O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
CHET ELDA KO‘RGAZMA-YARMARKA FAOLIYATINI YANADA RIVOJLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini ta’minlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Chet elda o‘tkazilayotgan O‘zbekistonning milliy ko‘rgazma-yarmarkalarida va xalqaro ko‘rgazma-yarmarkalarda mahalliy xo‘jalik yurituvchi subyektlarning o‘z mahsulotlari taqdimotini o‘tkazish va eksport kontraktlar tuzish orqali ishtirok etishini yanada kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining xorijiy mamlakatlarda O‘zbekistonning milliy ko‘rgazma-yarmarkalarini har yillik asosida tashkil etish va mahalliy xo‘jalik yurituvchi subyektlarning chet eldagi xalqaro ko‘rgazma-yarmarkalarda keng ishtirok etishi to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Chet elda mahalliy xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ko‘rgazma-yarmarka faoliyatini tashkil etishga, shu jumladan eksport salohiyati taqdimotiga va eksport kontraktlar tuzishga ko‘maklashish bo‘yicha ilovaga* muvofiq tarkibda Idoralararo ishchi guruh tashkil etilsin. Quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
*ilova berilmaydi
xorijiy mamlakatlarda O‘zbekistonning milliy ko‘rgazma-yarmarkalari tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqaruvchi mahalliy xo‘jalik yurituvchi subyektlarni keng jalb etgan holda yuqori darajada tashkil etilishi va o‘tkazilishi bilan bog‘liq tadbirlarni muvofiqlashtirish;
mahalliy xo‘jalik yurituvchi subyektlarga, eng avvalo kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga chet elda o‘tkaziladigan xalqaro ko‘rgazma-yarmarkalarda qatnashishga tayyorgarlik ko‘rishda, ekspozitsiyani tashkil etishda, sanoat tarmoqlarining investitsiya, ishlab chiqarish va eksport salohiyati taqdimotlarini o‘tkazishda va eksport kontraktlar tuzishda ko‘maklashish;
mahalliy xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ko‘rgazma-yarmarka faoliyati natijadorligini, shu jumladan zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng va yuqori samarali foydalanish hamda chet elda O‘zbekistonning milliy ko‘rgazma-yarmarkalari va xalqaro ko‘rgazma-yarmarkalarda qatnashadigan mahalliy xo‘jalik yurituvchi subyektlarni tanlash vositasida oshirish;
O‘zbekiston Respublikasining yetakchi ishlab chiqaruvchi hamda mahsulotlarning yuqori sifatli va raqobatbardoshli turlarini eksport qiluvchi sifatida xalqaro ko‘rgazma-yarmarkalardagi yuqori reytingiga erishishni ta’minlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi chet elda ko‘rgazma-yarmarka faoliyatini tashkil etish va o‘tkazish uchun mas’ul organ etib belgilansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi:
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining takliflari hamda xorijiy davlatlar bilan ahdlashuvlar asosida chet elda O‘zbekistonning milliy ko‘rgazma-yarmarkalari va xalqaro ko‘rgazma-yarmarkalarda mahalliy xo‘jalik yurituvchi subyektlarning qatnashishini tashkil etish uchun chet elda O‘zbekistonning milliy ko‘rgazma-yarmarkalari va xalqaro ko‘rgazma-yarmarkalar ro‘yxatini har yili 10-noyabrgacha tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
“O‘ztadbirkoreksport” aksiyadorlik jamiyati va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining reklama tadbirlarini o‘tkazishda, ularning xalqaro ko‘rgazmalar-yarmarkalarda qatnashishini tashkil etishda axborot va maslahat yordamlari ko‘rsatishda ularga ko‘maklashsin;
(4-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 27-fevraldagi 57-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 9-son, 91-modda)
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda chet elda o‘tkazilayotgan O‘zbekistonning milliy ko‘rgazma-yarmarkalari va xalqaro ko‘rgazma-yarmarkalar doirasida qatnashishni tashkil etish va eksport kontraktlar tuzish ishlari natijalari bo‘yicha mahalliy xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mutaxassislarini rag‘batlantirish tartibini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan birgalikda O‘zbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalarini jalb etgan holda mahalliy xo‘jalik yurituvchi subyektlarning xalqaro ko‘rgazma-yarmarkalarda qatnashishi uchun imtiyozli tariflarni qo‘llash, shuningdek xorijiy kompaniyalar vakillarini chet elda O‘zbekistonning milliy ko‘rgazma-yarmarkalarida qatnashishga taklif etish masalalarini muntazam ravishda ishlab chiqsin.
6. Xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan ko‘rgazmalar va yarmarkalarda qatnashish, shu jumladan chet elda o‘tkaziladigan ko‘rgazmalar va yarmarkalarda qatnashish bilan bog‘liq xarajatlar belgilangan tartibda yuridik shaxslarning foydasidan olinadigan soliqni hisoblab chiqishda chiqarib tashlanadigan reklama xarajatlariga tegishliligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi direksiyasi O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini 2012-yil 1-avgustdan boshlab Internet global tarmog‘i orqali “onlayn” rejimida eksportga sotish mexanizmini joriy etsin.
8. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishgan holda chet elda o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasining milliy ko‘rgazma-yarmarkalarida va xalqaro ko‘rgazma-yarmarkalarda qatnashadigan mahalliy xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ko‘rgazma eksponatlarini tashishda imtiyozli tariflar bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatsin.
9. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi mahalliy xo‘jalik yurituvchi subyektlarning chet elda ko‘rgazma-yarmarkalarda qatnashishini tashkil etish ishlarining barcha bosqichlari va ko‘rgazma-yarmarka faoliyatining yakunlari ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasinlar.
10. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 16-mart,
73-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 12-son, 131-modda; 2016-y., 9-son, 91-modda)