O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MADANIYAT VA SPORT ISHLARI VAZIRINING
buyrug‘i
O‘zbekiston Respublikasi hududida respublika va xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazish vaqtida O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini ijro etish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 3-dekabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2533]
“O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 1-son, 52-modda) va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 15-iyuldagi PQ-2003-son “Qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasi hududida respublika va xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazish vaqtida O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini ijro etish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Vazir M. XODJIMATOV
Toshkent sh.,
2013-yil 2-dekabr,
1256-son
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirining 2013-yil 3-dekabrdagi 1256-son buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi hududida respublika va xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazish vaqtida O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini ijro etish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 1-son, 52-modda) va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 15-iyuldagi PQ-2003-son (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 29-son, 373-modda) “Qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududida respublika va xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazish vaqtida O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini (bundan buyon matnda Davlat madhiyasi deb yuritiladi) ijro etish tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Sport musobaqalarini o‘tkazish vaqtida Davlat madhiyasining ijro etilishi musobaqa tashkilotchilari tomonidan ta’minlanadi. Bunda sport musobaqalari deganda, musobaqaning g‘olibi va sovrindorlarini aniqlash maqsadida sportning har xil turlari bo‘yicha sportchilar yoki sport jamoalari o‘rtasida o‘tkaziladigan bellashuv tushuniladi.
2. Davlat madhiyasi “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni bilan tasdiqlangan matni va musiqaviy tahririga aynan muvofiq holda ijro etilishi lozim.
3. Sport musobaqalarini o‘tkazish vaqtida Davlat madhiyasini qisqartirib ijro etilishiga yo‘l qo‘yiladi. Bunda Davlat madhiyasining boshlanishi va naqorat bir martadan aytiladi.
II bob. Davlat madhiyasini ijro etish
4. Davlat madhiyasi O‘zbekiston Respublikasi chempionatlarini, milliy terma komandalar ishtirokida xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazish vaqtida hamda xalqaro sport musobaqalarining O‘zbekiston Respublikasi sport terma komandalarining vakillari bo‘lgan g‘oliblarini mukofotlash marosimlarini o‘tkazish vaqtida ijro etiladi.
5. Davlat madhiyasi tik turib va o‘ng qo‘l kaftini ko‘krakning chap tomoniga qo‘yib davlat bayrog‘iga yuzini burgan holda kuylanadi (tinglanadi).
6. Xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazish vaqtida O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini ijro etish marosimi xalqaro sport tashkilotlarining mavjud amaliyotini inobatga olgan holda belgilanadi.
III bob. Yakuniy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
7. Mazkur Qoidalar talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
8. Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi va O‘zbekiston Mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi bilan kelishilgan.
Tashqi ishlar vaziri A. KAMILOV
2013-yil 29-noyabr
Mudofaa vaziri Q. BERDIYEV
2013-yil 29-noyabr
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2013-yil 29-noyabr
Xalq ta’limi vaziri U. INOYATOV
2013-yil 29-noyabr
O‘zbekiston Mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi raisi R. NIYAZOV
2013-yil 29-noyabr
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 49-son, 639-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)