O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2000-yilda ekinlarning o‘sish davrida Norin-Sirdaryo havzasi suv resurslaridan samarali foydalanishga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Keyingi yillarda suv resurslaridan isrofgarchilik bilan foydalanish sug‘orish suvlarini ishlatishning ko‘payishiga olib keldi. Masalan, ekinlarning o‘sish davrida norma bo‘yicha 1 gektar hisobiga mo‘ljallangan 8,0 — 8,5 ming kub metr o‘rniga amalda 12,0 — 13,0 ming kub metr suv sarflanmoqda. Natijada ko‘pgina mintaqalarda yerlarning meliorativ holati yomonlashmoqda va botqoqlanish hollari yuz bermoqda, shuningdek tuproq unumdorligi va qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi pasaymoqda.
Qishloq xo‘jaligi ekinlarini o‘stirish bo‘yicha agrotexnika tadbirlari ba’zan yuqori sug‘orish normasi bilan tez-tez sug‘orishlardan iborat bo‘lib qolmoqda, natijada moddiy xarajatlar va tegishli ravishda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tannarxi oshmoqda. Bunday hollar Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Toshkent, Farg‘ona viloyatlarida kuzatilmoqda.
Norin-Sirdaryo havzasi suv resurslaridan samarali foydalanish va 2000-yilda ekinlarning o‘sish davridagi sug‘orishlarni me’yorida o‘tkazish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qishloq xo‘jaligi organlari, shirkatlar, kooperativlar, boshqa suvdan foydalanuvchilar va suv xo‘jaligi tashkilotlarining suv resurslaridan oqilona foydalanishga doir ishlari qoniqarsiz deb hisoblansin.
2. Viloyatlar, kanallar tizimlari bo‘yicha suv iste’moli limitlari va qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishga ichki suv resurslarini qo‘shimcha ravishda jalb qilishga doir tadbirlar 1 va 2-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Andijon, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari hokimliklari:
suv iste’molining belgilangan limitlariga qat’iy rioya qilinishini, suv resurslaridan oqilona foydalanilishini, qishloq xo‘jaligi ekinlarini o‘stirishda tuproqda nam saqlanishiga ko‘maklashuvchi agrotexnika tadbirlar kompleksi o‘z vaqtida o‘tkazilishini, zaruriyat bo‘lganda, xo‘jaliklararo suv oborotlari joriy etilishini ta’minlasinlar, sug‘oriladigan suvning behuda oqizilishiga yo‘l qo‘ymasinlar;
tuproqda nam to‘plash, ko‘p yillik o‘simliklarni sug‘orish va sho‘r yuvishni o‘z vaqtida, sifatli tugallash uchun qishki bo‘sh suv oqimlaridan to‘liq foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqsinlar va amalga oshirsinlar;
har bir viloyatda sug‘orish suvlarini nazorat qilish va ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha maxsus guruhlar tuzsinlar, suvdan foydalanish intizomini buzganlarni amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq qat’iy javobgarlikka tortsinlar;
har bir suvdan foydalanuvchi bilan Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida suvdan cheklangan miqdorda foydalanish to‘g‘risida” 1993-yil 3-avgustdagi 385-son qaroriga muvofiq suvdan foydalanish yuzasidan shartnomalar tuzilishini ta’minlasinlar va ularning bajarilishi ustidan qattiq nazorat o‘rnatsinlar;
qishloq xo‘jaligi ekinlarining o‘sish davrida ularning qurib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik va mo‘l hosil olish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rsinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirliklar, idoralar bilan birgalikda davlatlararo Qayroqqum suv omborini (Tojikiston Respublikasi bilan kelishuv bo‘yicha), shuningdek respublikamizdagi Andijon, Karkidon, Kosonsoy va boshqa suv omborlarini to‘ldirish hamda ularning suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlarini ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
5. 2000-yilda To‘qtag‘ul suv ombori suv resurslarini saqlash va ekinlarni o‘sish davrida sug‘orishni ta’minlash maqsadida:
Energetika va elektrlashtirish vazirligi To‘qtag‘ul suv omboridan qo‘shimcha suv o‘tkazish hisobiga yoz davrida Norin GES kaskadi ishlab chiqargan elektr quvvatini 3-ilovaga* muvofiq O‘zbekiston Respublikasi energetika tizimiga olishni ta’minlasin;
olingan elektr quvvati qiymatini “Qirg‘iz energo” AJning 11,8 mln. AQSh dollari miqdoridagi 1999-yilgi qarzi hamda joriy yilning qish-bahor davrida Qirg‘iziston Respublikasi bilan kelishilgan holda yetkazib beriladigan 152 mln. kub metr hajmidagi tabiiy gaz hisobiga kompensatsiya qilsin.
6. 2000-yilda ekinlarning o‘sish davrida suv resurslaridan foydalanish masalalarini nazorat qilish va tartibga solib borish bo‘yicha 4-ilovaga* muvofiq tarkibda respublika komissiyasi tuzilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.M. Olimjonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 3-fevral,
36-son