O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston SSJ Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasini O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasiga aylantirish haqida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 2-apreldagi 169-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasi tarkibi haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
“O‘zbekiston SSJda ijroiya va boshqaruv hokimiyati tuzilishini takomillashtirish hamda O‘zbekiston SSJning Konstitutsiyasi (Asosiy Qonuni)ga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston SSJ Qonuniga binoan, tinchlik davrining ekstremal sharoitlarida aholini himoya qilishning yanada samarali sistemasini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston SSJ Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasi O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasiga aylantirilsin.
2. Qoraqalpog‘iston MSSJ Vazirlar Kengashi, viloyat ijroiya qo‘mitalari va Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasi favqulodda vaziyatlar bo‘yicha shahar va nohiya komissiyalarini tuzsinlar.
3. O‘zSSJning potensial xavfli obyektlari bo‘lgan vazirliklari, idoralari va davlat qo‘mitalari, konsernlari va birlashmalari favqulodda vaziyatlar bo‘yicha tarmoq va obyekt komissiyalarini tuzsinlar.
4. O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi Raisining Birinchi o‘rinbosari o‘rtoq Jo‘rabekov Ismoil Hakimovich O‘zbekiston SSJ fuqaro mudofaasi Boshlig‘i etib tayinlansin va u O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasining Raisi etib tasdiqlansin.
5. O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari — resurslar, moddiy-texnika ta’minoti va bitimlar kompleksining rahbari o‘rtoq Sharipov Tohir Yahyoyevich Komissiya Raisining birinchi o‘rinbosari etib;
O‘zbekiston SSJ Fuqaro mudofaasi shtabining boshlig‘i o‘rtoq Rajiboyev Valikiyan Yunusovich Komissiya Raisining o‘rinbosari etib;
O‘zbekiston SSJ Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasining Raisi Komissiya Raisining o‘rinbosari etib tasdiqlansin.
O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasi a’zolari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Komissiya Raisiga Komissiyaning shaxsiy tarkibini tasdiqlash yuklatilsin.
O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasi haqidagi Vaqtinchalik nizom (2-ilova) tasdiqlansin.
6. O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi apparatining strukturasiga O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasining uch kishidan iborat sektori kiritilsin.
7. O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi Komissiyasining axborot organi funksiyasi O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1980-yil 31-oktabrdagi 730-78-son qaroriga muvofiq tuzilgan strukturaviy bo‘linmaga yuklatilsin.
8. Belgilansinki, Qoraqalpog‘iston MSSJ Vazirlar Kengashi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Sovetlari ijroiya qo‘mitalari favqulodda vaziyatlar bo‘yicha komissiyalarining raislari O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasi majlisida tegishli masalalar ko‘rib chiqilayotganda ushbu Komissiya a’zolari huquqi bilan qatnashadilar.
9. O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1990-yil 9-avgustdagi 286-son qarorining 9-punkti o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 17-aprel,
103-son
Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 17-apreldagi 103-sonli qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha
KOMISSIYASI A’ZOLARI
O‘zbekiston SSJ Avtomobil yo‘llari vaziri
O‘zbekiston SSJ Avtomobil transporti vaziri
O‘zbekiston SSJ Ichki ishlar vaziri
O‘zbekiston SSJ Uy-joy-kommunal xo‘jaligi vaziri
O‘zbekiston SSJ Montaj va maxsus qurilish ishlari vaziri
O‘zbekiston SSJ Binokorlik materiallari sanoati vaziri
O‘zbekiston SSJ Aloqa vaziri
O‘zbekiston SSJ Qurilish vaziri
O‘zbekiston SSJ Melioratsiya va suv xo‘jaligi vaziri
O‘zbekiston SSJ Qishloq xo‘jaligi vaziri
O‘zbekiston SSJ Savdo vaziri
O‘zbekiston SSJ Energetika va elektrlashtirish vaziri
O‘zbekiston SSJ Sog‘liqni saqlash vaziri
O‘zbekiston SSJ Adliya vaziri
O‘zSSJ Sanoatda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish va konchilik nazorati davlat qo‘mitasi raisi
O‘zbekiston SSJ Davlat qurilish ishlari qo‘mitasining raisi
O‘zbekiston SSJ Davlat suv xo‘jaligi qurilishi qo‘mitasining raisi
O‘zbekiston jumhuriyat matlubot jamiyatlari uyushmasining raisi
O‘zbekiston gidrometeorologiya jumhuriyat boshqarmasining boshlig‘i
O‘zbekiston SSJ Iqtisodiyot qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari
O‘zbekiston SSJ Moddiy-texnika ta’minoti davlat-kooperativ qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari
O‘zbekiston SSJ Davlat xavfsizligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari
Turkiston Harbiy okrugi qo‘shinlari Qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari
O‘rta Osiyo Temir yo‘li boshqarmasining boshlig‘i
O‘zbekiston Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasining boshlig‘i
O‘zbekiston SSJ Harbiy komissari
O‘zbekiston SSJ Fanlar akademiyasi Seysmologiya institutining seysmiklik va seysmik rayonlashtirish mintaqaviy laboratoriyasining mudiri
Komissiya kotibiyati: O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi apparatining xodimi, O‘zbekiston SSJ Fuqaro mudofaasi shtabining xodimi
Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 17-apreldagi 103-sonli qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha komissiyasi to‘g‘risida
VAQTINChALIK NIZOM
1. O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasining maqsadi quyidagilarni ta’minlashdan iborat:
jumhuriyat davlat boshqaruv organlari, O‘zbekiston SSJning avariyalar, halokatlar, tabiiy va ekologik ofatlar, mintaqaga xos bo‘lgan epidemiya va epizootiyalar ro‘y beradigan hollarning oldini olish va favqulodda vaziyatlarda harakat qilish Davlat tizimiga kiritilgan kuchlar va vositalarning doimiy tayyor turishini ta’minlash;
Qoraqalpog‘iston MSSJ Vazirlar Kengashi, viloyat ijroiya qo‘mitalari va Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha komissiyalarining, jumhuriyatning barcha darajalardagi boshqaruv organlarining, Vazirlar Mahkamasining komplekslari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, konsernlar, idoralar hamda jumhuriyat hududida joylashgan ittifoq tasarrufidagi korxonalarning favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish borasidagi ishlarini muvofiqlashtirish va nazorat qilish;
qutqarish va avariya-qayta tiklash ishlariga, mintaqada favqulodda vaziyat yuz berganda aholining hayotini saqlash va ularni falokat zonalaridan evakuatsiya qilish.
2. Komissiya o‘z faoliyatini Vazirlar Mahkamasi rahbarligida amalga oshiradi hamda O‘zbekiston SSJ Oliy Kengashining qo‘mitalari va komissiyalari bilan o‘zaro aloqada ish olib boradi. Komissiya Raisi, Rais o‘rinbosarlari va Komissiya tarkibi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan tayinlanadi.
Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiya o‘z faoliyatini O‘zSSJ Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi, O‘zSSJ Sanoatda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish va konchilik nazorati davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston gidrometeorologiya jumhuriyat boshqarmasi bilan muvofiqlashtirib boradi.
3. Komissiyaning asosiy vazifalari:
a) kundalik faoliyatda:
jumhuriyat vazirliklari, davlat qo‘mitalari, konsernlari, idoralari, birlashmalari, jumhuriyat avariya-qutqarish xizmatlari, Qoraqalpog‘iston MSSJ Vazirlar Kengashi, viloyat ijroiya qo‘mitalari va Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha komissiyalarining favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlik darajasini oshirish, aholi xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarda sanoat, energetika, transport, aloqa, ijtimoiy-maishiy xizmat obyektlarining ishonchli va barqaror ishlashini ta’minlash borasidagi faoliyatini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
ro‘y berish ehtimoli bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni va ularning oqibatlarini prognozlash, jumhuriyat hududida avariyalar, falokatlar, tabiiy va ekologik ofatlar, epidemiyalar va epizootiyalar oqibatida yuzaga kelishi mumkin xavfli zonalarni (rayonlarni) belgilash, ekstremal hodisalar xavf-xatarini va ko‘rilishi mumkin bo‘lgan zararlarni baholash bo‘yicha ishlarni yo‘naltiradi;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va shunday hollarda harakat qilish bo‘yicha O‘zbekiston SSJ Davlat tizimi ishlariga rahbarlikni amalga oshiradi;
potensial xavfli obyektlarda avariyalar va falokatlarning oldini olishga, ular yuz bergan taqdirda hamda tabiiy ofatlar, epidemiyalar va epizootiyalar ro‘y bergan hollarda ko‘rilishi mumkin bo‘lgan zararni kamaytirishga qaratilgan profilaktika choralari tizimini ishlab chiqadi;
ro‘y berishi mumkin bo‘lgan avariyalar, falokatlar, tabiiy ofatlar, epidemiyalar, epizootiyalarni tugatish bo‘yicha tadbirlarning jumhuriyat rejasini tayyorlaydi;
ittifoq boshqaruv organlari bilan birgalikda jumhuriyat hududida aholining hayoti va salomatligi uchun potensial xavfli bo‘lgan xalq xo‘jaligi va mudofaa xarakteridagi obyektlarning joylashishi nechog‘lik maqsadga muvofiqligi, shuningdek ularni bekitish, konservatsiyalash, tugatish, faoliyatini to‘xtatib qo‘yish masalalarini ko‘rib chiqadi;
jumhuriyat boshqaruv organlarining avariya-qutqaruv xizmatlari, O‘zbekiston SSJ kuchlari va vositalarining favqulodda vaziyatlarning oldini olish va shunday hollar yuz berganda harakat qilish bo‘yicha komanda-shtab va maxsus mashqlarini o‘tkazadi;
jamoat tashkilotlari va tegishli tajribaga ega bo‘lgan fuqarolarning favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha tadbirlarda qatnashishi uchun sharoit yaratish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
jumhuriyat aholisini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlash ishlarini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
SSJI Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Davlat komissiyasi bilan birgalikda qutqarish va avariya-qayta tiklash ishlarini samarali olib borish uchun zamonaviy texnika, asbob-uskunalar, mexanizmlar va materiallar ishlab chiqarish hamda xarid qilishni, xavfli texnogen va tabiat hodisalarini kuzatishni, ular ustidan nazorat sistemasini rivojlantiruvchi, aholini himoya qilish va kishilarning favqulodda vaziyatlarda yashashini ta’minlovchi yagona ilmiy-texnikaviy siyosatni ishlab chiqishda qatnashadi;
Vazirlar Mahkamasining Qonunchilik aktlarini, qarorlarini, farmoyishlarini, Komissiya kompetensiyasiga kiradigan masalalar bo‘yicha boshqa normativ aktlarni ishlab chiqishni amalga oshiradi va ularning bajarilishini nazorat qilib boradi;
favqulodda vaziyatlar oqibatlari profilaktikasi, ularning oldini olish va bartaraf etish sohasidagi vatanimiz va xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish va undan foydalanishni tashkil etadi, Komissiya kompetensiyasi doirasida markaziy boshqaruv organlari, boshqa ittifoqdosh jumhuriyatlar, xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni muvofiqlashtiradi;
b) favqulodda vaziyatlar ro‘y berganda va ularning oqibatlarini tugatishda:
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va shunday hollarda harakat qilish bo‘yicha O‘zbekiston SSJ Davlat tizimini tayyor holatga keltirishni va uning ishlashini ta’minlaydi;
tegishli boshqaruv organlarini va aholini favqulodda vaziyatlarning ro‘y berganligi, xarakteri va miqyoslari, ularning oqibatlarini tugatishning qanday borayotganligi haqida xabardor qilish va axborot bilan ta’minlashni tashkil etadi;
jumhuriyat hududida mintaqaviy favqulodda vaziyat ro‘y bergan taqdirda qutqarish va avariya-tiklash ishlariga bevosita rahbarlik qiladi;
zarar ko‘rgan aholiga, ularning yashashini ta’minlashga, falokat ro‘y bergan rayonlardan ko‘chirishga zarur ijtimoiy yordam ko‘rsatish ishlarini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
falokat ro‘y bergan rayonga tashkilotlar va fuqarolardan, shu jumladan, xorijiy fuqarolardan yordam tariqasida tushadigan moddiy va moliyaviy mablag‘larni hisobga olish va taqsimlash ishlarini tashkil etishni nazorat qiladi;
Qoraqalpog‘iston MSSJ Vazirlar Kengashi, viloyat ijroiya qo‘mitalari va Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasi favqulodda vaziyatlar komissiyalarining avariyalar va falokatlarning sabablarini aniqlash yuzasidan olib boradigan ishida qatnashadi;
tegishli tajribaga ega bo‘lgan jamoat tashkilotlari va fuqarolarning (shu jumladan, xorijiy fuqarolarning) favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini tugatish bo‘yicha tadbirlarda qatnashishi uchun sharoit yaratish ishlarini olib boradi;
odamlarning hayoti va salomatligi uchun bevosita xavf-xatar bartaraf etilgach, qidiruv-qutqarish ishlari olib borilgandan keyin, aholining yashashini ta’minlovchi obyektlar tiklab bo‘lingandan so‘ng favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini tugatish ishlariga rahbarlik qilish mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlariga, shuningdek tegishli vazirliklar, davlat qo‘mitalari, konsernlar, idoralar va birlashmalarga o‘tkaziladi.
4. Komissiya quyidagi huquqlarga ega:
zarur hollarda O‘zbekiston SSJ Oliy Kengashiga yoki O‘zbekiston SSJ Prezidentiga SSJI Ichki ishlar vazirligining ichki qo‘shinlarini, shuningdek, SSJI Qurolli Kuchlarining harbiy qismlarini avariyalar, falokatlar, ekologik va tabiiy ofatlarning oqibatlarini tugatishga, favqulodda vaziyatlar zonalarida jamoat tartibini saqlashni va aholining hayoti uchun zarur bo‘lgan hamda xalq xo‘jaligi obyektlarini muhofaza qilishni ta’minlashga jalb etish haqida belgilangan tartibda taklif kiritish;
o‘z kompetensiyasi doirasida O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining farmoyishlar tarzidagi qarorlarini qabul qilishda qatnashish;
Komissiya kompetensiyasiga taalluqli bo‘lgan masalalarni hal etishda O‘zbekiston SSJ Xalq xo‘jaligi komplekslari, ittifoq, jumhuriyat vazirliklari, davlat qo‘mitalari, konsernlar, idoralar, birlashmalarning rahbarlari bilan birgalikda qatnashish;
Qoraqalpog‘iston MSSJ Vazirlar Kengashi, viloyat ijroiya qo‘mitalari va Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasi, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, konsernlar, idoralar va birlashmalarning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha komissiyalarining ishini nazorat qilib borish, o‘z majlislarida ana shu komissiyalarning hisobotlarini eshitish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va shunday hollarda harakat qilish bo‘yicha O‘zbekiston SSJ Davlat tizimiga kiruvchi kuchlar va vositalarning tayyorligini nazorat qilishni amalga oshirish;
vazirliklar, davlat qo‘mitalari, konsernlar, idoralar, birlashmalar, Qoraqalpog‘iston MSSJ Vazirlar Kengashi, xalq deputatlari mahalliy Sovetlari ijroiya qo‘mitalaridan Komissiya zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan materiallarni talab qilish va olish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va shunday xollarda harakat qilish bo‘yicha O‘zbekiston SSJ Davlat tizimiga kiruvchi kuchlar va vositalarni zarur bo‘lgan qutqarish hamda avariya-qayta tiklash ishlariga, katta avariyalar, falokatlar, tabiiy va ekologik ofatlar, epidemiyalar va epizootiyalar ro‘y berganda esa, SSJI Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Davlat komissiyasi bilan kelishgan xolda, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va shunday hollarda harakat qilish bo‘yicha Yagona tizimga kiruvchi kuchlar va vositalarni belgilangan tartibda jalb etish;
jumhuriyat hududidagi mintaqaviy favqulodda vaziyat vujudga kelgan joyga borib, qutqarish va avariya-qayta tiklash ishlariga bevosita rahbarlik qilish;
favqulodda vaziyat paydo bo‘lishi sezilgan hollarda, qaysi idoraga bo‘ysunishidan qat’i nazar, jumhuriyat hududidagi xalq xo‘jaligi obyektlarining ishini to‘xtatib qo‘yish;
mahalliy avariyalar, falokatlar, tabiiy ofatlar, epidemiyalar va epizootiyalar ro‘y bergan taqdirda o‘z vakillari va mutaxassislarini Qoraqalpog‘iston MSSJ, viloyatlar va Toshkent shahridagi favqulodda vaziyatlar bo‘yicha komissiyalar ishida ishtirok etish uchun yuborish;
jumhuriyat xalq xo‘jaligining yetakchi mutaxassislarini potensial xavfli bo‘lgan obyektlarni ekspertiza qilishga va shunday obyektlarning bexatar ishlashini nazorat qilishga jalb etish.
5. Vazirlar Mahkamasining Komissiyasi kundalik faoliyatida Komissiya Raisi tomonidan tasdiqlangan yillik va kvartal rejalarga muvofiq ish olib boradi. Komissiya majlislarida favqulodda vaziyatlarda ogohlantirish va harakatlar qilish masalalari ko‘rib chiqiladi. Komissiya o‘z kompetensiyasi doirasida barcha jumhuriyat vazirliklari, davlat qo‘mitalari, birlashmalari, Qoraqalpog‘iston MSSJ Vazirlar Kengashi, xalq deputatlari Sovetlari viloyat, shahar va nohiya ijroiya qo‘mitalari, qaysi idoraga bo‘ysunishidan qat’i nazar, tashkilotlar, korxonalar va muassasalar uchun bajarish majbur bo‘lgan qarorlar qabul qiladi. Komissiya majlislari o‘rtasidagi davrda zarur qarorlar Komissiya Raisi yoki uning birinchi o‘rinbosari tomonidan qabul qilinib, tegishli ko‘rsatmalar va topshiriqlar tarzida ijrochilarga yetkaziladi. Favqulodda vaziyatlar ro‘y berganda avariya, falokat, tabiiy ofat, epidemiya va epizootiyalarning turi, ularning ko‘lami va oqibatlariga qarab Komissiya tarkibidan operativ guruhlar tashkil etiladi. Bu guruhlarga Komissiya Raisi yoki uning o‘rinbosarlari boshchilik qiladilar va favqulodda vaziyatlar oqibatlarini tugatishga rahbarlikni ta’minlaydilar.
6. Komissiya Raisi Komissiya zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun mas’ul bo‘lib, Komissiya a’zolari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi, Komissiya va uning apparati ishini tashkil etadi.
7. Komissiya Raisiga amaldagi qonunchilikka binoan quyidagi huquqlar beriladi:
“Favqulodda holatning huquqiy rejimi haqida”gi SSJI Qonunining 4-moddasiga muvofiq favqulodda vaziyat zonasida jamoat tartibini, katta moliyaviy va moddiy boyliklar to‘plangan joylarni, aholining hayotiy faoliyatini ta’minlovchi va xalq xo‘jaligi obyektlarini qo‘riqlashni kuchaytirish, shuningdek favqulodda vaziyatlar zonasida fuqarolarning kirish-chiqishi uchun maxsus rejimni joriy etish;
mahalliy hokimiyat organlari bilan kelishgan holda, favqulodda vaziyat xarakteriga qarab, ofat ro‘y bergan rayonlarda fuqarolarning yashashi va yurish-turishining alohida rejimini o‘rnatish;
favqulodda vaziyat oqibatlarining oldini olish yoki tugatish uchun zarur transport, tibbiy, qutqarish, qayta tiklash hamda jumhuriyatga bo‘ysunuvchi boshqa kuch va vositalarni, shuningdek, tegishli idora kuchlari va vositalarini (kelishuv bo‘yicha), o‘zaro kelishib harakat qilish rejasiga ko‘ra harbiy bo‘linmalar va qismlarni jalb etish;
favqulodda vaziyatlar ro‘y bergan zonalarda va ularning oqibatlarini tugatish uchun bo‘lgan harakatlarda barcha zarur moddiy-texnika, tibbiy, oziq-ovqat va boshqa jumhuriyat resurslari va zapaslaridan, alohida hollarda esa (kelishuv bo‘yicha) davlat va idora resurslari, rezervlari va zapaslaridan foydalanish.
O‘zbekiston SSJ Fuqaro mudofaasi shtabi zimmasiga favqulodda vaziyatlarda va ularning oqibatlarini tugatishda boshqaruv bo‘yicha mutaxassis kadrlarning malakasini oshirishni, favqulodda vaziyatlarda aholini harakat qilishga tayyorlash za takomillashtirish ishlarini tashkil etish yuklatilsin.
Komissiya o‘z tasarrufida quyidagilarga ega:
tegishli rejalashtirilgan davrga iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish davlat rejalarida ehtiyot choralarini va favqulodda vaziyatlar oqibatlarini tugatish bo‘yicha ko‘zda tutilmagan ishlarni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan maxsus moliyaviy za moddiy-texnika rezervlari. Mazkur rezervlarning hajmlari va nomenklaturasi to‘g‘risidagi takliflar tegishli ravishda O‘zbekiston SSJ Iqtisodiyot qo‘mitasi, O‘zbekiston SSJ Moddiy-texnika ta’minoti davlat-kooperativ qo‘mitasi, O‘zbekiston SSJ Moliya vazirligi, O‘zbekiston SSJ Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston SSJ Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston SSJ Neft mahsulotlari bilan ta’minlash davlat qo‘mitasi, SSJI Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Moddiy resurslar Bosh boshqarmasining O‘rta Osiyo hududiy boshqarmasi, O‘zbekiston SSJ Fuqaro mudofaasi shtabi, boshqa vazirliklar va idoralar tomonidan Komissiya bilan kelishilgan holda tayyorlanadi.
Komissiya tomonidan ajratilgan mablag‘larni sarflash va rezervlardan foydalanish uning qarori bilan amalga oshiriladi.
Komissiya ishchi apparatining tashkiliy tuzilishi Komissiya Raisi tomonidan belgilanadi.
Komissiya apparati favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularning oqibatida ko‘riladigan zararni kamaytirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha kundalik ishlarni tashkil etadi, favqulodda vaziyatlarda ogohlantirish va harakatlar qilish bo‘yicha O‘zbekiston SSJ Davlat tizimining tayyorligini nazorat qilib boradi, Komissiya majlislariga hujjatlar tayyorlaydi, Komissiya qarorlarini ijrochilarga yetkazadi, ularning bajarilishini nazorat qiladi.
Komissiya faoliyatini axborot bilan ta’minlash O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1980-yil 31-oktabrdagi 730-78-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi apparatida tuzilgan strukturaviy bo‘linma zimmasiga yuklatiladi.
Potensial xavfli obyektlari bo‘lgan jumhuriyat vazirliklari, davlat qo‘mitalari, idoralari, birlashmalari rahbarlar (rahbarlarning birinchi o‘rinbosarlari) boshchilik qiladigan favqulodda vaziyatlar bo‘yicha komissiyalar tuzadilar. Ular o‘zlariga qarashli obyektlarda va ularga yondosh rayonlarda favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularning yetkazishi mumkin bo‘lgan zararini kamaytirish va ular oqibatlarini tugatish bo‘yicha tadbirlar hamda ishlarni tayyorlash va o‘tkazish uchun shaxsan mas’uldirlar.
Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha tarmoq komissiyalari bo‘ysunuvchi korxonalarning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha obyekt komissiyalarining faoliyati, xavfsiz va chiqitsiz texnologiyani ishlab chiqish va joriy etish, himoya qilish va favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini tugatishning zarur vositalarini ishlab chiqish yuzasidan yagona texnika siyosatini o‘tkazish, ekstremal sharoitda boshqarish bo‘yicha mutaxassis kadrlar tayyorlash, favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini tugatishda obyekt komissiyalariga yordam berish, shu jumladan, favqulodda vaziyatlar bo‘yicha viloyat, shahar komissiyalarining kuch va vositalarini bu ishlarga jalb etish (kelishuv bo‘yicha) ishlariga metodik rahbarlik qilish, bu ishlarni muvofiqlashtirish va nazorat qilishni amalga oshirishlari kerak.
Komissiya vazirliklar, davlat qo‘mitalari, konsernlar, idoralar, birlashmalar va potensial xavfli obyektlarda navbatchilik-dispetcherlik xizmatini tashkil etadi. Fuqaro mudofaasi bo‘yicha ikkinchi bo‘limlarning shtatdagi xodimlari vazirliklar, davlat qo‘mitalari, konsernlar, idoralar, birlashmalarning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha komissiyalarining ishchi organi hisoblanadi.
Potensial xavfli obyektlari bo‘lgan O‘zbekiston SSJ vazirliklari, davlat qo‘mitalari, konsernlari, idoralari, birlashmalari mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda favqulodda vaziyatlar bo‘yicha komissiyalar haqida idoraviy nizomlarni ishlab chiqadilar, o‘z ishlarida Vazirlar Mahkamasi Komissiyasining Vaqtinchalik nizomidan foydalanadilar.
Vazirlikning komissiyasi haqidagi nizom O‘zSSJ Fuqaro mudofaasi shtabi bilan kelishilgan holda, vazir tomonidan tasdiqlanadi. Komissiyaning shaxsiy tarkibi: rais, rais o‘rinbosarlari, komissiya a’zolari kollegiya (qo‘mita) qarori bilan tasdiqlanadi.
Xalq xo‘jaligi obyektining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasining tipovoy loyihasini vazirliklar, davlat qo‘mitalari, konsernlar, birlashmalar (tarmoq komissiyalari) ishlab chiqadilar. Obyekt komissiyalari o‘z nizomida asosiy vazifalarni, funksiyalarni, tarkibni va huquqlarni, favqulodda vaziyat xavfi bo‘lganda uning oldini olish va shunday hollar ro‘y berganda harakat qilish bo‘yicha ishlarni tashkil etishni (mahalliy xususiyatlarni hisobga olgan holda) jalb etiladigan kuch va vositalarni aniqlaydilar.
Xususiy (sex) va obyekt vaziyatlarini obyekt komissiyalari zarur hollarda favqulodda vaziyatlar bo‘yicha nohiya (shahar) va tarmoq komissiyalarining operativ guruhlari, kuch va vositalari ishtirokida bartaraf etadilar.
Tarmoq komissiyalari idoraga qarashli qaysi korxonalarda aholini shikastlanish (zararlanish) xavfidan xabardor qilishning muayyan sistemalari bo‘lishini belgilaydilar. Ularni jihozlashni nazorat qilishni ham shu komissiyalar amalga oshiradilar.
Ofitserlar tarkibi bilan komplektlangan fuqaro mudofaasi shtabi bor bo‘lgan viloyatlar, shaharlar va shaharlarning nohiyalarida fuqaro mudofaasi boshlig‘i — favqulodda vaziyatlar bo‘yicha komissiya raisi etib xalq deputatlari mahalliy Soveti raisining birinchi o‘rinbosari — ijroiya qo‘mita raisi tayinlanadi. Ishchi apparati funksiyasi fuqaro mudofaasi shtabi zimmasiga yuklanadi.
Fuqaro mudofaasi bo‘yicha guruhga kiritilmagan shaharlarda, qishloq nohiyalarida, nohiya va viloyatga bo‘ysunadigan shaharlarda fuqaro mudofaasi boshlig‘i — favqulodda vaziyatlar bo‘yicha komissiya raisi etib xalq deputatlari Soveti raisining birinchi o‘rinbosari — ijroiya qo‘mita raisi tayinlanadi; nohiya va viloyatga bo‘ysunuvchi shaharlarda — xalq deputatlari Sovetining raisi tayinlanadi. Ishchi apparati funksiyasi ijroiya qo‘mita raisining favqulodda vaziyatlar va fuqaro mudofaasi (mavjud FM shtabi boshlig‘i lavozimi) bo‘yicha o‘rinbosari va favqulodda vaziyatlar bo‘yicha komissiya kotibi zimmasiga yuklanadi.
Jumhuriyat tez harakat qilish ko‘p profilli markazi (JTHQKPM) jumhuriyat hududida ekstremal vaziyatlarda odamlarni qutqarish bo‘yicha professional bosh tashkilot bo‘lib, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va shunday hollar ro‘y berganda harakat qilish bo‘yicha yagona Davlat tizimiga kiradi.
JTHQKPM bevosita O‘zbekiston SSJ Fuqaro mudofaasi boshlig‘iga bo‘ysunadi.
JTHQKPM faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasi Raisi zimmasiga yuklanadi va u Jumhuriyat tez harakat qilish ko‘p profilli markazi haqidagi nizomni tasdiqlaydi.
Belgilangan formadagi JTHQKPM guvohnomasini olgan qutqazuvchilar favqulodda vaziyatlar ro‘y bergan zonaga kirish (chiqish) huquqiga egadirlar.
Izoh: Qoraqalpog‘iston MSSJ Vazirlar Kengashi, xalq deputatlari viloyat, nohiya Sovetlari ijroiya qo‘mitalarining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha komissiyalari mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda shu komissiyalar to‘g‘risidagi nizomlarni ishlab chiqadilar.