O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Atoqli o‘zbek shoiri, akademik G‘afur G‘ulom tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Betakror iste’dod sohibi, o‘zbek xalqi madaniyati, milliy adabiyotining rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ijodkor, O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi G‘afur G‘ulom qoldirgan adabiy va ilmiy merosning katta ahamiyatini inobatga olib hamda tug‘ilgan kuniga 100 yil to‘lishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi, Fanlar akademiyasi, Madaniyat ishlari vazirligi, Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” Kengashining G‘afur G‘ulom tavalludining 100 yilligini 2003-yil may oyida mamlakatimiz miqyosida keng nishonlash to‘g‘risidagi taklifi qo‘llab-quvvatlansin.
Ushbu sanaga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qo‘mita tegishli vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda yubiley tadbirlari rejasini ishlab chiqsin va amalga oshirishga kirishsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat ishlari vazirligi, Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” Kengashi hamda Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2003-yilning may oyida “G‘afur G‘ulom ijodining ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati” mavzuida ilmiy konferensiya va yubiley tadbirlarini o‘tkazsin.
3. Toshkent shahar hokimligiga yubiley kuniga qadar:
Badiiy akademiya va boshqa tegishli tashkilotlar bilan birgalikda shoir haykalini yaratish va uni G‘afur G‘ulom ko‘chasida (metroning G‘afur G‘ulom bekati yonida) o‘rnatish;
adib uy-muzeyi binosini ta’mirlash va muzey atrofini obodonlashtirish vazifasi topshirilsin.
4. Madaniyat ishlari vazirligi G‘afur G‘ulom uy-muzeyining yangi ekspozitsiyasini tashkil qilish hamda adib asarlari asosida spektakllar, adabiy-badiiy kompozitsiyalar yaratish tadbirlarini amalga oshirsin.
5. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi G‘afur G‘ulomning bir jildli “Tanlangan asarlar”ini, ijodkor to‘g‘risidagi tadqiqotlar va ilmiy-ommabop risolalarni yubiley kunigacha chop etishni rejalashtirsin.
6. “O‘zbekkino” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi G‘afur G‘ulom hayoti va ijodiga bag‘ishlangan hujjatli film yaratish vazifasini hal etsin.
7. O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi G‘afur G‘ulom siymosi tushirilgan va uning asarlari mavzusi asosida ishlangan pochta markalari va konvertlar turkumini chiqarsin.
8. G‘afur G‘ulom tavalludining 100 yilligini nishonlash, adib uy-muzeyini ta’mirlash, yangi ekspozitsiyasini yaratish hamda obodonlashtirish bilan bog‘liq xarajatlar, tasdiqlangan smetaga muvofiq, respublika budjeti va Toshkent shahar mahalliy budjetidan 2003-yilgi davlat budjeti parametrlarida ushbu maqsadlar uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar doirasida va homiylar mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda qoplanishi inobatga olinsin.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari H. Karomatov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 9-oktabr,
349-son
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 9-oktabrdagi 349-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
G‘afur G‘ulom tavalludining 100 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita
Tarkibi
| 1. | Karomatov H. | — | O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, tashkiliy qo‘mita raisi |
| 2. | Sultonov X. | — | O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, tashkiliy qo‘mita raisining o‘rinbosari (kelishuv asosida) |
| 3. | Oripov A. | — | Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri, tashkiliy qo‘mita raisining o‘rinbosari |
| 4. | Qo‘chqorov R. | — | Vazirlar Mahkamasining bosh mutaxassisi, tashkiliy qo‘mita kotibi |
| 5. | Vohidov E. | — | Oliy Majlis qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri |
| 6. | Said Ahmad. | — | O‘zbekiston xalq yozuvchisi |
| 7. | Yo‘ldoshev B. | — | O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining prezidenti |
| 8. | G‘ulomov S. | — | Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri |
| 9. | Jo‘rayev R. | — | Xalq ta’limi vaziri |
| 10. | Qurbonov B. | — | Madaniyat ishlari vaziri |
| 11. | Shog‘ulomov R. | — | O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori |
| 12. | Mahmudov M. | — | O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari |
| 13. | Abdullayev Sh. | — | Moliya vazirining o‘rinbosari |
| 14. | Ko‘chimov A. | — | “O‘zteleradio” kompaniyasi raisi |
| 15. | Karimov N. | — | O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti bo‘lim mudiri |
| 16. | Murod Muhammad Do‘st. | — | “O‘zbekkino” kompaniyasi raisi |
| 17. | Boliyev A. | — | Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” Kengashi mas’ul kotibi |
| 18. | Qo‘ziyev T. | — | Badiiy akademiya raisi |
| 19. | Hazratqulov M. | — | O‘zAning bosh direktori |
| 20. | G‘ulomova-Ahmedova O. | — | G‘afur G‘ulom uy-muzeyining direktori |