OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SOGʻLIQNI SAQLASh VAZIRINING
buyrugʻi
Tibbiyot muassasalari tiplari va ixtisoslik turlari boʻyicha tibbiy faoliyat hajmiga talablar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 2-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2399]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining 2017-yil 25-iyuldagi 99-sonli “Tibbiyot muassasalari tiplari va ixtisoslik turlari boʻyicha tibbiy faoliyat hajmiga talablar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqni, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2399-2, 28.07.2017-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 29-martdagi 92-son “Tibbiy faoliyatni litsenziyalash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 13-son, 146-modda) muvofiq buyuraman:
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir A.V. ALIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 3-oktabr,
282-son
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2012-yil 3-oktabrdagi 282-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Tibbiyot muassasalari tiplari va ixtisoslik turlari boʻyicha tibbiy faoliyat hajmiga talablar toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 29-martdagi 92-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-yil, 13-son, 146-modda) bilan tasdiqlangan Tibbiy faoliyatni litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomning 3-bandiga muvofiq tibbiyot muassasalari tiplari va ixtisoslik turlari boʻyicha tibbiy faoliyat hajmiga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom talablari litsenziya asosida tibbiy faoliyatni amalga oshiradigan tibbiyot muassasalariga (bundan buyon matnda tibbiyot muassasalari deb yuritiladi) tatbiq etiladi.
2. Tibbiyot muassasalari mazkur Nizomda belgilangan tibbiyot muassasalari tiplariga va ixtisoslik turlari boʻyicha tibbiy faoliyat hajmiga muvofiq tibbiy faoliyatni amalga oshiradi.
II bob. Tibbiyot muassasalari tiplariga qoʻyiladigan talablar
3. Tibbiyot muassasalari quyidagi tiplarda tibbiy faoliyatni amalga oshiradi:
tez tibbiy yordam muassasasi — bemorlarga kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordamni koʻrsatadigan, shuningdek bemor (murda)larni transportirovka qiladigan tibbiyot muassasasi;
ambulatoriya muassasasi — bemorlarni tibbiyot muassasasiga joylashtirmasdan qatnov asosida yoki ularning uylarida (ambulator sharoitda) davolanishini taʼminlaydigan tibbiyot muassasasi;
statsionar muassasa — bemorlarni doimiy ravishda tibbiyot xodimlari nazoratida boʻlishiga sharoit yaratish maqsadida ularning yotib davolanishini taʼminlaydigan tibbiyot muassasasi;
dezinfeksiya (dezinfektologiya) muassasasi — dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya vositalari orqali inson kasallanishiga sabab boʻlgan omillarni, ularning tashuvchisini yoki tabiiy rezervuarlari hisoblangan atrof-muhitda mavjud boʻlgan patogen biologik obyektlarni yoʻq qilishga qaratilgan faoliyatni amalga oshiradigan tibbiyot muassasasi.
4. Statsionar tipda tibbiy faoliyatni amalga oshiradigan tibbiyot muassasasi ambulator sharoitida ham tibbiy faoliyatni amalga oshirishi mumkin.
5. Tibbiyot muassasalari tiplari oʻz ixtisosliklaridan kelib chiqib quyidagi tibbiy faoliyatlardan biri yoki bir nechtasini amalga oshiradi:
tez tibbiy yordam – bemorlarga kechiktirib boʻlmaydigan holatlarda koʻrsatiladigan tibbiy yordam, shuningdek bemor (murda)larni transportirovka qilish;
profilaktika — inson salomatligini mustahkamlash, kasallanishini oldini olish va uni kelib chiqish sabablarini bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar;
maslahat berish — kasalliklarni profilaktika qilish va davolash maqsadida mutaxassis vrach tomonidan beriladigan koʻrsatma;
diagnostika — inson salomatligi holatini tibbiy tekshiruvlar oʻtkazish orqali aniqlashga qaratilgan chora-tadbirlar;
davolash — inson salomatligini yaxshilash yoki tiklashga qaratilgan tibbiy muolaja (aralashuv). Bunda davolash operatsiyasiz (konservativ) yoʻl bilan yoki operatsiya (operativ) qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
III bob. Tibbiyot muassasalarining ixtisoslik turlari boʻyicha tibbiy faoliyati hajmiga qoʻyiladigan talablar
6. Tibbiyot muassasalari tez tibbiy yordam, profilaktika, maslahat berish, diagnostika va operatsiyasiz (konservativ) davolash asosida, shuningdek mazkur Nizom ilovasida keltirilgan Tibbiyot muassasalarida tibbiy faoliyatning ixtisoslik turlari boʻyicha amalga oshirilishi mumkin boʻlgan operatsiyali (operativ) davolashlar roʻyxati asosida oʻz ixtisoslik turlari boʻyicha tibbiy faoliyat hajmini amalga oshiradi, mazkur Nizomning 7-bandi bundan mustasno.
Tibbiyot muassasalarida nefrologiya ixtisosligida gemodializ muolajasi amalga oshirilishi mumkin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2015-yil 8-oktabrdagi 38-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2399-1, 03.11.2015-y.) asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2015-y., 44-son, 567-modda)
7. Tibbiyot muassasalari tomonidan quyidagi tibbiy faoliyatlarni amalga oshirish taqiqlanadi:
bakteriologik tekshiruvlar oʻtkazish;
oʻtkir zaharlanishni davolash;
kelib chiqishi kriminal xususiyatga ega boʻlgan jarohatlarni davolash;
tanosil kasallikni davolash;
sil kasalligini davolash;
OIV/OITS diagnostikasi va uni davolash;
moxovni davolash;
shoshilinch epidemiologik choralar koʻrishni talab etadigan yuqumlik kasalliklarni davolash;
oʻta xavfli va karantin kasalliklarni davolash;
aniqlangan xavfli onkologik kasalliklarni davolash;
qon donorligini tashkil etish, qonni, uning komponentlari va preparatlarini tayyorlash va qayta ishlash;
faqat davlat muassasalari tomonidan amalga oshirilishi belgilangan tibbiy ekspertizalarni, shu jumladan tibbiy-mehnat, harbiy-tibbiy, sud-tibbiyot, sud-psixiatriya, sanitariya-gigiyena ekspertizalarini oʻtkazish;
(7-bandning oʻn uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2015-yil 8-oktabrdagi 38-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2399-1, 03.11.2015-y.) tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 44-son, 567-modda)
tugʻruqni qabul qilish va homiladorlik kechishini toʻxtatish (abort qilish);
toʻqima va aʼzolar transplantatsiyasi, shuningdek ularni tayyorlash;
infeksiya oʻchoqlarida barcha turdagi dezinfeksiya choralarini olib borish.
8. Mazkur Nizomning 7-bandi uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatib oʻtilgan tibbiy faoliyatlarni tibbiyot muassasalarida amalga oshirish faqatgina inson hayotiga xavf tugʻdiruvchi holatlarda bemorga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida ruxsat etiladi. Bunda kelib chiqishi kriminal xususiyatga ega boʻlgan jarohatlarni davolash yuzasidan murojaat qilinganda tibbiyot muassasalari zudlik bilan ichki ishlar organlariga xabar berishlari shart.
IV bob. Yakuniy qoidalar
9. Mazkur Nizom talablarini buzganlikda aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
10. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Savdo-sanoat palatasi raisi A. ShAYXOV
2012-yil 3-oktabr,
Tibbiyot muassasalari tiplari va ixtisoslik turlari boʻyicha tibbiy faoliyat hajmiga talablar toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Tibbiyot muassasalarida tibbiy faoliyatning ixtisoslik turlari boʻyicha amalga oshirilishi mumkin boʻlgan operatsiyali (operativ) davolashlar
ROʻYXATI
1. Tibbiy faoliyatning umumiy xirurgiya (kichik ambulator xirurgiya) ixtisoslik turi boʻyicha:
yumshoq toʻqimalardagi xavfsiz oʻsmalarni olib tashlash;
plevra boʻshligʻini punksiyasi;
plevra boʻshligʻini drenajlash;
qorin boʻshligʻini punksiyasi;
laparotsentez;
oddiy churralarda churralarni kesish;
kuygan yaralarga xirurgik ishlov berish;
yaralarga birlamchi xirurgik ishlov berish;
mastitni kesib ochish;
panaritsiy va paronixiylarni kesib ochish;
abssesslarni kesib ochish;
yumshoq toʻqima flegmonalarini kesib ochish;
turli joydagi furunkul va karbunkullarni kesib ochish;
sirkumsiziya;
endoskopik aralashuvlar;
gemorroyda, anal yoriqlarida, oʻtkir paraproktitda, toʻgʻri ichak oqmasida, anal yoʻli poliplarida, perianal sohasi kistalarida, epitelial-dumgʻaza yoʻllarida, perianal sohasi oʻtkir uchli kondilomalarida operatsiyali muolajalar (aralashuvlar).
2. Tibbiy faoliyatning koloproktologiya (kichik operatsiyali koloproktologiya) ixtisoslik turi boʻyicha gemorroyda, anal yoriqlarida, oʻtkir paraproktitda, toʻgʻri ichak oqmasida, anal yoʻli poliplarida, perianal sohasi kistalarida, epitelial-dumgʻaza yoʻllarida, perianal sohasi oʻtkir uchli kondilomalarida operatsiyali aralashuvlar.
3. Tibbiy faoliyatning urologiya (kichik operatsiyali urologiya) ixtisoslik turi boʻyicha:
moyak istisqosi operatsiyasi;
varikotsele operatsiyasi;
sirkumsiziya;
moyak biopsiyasi;
kriptorxizmni bartaraf etish operatsiyasi;
moyak, moyak qoʻshimchasi va tuxumdon yoʻli kistalarini olib tashlash;
uretra tashqi teshigining polipini kesib olish yoki kuydirish;
meatotomiya;
tsistostomik drenajni almashtirish;
endourologik operatsiyali muolajalar (aralashuvlar).
4. Tibbiy faoliyatning otorinolaringologiya (LOR organlarning murakkab tugʻma nuqsonlarini bartaraf etishga oid operatsiyalardan tashqari) ixtisoslik turi boʻyicha:
adenotomiya;
tonzilektomiya;
gaymorotomiya;
frontotomiya;
etmoidotomiya;
sfenoidotomiya;
septoplastika;
ortorinoseptoplastika;
rinoplastika;
anitrotomiya;
quloqdagi radikal operatsiya;
tonzillotomiya;
timpanoplastika;
LOR organlari absesslarini ochish;
xoanal polipini olib tashlash;
qonayotgan polipni olib tashlash;
polipni olib tashlash;
xiqildoq papillomasini olib tashlash;
LOR organlari aʼzolarida endoskopik operatsiyalar.
5. Tibbiy faoliyatning oftalmologiya ixtisoslik turi boʻyicha:
intraokulyar linza (IOL)ni implantatsiyalash va implantatsiyalamasdan kataraktani ekstrakapsulyar ekstraksiyasi;
IOL implantatsiyasi bilan kataraktaning fakoemulsifikatsiyasi (FEG);
IOL implantatsiyasi bilan kataraktaning tonnel ekstraksiyasi (TEK);
IOLni implantatsiyalash va implantatsiyalamasdan kataraktani intrakapsulyar ekstraksiyasi;
IOLni ikkilamchi implantatsiyasi;
antiglaukomatoz operatsiyalar;
plastikali va plastikasiz pterigiumektomiya;
keroprotezlash;
skleroplastik operatsiyalar;
gʻilaylikni tuzatish;
qovoqdagi operatsiyalar (burilib qolganda, teskari boʻlib qolganda, ptozda, blefaroxalyazda va nuqsonlarda);
qovoqdagi plastik operatsiyalar;
vitreoretinal xirurgiya;
toʻr pardasi koʻchishidagi operatsiya (sirklyaj, sklerani lokal plombalash);
dakriotsistorinostomiya;
koʻz yoshi yoʻllaridagi operatsiya;
konʼyunktiva va qovoqdagi xavfsiz oʻsmalarni olib tashlash (papillomalar, kistlar va xalyazionalar);
vazorekonstruktiv va revaskullizirlovchi operatsiyalar;
shox parda va konʼyuktivada yuzaki joylashgan yot jismlarni olib tashlash;
orqa kapsulotomiyasi;
toʻr pardaning pereferik, paravazal va cheklangan panretinal lazerkoagulyatsiyasi;
iridotomiya;
fotorefraksion keratotomiya (FRK);
lazik;
epilazik;
chokni echish;
limfotropli davolash.
keratoplastika.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2015-yil 8-oktabrdagi 38-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2399-1, 03.11.2015-y.) asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2015-y., 44-son, 567-modda)
6. Tibbiy faoliyatning plastik xirurgiya ixtisoslik turi boʻyicha:
yuzaki joylashgan yot jismlarni olib tashlash;
jarohatlangan terini kesib olib tashlash;
jarohatni berkitish uchun teri plastikasi;
yaralarni yopish uchun teri plastikasi;
ateromani olib tashlash;
teri va teriosti yogʻ kletchatkasining havfsiz oʻsmalarini olib tashlash;
chandiqlarni kesib olib tashlash;
boshdagi tuk (soch)larni transplantatsiyasi;
engak, chakka, peshona, boʻyin sohasidagi plastik operatsiyalar (mahalliy anestiziya orqali);
yuqori lab korreksiyasi;
ginekomastiya korreksiyasi;
shalpangquloqlik korreksiyasi;
yuqori qovoq plastikasi;
pastki qovoq plastikasi;
epikantus korreksiyasi;
singapuri korreksiyasi (turgʻun burma);
tarzoplastika;
teri toʻqimasining lazerli destruksiyasi;
teleangioektaziyaning lazerli koagulyatsiyasi;
teleangioektaziyning skleroterapiyasi;
teri chandiqlarida mexanik teri hosil qilish;
chandiqlarda lazerli teri hosil qilish;
ilgari qilingan kosmetik operatsiyalar korreksiyasi;
tananing alohida qismlarini mahalliy anestiziya orqali liposaksiya qilish;
yumshoq toʻqimalarga sunʼiy toʻldiruvchilarni kiritish orqali shaklni korreksiya qilish;
gemioplastika (kichik va katta jinsiy lablar korreksiyasi);
yuzni yoshartirishning kam invazivli usullari;
ajinlar korreksiyasi;
“aptos” iplari operatsiyasi;
ajin va lablar shaklini biopolimerlar bilan korreksiya qilish;
lipofiling;
rinoplastika.
7. Tibbiy faoliyatning xirurgik stomatologiya ixtisoslik turi boʻyicha:
sut va doimiy tishlarni olib tashlash;
abssesslarni kesib ochish;
periostotomiya;
tish ildizlari yuqori qismining rezeksiyasi;
olib tashlangan tish oʻrni kyuretaji;
jarohatlarga birlamchi xirurgik ishlov berish; yuz nervi nevralgiyasida blokada qilish;
yuz nervi nevralgiyasida blokada qilish;
mayda oʻsmasimon shishlarni olib tashlash;
implantatsiya;
til va lab yuganini kesib olish;
tish olib tashlangandan soʻng perforatsiyada gaymor boʻshligʻi tubidagi chuqurchani tikish.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 45-son, 518-modda; 2015-y., 44-son, 567-modda)