O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2012-2015 YILLARDA NOOZIQ-OVQAT ISTE’MOL TOVARLARI IShLAB ChIQARISh HAJMLARINI KO‘PAYTIRISh VA TURLARINI KENGAYTIRISh BO‘YIChA QO‘ShIMChA ChORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Qayd etilsinki, 2011 — 2015-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor vazifalari to‘g‘risida hamda raqobatbardoshli mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirish va o‘zlashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida tasdiqlangan dasturlarni amalga oshirish doirasida faqat 2011-yilning o‘zidagina to‘qimachilik va tikuvchilik-trikotaj sanoatida 14 ta yangi korxonani hamda charm-poyabzal sanoatida 15 ta korxonani ishga tushirish ta’minlandi. Bundan tashqari, yana 14 ta to‘qimachilik va tikuvchilik-trikotaj hamda 17 ta charm-poyabzal korxonalarida ishlab chiqarish quvvatlari modernizatsiya qilindi va kengaytirildi.
Nooziq-ovqat iste’mol tovarlari ishlab chiqaradigan tarmoqlarning ishlab chiqarish salohiyatini modernizatsiya qilish va yangilash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2011-yilda tayyor to‘qimachilik mahsulotlarining 48 ta yangi turlarini va 24 ta charm-poyabzal mahsulotlari turlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. 2005 — 2011-yillar davrida to‘qimachilik va tikuvchilik-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 3,2 baravarga, poyabzal ishlab chiqarish — 3,8 baravarga, charm mahsulotlari ishlab chiqarish — 11,6 baravarga ko‘paydi.
Shu bilan birga, aholining va iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror ravishda ortib borayotgan to‘lovga qodir ehtiyoji mamlakatimizda nooziq-ovqat iste’mol tovarlari, eng avvalo, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini jadal ko‘paytirishni va turlarini kengaytirishni talab qilmoqda.
Ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshli bo‘lgan zamonaviy, sifatli nooziq-ovqat iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish va turlarini kengaytirish ta’minlanishini davom ettirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Iqtisodiyot vazirligi, “O‘zbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2012 — 2015-yillarda nooziq-ovqat iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish va turlarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar 1-ilovaga* muvofiq ma’qullansin.
*1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi “O‘zbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda 2012 — 2015-yillarda nooziq-ovqat iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish va turlarini kengaytirishga doir maqsadli parametrlarni hududlar bo‘yicha bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin, ularda ushbu qarorga 1-ilovada nazarda tutilgan maqsadli prognoz parametrlariga muvofiq aniq ishlab chiqaruvchi korxonalarni belgilasin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlariga muvofiq ilgari tasdiqlanganlarga qo‘shimcha ravishda 2012 — 2014-yillarda to‘qimachilik, tikuvchilik-trikotaj va charm-poyabzal sanoati korxonalarini tashkil etish va modernizatsiya qilish bo‘yicha yangi investitsiya loyihalari ro‘yxati 2 va 3-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
*2 va 3-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Ma’lumot uchun qabul qilinsinki:
ushbu qarorga 2-ilovada ko‘rsatilgan to‘qimachilik, tikuvchilik-trikotaj korxonalarining mahsulotlari ularni ishlab chiqarish hajmining kamida 50 foizi miqdorida eksportga realizatsiya qilinadi;
ushbu qarorga 3-ilovaga muvofiq charm-poyabzal sanoati korxonalarining mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, shuningdek mahsulotni eksportga yetkazib berishni kengaytirish dasturlari doirasida ichki bozorni yanada to‘liq ta’minlashga va importning o‘rnini qoplashga yo‘naltiriladi.
3. “O‘zbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, loyihalarning tashabbuskorlari bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga 2 va 3-ilovalarda ko‘rsatilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishning tarmoq jadvallarini tasdiqlash uchun kiritsinlar, ularda loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish, qurilish-montaj ishlarini bajarish hamda quvvatlarni ishga tushirish muddatlarini nazarda tutsinlar.
4. Paxta tolasini qayta ishlaydigan respublika korxonalariga 2012-2013-yillarda sotib olingan paxta tolasi uchun uzil-kesil hisob-kitoblarni paxta tolasi yetkazib berilgan sanadan boshlab 120 kun mobaynida amalga oshirishga ruxsat etilsin.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 25-dekabrdagi PQ-1887-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 52-son, 587-modda)
5. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi 2013-2014-yillar uchun investitsiya dasturlarini shakllantirishda ularga ushbu qaror bilan tasdiqlangan investitsiya loyihalari kiritilishini nazarda tutsinlar.
6. Vazirlar Mahkamasi ushbu qarorda nazarda tutilgan to‘qimachilik, tikuvchilik-trikotaj va charm-poyabzal sanoati korxonalarini tashkil etish va modernizatsiya qilish bo‘yicha investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi hamda nooziq-ovqat iste’mol tovarlari ishlab chiqarishning maqsadli parametrlariga erishilishi yuzasidan tizimli monitoring o‘rnatsin, yakuniy axborotlarni har chorakda o‘z majlislarida ko‘rib chiqsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 2-avgust,
234-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 31-son, 359-modda, 52-son, 587-modda)