O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
O‘zbekiston Respublikasi sportchilarining 2006-yil Doha shahridagi (Qatar) XV yozgi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishi va qatnashishi to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston sportchilarini 2006-yil Doha shahridagi (Qatar) XV yozgi Osiyo o‘yinlariga sifatli tayyorlash va muvaffaqiyatli ishtirok etishini ta’minlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan birgalikda:
sportchilarning nufuzli xalqaro musobaqalarda erishgan shaxsiy natijalari hamda ularning ma’naviy-irodali sifatlaridan kelib chiqib, mamlakat terma jamoalarining Osiyo o‘yinlarida ishtirok etishi uchun sport turlari bo‘yicha jamlanishini;
o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarining yakunlovchi bosqichida mamlakat terma jamoalarining sifatli tayyorgarligini ta’minlasin.
2. O‘zbekiston sport delegatsiyasining 340 kishidan iborat tarkibi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirligiga mamlakatimiz sport delegatsiyasining Doha shahridagi (Qatar) XV yozgi Osiyo o‘yinlarida qatnashishi bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni 2-ilovaga* muvofiq qoplash uchun moliyaviy mablag‘larning o‘z vaqtida ajratilishini ta’minlasin.
* 1 va 2-ilovalar berilmaydi.
O‘zbekiston sportchilarining 150 kishilik delegatsiyasi qatnashishi bilan bog‘liq sarf-xarajatlar Milliy olimpiya qo‘mitasi, sport federatsiyalari va homiylar hisobidan 2-ilovaga muvofiq qoplanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki mazkur o‘yinlarda O‘zbekiston sport delegatsiyasi qatnashishi bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni qoplash uchun Madaniyat va sport ishlari vazirligi va Milliy olimpiya qo‘mitasi mablag‘larini o‘z vaqtida erkin muomaladagi valyutaga belgilangan tartibda almashtirilishini ta’minlasin.
5. 2006-yil Doha shahridagi (Qatar) XV yozgi Osiyo o‘yinlariga O‘zbekiston sport delegatsiyasini tayyorlash va unda qatnashish uchun rasmiy-parad formasi, sport ekipirovkasi, maxsus sport formasi, inventar hamda uskunalarni respublikaga olib kirishda bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan ozod etilsin.
6. Belgilansinki, yuridik shaxslarning soliqqa tortiladigan daromadi daromad (foyda) solig‘i to‘lashda 2006-yil Doha shahridagi (Qatar) XV yozgi Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasining tayyorgarlik ko‘rishi va qatnashishiga yo‘naltirilgan mablag‘larga teng summa kamaytiriladi.
7. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi mamlakatning terma jamoalari tarkibiga kiritilgan harbiy xizmatchilar, talabalar hamda o‘quvchilarning 2006-yilgi XV Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishi va qatnashishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi mamlakat sport delegatsiyasi a’zolari — XV Osiyo o‘yinlari ishtirokchilarining chiqish hujjatlari o‘z vaqtida rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
9. “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi:
O‘zbekiston terma jamoalarining Toshkent-Sharja-Toshkent yo‘nalishida imtiyozli shartlar bo‘yicha uchishini;
O‘zbekiston sport delegatsiyalari ishtirokchilarining Toshkent aeroportidagi SIP zalidan xizmat uchun to‘lov undirilmagan holda o‘tishini ta’minlasin.
10. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Milliy axborot agentligi 2006-yil Doha shahridagi (Qatar) XV Osiyo o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarining tayyorgarlik jarayoni va unda qatnashish natijalarini ommaviy axborot vositalarida belgilangan tartibda keng yoritilishini ta’minlasin.
11. “Sovplastital” QK, “Oniks” IChB, “Fonon” AJ O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda O‘zbekiston MOQ eskizlari bo‘yicha XV Osiyo o‘yinlariga jo‘nab ketadigan O‘zbekiston sport delegatsiyasi uchun sovg‘a mahsulotlari va zarur atributlarni imtiyozli shartlar asosida tayyorlab bersin.
12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
O‘zbekiston sport delegatsiyasining XV Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishi va qatnashishi bilan bog‘liq masalalarni hal etishda faol ishtirok etsin;
mamlakat terma jamoalariga idoraviy mansubligidan qat’i nazar, respublikaning barcha sport bazalarida ijara to‘lovlari undirilmagan holda o‘quv-mashg‘ulotlarini o‘tkazishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib bersin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 6-noyabr,
PQ-504-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-y., 11-son, 628-modda)