Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki BOShQARUVINING
Qarori
“Oʻzkart” banklararo chakana toʻlov tizimi faoliyati toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 2-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2369-1]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2020-yil 25-yanvardagi 2/6-sonli “Oʻzkart” banklararo chakana toʻlov tizimi faoliyati toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2369-3, 05.02.2020-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda), “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 5-6-son, 54-modda), “Elektron toʻlovlar toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 51-son, 373-modda) qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 27-iyundagi PQ-1989-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 21-apreldagi 12/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 2369, 2012-yil 30-may) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 22-son, 255-modda) bilan tasdiqlangan “Oʻzkart” banklararo chakana toʻlov tizimi faoliyati toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2013-yil 24-avgust,
16/6-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2013-yil 24-avgustdagi 16/6-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Oʻzkart” banklararo chakana toʻlov tizimi faoliyati toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 33-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“33. BMKdan olingan yozma xabar asosida Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank “Oʻzkart” tizimiga qabul qilingan bank bilan xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomani imzolaydi.”.
2. 36-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“36. BMK bankning “Oʻzkart” tizimida ishlashga tayyorligi toʻgʻrisida protsessing markazining xabarnomasi asosida tizim aʼzolari boʻlgan banklarga yangi bankning tizim aʼzosi sifatida qabul qilinganligi va uni tizimga ulanganligi toʻgʻrisida rasmiy xabar yuboradi. Protsessing markazi tizimning yangi maʼlumotnomasini shakllantiradi va uni tizim aʼzolari boʻlgan banklarga tarqatadi hamda aʼzolikka qabul qilingan bank uchun banklararo tranzaksiyalarni toʻgʻri uzatish boʻyicha sozlashni amalga oshiradi.”.
3. 43-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank tomonidan “Oʻzkart” tizimidan chiqarilgan bankka u bilan tuzilgan xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaning bekor qilinganligi haqida yozma ravishda xabar qilinadi va barcha moliyaviy majburiyatlar hisob-kitob qilinganidan soʻng, bank maʼlumotnomadan chiqariladi;”.
4. 52-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzkart” tizimida Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank vazifalari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Hisob-kitoblar markazi tomonidan amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Axborotlashtirish bosh markazi Hisob-kitoblar markaziga texnik, dasturiy va ekspluatatsiya xizmatlari koʻrsatilishini taʼminlaydi. Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank “Oʻzkart” tizimi aʼzolari boʻlgan banklar bilan tuzilgan shartnomalar asosida BPK orqali amalga oshirilgan operatsiyalar va tranzaksiyalar boʻyicha oʻzaro moliyaviy hisob-kitoblar yuzasidan xizmatlar koʻrsatadi.”.
5. 55-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“55. Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmayotgan bankning hisob-kitob operatsiyalarini bir taraflama toʻxtatib turadi va bu haqda protsessing markazini xabardor qiladi.”.
6. 56-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“56. Quyidagilar Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bankning majburiyatlari hisoblanadi:
protsessing markazidan olingan tizimdagi oʻzaro hisob-kitoblar, amalga oshirilgan tranzaksiyalar va toʻlovlar toʻgʻrisidagi axborotni uzatish, normativ axborot maʼlumotnomasini oʻz vaqtida yangilash va almashinishini taʼminlash;
banklar tomonidan banklararo tranzaksiyalar boʻyicha hisob-kitob operatsiyalari amalga oshirilishi uchun bankning vakillik hisobvaragʻida yetarli mablagʻlar mavjudligini monitoring qilish;
banklar tomonidan majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, protsessing markaziga mazkur banklarning BPKlari orqali amalga oshiriladigan barcha operatsiyalarni toʻxtatish haqida buyurtmanomani oʻz vaqtida taqdim etish.”.
7. 57-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“57. “Oʻzkart” tizimi aʼzolari boʻlgan banklarda BPK orqali amalga oshirilgan operatsiyalar boʻyicha banklararo hisob-kitoblar quyidagicha yuritiladi:
“Oʻzkart” tizimi aʼzolari boʻlgan banklarning BPKlaridan tizimga aʼzo boshqa banklarning bankomat va muassasalaridan berilgan naqd pullar boʻyicha qarzdorlik hisobi “10511 — Jismoniy shaxslarning plastik kartochkalaridan berilgan naqd pul mablagʻlari uchun boshqa banklardan olinadigan mablagʻlar” va “21012 — Jismoniy shaxslarning plastik kartochkalaridan berilgan naqd pul mablagʻlari uchun boshqa banklarga toʻlanadigan mablagʻlar” balans hisobvaraqlarida;
“Oʻzkart” tizimi aʼzolari boʻlgan banklarning BPKlaridan tizimga aʼzo boshqa banklarning xizmat koʻrsatish obyektlarida tovarlar (ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish) uchun emitentning hisob-kitoblar boʻyicha qarzdorligi hisobi “10513 — Plastik kartochkalar orqali amalga oshirilgan toʻlovlar boʻyicha boshqa banklardan olinadigan mablagʻlar” va “21014 — Plastik kartochkalar orqali amalga oshirilgan toʻlovlar boʻyicha boshqa banklarga toʻlanadigan mablagʻlar” balans hisobvaraqlarida;
“Oʻzkart” tizimi aʼzolari boʻlgan banklarning Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Hisob-kitoblar markazida ochilgan vakillik hisobvaraqlariga xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomalar boʻyicha oʻzaro hisob-kitoblar uchun foydalaniladigan mablagʻlari hisobi “19997 — Boshqa aktivlar” (tartib raqami 801-804 tarzida) hamda “29896 — Boshqa majburiyatlar” (tartib raqami 801-804 tarzida) balans hisobvaraqlarida yuritiladi.”.
8. Ushbu oʻzgartirishlar Oʻzbekiston banklari Assotsiatsiyasi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston banklari Assotsiatsiyasi Bosh direktori S. ABDULLAYEV
2013-yil 23-avgust
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 36-son, 481-modda)