O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2012—2015 YILLARDA QIShLOQ XO‘JALIGI XOM AShYoSINI QAYTA IShLAShNI ChUQURLAShTIRISh, OZIQ-OVQAT TOVARLARI IShLAB ChIQARISh HAJMLARINI KO‘PAYTIRISh VA ULARNING TURLARINI KENGAYTIRISh BO‘YIChA QO‘ShIMChA ChORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 31-oktabrdagi PQ–1633-son qarori bilan yangi yog‘-moy va oziq-ovqat sanoati korxonalarini, shuningdek go‘sht-sut, meva-sabzavot mahsulotlari va uzumni qayta ishlash korxonalarini barpo etish va ishlayotganlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan 2012 — 2015-yillarda oziq-ovqat sanoatini kengaytirish va rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlanganligi, ular yuzasidan tarmoq jadvallari ishlab chiqilganligi hamda ularni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Ichki iste’mol bozorini sifatli oziq-ovqat tovarlari bilan to‘ldirish uchun keyingi uch yilda 540 tadan ortiq yangi korxonalar ishga tushirildi, mahsulotlarning 152 tadan ko‘proq yangi turlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi xomashyosini qayta ishlash darajasi aholining va iqtisodiyot tarmoqlarining tayyor oziq-ovqat tovarlariga bo‘lgan talabiga, mavjud imkoniyatlar va resurslarga mos kelmaydi. Ko‘pgina qayta ishlash korxonalarining ishlab turgan quvvatlari ma’naviy va jismoniy jihatdan eskirib ketgan, ularni yangilash va modernizatsiyalash talab etiladi. Ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat tovarlarining turlari cheklanib qolmoqda, mahsulot sifati oshib borayotgan talablarga javob bermaydi.
Qayta ishlash korxonalari uchun go‘sht va sut yetkazib berayotgan dehqon va fermer xo‘jaliklarini rag‘batlantirish, korxonalar-agrofirmalarning o‘z barqaror xomashyo bazasini shakllantirish masalalari hal etilmasdan qolmoqda.
Mahalliy korxonalarda qishloq xo‘jaligi xomashyosini qayta ishlashni yanada chuqur qayta ishlashni ta’minlash hamda shu asosda ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshli, sifatli oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish va ularning turlarini kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi, “O‘zvinosanoat-xolding” xolding kompaniyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan, 2012 — 2015-yillarda qishloq xo‘jaligi xomashyosini qayta ishlashni chuqurlashtirish, oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish va ularning turlarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi ma’qullansin, Dastur quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
2012 — 2015-yillarda meva-sabzavot mahsulotlari va uzum, go‘sht va sut yetishtirish va ularni chuqur qayta ishlashning 1, 1a — 1v, 2, 2a, 3 va 3a-ilovalarga* muvofiq maqsadli prognoz parametrlari;
*1, 1a — 1v, 2, 2a, 3 va 3a-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
respublika mintaqalari bo‘yicha an’anaviy bo‘lmagan moyli ekinlarning o‘rtacha yillik ekin maydonlarining va ularni yetishtirishning, o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish hisoblangan hajmlarining 4-ilovaga* muvofiq parametrlari.
*4-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
bir oy muddatda manfaatdor idoralar bilan birgalikda ushbu qarorga 1, 1a — 1v, 2, 2a, 3, 3a-ilovalarda nazarda tutilgan maqsadli prognoz parametrlariga muvofiq 2012 — 2015-yillarda qishloq xo‘jaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash va iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish va ularning turlarini kengaytirish bo‘yicha mintaqaviy maqsadli dasturlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
har yili asosiy qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirishda 4-ilovada nazarda tutilgan parametrlarga muvofiq an’anaviy bo‘lmagan moyli ekinlarning o‘rtacha yillik ekin maydonlarini hisobga olsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi boshqa manfaatdor idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasining qayta ishlovchi korxonalari uchun go‘sht va sut yetkazib beradigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar kiritsinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 23-avgust,
252-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 33-34-son, 398-modda)