Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Navroʻz bayrami munosabati bilan mamlakatimizda “Obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish oyligi” oʻtkazish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Umumxalq “Navroʻz” bayramini munosib kutib olish, yurtimiz tabiatini sogʻlomlashtirish, mamlakatimiz chiroyiga chiroy qoʻshish, aholi oʻrtasida tabiat, ona Vatanga muhabbat tuygʻularini kuchaytirish, bahorgi obodonlashtirish ishlarini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Shu yilning 21-fevralidan 21-martgacha mamlakatimizda “Obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish oyligi” oʻtkazilsin.
2. “Obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish oyligi”ni oʻtkazish boʻyicha Respublika tashkiliy guruhi tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Respublika tashkiliy guruhi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
uch kun muddat ichida joylarda “Obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish oyligi”ni oʻtkazish boʻyicha hududiy ishchi guruhlari tashkil etsinlar;
mavjud bogʻlar, daraxt va butalarga agrotexnik ishlov va shakl berish, barcha yoʻllarni taʼmirlash, zovur va ariqlarni, dam olish maskanlarini, bozor hududlarini, qabristonlarni tozalash, tartibga keltirish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirsinlar;
oʻzlariga tegishli hududlarda yangi bogʻ-rogʻlarni barpo etish, daraxtlarni reja asosida, sifatiga alohida eʼtibor bergan holda, oʻz vaqtida ekishni tashkil etsinlar;
mehribonlik va qariyalar uylari, bolalar bogʻchalari, kasalxonalar hududlarini yanada obodonlashtirish, ularning atrofiga manzarali va mevali daraxtlarni ekishga alohida eʼtibor qaratsinlar;
hududiy kommunal-foydalanish birlashmalari mahalla oqsoqollari va faollari, uy-joy shirkatlari aʼzolari ishtirokida koʻp qavatli uylarning tashqi koʻrinishi, uylarga kirish yoʻlaklari hamda biriktirilgan maydonlarni tartibga keltirsinlar va koʻkalamzorlashtirsinlar.
4. Respublika “Mahalla”, “Sogʻlom avlod uchun” va “Navroʻz” jamgʻarmalari, “Ekosan” xalqaro jamgʻarmasi, Respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” kengashi hamda boshqa tashkilot va muassasalar bir oy mobaynida keng jamoatchilikni jalb etgan holda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish hashar kunlarini tashkil etsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Shreder nomidagi ilmiy ishlab chiqarish korporatsiyasi, Oʻrmonchilik ilmiy tadqiqot instituti buyurtma asosida manzarali va mevali koʻchatlarni tegishli tashkilotlarga oʻz vaqtida yetkazib berishni taʼminlasinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi, “Mahalla”, “Nuroniy”, “Navroʻz”, Mehr-shafqat va salomatlik jamgʻarmalari vazirliklar, idoralar, korxona va tashkilotlar ishtirokida Navroʻz bayrami arafasida mehribonlik va qariyalar uylariga, kam taʼminlangan oilalarga moddiy va maʼnaviy yordam berishni kuchaytirsinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga aholi oʻrtasida tozalikka, atrof muhitni himoya qilishga eʼtiborni kuchaytirish va bu borada keng tashviqot ishlari olib borish topshirilsin.
8. “Oʻzteleradio” kompaniyasiga, respublika ommaviy axborot vositalariga “Obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish oyligi”ni oʻtkazish jarayonini keng va muntazam ravishda yoritish tavsiya etilsin.
9. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Bosh vazir oʻriinbosari H. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 20-fevral,
84-son
Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 20-fevraldagi 84-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish oyligi”ni oʻtkazish boʻyicha respublika tashkiliy guruhining
TARKIBI
| Karomatov H.S. | Bosh vazirning oʻrinbosari, guruh rahbari |
| Isayev A.N. | Bosh vazirning oʻrinbosari, guruh rahbarining oʻrinbosari |
| Gʻulomova D.M. | Bosh vazirning oʻrinbosari, Respublika xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, guruh rahbarining oʻrinbosari |
| Toʻlaganov K.N. | Toshkent shahar hokimi, guruh rahbarining oʻrinbosari |
| | Guruh aʼzolari: |
| Allayorov N.Q. | Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining masʼul xodimi (kelishuv asosida) |
| Boboyev Sh.H. | Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining masʼul xodimi (kelishuv asosida) |
| Alixoʻjayev O.A | Vazirlar Mahkamasining qurilish va qurilish mollari sanoati, transport va aloqa majmui kotibiyati mudiri |
| Boqiboyev E.J.. | Respublika “Nuroniy” jamgʻarmasi raisi |
| Boliyev A. | Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat Kengashi masʼul kotibi |
| Vorisov A.K. | Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy majmui kotibiyati mudiri |
| Yoqubov D. | Respublika “Navroʻz” jamgʻarmasi raisi |
| Jalilov Sh. | Respublika “Mahalla” jamgʻarmasi raisi |
| Jalolov A.A. | Qishloq va suv xoʻjaligi vaziriniig birinchi oʻrinbosari |
| Qalibekov I.J. | Vazirlar Mahkamasining agrosanoat majmui kotibiyati mudiri |
| Koʻchimov A. | Respublika Teleradiokompaniyasi raisi |
| Mirzayev M.M. | Shreder nomidagi ilmiy ishlab chiqarish korporatsiyasining raisi |
| Murod Muxammad Doʻst | Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori |
| Musurmonova O. | “Sogʻlom avlod uchun” jamgʻarmasi raisi |
| Niyozmatov B.I. | Sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari, Respublika Bosh sanitariya vrachi |
| Norbayeva T.K. | Vazirlar Mahkamasining oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish majmui kotibiyati mudiri |
| Xolmuhamedov Oʻ.O. | “Oʻzkommunxizmat” agentligi bosh direktori |
| Xonazarov A. | Oʻrmonchilik ilmiy tadqiqot instituti direktori |
| Shodimetov Y.Sh. | “Ekosan” Xalqaro jamgʻarmasi raisi |
| Yusupova I.T. | Bolalar jamgʻarmasi raisi |
Izoh: Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari mazkur guruh tarkibiga kiradilar.