O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOSHQARUVINING
Qarori
Kredit tashkilotlari tomonidan kredit axborotining davlat reyestriga va kredit byurolariga kredit axborotini taqdim etish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 2-martda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2332]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025-yil 17-iyundagi 12/9-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 3645, 07.07.2025-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida” (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda), “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 40-son, 412-modda) qonunlariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Kredit tashkilotlari tomonidan Kredit axborotining davlat reyestriga va kredit byurolariga kredit axborotini taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2012-yil 14-yanvar,
1/4-son
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 14-yanvardagi 1/4-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Kredit tashkilotlari tomonidan Kredit axborotining davlat reyestriga va kredit byurolariga kredit axborotini taqdim etish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda) va “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 40-son, 412-modda) qonunlariga muvofiq, kredit tashkilotlari tomonidan Kredit axborotining davlat reyestriga va kredit byurolariga kredit axborotini taqdim etish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Kredit tashkilotlari o‘zlaridagi mavjud kredit axborotini Kredit axborotining davlat reyestriga (bundan buyon matnda KADR deb yuritiladi) va kredit byurolariga mazkur Nizomda belgilangan tartibda taqdim etishlari shart.
2. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Kredit axborotining davlat reyestrini yuritish departamenti kredit tashkilotlarining yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan kredit olish to‘g‘risida berilgan buyurtmalari (bundan buyon matnda kredit buyurtmalari deb yuritiladi) haqidagi ma’lumotlarini hamda kredit axborotini yig‘adi, ular bo‘yicha kredit axboroti ma’lumotlar bazasini shakllantiradi, shuningdek KADRni yuritadi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 24-fevraldagi 7/3-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2332-2, 16.03.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.03.2018-y., 10/18/2332-2/0909-son)
3. Kredit tashkilotlari tomonidan taqdim etiladigan kredit axboroti kredit byurosining kredit axboroti ma’lumotlar bazasini shakllantirish manbalaridan biri bo‘lib hisoblanadi.
II. Kredit tashkilotlari tomonidan kredit axborotini taqdim etilishi
4. Kredit axborotining taqdim etilishida uning butligini, ishonchliligini va maxfiyligini ta’minlash maqsadida Kredit byurolarini ro‘yxatga olish va ularning faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomga (ro‘yxat raqami 3042, 2018-yil 25-iyul) muvofiq xavfsizlik choralari ko‘rilishi lozim.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 8-iyundagi 13/8-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2332-3, 20.06.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.06.2019-y., 10/19/2332-3/3312-son)
5. Kredit axborotini tayyorlash, uni KADR va kredit byurolariga taqdim etish kredit tashkiloti rahbarining buyrug‘i bilan tayinlanadigan mas’ul xodim tomonidan amalga oshiriladi.
6. Kredit tashkilotining mas’ul xodimi to‘g‘risidagi ma’lumotlar u tayinlangan kundan so‘ng uch ish kunidan kechiktirilmasdan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Kredit axborotining davlat reyestrini yuritish departamentiga va kredit byurolariga yuborilishi shart.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 24-fevraldagi 7/3-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2332-2, 16.03.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.03.2018-y., 10/18/2332-2/0909-son)
7. Kredit tashkilotining mas’ul xodimi taqdim etiladigan kredit axborotining maxfiyligini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ta’minlashga majbur.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
8. Kredit tashkilotlari kredit buyurtmalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni va kredit axborotini belgilangan tartibda qayd etilganidan keyingi ish kunidan kechiktirmasdan KADR va kredit byurolariga taqdim etishlari lozim.
9. Kredit tashkiloti tomonidan KADR va kredit byurolariga yuborilgan har bir kredit buyurtmasiga dasturiy ravishda xos raqam beriladi. Kredit buyurtmasining xos raqami belgilangan tartibda kredit axboroti ma’lumotlar bazasidan o‘chirilgunga qadar o‘zgartirilmaydi.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2014-yil 19-maydagi 13/3-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2332-1, 03.06.2014-y.) tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 23-son, 277-modda)
10. Kredit tashkiloti kredit berilishi to‘g‘risida qaror qabul qilgan taqdirda, kredit buyurtmasining xos raqami kredit tashkiloti va kredit buyurtma beruvchi o‘rtasida tuzilgan kredit bitimiga ham avtomatik tarzda xos raqam bo‘lib sanaladi.
11. Taqdim etilayotgan kredit axboroti kredit tashkilotlarining kredit yig‘ma jildidagi kredit axborotiga mos bo‘lishi lozim. Kredit axboroti, KADRga va kredit byurolariga kreditlash jarayoniga mos ketma-ketlikda yuborilishi shart.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2014-yil 19-maydagi 13/3-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2332-1, 03.06.2014-y.) tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 23-son, 277-modda)
12. Taqdim etilayotgan kredit axborotining to‘g‘riligini ta’minlash maqsadida kredit tashkilotlari o‘zlarining kredit qo‘yilmalarini balansdagi va KADRdagi summalar bilan bir xil yuritishlari shart.
121. KADR axborotlarning to‘g‘ri yuborilishi bo‘yicha kunlik nazoratni olib boradi. Mazkur Nizomning 8, 11 va 12-bandlari talablarining bajarilishini nazorat qilish avtomatik tarzda olib boriladi.
122. KADRning amaliyot kuni banklararo elektron to‘lov hujjatlarini o‘tkazish vaqtiga mos bo‘lishi lozim.
(121 va 122-bandlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2014-yil 19-maydagi 13/3-sonli qaroriga (ro‘yxat raqami 2332-1, 03.06.2014-y.) asosan kiritilgan — O‘R QHT, 2014-y., 23-son, 277-modda)
13. Kredit byurolari kredit tashkilotlaridan olinayotgan kredit axborotining maxfiyligini ta’minlash uchun undan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan xodimlari doirasini belgilaydi.
III. Kredit axborotlarini qayta ishlash
14. Kredit byurolari mavjud kredit axboroti asosida kredit tashkilotining har bir qarzdori bo‘yicha uning oxirgi 5 yil (yoki yuridik shaxs bo‘lgan qarzdor 5 yildan kam faoliyat yuritayotgan bo‘lsa — u ro‘yxatdan o‘tkazilgan vaqtdan boshlab) mobaynidagi statistik, tahliliy, moliyaviy-iqtisodiy, ijobiy va salbiy xarakterdagi kredit axborotini o‘z ichiga oluvchi kredit tarixlari bo‘yicha kredit axboroti ma’lumotlar bazasini ishlab chiqadi.
15. Kredit tashkiloti tomonidan taqdim etilgan kredit axborotining xatoligi aniqlangan taqdirda KADRda va kredit byurosining kredit axboroti ma’lumotlar bazasida kredit tashkilotining xatiga asosan ushbu kredit axborotiga o‘zgartirish kiritiladi. KADR va kredit byurosi xatoligi aniqlangan kredit axborotiga o‘zgartirish kiritilganligi to‘g‘risidagi elektron bayonnomani tuzadi va uni kamida bir yil saqlaydi.
16. KADRdagi va kredit byurolarining kredit axboroti ma’lumotlar bazasidagi kredit tashkilotlaridan olingan kredit axborotining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Kredit axborotining davlat reyestrini yuritish departamenti va kredit byurolari tomonidan o‘zgartirilishi taqiqlanadi, mazkur Nizomning 15-bandi bundan mustasno.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 24-fevraldagi 7/3-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2332-2, 16.03.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.03.2018-y., 10/18/2332-2/0909-son)
IV. Yakuniy qoida
17. Mazkur Nizom talablarini buzishda aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgardirlar.
(17-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 8-9-son, 92-modda; 2014-y., 23-son, 277-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.03.2018-y., 10/18/2332-2/0909-son, 20.06.2019-y., 10/19/2332-3/3312-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)