“Ta’lim to‘g‘risida”, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”, “Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari talablarini ta’minlash hamda imkoniyatlari cheklangan bolalarning o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishlari uchun teng shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining Toshkent ixtisoslashtirilgan sanoat kasb-hunar kollejiga va Samarqand ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejiga 2013-2014 o‘quv yilidan boshlab imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kolleji maqomini berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Toshkent ixtisoslashtirilgan sanoat kasb-hunar kollejiga va Samarqand ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejiga imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlar uchun qonunchilikda nazarda tutilgan faoliyatni, o‘quv-tarbiya va reabilitatsiya jarayonini tashkil qilish, moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minot shart-sharoitlari tatbiq etilsin.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi:
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda Toshkent va Samarqand ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlarida o‘quv-tarbiya va reabilitatsiya jarayoni tashkil etilishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida har yili O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markaziga nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida Toshkent va Samarqand ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlarini amalga oshirsin;
Toshkent va Samarqand ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlarining shtatlar jadvallarini shakllantirishda va ovqatlantirishni tashkil etishda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlari uchun qo‘llaniladigan namunaviy shtatlariga va oziq-ovqat mahsulotlari normalariga amal qilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Toshkent shahri va Samarqand viloyati hokimliklari Toshkent va Samarqand ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlarining xarajatlar smetalarida ushbu qaror talablarini hisobga olgan holda zarur budjet mablag‘larini nazarda tutsinlar.
4. Toshkent shahri va Samarqand viloyati hokimliklari ko‘rsatib o‘tilgan kasb-hunar kollejlar oshxonalarini ularda issiq ovqat tashkil etish uchun kengaytirish va savdo-texnik asbob-uskunalar bilan ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘rsinlar.
5. Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 17-maydagi 100-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2007-y., 5-son, 28-modda) bilan tasdiqlangan Imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlari to‘g‘risidagi Nizomga ilovaga muvofiq qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
“10. Kollejga o‘quvchilar jinsi, tili, yoshi, irqi, millati, diniy mansubligi, ijtimoiy kelib chiqishi, mashg‘ulotining turi, ijtimoiy mavqeyi, yashash joyi va O‘zbekiston Respublikasi hududida qancha muddat yashaganligidan qat’i nazar, quyidagi tartibda qabul qilinadilar:
nogiron bo‘lgan o‘quvchilar — mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish hududiy bosh boshqarmalarining yo‘llanmasi bo‘yicha;
“yengil darajada aqliy zaif” tashxisi qo‘yilgan o‘quvchilar — xalq ta’limi hududiy organlari huzuridagi psixologik-tibbiyot-pedagogik komissiya yo‘llanmasi bo‘yicha”.