Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining
buyrugʻi
Xorijiy davlatlar hududida Oʻzbekiston Respublikasining muassasalari va tashkilotlari oʻtkazadigan tadbirlar vaqtida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini ijro etish Qoidalarini tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 19-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2539]
“Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Axborotnomasi, 1993-y., 1-son, 52-modda) 10-moddasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 15-iyuldagi PQ-2003-son “Qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 29-son, 373-modda) qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Xorijiy davlatlar hududida Oʻzbekiston Respublikasining muassasalari va tashkilotlari oʻtkazadigan tadbirlar vaqtida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini ijro etish Qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Tashqi ishlar vaziri A. KAMILOV
Toshkent sh.,
2013-yil 13-dekabr,
1636-son
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining 2013-yil 13-dekabrdagi 1636-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Xorijiy davlatlar hududida Oʻzbekiston Respublikasining muassasalari va tashkilotlari oʻtkazadigan tadbirlar vaqtida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini ijro etish
QOIDALARI
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar (bundan buyon matnda Qoidalar deb yuritiladi) chet elda oʻtkaziladigan tadbirlar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining ijro etilish tartibini belgilash, tadbir ishtirokchilarida vatanga sadoqat tuygʻularini shakllantirish maqsadida ishlab chiqilgan.
2. Mazkur Qoidalar “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Axborotnomasi, 1993-y., 1-son, 52-modda) (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi) 10-moddasiga muvofiq xorijiy davlatlar hududida Oʻzbekiston Respublikasining muassasalari va tashkilotlari oʻtkazadigan tadbirlar vaqtida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini ijro etish tartibini belgilaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasining muassasalari va tashkilotlari tomonidan xorijiy davlatlar hududida oʻtkaziladigan tadbirlarda ishtirok etayotgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasiga ehtirom bilan qarashi shart.
4. Oʻzbekiston Respublikasining muassasalari va tashkilotlari xorijiy davlatlar hududida oʻtkaziladigan tadbirlar haqida oʻrnatilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga oldindan maʼlum qiladi.
5. Xorijiy davlatlar hududida tadbirlar va marosimlarni oʻtkazish uchun masʼul boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining muassasasi yoki tashkiloti Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining ijro etilishi uchun zarur boʻlgan barcha tegishli shart-sharoitlar yaratilishini taʼminlashi lozim.
II bob. Asosiy tushunchalar
6. Mazkur Qoidalarda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi — Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq qonun bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat suverenitetining ramzi;
xorijiy mamlakat tajribasi va mahalliy urf-odatlari — xorijiy mamlakatlar hududida amal qiladigan, umumeʼtirof etilgan yoki odat tusiga kirib qolgan milliy yoki mahalliy anʼanalari;
rasmiy tadbirlar — muhim tarixiy voqealarni nishonlash yuzasidan, atoqli siyosiy, davlat, harbiy arboblar, xalq qahramonlari, fan, adabiyot va sanʼat arboblari sharafiga oʻrnatilgan haykallar, shuningdek monumentlar, yodgorliklar va boshqa inshootlarning ochilishi munosabati bilan oʻtkaziladigan rasmiy marosimlar;
delegatsiya — Oʻzbekiston Respublikasi muassasasi yoki tashkiloti tomonidan xorijiy davlatlar hududida oʻtkaziladigan tadbirlar va marosimlarda ishtirok etayotgan rasmiy guruh.
III bob. Xorijiy davlatlar hududida Oʻzbekiston Respublikasining muassasalari va tashkilotlari oʻtkazadigan tadbirlar vaqtida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini ijro etish
7. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi Oʻzbekiston Respublikasining muassasalari va tashkilotlari tomonidan oʻtkaziladigan quyidagi tadbirlar vaqtida xorijiy mamlakat tajribasi va mahalliy urf-odatlarini inobatga olgan holda ijro etiladi:
Oʻzbekiston Respublikasida nishonlanadigan umummilliy bayramlar munosabati bilan oʻtkaziladigan tantanali tadbirlar va yigʻilishlarning ochilishi chogʻida;
oʻtkaziladigan marosimlar va boshqa tantanali tadbirlar vaqtida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻini koʻtarish chogʻida;
xorijiy mamlakatga safar bilan tashrif buyurgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Bosh vaziri hamda boshqa yuqori martabali mansabdor shaxslarini kutib olish va kuzatish chogʻida;
Oʻzbekiston Respublikasining turli rasmiy tadbirlarini oʻtkazish chogʻida;
oʻtkaziladigan sport musobaqalari davomida — Oʻzbekiston Respublikasining milliy terma komandalari ishtirokida xalqaro sport musobaqalarini oʻtkazish vaqtida hamda xalqaro sport musobaqalarining Oʻzbekiston Respublikasi sport terma jamoalarining vakillari boʻlgan gʻoliblarini mukofotlash chogʻida.
8. Xorijiy davlatlar hududida rasmiy tadbirlar va marosimlar oʻtkazayotgan Oʻzbekiston Respublikasi muassasasi yoki tashkilotining delegatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatdagi tegishli diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari tomonidan xorijiy mamlakat tajribasi va mahalliy urf-odatlari haqida xabardor qilinadi.
9. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi madhiyaning Qonun bilan tasdiqlangan matni va musiqaviy tahririga aynan muvofiq holda ijro etilmogʻi lozim.
10. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasining orkestr, xor, ham orkestr ham xor tomonidan yoki oʻzga vokal hamda vokal-cholgʻu asboblari bilan yoki koʻpchilik huzurida ijro etish Qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
IV bob. Yakuniy qoidalar
11. Mazkur Qoidalarning bajarilishini taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasining tegishli delegatsiya rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Mazkur Qoidalar talablarini buzganlikda aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
13. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan.
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2013-yil 13-dekabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 51-son, 678-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)