)
3. Korxonalar va tashkilotlar tomonidan oʻz xodimlariga yakka tartibda uy-joy qurish va turar joy (kvartira)larni mukammal taʼmirlash, shuningdek uy-roʻzgʻor buyumlari xarid qilish uchun berilgan qarz (ssuda)lar boʻyicha qarzdorlikni belgilovchi hujjatlar.
Ijro xati olish uchun quyidagilar taqdim etiladi:
a) qarzdor majburiyatining asl nusxasi;
b) qarzdorning shaxsiy hisobvaragʻidan undirib oluvchi tomonidan tasdiqlangan hamda muddati oʻtkazib yuborilgan qarz miqdori va uni qoplash muddatlari koʻrsatilgan koʻchirma.
4. Kvartiralar, uy-joylar (uy-joyning bir qismi)ni haqini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotib olgan, shu jumladan kvartiralarning haqini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan xususiylashtirgan fuqarolarning toʻlanmagan summani qoplash uchun toʻlovlar boʻyicha qarzdorligini belgilovchi hujjatlar.
Ijro xati olish uchun quyidagilar taqdim etiladi:
a) qarzdor majburiyatining asl nusxasi;
b) undirib oluvchi tomonidan tasdiqlangan qarzdorning shaxsiy hisobvaragʻidan muddati oʻtkazib yuborilgan qarz miqdori va uni qoplash muddatlari koʻrsatilgan koʻchirma.
III. KREDITGA SOTIB OLINGAN TOVARLAR UCHUN QARZNI UNDIRISH
5. Tovarlarni kreditga sotib olish chogʻida (boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan) xaridorlar tomonidan savdo tashkilotlariga berilgan kafillik-majburiyatnomalar.
Qarzni va navbatdagi badallarni toʻlash muddati oʻtkazib yuborilganligi uchun penyani undirish yuzasidan ijro xati olish uchun quyidagilar taqdim etiladi:
a) undirib oluvchi tomonidan qarz miqdori va uni qoplash muddatlari qayd etilgan qarzdor kafillik-majburiyatnomasining asl nusxasi;
b) undirib oluvchi tomonidan tasdiqlangan qarzdorning shaxsiy hisobvaragʻidan muddati oʻtkazib yuborilgan qarz miqdori va uni qoplash muddatlari koʻrsatilgan koʻchirma.
IV. ELEKTR ENERGIYASI YETKAZIB BERUVCHILARNING TALABNOMALARI BOʻYICHA QARZNI UNDIRISH
6. Fuqarolarning elektr energiyasidan foydalanganlik uchun elektr energiyasi yetkazib beruvchilar oldidagi qarzdorligini belgilovchi hujjatlar.
Ijro xati olish uchun quyidagilar taqdim etiladi:
a) hisobvaraqning undirib oluvchi tomonidan tasdiqlangan nusxasi;
b) qarzdorning yozma ogohlantirishni olganligi toʻgʻrisidagi tilxati bor qarzni toʻlash toʻgʻrisida qarzdorga berilgan yozma ogohlantirish nusxasi;
v) oʻzaro hisob-kitoblarni solishtirish dalolatnomasining nusxasi.
Oldingi tahrirga qarang.
V. TURAR JOY VA YASHASH UCHUN MOʻLJALLANMAGAN JOYLAR EGALARI (IJARACHILAR, ARENDAGA OLUVCHILAR)DAN ARENDA, IJARA SHARTNOMALARI BOʻYICHA, UMUMIY XARAJATLAR, KOMMUNAL XIZMATLAR UCHUN TOʻLOVLAR BOʻYICHA QARZNI UNDIRISH
(boʻlim nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 1-martdagi 43-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 9-10-son, 85-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
7. Toʻlov miqdori yuzasidan sud nizolari mavjud boʻlmagan hollarda turar joy va yashash uchun moʻljallanmagan joylar ijarachisi, arendaga oluvchisining ijara, arenda shartnomalari (umumiy xarajatlar va arendaga, ijaraga beruvchining normativ daromadi) boʻyicha va kommunal xizmatlar uchun toʻlovlar boʻyicha qarzdorligini belgilovchi hujjatlar.
(7-bandning birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 1-martdagi 43-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 9-10-son, 85-modda)
Ijro xati olish uchun quyidagilar taqdim etiladi:
a) qarzning hosil boʻlishini tasdiqlovchi shartnomaning undirib oluvchi tomonidan tasdiqlangan nusxasi;
b) oʻzaro hisob-kitoblarni solishtirish dalolatnomasining shartnoma qatnashchilari tomonidan imzolangan nusxasi;
v) undirib oluvchi tomonidan qarz qoplanmaganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan ijarachiga yoʻllangan hisobvaraq nusxasi;
g) qarzdorning yozma ogohlantirishni olganligi toʻgʻrisidagi tilxati bor qarzni toʻlash toʻgʻrisida qarzdorga berilgan yozma ogohlantirishning nusxasi;
Oldingi tahrirga qarang.
8. Kvartira egasi boʻlgan fuqarolar, uy-joy-qurilish, uy-joy va dala hovli-qurilish kooperativlari aʼzolarining uy-joyni boshqarish, unga xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlashga, uyni (dala hovlini) saqlash xarajatlariga tuzilgan shartnoma-kontraktga muvofiq taqdim etiladigan umumiy xarajatlar va kommunal xizmatlar boʻyicha muddati ikki oydan ortiq oʻtkazib yuborilgan toʻlovlarni qoplashga oid qarzlarini belgilovchi hujjatlar.
(8-bandning birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 1-martdagi 43-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 9-10-son, 85-modda)
Ijro xati olish uchun quyidagilar taqdim etiladi:
a) qarz qoplanmaganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan qarzdorga yoʻllangan hisobvaraqning undirib oluvchi tomonidan tasdiqlangan nusxasi;
b) qarzdorning yozma ogohlantirishni olganligi toʻgʻrisidagi tilxati bor qarzni toʻlash toʻgʻrisida qarzdorga berilgan yozma ogohlantirish nusxasi;
Oldingi tahrirga qarang.
v) boshqarish va turar joyni taʼmirlash toʻgʻrisidagi kontrakt-shartnoma.
(8-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 1-martdagi 43-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 9-10-son, 85-modda)
9. Fuqarolarning baholash va xatlov ishlari uchun xatlov-texnik ishlarini amalga oshiruvchi organlar oldidagi qarzdorligini belgilovchi hujjatlar.
Ijro xati olish uchun quyidagilar taqdim etiladi:
a) toʻlanmagan hisobvaraqning undirib oluvchi tomonidan tasdiqlangan nusxasi;
b) baholash va xatlov ishlari oʻtkazilgan obyektning manzili, ishlarning nomi va hajmi, ishlarning qiymati (taksa) va qarzning umumiy qiymati koʻrsatilgan hisob-kitob nusxasi;
v) qarzdorning yozma ogohlantirishni olganligi toʻgʻrisidagi tilxati bor qarzni toʻlash toʻgʻrisida qarzdorga berilgan yozma ogohlantirish nusxasi.
VI. TELEKOMMUNIKATSIYA TARMOQLARI (TELEFON, TELEVIDENIYE VA KOMPYUTER TARMOQLARI, RADIO ESHITTIRISH SHOXOBCHALARI VA BOSHQALAR)DAN FOYDALANGANLIK UCHUN ABONENT TOʻLOVI BOʻYICHA QARZNI UNDIRISH
10. Fuqarolarning telekommunikatsiya tarmoqlaridan foydalanganlik uchun abonent toʻlovi, mahalliy, shaharlararo va xalqaro telekommunikatsiya xizmatlari koʻrsatilganligi uchun va abonent toʻlovini oʻz vaqtida toʻlamaganlik uchun penya toʻlash boʻyicha qarzdorligini belgilovchi hujjatlar.
Ijro xati olish uchun qarz toʻlanmaganligi haqida belgi qoʻyilgan hamda qarz summasi va uni toʻlash muddatlari toʻgʻrisida qarzdorga yuborilgan bildirishnomaning undirib oluvchi tomonidan tasdiqlangan qarzdorning bildirishnomani olganligi haqidagi tilxati bor nusxasi taqdim etiladi.
VII. BOLALARNING MAKTABGACHA TAʼLIM MUASSASALARI VA IXTISOSLASHTIRILGAN MAKTABLARDA BOʻLGANLIKLARI UCHUN OTA-ONALARDAN QARZNI UNDIRISH
11. Bolalar maktabgacha taʼlim muassasalari va ixtisoslashtirilgan maktablarda boʻlganliklari uchun ota-onalar yoki ular oʻrnini bosuvchi shaxslarning toʻlov muddati (ikki haftadan ortiq) oʻtkazib yuborilgan qarzdorligini belgilovchi hujjatlar.
Ijro xati olish uchun qarzdorning yozma ogohlantirishni olganligi toʻgʻrisidagi tilxati bor yozma ogohlantirish topshirilgandan keyin ikki hafta muddat ichida qarz toʻlanmaganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan undirib oluvchi tomonidan tasdiqlangan ota-ona yoki ular oʻrnini bosuvchi shaxs nomiga ochilgan shaxsiy hisobvaraq (bolalar tarbiyasi uchun ota-onalar bilan hisob-kitoblar vedomosti)dan koʻchirma taqdim etiladi.
VIII. KUTUBXONALARNING TALABNOMALARI BOʻYICHA QAYTARILMAGAN KITOBLAR, BOSHQA BOSMA ASARLAR VA KUTUBXONALAR ZAXIRASIDAN OLINGAN OʻZGA MATERIALLAR UCHUN QARZNI UNDIRISH
12. Kutubxonalarning fuqarolar, korxonalar va tashkilotlardan ular tomonidan qaytarilmagan kitoblar, boshqa bosma asarlar va kutubxonalar zaxirasidan olingan boshqa materiallar qiymatini oʻn baravar miqdorda undirish toʻgʻrisidagi talabnomalari.
Ijro xati olish uchun quyidagilar taqdim etiladi:
a) kutubxonadan kitoblar, boshqa bosma asarlar va oʻzga materiallar berilganligini tasdiqlovchi, muddatida qaytarilmaganligi qayd etilgan hujjat;
b) kitoblar, bosma asarlar yoki materiallarni qaytarish yoki ular oʻrnini aynan shunday yoxud teng qiymatli kitoblar, bosma asarlar yoki materiallar bilan toʻldirish toʻgʻrisida, shuningdek qaytarmagan yoki almashtirishning imkoni boʻlmagan hollarda ularning qiymati oʻn baravar miqdorda undirib olinishi toʻgʻrisidagi yozma ogohlantirishlarning nusxalari;
v) kitoblar, boshqa bosma asar va oʻzga materiallar qaytarilmagan yoki ularni almashtirishning imkoni boʻlmagan hollarda qarzning undirib olinishi toʻgʻrisidagi yozma ogohlantirish topshirilganligi haqida pochta bildirishnomasi nusxasi;
g) kitoblar, boshqa bosma asar, oʻzga materiallarning bahosi toʻgʻrisida kutubxona xatlov kitobidan koʻchirma yoki qaytarilmagan kitob yoxud boshqa bosma asar bibliografiya nuqtai nazaridan nodir deb hisoblangan hollarda bukinistik doʻkonning maʼlumotnomasi.
IX. PROKAT SHARTNOMASI BOʻYICHA FUQAROLARGA BERILGAN MULKDAN FOYDALANGANLIK, ULARNI ISHDAN CHIQARGANLIK YOKI QAYTARMAGANLIK UCHUN TOʻLOVLAR BOʻYICHA QARZNI FUQAROLARDAN UNDIRISH
13. Fuqarolarning ularga korxonalar va tashkilotlar tomonidan berilgan madaniy-maishiy, uy-roʻzgʻor buyumlari, musiqa asboblari, sport anjomlari va shaxsiy foydalanishga moʻljallangan boshqa mulkdan foydalanganlik (prokat) uchun toʻlovlar boʻyicha qarzdorligini belgilovchi hujjatlar.
Ijro xati olish uchun quyidagilar taqdim etiladi:
a) ijaraga berish shartnomasining nusxasi, ijaraga berilgan buyum bahosi bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan kam boʻlgan xollarda esa—undiriladigan summa koʻrsatilgan kvitansiyaning nusxasi;
(13-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
b) qarzdorning ogohlantirish olinganligi haqidagi tilxati bor qarzni toʻlash toʻgʻrisida qarzdorni yozma ogohlantirishning nusxasi.
X. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SOGʻLIQNI SAQLASH VAZIRLIGINING DAVOLASH MUASSASALARI TALABNOMALARI BOʻYICHA QARZNI UNDIRISH
14. Toʻlov miqdori yuzasidan sud nizosi mavjud boʻlmagan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan shaxslar, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning hisobvaraq-bitimga asosan koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar boʻyicha xarajatlarni qoplash borasidagi qarzdorligini belgilovchi hujjatlar.
Ijro xatini olish uchun quyidagilar taqdim etiladi:
a) qarzdorning mazkur hisobvaraqning birinchi nusxasini olganligi toʻgʻrisidagi tilxati bor qarz hosil boʻladigan hisobvaraq-bitimning nusxasi;
b) davolash muassasasining undirishi kerak boʻlgan qarz summasi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasi.
Oldingi tahrirga qarang.
XI. LIZINGGA OLUVCHIDAN QARZNI UNDIRISH VA LIZING OBYEKTINI TALAB QILIB OLISH
15. Lizingga oluvchining qarzini tasdiqlovchi hujjatlar.
Ijro xatlarini olish uchun quyidagilar taqdim etiladi:
a) qarzni undirish va/yoki lizing obyektini talab qilib olishni amalga oshirishga asos boʻladigan lizing shartnomasining asl nusxasi;
b) lizingga oluvchining lizingga beruvchi oldidagi qarzini tasdiqlaydigan ikki tomonlama taqqoslash dalolatnomasi;
v) lizingga oluvchining ogohlantirishni olganligi toʻgʻrisidagi tilxati bilan birga qarzni qaytarish toʻgʻrisida ogohlantirish xatining nusxasi.
(XI boʻlim Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 26-apreldagi 199-son qarori bilan kiritilgan — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 17-son, 197-modda)
XII. XODIM TOMONIDAN ISH BERUVCHIGA YETKAZILGAN ZARARNI QOPLASH BOʻYICHA QARZNI UNDIRISH
16. Xodimning zararni boʻlib-boʻlib toʻlagan holda uni ixtiyoriy qoplash toʻgʻrisidagi yozma majburiyati.
Ijro xati olish uchun quyidagilar taqdim etiladi:
a) xodimning toʻlovning aniq muddatlari koʻrsatilgan zararni ixtiyoriy qoplash toʻgʻrisidagi yozma majburiyatining asl nusxasi;
b) yetkazilgan zararning toʻlanmagan qismi miqdorini tasdiqlovchi hujjatlar;
v) oʻzi yetkazgan zararni qoplashdan bosh tortgan xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi buyruqning nusxasi;
g) qarzdorning ogohlantirishni olganligi toʻgʻrisidagi tilxati bilan birga qarzni toʻlash haqida qarzdorga berilgan ogohlantirish xatining nusxasi.
(XII-boʻlim Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 3-dekabrdagi 280-sonli qarori bilan kiritilgan — OʻR QHT, 2010-y., 49-son, 452-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 2-son, 19-modda; 2004-y., 17-son, 197-modda; 2007-y., 9–10-son, 85-modda; 2010-y., 49-son, 452-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; 24.12.2024-y., 09/24/847/1056-son)