O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jumhuriyat o‘rmon xo‘jaligini boshqarishni takomillashtirish haqida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 14-apreldagi 149-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish va ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston SSJ Prezidentining 1991-yil 12-fevraldagi 144-son Farmoniga muvofiq va o‘rmon fondi yerlaridan oqilona foydalanish, o‘rmonlarning tabiatni muhofaza qilish va meliorativ ahamiyatini oshirish, jumhuriyat o‘rmon xo‘jaligini boshqarishni takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston SSJ Davlat o‘rmon qo‘mitasi apparatining tuzilishi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Qo‘mitaning Markaziy apparati xodimlari soni 78 kishidan iborat qilib, o‘ziga qarashli korxonalarning ajratmalari hisobiga yillik ish haqi fondi 370 ming so‘m hajmida belgilansin. Qo‘mitaga Raisning 2 o‘rinbosari, shu jumladan, bitta birinchi o‘rinbosari bo‘lishiga ruxsat etilsin. O‘zbekiston SSJ Davlat o‘rmon qo‘mitasi hay’ati tarkibi 7 kishidan iborat qilib belgilansin. 3 ta xizmat yengil avtomobillarini saqlash uchun limit ajratilsin.
2. O‘zbekiston SSJ Davlat o‘rmon qo‘mitasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat etib belgilansin:
o‘rmonlarning holatini, ularni ko‘paytirishni, muhofaza va himoya qilishni nazorat etishni amalga oshirish;
o‘rmonchilik va ovchilik xo‘jaliklarini, qo‘riqxona ishini, milliy parklarni rivojlantirishning istiqbollarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirish;
yong‘oq mevali va meva-rezavor o‘simliklar sanoat ekin maydonlarini barpo etish, o‘rmon resurslarini ko‘paytirish va jumhuriyatning yog‘ochga bo‘lgan talabini qisman qondirish uchun tez o‘suvchi yog‘ochbop daraxtzorlarni kengaytirish;
dorivor va ovqatbop o‘simliklarni tayyorlash va yetishtirishga oid chora-tadbirlarni amalga oshirish va bu maqsadlar uchun ixtisoslashtirilgan bo‘linmalar tashkil etish;
o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirishda xo‘jalik hisobi faoliyatini yo‘lga qo‘yish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar ko‘rish, o‘rmonlarni tiklash va ihota daraxtzorlarini barpo etish ishlari samaradorligini oshirish;
dalalar va yaylovlarni himoya qiluvchi o‘rmon polosalari, tog‘ yonbag‘irlarida, jar yoqalarida va boshqa tashlandiq yerlarda eroziyaga qarshi daraxtzorlar yaratish, Orol dengizining qurib qolgan yerlarida, ko‘chma qumliklarda o‘rmon melioratsiyasiga doir chora-tadbirlar ko‘rish ishlarini tashkil etish va bajarish;
o‘rmon fondini ko‘paytirish va yaxshilash, o‘rmonning ekologik, sog‘lomlashtirish va sanitariya-gigiyena funksiyalarini oshirish ishida fan yutuqlari va ilg‘or tajribalardan foydalanish;
o‘rmon xo‘jaligi tizimidagi korxonalar va tashkilotlarni rivojlantirishni prognozlashtirish, ularni xo‘jalik faoliyatining yangi shakllariga o‘tkazish.
3. O‘zbekiston SSJ Davlat o‘rmon qo‘mitasiga O‘zSSJ Iqtisodiyot qo‘mitasi, O‘zSSJ Moliya vazirligi, O‘zSSJ Adliya vazirligi bilan kelishgan holda bir oy muddat ichida Vazirlar Mahkamasiga Qo‘mita haqidagi Nizom loyihasini taqdim etish topshirilsin.
4. Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarish birlashmalari bosh korxonalar negizida o‘ziga qarashli korxonalarning ajratmalari hisobiga saqlagan holda tegishli o‘rmon xo‘jaligi viloyat boshqarmalariga aylantirilsin.
5. O‘zbekiston SSJ Davlat o‘rmon qo‘mitasi uch oy muddat ichida:
Toshkent, Jizzax va Qashqadaryo viloyat ijroiya qo‘mitalari bilan birgalikda dorivor va ovqatbop o‘simliklar yetishtiruvchi ixtisoslashtirilgan sovxozlar tashkil qilish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqsin va bu haqda takliflar kiritsin;
kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish va tarbiyalash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirgan holda Toshkent o‘rmon-meliorativ texnikumini tashkil etish to‘g‘risida taklif kiritsin.
6. Qoraqalpog‘iston MSSJ Vazirlar Kengashi O‘zbekiston SSJ Davlat o‘rmon qo‘mitasi bilan birgalikda qizilmiya ildizi va boshqa dorivor o‘simliklarni yetishtirish, tayyorlash bo‘yicha yangi sovxozlar tashkil etish masalasini ko‘rib chiqsin.
7. O‘zbekiston SSJ Davlat o‘rmon qo‘mitasi va O‘zbekiston SSJ Qishloq xo‘jaligi vazirligi xalq deputatlari Sovetlari viloyat va nohiya ijroiya qo‘mitalari bilan birgalikda to‘kayzorlarning puxta hisobini olsinlar, ularni saqlash, ko‘paytirish va ulardan oqilona foydalanish chora-tadbirlarini tayyorlasinlar.
Kolxozlar va sovxozlarning yerlarida pudrat usuli bilan bajariladigan ihota o‘rmon polosalari barpo etish ishlari qayta tiklansin.
8. O‘zSSJ Iqtisodiyot qo‘mitasi va O‘zSSJ Moddiy-texnika ta’minoti davlat-kooperativ qo‘mitasi O‘zbekiston SSJ Davlat o‘rmon qo‘mitasining talabnomalari bo‘yicha belgilangan tartibda har yili zarur hajmlarda mablag‘lar va moddiy-texnika resurslari ajratishni ko‘zda tutsinlar.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 30-aprel,
115-son
O‘zbekiston SSJ davlat o‘rmon qo‘mitasi apparatining
tuzilishi
| Rahbariyat |
| Rahbariyat huzuridagi apparat |
| Ilmiy-texnika bo‘limi |
| O‘rmon xo‘jaligi, o‘rmonlarni muhofaza va himoya qilish bo‘limi |
| O‘rmonlarni tiklash va ihota daraxtzorlarini ko‘paytirish bo‘limi |
| Ovchilik xo‘jaligi va qo‘riqxonalar, milliy parklar bo‘limi |
| Dorivor va ovqatbop o‘simliklar bo‘limi |
| Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘limi |
| O‘rmondan boshqa qo‘shimcha maqsadlarda foydalanish va qishloq xo‘jaligi bo‘limi |
| Kapital qurilish va moddiy-texnika ta’minoti bo‘limi |
| Moliya-iqtisod bo‘limi |
| Buxgalteriya hisobi va taftish bo‘limi |
| O‘rmonlarning holati, ulardan foydalanish va ularni ko‘paytirish ustidan davlat nazorati bo‘limi |
| Umumiy bo‘lim |