OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRINING
buyrugʻi
“Normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilish va tarqatish, qonun hujjatlari maʼlumotlari elektron bazalari yaratish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruqqa oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 18-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2290-1]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2017-yil 11-oktabrdagi 330-mh-sonli ““Normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilish va tarqatish, qonun hujjatlari maʼlumotlari elektron bazalari yaratish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruq, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2290-3, 11.10.2017-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012-y., 12-son, 333-modda) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-avgustdagi PQ-1602-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 29-son, 329-modda)ga asosan buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2011-yil 12-dekabrdagi 264-mh-son “Normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilish va tarqatish, qonun hujjatlari maʼlumotlari elektron bazalari yaratish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 2290, 2011-yil 12-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 50-son, 520-modda)ga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va Idoraviy meʼyoriy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi (B. Boliyev) Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari normativ-huquqiy hujjatlarining davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (S. Nuriyev) ushbu normativ-huquqiy hujjatni barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishi va “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami — Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruq ijrosini nazorat qilish Qonunchilik bosh boshqarmasi boshligʻi N. Joʻrayev zimmasiga yuklansin.
Vazir N. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
2014-yil 18-fevral,
38-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2014-yil 18-fevraldagi 38-mh-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
“Normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilish va tarqatish, qonun hujjatlari maʼlumotlari elektron bazalari yaratish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruqqa kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Buyruqning muqaddimasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012-y., 12-son, 333-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-avgustdagi PQ-1602-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 29-son, 329-modda) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 5-avgustdagi 304-son “Qonun hujjatlarini turkumlashni takomillashtirish va huquqiy axborotlarni tarqatishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining toʻplami, 2000-yil, 8-son, 47-modda)ga muvofiq buyuraman:”.
2. Qoidalarda:
a) muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushbu Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012-y., 12-son, 333-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-avgustdagi PQ-1602-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish choralari toʻgʻrisida”gi qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 29-son, 329-modda) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 5-avgustdagi 304-son “Qonun hujjatlarini turkumlashni takomillashtirish va huquqiy axborotlarni tarqatishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining toʻplami, 2000-yil 8-son, 47-modda) muvofiq normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilish va tarqatish, shuningdek qonun hujjatlari maʼlumotlari elektron bazalari (qonun hujjatlarining elektron maʼlumot tizimlari) yaratish tartibini belgilaydi.”;
b) 2-banddagi “25-moddasiga” degan soʻzlar “29-moddasiga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
v) 3-bandning ikkinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
g) quyidagi mazmundagi 31-band bilan toʻldirilsin:
“31. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan taʼsis etilgan taʼsis hujjatlarida ularda koʻrsatib oʻtilgan organlar tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni rasman eʼlon qilish nazarda tutilgan ommaviy axborot vositalari ularning rasmiy nashrlari hisoblanadi.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar normativ-huquqiy hujjatni “Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari toʻplami”da rasman eʼlon qilingunga qadar oʻzlarining rasmiy nashrlarida eʼlon qilgan taqdirda bu haqda eʼlon qilingan kundan kechikmay, rasmiy nashr rekvizitlarini koʻrsatgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga maʼlum qiladilar.”;
d) oʻzbek tilidagi matnning 6-bandi ikkinchi xatboshisidagi “tadrijiy” degan soʻz “xronologik” degan soʻz bilan almashtirilsin;
e) oʻzbek tilidagi matnning 7-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Rasmiy nashrlarda eʼlon qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar ushbu hujjatni qabul qilgan organ tomonidan rasman yuborilgan (rasmiy tarqatma) normativ-huquqiy hujjat matniga muvofiq boʻlishi kerak.”;
j) 9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Hajmi katta boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarning matni rasmiy davriy nashrlarga kiritilmasligi mumkin. Bunda ular rasmiy davriy nashrlarga ilova koʻrinishida yoki ularni qabul qilgan organlar tomonidan alohida nashr shaklida eʼlon qilinishi kerak.”;
z) 14-band “norasmiy” degan soʻzdan keyin “bosma” degan soʻz bilan toʻldirilsin;
i) 15-banddagi “21-moddasida” degan soʻzlar “25-moddasida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
k) 21-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“21. Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy veb-saytga normativ-huquqiy hujjat rasman eʼlon qilingandan keyin ikki kundan kechikmay joylashtirilishi kerak.”;
l) 25-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“25. Oʻzbekiston Respublikasi QHMMBga:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining qarorlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar;
mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlari matnlari kiritiladi.
QHMMBga sudlarning qarorlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar matnlari ham kiritilishi mumkin.”;
m) 28-banddagi “qoʻllanmasi va alfavit predmetli” degan soʻzlar “maʼlumotnomasi va alifbo-predmetli” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
n) 32-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“32. Agar normativ-huquqiy hujjatni rasmiy nashrlarda eʼlon qilishda uning matnida normativ-huquqiy hujjat rasmiy tarqatmasiga taqqoslaganda xatolarga, matbaa xatosiga, boshqa noaniqlarga yoʻl qoʻyilgan taqdirda, ular aniqlangandan keyin nashrning eng yaqindagi sonida tegishli tuzatishlar eʼlon qilinadi.
Agar kodekslar va qonun hujjatlari toʻplamlarining rasmiy nashrlarida normativ-huquqiy hujjatlar eʼlon qilinishining rasmiy manbai bilan taqqoslaganda xatolarga, matbaa xatolariga, boshqa noaniqliklarga yoʻl qoʻyilgan taqdirda noshir tomonidan ular aniqlangan kundan boshlab 30 kalendar kundan ortiq boʻlmagan muddatda respublika davriy nashrlarida (gazetalar, jurnallar va shu kabilarda) tegishli tuzatishlar eʼlon qilinadi.
Agar norasmiy nashrlarda (gazetalar, jurnallar va shu kabilarda) normativ-huquqiy hujjatlar eʼlon qilinishining rasmiy manbai bilan taqqoslaganda xatolarga, matbaa xatolariga, boshqa noaniqliklarga yoʻl qoʻyilgan boʻlsa, noshir tomonidan ular aniqlangan kundan boshlab 30 kalendar kundan ortiq boʻlmagan muddatda respublika davriy nashrlarida (gazetalar, jurnallar va shu kabilarda) yoki norasmiy nashrning navbatdagi sonini eʼlon qilishda (chiqarishda) tegishli tuzatishlar eʼlon qilinadi.
Agar qonunchilik maʼlumotlari elektron bazalarida normativ-huquqiy hujjatlar eʼlon qilinishining rasmiy manbai bilan taqqoslaganda xatolarga, matbaa xatolariga, boshqa noaniqliklarga yoʻl qoʻyilgan taqdirda, ular darhol bartaraf etilishi kerak.”.
3. Mazkur oʻzgartirish va qoʻshimchalar Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori A. YUNUSOV
2014-yil 17-fevral
Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi raisi X. MIRZAXIDOV
2014-yil 17-fevral
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 8-son, 83-modda)