Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining
buyrugʻi
OʻZGALAR PARVARIShIGA MUHTOJ YoLGʻIZ FUQAROLARGA UYDA IJTIMOIY YORDAM KOʻRSATISh HAQIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 11-iyulda 2243-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 19-iyundagi 11-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3520, 19.06.2024-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
“Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 29-30-son, 277-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 19-martdagi PF-3864-son “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish va mustahkamlashga oid chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 12-son, 105-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 30-dekabrdagi PQ-1251-son “Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tuzilmasini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 52-son, 562-modda) va 2011-yil 30-maydagi PQ-1542–son “2011-2015-yillarda yolgʻiz keksalar, pensioner va nogironlarni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 22-23 son, 229-modda) qarorlari, shuningdek, oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz fuqarolarga uyda ijtimoiy yordam koʻrsatishga doir amalga oshirilayotgan ishlarning sifatini oshirish va takomillashtirish maqsadida buyuraman:
1. Oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz fuqarolarga uyda ijtimoiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir A. XAITOV
Toshkent sh.,
2011-yil 1-iyul,
38-B-son
Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2011-yil 1-iyuldagi 38-B-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz fuqarolarga uyda ijtimoiy yordam koʻrsatish haqidagi
NIZOM
Mazkur Nizom “Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 29-30-son, 277-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 19-martdagi PF-3864-son “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish va mustahkamlashga oid chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 12-son, 105-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 30-dekabrdagi PQ-1251-son “Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tuzilmasini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 52-son, 562-modda) va 2011-yil 30-maydagi PQ-1542–son “2011-2015-yillarda yolgʻiz keksalar, pensioner va nogironlarni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlariga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 22-23 son, 229-modda) muvofiq oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz fuqarolarga uyda ijtimoiy yordam koʻrsatishni amalga oshirish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Yolgʻiz qariyalar va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga uyda ijtimoiy yordam koʻrsatish xizmati (keyingi oʻrinlarda — ijtimoiy yordam koʻrsatish xizmati) uyda oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz fuqarolarga uyda xizmat koʻrsatish uchun tashkil qilinadi.
2. Ijtimoiy yordam koʻrsatish xizmati yolgʻiz fuqarolarga xizmat koʻrsatuvchi ijtimoiy xodimlardan (keyingi oʻrinlarda – ijtimoiy xodimlar) tashkil topadi va tuman (shahar) Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari tarkibiy tuzilmasi hisoblanadi.
II. Ijtimoiy yordam koʻrsatish xizmati hamda tuman (shahar) Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlarining vazifalari
3. Ijtimoiy yordam koʻrsatish xizmatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish va sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda uyida oʻzgalar parvarishiga muhtoj, yolgʻiz fuqarolarni aniqlash va hisobini yuritish;
yolgʻiz fuqarolarga homiylik yordamlarini koʻrsatish maqsadida ularning ilgari ishlagan mehnat jamoalari, jamoat birlashmalari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan aloqalarini olib borish;
internat-uylariga joylashtirish uchun koʻmaklashish;
yolgʻiz fuqarolarga bevosita ijtimoiy xodimlar tomonidan quyidagi ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatish:
zarur oziq-ovqat, sanoat mahsulotlari va dori-darmonlarni uyga yetkazib berish;
uy-joy ashyolari va kiyim-kechaklarni yuvish, kimyoviy tozalashga topshirish, taʼmirlash va ularni yetkazib berish;
zarur tibbiy yordam koʻrsatish ishlarida, uy-joyni tozalashda, xonadon ichidagi santexnik jihozlarni taʼmirlashda koʻmaklashish;
qarindosh va doʻstlar bilan yozishmalar olib borish bilan bogʻliq iltimoslar va boshqa turdagi bir martalik topshiriqlarni bajarish.
4. Tuman (shahar) Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari:
yolgʻiz fuqarolarga uyda ijtimoiy xizmat koʻrsatish ishlari boʻyicha har haftalik monitoring olib boradi va ijtimoiy xodimlarining xizmat koʻrsatish faoliyatiga baho beradi;
yolgʻiz fuqarolarga uyda ijtimoiy xizmat koʻrsatish boʻyicha har chorak yakunida tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga, viloyatlar va Toshkent shahar mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmalariga, ular esa oʻz navbatida Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga maʼlumot taqdim etib boradi.
III. Oʻzgalar parvarishiga muhtoj va ijtimoiy yordam koʻrsatish xizmati tomonidan xizmat koʻrsatiladigan yolgʻiz fuqarolar roʻyxati
5. Yolgʻiz fuqarolarning quyidagi toifalari uyda xizmat koʻrsatish uchun qabul qilinadi:
sogʻligʻiga koʻra oʻzgalar parvarishiga muhtoj, farzandlari (jumladan farzandlikka olingan bolalar) va yaqin qarindoshlari bilan birga yashamaydigan pensiya yoshidagi (erkaklar 60 yosh va undan yuqori, ayollar 55 yosh va undan yuqori) shaxslar, I va II-guruh nogironlari, keksa yoki I va II-guruh nogironi boʻlgan er-xotinlar;
oʻzgalar parvarishiga muhtoj, voyaga yetmagan yoxud I va II-guruh nogiron farzandlari bilan birga yashaydigan pensiya yoshidagi (erkaklar 60 yosh va undan yuqori, ayollar 55 yosh va undan yuqori) shaxslar, I va II-guruh nogironlari, keksa yoki I va II-guruh nogironi boʻlgan er-xotinlar;
oʻzgalar parvarishiga muhtoj, farzandlari jazo muddatini oʻtayotgan yoki uzoq muddatli davolanishda boʻlgan (ruhiy, sil va boshqa kasalliklar) davri mobaynida pensiya yoshidagi (erkaklar 60 yosh va undan yuqori, ayollar 55 yosh va undan yuqori) shaxslar, I va II-guruh nogironlari, keksa yoki I va II-guruh nogironi boʻlgan er-xotinlar;
farzandlari (jumladan farzandlikka olingan bolalar) va yaqin qarindoshlari hamda homiylari yoki vasiylari boʻlmagan va qonunchilikka asosan bepul eng zarur mollarni olish imtiyozidan foydalanayotgan oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz pensionerlar.
6. Yuqumli hamda ruhiy kasalliklarga chalingan shaxslar uyda ijtimoiy xizmat koʻrsatish uchun qabul qilinmaydi.
7. 1941 — 1945-yillardagi urush qatnashchilari va nogironlari hamda ularga tenglashtirilgan shaxslar, halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari, front ortida xizmat qilgan shaxslar uyda ijtimoiy xizmat koʻrsatishga birinchi navbatda qabul qilinadi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2015-yil 3-martdagi 4-B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2243-1, 16.03.2015-y.) tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 11-son, 129-modda)
IV. Oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz fuqarolarni uyda ijtimoiy xizmat koʻrsatishga qabul qilish va chiqarish
8. Mazkur Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan yolgʻiz fuqarolarning shaxsiy roʻyxatlari tuman (shahar) Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari tomonidan fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari ishtirokida aniqlanib roʻyxatga olinadi va tuman (shahar) hokimlari tomonidan tasdiqlanadi.
9. Uyda ijtimoiy xizmat koʻrsatishga qabul qilish quyidagi hujjatlar asosida amalga oshiriladi:
fuqaroning shaxsiy arizasi;
fuqaroning yolgʻiz yashayotganligini tasdiqlovchi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan berilgan maʼlumotnoma;
tibbiy muassasaning (yolgʻiz fuqaroning yashash joyidagi poliklinikalar, shifokorlar maslahat komissiyasi (ShMK), qishloq vrachlik punktlari (QVP) xulosalari yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining (TMEK) oʻzgalar parvarishiga muhtojligi toʻgʻrisidagi xulosasi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan birgalikda oʻtkazilgan yolgʻiz fuqarolarning uy-joy maishiy sharoitlarini oʻrganish dalolatnomasi.
10. Tuman (shahar) Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari uyda ijtimoiy xizmat koʻrsatishga qabul qilingan har bir yolgʻiz fuqaroga shaxsiy hujjatlar yigʻmajildini yuritadi va unda mazkur Nizomning 9-bandida koʻrsatilgan hujjatlardan tashqari pasport nusxasi, agarda u nogiron boʻlsa, tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining (TMEK) maʼlumotnomasi boʻlishi lozim.
11. Yolgʻiz fuqaroning arizasiga asosan yoki uni internat-uylariga, shifoxonaga joylashtirilganda, vafot etganda va boshqa hollarda xizmat koʻrsatishdan chiqariladi.
V. Ijtimoiy xizmat koʻrsatishni tashkil etish
12. Oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz fuqarolarga uyda ijtimoiy xizmat koʻrsatish ijtimoiy xodimlar tomonidan amalga oshiriladi.
13. Ijtimoiy xodimlarning faoliyat chegarasi tuman (shahar) Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari tomonidan aniqlanadi.
14. Ijtimoiy xodimlar oʻz ishlarini yolgʻiz fuqarolarning xohishlarini inobatga olgan holda tuzilgan va tuman (shahar) Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi direktori tomonidan tasdiqlangan jadval (reja) asosida tashkil etadi.
15. Ijtimoiy xodim lavozimi ijtimoiy yordam koʻrsatish xizmatining shtat jadvalida 1 ta lavozim:
qishloq joylarida 6-8 nafar yolgʻiz fuqaroga;
shahar joylarida 8-10 nafar yolgʻiz fuqaroga xizmat koʻrsatish hisobida belgilanadi.
16. Ijtimoiy xodimlarning shtatdagi soni tuman (shahar)da oʻzgalar parvarishiga muhtoj va ijtimoiy yordam koʻrsatish xizmati tomonidan xizmat koʻrsatiladigan yolgʻiz fuqarolar sonidan kelib chiqqan holda mazkur Nizomning 5-bandiga muvofiq belgilanadi.
17. Ijtimoiy xodimlar maxsus xoʻjalik sumkalari (bir yilga bitta sumka), xalat (bir yilga bitta xalat) hamda xonalarni tozalash uchun inventar bilan taʼminlanadi.
18. Ijtimoiy xodimlarning lavozim-maoshlari ijtimoiy taʼminot xodimlari uchun oʻrnatilgan tartibda tasdiqlangan mehnatga haq toʻlash tarif setkasiga muvofiq belgilanadi.
19. Ijtimoiy xodimlarga yoʻl haqi uchun kompensatsiya toʻlovlari qonunchilikda belgilangan miqdorlarda joriy qilinadi.
VI. Moliyalashtirish
20. Ijtimoiy yordam koʻrsatish xizmatining taʼminot xarajatlari oʻrnatilgan tartibda tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi va mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan ijtimoiy taʼminotga ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.
21. Smeta xarajatlarida ijtimoiy yordam koʻrsatish xizmati faoliyatini amalga oshirish uchun ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, mazkur Nizomning 17-bandida koʻrsatilgan kanselyariya jihozlari va boshqa inventarlarga boʻlgan ish beruvchilarning ajratmalari hamda oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz pensionerlar uchun qonunchilikda belgilangan tartibda va miqdorlarda eng zarur mollarni xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlar koʻzda tutiladi.
VII. Yakuniy qoidalar
24. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan.
Moliya vaziri R. AZIMOV
2011-yil 1-iyul
Sogʻliqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
2011-yil 1-iyul
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 28-son, 294-modda; 2015-y., 11-son, 129-modda)