| T/r | Tadbirlar nomi |
Bajarish muddatlari |
Masʼul bajaruvchilar |
| I. Institut faoliyatini tashkil etish va oʻquv-tarbiya jarayonini takomillashtirish | |||
| 1. |
Andijon mashinasozlik instituti ustavini belgilangan tartibda tasdiqlash. |
2011-yil iyul | Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Andijon shahar hokimligi, Andijon mashinasozlik instituti |
| 2. |
Andijon mashinasozlik institutining xarajatlar smetasi va shtat jadvalini belgilangan tartibda qayta tasdiqlash. |
2011-yil iyul | Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Andijon mashinasozlik instituti, Moliya vazirligi |
| 3. |
Andijon mashinasozlik institutining tuzilmasini belgilangan tartibda tasdiqlash. |
2011-yil iyul | Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Andijon mashinasozlik instituti |
| 4. |
Andijon mashinasozlik instituti Vasiylik kengashini tashkil etish, uning tarkibiga kadrlarning asosiy foydalanuvchilari - Andijon viloyati korxonalari va tashkilotlari, vazirliklar va idoralarning vakillarini kiritish. |
2011-yil avgust | Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, “Oʻzavtosanoat” AK, Andijon viloyati hokimligi, Andijon mashinasozlik instituti |
| 5. |
Andijon mashinasozlik instituti faoliyat koʻrsata boshlaganligi munosabati bilan yoshlar oʻrtasida faol tushuntirish, kasbga yoʻnaltirish ishlarini tashkil etish va olib borish. |
2011-2012-yillar | Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, Xalq taʼlimi vazirligi, Andijon mashinasozlik instituti, Milliy teleradiokompaniya |
| 6. |
2011-2012 oʻquv yilida va keyingi oʻquv yillarida joriy etiladigan fanlar va taʼlimning yangi yoʻnalishlari boʻyicha oʻquv rejalari hamda dasturlarini ishlab chiqish. |
Har yili 1-sentabrgacha | Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi |
| 7. |
Andijon mashinasozlik instituti ixtisosligi oʻzgarishini hisobga olgan holda institutning pedagog kadrlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni tasdiqlash. |
2011-yil sentabr | Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent avtomobil-yoʻllar instituti, “Oʻzavtosanoat” AK, Andijon mashinasozlik instituti |
| 8. |
Andijon mashinasozlik instituti kadrlar tayyorlash yoʻnalishlari boʻyicha oliy maʼlumotli mutaxassislarga boʻlgan (yillik va istiqbolli) ehtiyojni tarmoqlar va mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni hisobga olgan holda oʻrganish. |
Har yili 1-yanvargacha | Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, “Oʻzavtosanoat” AK korxonalari |
| II. Professor-oʻqituvchilar tarkibini toʻldirish | |||
| 1. |
Andijon mashinasozlik instituti kafedralarini tanlov asosida tegishli yoʻnalishlar boʻyicha yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirish. |
doimo | Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, “Oʻzavtosanoat” AK, Andijon mashinasozlik instituti |
| 2. |
Tarmoqlar korxonalaridan, Andijon mashinasozlik instituti kadrlar tayyorlash yoʻnalishlari boʻyicha ixtisoslashayotgan ilmiy-tadqiqot va loyiha-qidiruv tashkilotlaridan yetarli ilmiy-pedagogik tajribaga ega boʻlgan mutaxassislar va olimlarning maʼlumotlar bazasini yaratish. |
2011-2012-yillar | Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Andijon mashinasozlik instituti, “Oʻzavtosanoat” AK |
| 3. |
Keyinchalik Andijon mashinasozlik institutida pedagogik faoliyat olib borishi uchun yosh mutaxassislarni Toshkent davlat texnika universitetida, Toshkent avtomobil-yoʻllar institutida va Toshkent shahridagi boshqa bazaviy oliy taʼlim muassasalarida maqsadli tayyorlash. |
Jadvalga muvofiq | Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent avtomobil-yoʻllar instituti, Andijon mashinasozlik instituti |
| 4. |
Andijon mashinasozlik institutida masofadan oʻqitish elementlarini joriy etish uchun zarur texnik, dasturiy, metodik shart-sharoitlar yaratish va Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent avtomobil-yoʻllar instituti oʻqituvchilarining leksiyalarini tashkil etish. |
2012-2013-yillar | Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent avtomobil-yoʻllar instituti, Andijon mashinasozlik instituti |
| 5. |
Andijon mashinasozlik institutining maxsus kafedralari ilmiy tadqiqotlari yoʻnalishlarini belgilash, grantlar jalb etishni tashkil etish va xoʻjalik shartnomalarini bajarish. |
2011-2012-yillar | Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi, “Oʻzavtosanoat” AK, Andijon mashinasozlik instituti |
| 6. |
Andijon mashinasozlik instituti va “Oʻzavtosanoat” AK ishlab chiqarish korxonalarining birgalikdagi ilmiy-tadqiqot, ilmiy-metodik ishlanmalarini tashkil etish. |
2012-yildan boshlab | Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, “Oʻzavtosanoat” AK, Andijon mashinasozlik instituti |
|
7. |
Bazaviy texnika oliy taʼlim muassasalari (Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent avtomobil-yoʻllar instituti, Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti)ning yetakchi olimlari rahbarligida ilmiy-tadqiqot, ilmiy-metodik ishlar olib borish boʻyicha yosh oʻqituvchilar uchun shart-sharoitlar yaratish. |
2011-yildan boshlab |
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent avtomobil yoʻllari instituti, Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Andijon mashinasozlik instituti |
| III. Moddiy-texnika bazasini yaratish va mustahkamlash | |||
| 1. |
2011 — 2016-yillarda oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini modernizatsiya qilish va mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash dasturiga muvofiq, institutda kadrlar tayyorlashning tasdiqlangan yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlashni tashkil etish vazifalaridan kelib chiqqan holda, Andijon mashinasozlik institutining oʻquv-laboratoriya korpuslarini, talabalarning yashash joylarini va sport zallarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash, zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari va texnika bilan jihozlash. |
2012 — 2016-yillar | Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, “Oʻzavtosanoat” AK, Andijon mashinasozlik instituti, Andijon viloyati hokimligi |
| 2. |
Andijon mashinasozlik institutining Axborot-resurs markazini kengaytirish va ishlarini takomillashtirish, uni zamonaviy kompyuter va nusxa koʻpaytirish texnikasi bilan taʼminlash, Internet tarmogʻiga keng kirishini tashkil etish. |
2011-2012-yillar | Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, “Oʻzavtosanoat” AK, Andijon mashinasozlik instituti |
| 3. |
Kadrlar tayyorlashning yangi yoʻnalishlariga muvofiq Andijon mashinasozlik institutini oʻquv-metodik adabiyotlar, axborot materiallari (shu jumladan elektron variantda), davriy maxsus nashrlar bilan taʼminlash. |
2011-2012-yillar | Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, “Oʻzavtosanoat” AK, Andijon mashinasozlik instituti |
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori , 25.07.2011 yildagi 214-son
Кучга кириш санаси
25.07.2011
Рус
Ўзб
O’zb
O‘zb|Рус
|
Hujjat kuchini yo‘qotgan 16.12.2025
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ANDIJON MUHANDISLIK-IQTISODIYOT INSTITUTINI ANDIJON MASHINASOZLIK INSTITUTIGA AYLANTIRISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 20-maydagi PQ-1533-son qarorini bajarish yuzasidan, bozor iqtisodiyotining zamonaviy talablariga javob beradigan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni yanada takomillashtirish, shuningdek respublika mashinasozlik va avtomobilsozlik tarmoqlarining kadrlar resurs bazasini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Andijon muhandislik-iqtisodiyot instituti Andijon mashinasozlik institutiga aylantirilsin.
2. Quyidagilar Andijon mashinasozlik institutining asosiy vazifalari etib belgilansin:
mashinasozlik, shu jumladan avtomobilsozlik va elektrotexnika tarmoqlari, energetika, sanoat va xoʻjalik obyektlarini loyihalash hamda qurish korxonalari va tashkilotlari uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash;
mashinasozlik va avtomobilsozlik ishlab chiqarish korxonalari uchun amaliy ahamiyatga ega boʻlgan amaliy ilmiy tadqiqotlarni roʻyobga chiqarish uchun zamonaviy ilmiy-tadqiqot bazasini shakllantirish;
umumtexnika va texnika taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, oʻquv jarayonini ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish faoliyati bilan chuqur integratsiyalash;
yoshlarni milliy, vatanparvarlik va fidoyilik gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, maʼnaviy boy, har tomonlama kamol topgan, mustaqil dunyoqarashga va mustaqil fikrlashga ega boʻlgan shaxsni tarbiyalash.
3. Andijon mashinasozlik institutining oʻquv jarayonini tashkil etishni takomillashtirish, professor-oʻqituvchilar tarkibini toʻldirish va zarur moddiy-texnika bazasini yaratish chora-tadbirlari dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Davlat test markazi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda har yili Andijon mashinasozlik institutiga oʻqishga qabul qilish kvotalarini shakllantirishda tarmoqlarning mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojini hisobga olgan holda oliy taʼlim muassasasining tegishli sohalariga muvofiq mutaxassislar tayyorlash yoʻnalishlarini nazarda tutsin;
bir oy muddatda Andijon mashinasozlik institutining ustavini va tuzilmasini belgilangan tartibda tasdiqlasin;
2011/2012 oʻquv yili boshlangungacha Andijon mashinasozlik institutining taʼlim yoʻnalishlari va ixtisosliklar boʻyicha oʻquv rejalari hamda dasturlarini davlat taʼlim standartlariga muvofiq tasdiqlasin;
Andijon mashinasozlik institutining sohasi oʻzgarganligini hisobga olgan holda uning muhandis-pedagog kadrlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash istiqbol rejasini tasdiqlasin.
5. “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasiga kadrlarning boshqa asosiy buyurtmachilari bilan birgalikda institutning oʻquv-ishlab chiqarish va laboratoriya bazasini tashkil qilish va mustahkamlashda koʻmaklashish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S.Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 25-iyul,
214-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 25-iyuldagi 214-son qaroriga ILOVA
Andijon mashinasozlik institutining oʻquv jarayonini tashkil etishni takomillashtirish, professor-oʻqituvchilar tarkibini toʻldirish va zarur moddiy-texnika bazasini yaratish chora-tadbirlari
dasturi
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 30-son, 315-modda)